Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning YXHKga a`zo mamlakatlar davlat va hukumatlar rahbarlarining 1994 yil 6 dekabrda Budapeshtda bo`lib o`tgan uchrashuvida so`zlagan nutqi

Hurmatli janob rais, 

Muhtaram davlat rahbarlari, 

Xonimlar va janoblar, 

Men ko`rsatilgan mehmondo`stlik, Budapesht shahridagi ishimizga yaratilgan bekam-ko`st sharoitlar uchun Vengriya Respublikasi Prezidenti janob Arpad Gentsga, Vengriya hukumatiga samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman. 

Ozarbayjon xalqi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashiga katta ahamiyat beradi, bugungi uchrashuvdan ko`p narsa kutmoqda. 1975 yilda Xelsinkida YXHK Yakuniy hujjatining imzolanishi jahon jarayonlarining kechishiga uzoq muddatli ijobiy ta`sir ko`rsatdi, so`nggi yillarda dunyoda ro`y bergan tub o`zgarishlarning xabarchilaridan biri bo`ldi. Dunyoning siyosiy xaritasi o`zgardi, YXHKga a`zo yangi suveren davlatlar paydo bo`ldilar, ularning orasida mening ham mamlakatim - mustaqil Ozarboyjon bor. 

Hozirgi zamon sharoitida YXHKning ro`li va ahamiyati yanada oshmoqda. Yangi Yevropa, taqsim chiziqlari va ta`sir doiralarisiz Yevropa, uchun takomillashtirilgan YXHK zarur. YXHK ishini faollashtirish, uni demokratlashtirish va inson huquqlarini himoya qilish jarayonlariga samarali ko`mak ko`rsata oladigan, yosh, hali zaif davlatlarning mustaqilligi va ozodligiga rahna solishi mumkin bo`lgan tajovuzkor xatti-harakatlar yoki rejalarni dadil oldini ola biladigan, qit`amizning qaynoq nuqtalarida barqarorlikning tiklanishiga yordam beradigan, «sovuq urush» tugaganidan so`ng Yevropada yangi xavfsizlik imoratining tayanchlaridan biri bo`la oladigan samarali dastakka aylantirishga katta ehtiyoj sezilmoqda. 

O`z mustaqilligini e`lon qilgan Ozarbayjon Respublikasi bozor iqtisodiyotiga asoslangan, ko`p partiyaviy, qonunlari inson huquqlari va shaxs erkinligini ta`minlovchi demokratik davlat qurish yo`lidan dadil odimlamoqda. O`tish davrining ob`ektiv qiyinchiliklari, bizga e`lon qilingan olti yillik urush oqibatlariga qaramasdan biz bu yo`lning e`tiborga molik qismini bosib o`tdik va ishonchimiz komilki, oldimizga qo`yilgan maqsadlarga erishamiz.

Ozarbayjon NATOning «Tinchlik yo`lida hamkorlik» dasturiga qo`shildi, qurolsizlanish va qurollar nazorati, xusisan Yevropada oddiy qurolli kuchlar to`g`risidagi shartnoma sohasidagi xalqaro-huquqiy majburiyatlarni qat`iyan bajarish yo`lidan bormoqda. 

Biz, shuningdek, jahon hamjamiyatiga teng huquqli a`zo sifatida qo`shilish maqsadida iqtisodiy integratsiya jarayonini har tomonlama tezlatish choralarini ko`rmoqdamiz, qo`shnilarimiz bilan ham, jahonning barcha mamlakatlari bilan ham yaqindan hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz. 

Joriy yilning 20 sentyabrida jahonning qator yirik kompaniyalari bilan Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi neft zahiralarini hamkorlikda tasarruf qilish bo`yicha imzolangan bitim buning yorqin dalilidir. Alohida ta`kidlashni istardimki, ushbi yirik investitsiya loyihasining qator ishtirokchilari - AQSh, Rossiya, Angliya, Turkiya, Norvegiya - YXHKning a`zolaridir. Umid qilamanki, ushbu bitim konsortsium ishtirokchilari bo`lgan mamlakatlar va xalqlarning o`zaro yaqinlashuvlariga, umuman esa - Yevropada barqarorlik va hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. 

