Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning umumxalq Navro`z bayramiga ‎bag`ishlangan tantanali marosimda so`zlagan nutqi - 2002 yil 21 mart‎

Hurmatli vatandoshlar! Sizlarni xalqimizning eng sevimli, eng qadrli bayramlaridan biri bo`lmish Navro`z ayyomi bilan chin yurakdan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, baxt va barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Navro`z ayyomi biz uchun boshqa bayramlardan o`zgacha qadrlidir. Bu bayram juda uzoq tarixga ega bo`lib, bizga ota-bobolarimizdan qolgan ulkan me`rosdir. Navro`z bayrami hech qanday tarixiy voqea-hodisa yohud ma`lum bir shaxs faoliyati bilan bog`liq emas. Bu tabiat, borliq qonunlariga aloqador bayramdir. Navro`z - bu kun bilan tun tenglashgan bahorning dastlabki kuni va shu bois bu bayram boshqa bayramlardan ajralib turadi. Bu bizning bayramimiz , Ozarbayjon xalqining bayrami. Ozarbayjon xalqi qadim davrlardan bugingi kunimizga qadar bu bayramni o`zgacha sevib, ardoqlaydi, o`zgacha qarshi oladi.

Bu yil biz Navro`z bayramini Ozarbayjon davlat mustaqilligining o`n yillik muborak to`yini nishonlaganimizdan so`ng qutlamoqdamiz. Navro`z yuqorida ta`kidlab o`tganimdek qadimiy bir bayram. Biroq shunday davrlar bo`ldiki, bu ko`hna tarixga ega qutlug` bayramni bizning xalqimizdan tortib olmoqchi bo`ldilar, uning nishonlanishiga to`sqinlik qildilar. XX asrda biz ana shunday davrni boshdan kechirdik. Biroq Navro`z bayraminig kelib chiqish tarixi, tub ildizi shu qadar teran, shu darajada mustahkam ekanki, u Ozarbayjon xalqining, bizning millatimizning qalbiga shunchalik chuqur o`rnashib qolgan ekanki, hech qanday kuch, hech qanday hokimiyat va hech qanday siyosiy tizim bu bayramni Ozarbayjon xalqidan tortib ololmadi.

Mustaqillikka erishib, Ozarbayjon davlat mustaqilligini qo`lga kiritganimizdan so`ng esa biz bag`rimizni keng ochib mazkur bayramni umumxalq va davlat bayrami sifatida tantanali ravishda nishonlaydigan bo`ldik. Hozirda bu bayram Ozarbayjon davlatining eng sevimli, qadrli davlat bayramlaridan biriga aylangan. Shu bois mamlakatimizning har bir go`shasida, shahar va qishloqlari, mahalla-kuyida xalq bu qutlug` ayyomni ulkan shod-xurramlik, yuksak mamnuniyat bilan qarshi oladi. Mazkur bayram tantanalarida Navro`z bayramining o`ziga xos rasm-rusumlari, an`analari namoyish qilinadi.

Shu tarzda bizning xalqimiz o`tmishni bugingi kun bilan, bugingi kunni o`tmish bilan bog`laydi. Bugungi kunda Navro`z bayrami bilan bog`liq barcha urf-odatlar, an`analarning qayta tiklanganligiga shukronalar aytadilar. Biz endi shu narsani baralla aytishimiz mumkinki, Navro`z bayrami Ozarbayjonda hozirgi kunimizda o`tmish bilan qiyoslaganda bundan ham keng miqyosda va bundan ham tantanali tarzda nishonlanadi. Buning barchasi bizning xalqimiz erishgan yutuqdir.

Bu kunlarda xalqimiz yana bir bor o`zining kuchli ruhini, nimalarga qodirligini namoyish qilmoqda. Bu mustaqil davlatda mustaqil xalq sifatida hayot kechirayotgan Ozarbayjon xalqining o`n yil mobaynida erishgan yutuqlari, orzu-umidlari bilan bog`liqdir. O`tgan o`n yil davomida bizning xalqimiz o`ta og`ir va qiyin yo`lni bosib o`tdi. Mustaqillikni qo`lga kiritgandan so`ng uni saqlab qolish, mustahkamlash va himoya qilish, shuningdek mamlakat hududida tinchlikni, ta`minlab, barqarorlikni saqlab turish, uni umrboqiy qilish oson kechmadi. Biz bir qator to`siqlarga duch keldik. Biroq bizning xalqimiz har qachon o`zining metin irodasini, g`ayrat-shijoati va buyuk jasoratini namoyish eta oldi. Xalqimiz mustaqilligimizga qarshi qaratilgan barcha harakatlarga, to`siqlarga qarshi birdamlik bilan harakat qildi, o`zining kuchli ruhini, irodasini namoyish etdi. Biz davlat mustaqilligini saqlab qoldik, yildan yilga rivojlanib, ravnaq topishiga erishdik.