Hurmatli xonimlar va janoblar, 

Kengash ishtirokchilariga ma`lumki, olti yil avval respublikamizga qarshi, uning bir qismi - Tog`li Qorabog`ni ajratib olish maqsadida, agressiya amalga oshirildi. Armaniston Respublikasi, arman separatistlari Tog`li Qorabog`da davlatimizning hududiy yaxlitligiga qarshi faol harbiy xatti-harakatlarni boshlab yubordilar. Ozarbayjonning Shusha shahri va Lochin tumanlari egallangach, Tog`li Qorabog`ning anneksiyasi amalga oshirilmoqda. 50 mingdan ortiq ozarbayjonlar yashab kelgan o`nlab aholi punktlari vayron qilindi va yoqib yuborildi. Tog`li Qorabog` platsdarmidan foydalangan holda arman qurolli tuzulmalari, Tog`li Qorabog` hududidan tashqarida joylashgan va undan to`rt marta katta, Ozarbayjonning yana olti - Qyalbajar, Agdam, Fuzuli, Jabrail, Zangilan va Gubadli tumanlarini bosib oldilar. 

Agressiya natijasida Ozarbayjonning yigirma foizdan ortig`i bosib olindi. Vatandoshlarimdan 20 mingdan ortig`i halok bo`ldilar, 100 mingga yaqin odam yarador bo`ldilar va jarohat oldilar, olti ming kishi asir olindi, milliondan ortiq ozarbayjonlar - respublika aholisining 15 foizga yaqini -tug`ilib o`sgan yerlaridan quvg`in qilindilar va ayni kunlarda, eng zarur narsalarga muhtoj bo`lgan holda, chodir shaharchalarda yashamoqdalar. Ozarbayjonning bosib olingan hududlarida 700 shahar va qishloq vayron qilindi, barcha uylar, maktablar, shifoxonalar talab ketildi va yoqib yuborildi, eng qadimiy madaniyat yodgorliklari yo`q qilindi. 

Ozarbayjon xalqi 1992 yilning bahorida qabul qilingan, tarkibiga Armaniston va Ozarbayjon ziddiyatining ishtirokchilari bilan bir qatorda jahonning to`qqiz nufuzli davlati kiritilgan, ziddiyatning echimini topish bo`yicha Minsk guruhini tuzish to`g`risidagi YXHK qarorini katta umid bilan kutib oldi. O`tgan vaqt ichida muhim ishlarni amalga oshirgan ushbu guruh faoliyatini katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz. 

Rossiya Federatsiyasining vositachilik faoliyatini qayd qilishni zarur, deb hisoblayman; uning urinishlari natijasida, YXHK ko`magi bilan, mana yetti oydirki o`t ochishni to`xtatishga rioya qilinmoqda va qon to`kilmayapti. Ammo har qanday o`t ochishni to`xtatish ham hali tinchlik degani emas. Tomonlarning manfaatlarini va xalqaro huquq me`yorlarini hisobga oladigan siyosiy bitim imzolanmaguncha mustahkam va adolatli tinchlikka erishib bo`lmaydi. O`t ochish to`xtaganidan foydalanib, biz ushbu hujjatni muvofiqlashtirish hamda qabul qilish bo`yicha jadal ish olib bormoqdamiz. 

Ishontirib aytmoqchimanki, Ozarbayjon Respublikasi mazkur jarayonda faqat tinchlikparvarlik va samaradorlik mavqe`ini egallab turibdi. Agressiyaning og`ir oqibatlariga qaramasdan, biz arman tomoniga adolat va insonparvarlik, YXHK printsiplari, BMT Xavfsizlik Kengashi resolyutsiyalari asosida tinchlik taklif qilamiz. Biz Togli Qorabog`dagi arman aholisiga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayormiz, ziddiyat hududiga YXHK tinchlikparvar kuchlarining kiritilishiga rozimiz. Biz arman milliy ozchiligining huquqlarini ta`minlash uchun Tog`li Qorabog`ning Ozarbayjon davlati tarkibidagi mavqe`ini muhokama qilishga va Ozarbayjonning Tog`li Qorabog` mintaqasi hamda Armaniston Respublikasi orasida transport kommunikatsiyalarining normal ishlashini ta`minlashga tayormiz. Lekin shunday meyorlar va tamoyillar borki, ular biz uchun o`zgarmasdirlar, bular - chegaralarning daxlsizligi, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi, barcha bosib olingan hududlardan arman qurolli tuzulmalarining chiqarilishi, qochoqlarning tug`ulib, o`sgan joylariga qaytarilishi. 