Bu yillarda Ozarbayjon xalqi ulkan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshdan o`tkazib taraqqiyot sari yo`l oldi. Biz hayotimizning barcha sohalarida inqirozdan batamom chiqdik, mamlakatimiz yil sayin rivojlanib bormoqda. Buning asosiy sababi shu bilan belgilanadiki, Ozarbayjon xalqi mustaqillikni qo`lga kiritgandan so`ng to`g`ri, ishonchli va haqqoniy yo`lni tanladi. Bu - ozodlik, demokratiya, istiqlol yo`lidir. Bu esa mamlakatimizda barcha sohalarda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirib, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti yo`lidan borish demakdir. Bu Ozarbayjon iqtisodiy integratsiyasining jahon iqtisodiyotiga qo`shilishi va bizning iqtisodiyotimizning ravnaq topishidir.

Bu borada biz keyingi yillarda faxrlansa arziydigan natijalarga erishdik. Ozarbayjonda huquqiy, demokratik, zamonaviy davlat barpo etildi. Davlat qurilishida ulkan ishlar amalga oshirildi. Ozarbayjonda bozor iqtisodiyoti tobora ravnaq topmoqda. Xususiy sektor yaratildi. Olib borilgan iqtisodiy islohotlar natijasida Ozarbayjon iqtisodiyoti yil sayin rivojlanib, takomillashib bormoqda. Aholining turmush darajasi yaxshilanmoqda. Biz Ozarbayjonning davlat mustaqilligini ayni shu yo`ldan borib mustahkamlashga, asrab-avaylashga erishdik. Shu bois biz Ozarbayjon davlat mustaqilligining o`n yillik to`yini zor iftixor bilan nishonlab, 11-yiliga qadam qo`yib turibmiz. Va shuning uchun bugungi kunda Navro`z ayyomida mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida, har bir xonadon, har bir oilada bayram kayfiyati hukmron. Odamlar erkin, farovon umr surmoqda, xursandchilik va yuksak mamnuniyat bilan Navro`z bayramini nishonlamoqda.

Bizni bugungi farovon kunimiz quvontirmoqda. Biroq biz erishgan yutuqlar, buyuk ishlar bizlarni qanchalik quvontirsa, jarohatlarimiz shunchalik azob bermoqda. Bizni hali yechilmagan muammolar tashvishga solmoqda. Bu muammolardan biri shundan iboratki, Ozarbayjon yerlarining bir qismi Armanistonning qurolli kuchlari ostida turibdi. Buning oqibatida mazkur hududlardagi milliondan ziyod bizning vatandoshlarimiz qochoqlarga aylanib palatkalarda og`ir sharoitda kun kechirmoqdalar. Bu biz uchun eng ulkan kulfat, qayg`u va muammodir. Biroq barchangizga ma`lumki, biz Armaniston-Ozarbayjon Tog`li Qorabog` ziddiyatining hal qilinishi yo`lida izchil ravishda chora-tadbirlar , muzokaralar olib bormoqdamiz. Ozarbayjon ichki va tashqi siyosatining asosiy maqsadi - mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, jahon miqyosida Ozarbayjonning mustaqil davlat sifatida tutgan mavqe`ini mustahkamlash va Armaniston-Ozarbayjon Tog`li Qorabog` ziddiyatini bartaraf etib, bosib olingan hududlarni ozod etish, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklab, o`zlarining tarixiy vatanlarini, tug`ilib o`sgan yerlarini tashlab ketishga majbur bo`lgan vatandoshlarimizni o`z diyorlariga qaytarishdir.

O`tgan yillar mobaynida biz bu borada bir qator ishlarni amalga oshirdik, imkoniyatlarni izlab, ulardan foydalanishga harakat qildik. Bugungi kunda ham biz bu yo`lda harakatlarimizni davom ettirmoqdamiz. Va bundan keyin ham ortga chekinmaymiz. Bugun qutlug` ayyom kunida men o`z xalqimni shunga ishontirib aytamanki, Ozarbayjonning bosib olingan hududlari albatta ozod etiladi, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklanadi va uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo`lgan vatandoshlarimiz tarixiy vatanlariga qaytadilar. Biz bunga albatta erishamiz.

Hurmatli do`stlar!

Hurmatli opa-singillar va birodarlar!

Sizlarni yana bir bor ayyomingiz bilan tabriklayman.

Qochoqlar va ko`chmanchilar tarzida palatkalarda og`ir sharoitlarda kun kechirayotgan vatandoshlarimizni, shijoatli askarlarimizni, Ozarbayjonning davlat chegaralarini kunu-tun muhofaza qilib turgan botir chegarachilarimizni, Ozarbayjon hududini himoya qilishda nogiron bo`lgan fuqarolarimizni, ona zaminimizning himoyasi yo`lida shahid bo`lganlarning oila a`zolarini, barcha-barchani tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi Navro`z ayyomlarini tilab qolaman.

Bayramingiz muborak bo`lsin aziz yurtdoshlar!


"Baku ishchisi" gazetasi, 2002 yil 23 mart.