Bugungi kunda aynan agressorning BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlarini bajarishdan va o`z qurolli tuzulmalarini barcha bosib olingan Ozarbayjon yerlaridan bosqichma-bosqich olib chiqib ketishdan bo`yin tovlayotgani siyosiy kelishuvga erishishga to`sqinlik qilmoqda. 

Minsk guruhi a`zolari o`rasidagi kelishmovchiliklarga barham berish, ularning urunishlarini Ozarbayjon va Armaniston o`rtasida tinchlik va barqarorlikka erishishga qarata olishga ham ko`p narsa bog`liq. 

Biz YXHK raisining arman-ozarbayjon ziddiyatini hal qilish uchun tinchlikparvar kuchlarni tuzishga qaratilgan say-harakatlarini olqishlaymiz. Men raisning da`vatiga javob qaytargan barcha mamlakatlarga minnatdorchilik bildiraman va ushbu oliyjanob qadamda barchani unga yordam berishga chaqiraman. 

Men Armaniston va Gruziyani bog`lab turuvchi, Xram daryosidagi ko`prikning portlatilishi munosabati bilan, Armaniston Respublikasi prezidenti, janob Levon Ter-Petrosyanning bayonotidan o`ta taajjubdaman. Men Ozarbayjon Respublikasining bo`lib o`tgan voqeaga aloqador ekani to`g`risidagi ayblovlarni keskin inkor etaman hamda mazkur bayonotni hech narsaga asoslanmagan, butkul tuturuqsiz, deb hisoblayman. Uchinchi mamlakat hududida, jang harakatlari borayotgan joydan yuzlab kilometr narida sodir bo`lgan ushbu voqeaga, Ozarbayjon tomoni o`t ochish to`g`risidagi tartibni qo`pol ravishda buzdi, deb xuddi shunday asossiz baho berilishi alohida tashvish uyg`otadi. 

Ozarbayjonga hech bir aloqasi bo`lmagan ushbu hodisadan muhitni keskinlashtirish, tanglik darajasini oshirish uchun ataylab foydalanilmoqda, degan taassurot uyg`onadi. Shu munosabat bilan men janob Levon Ter-Petrosyanni boshlangan tinchlik jarayoniga, bu yerdagi, Budapesht sammitimizdagi xayrixoh vaziyatga zarar yetkazishi mumkin bo`lgan o`ylanmagan xatti-harakatlar qilishdan tiyilib turishga chaqiraman. O`z tomonimdan men davlatimizning o`t ochishni to`xtatishga sodiqligini va bizning arman-ozarbayjon ziddiyatini tinch yo`l bilan hal qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishga tayorligimizni yana bir bor ma`lum qilaman. Men janob Ter-Petrosyanni tinchlikka erishish yo`lida faol hamkorlikka chaqiraman. 

Budapesht uchrashuvi ziddiyatni hal qilishda keskin ilgarilash uchun tengi yo`q imkoniyat yaratib beradi. Men EXHKga a`zo davlatlarning muhtaram rahbarlariga ushbu jarayonda faol ishtirok etish, millionlab odamlarga, mening xalqimga azob va uqubatlar keltirayotgan olti yillik urush olovini o`chirishga yordam berish va shu yo`l bilan hammamiz tantanali ravishda imzolagan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashining Yakuniy hujjatining fundamental tamoyillarini hayotga tadbiq qilishga xizmat qilish iltimosi bilan murojaat qilaman. 

E`tiboringiz uchun rahmat. 

«Бакинский рабочий» gazetasi, 10 dekabr 1994 yil