Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning 2001 yil 1 noyabrda – jahon ozarbayjonlari I Qurultoyida so’zlagan nutqi

Hurmatli vatandoshlar! 

Hurmatli delegatlar, mehmonlar! 

Muhtarama xonimlar va janoblar! 

Jahon ozarbayjonlari I Qurultoyining ochilishi munosabati bilan sizlarni qalbdan tabriklayman, qurultoy ishiga muvaffaqiyatlar tilayman. 

Jahon ozarbayjonlarining I Qurultoyi mustaqil Ozarbayjon hayotida, butun jahon ozarbayjonlari hayotida tarixiy voqeadir. Ozarbayjonlarning, butun jahon ozarbayjon jamoalarining vakillari birinchi marta Ozarbayjonda, uning poytaxti Bokuda to’planib, I qurultoylarini o’tkazmoqdalar. Jahon ozarbayjonlari I Qurultoyini o’tkazish haqidagi qarorimizni ma’qullab, unda ishtirok etish uchun Ozarbayjonga, Bokuga kelgan barcha vakillarga, mehmonlarga, ular vakil bo’lib kelgan ozarbayjonlarning turli mamlakatlardagi jamoalariga minnaddorchilik bildiraman. 

Bizlar, Ozarbayjonda yashovchi ozarbayjonlar o’z vatandoshlarimizni hech qachon unutmaganmiz. Sovet Ittifoqidek markazlashgan katta davlatning tarkibida uzoq yillar xorijdagi vatandoshlarimiz, yurtdoshlarimiz bilan munosabat bog’lab turish imkoniyatiga ega bo’lmagan holda, biz har doim turli mamlakatlardagi ozarbayjonlarning qanday yashayotganlari, nimalar qilayotganlari bilan qiziqqanmiz hamda cheklangan imkoniyatlarimizdan foydalanib, ular bilan aloqa bog’lashga harakat qilganmiz. 

1991 yilda Sovet Ittifoqining yemirilishi va uning tarkibidagi 15 ta ittifoqdosh respublikalarning o’z mustaqilliklarini qo’lga kiritishlari, ozarbayjon xalqining milliy mustaqillikka bo’lgan intilishlarining hayotga tadbiq qilinishi, Ozarbayjon mustaqilligining e’lon etilishi hamda 1920 yilda yo’qotilgan suverenitetning tiklanishi bizga turli mamlakatlarda yashovchi ozarbayjonlar bilan aloqalarimizni kengaytirish, ular bilan birdam ekanimizni ma’lum qilish va birdamligimizni kelajakda mustahkamlash ishiga hissamizni qo’shish imkoniyatini berdi. Mustaqilligimizning dastlabki oylaridayoq, 1991 yilning 31 dekabrida biz “Jahon ozarbayjonlari birdamligi kuni” to’g’risida qaror qabul qildik. O’sha kundan e’tiboran biz ushbu kunni katta bayram sifatida nishonlayapmiz va aynan o’shandan boshlab bizning jahon ozarbayjonlari bilan munosabatlarimiz bosqichma-bosqich rivojlanib kelmoqda. Bu Ozarbayjon mustaqilligi va ozarbayjon xalqi milliy erkinligining natijasidir. 

Ozarbayjon xalqi qadimiy, katta tarixga ega. Ushbu ko’p asrlik tarix mobaynida xalqimiz ko’p sinovlardan o’tdi, milliy o’ziga xoslikni yo’qotmadi, jahon tamadduniga qimmatbaho hissa qo’shdi, uni boyitdi. Biroq, tarixning turli bosqichlarida ozarbayjonlar ma’lum judoliklarga uchradilar. Binobarin, sayoraning turli burchaklarida istiqomat qiluvchi ozarbayjonlarning jipsligi, birdamligi hozirgi kunda mustaqil Ozarbayjon davlati uchun ham, jahonning turli mamlakatlarida yashovchi ozarbayjonlar uchun ham alohida ma’no kasb etadi. Ozarbayjon o’z davlat mustaqilligini e’lon qilganidan keyin juda katta, sharafli va, ayni paytda, qiyin yo’lni bosib o’tdi. Shu kunlarda biz Ozarbayjon davlat mustaqilligi e’lon qilingaligining 10 yilligini tantanali nishonladik. Biz yana bir marta o’n yil ichida bosib o’tilgan yo’lni tahlil qildik, erishilgan yutuqlarni oshkor qildik, shuningdek oldimizdagi vazifalarni belgilab oldik. Hozircha hal etilmagan muammolarni o’rganib, ularning echimi uchun zarur bo’lgan chora-tadbirlar ko’ra boshladik. 

Ozarbayjon mustaqillgi va uning o’n yil ichidagi mustaqil davlat sifatidagi rivoji ko’p asrlik tariximiz davomidagi eng ahamiyatli, eng muhim, eng qadrli voqeadir. Biz uchun, mustaqil Ozarbayjon uchun o’tgan o’n yil oson kechmadi. Biz Ozarbayjonda yangi hayot qura boshladik. Biz Ozarbayjonning demokratiya yo’lidan ketayotganligini e’lon qildik. Biz Ozarbayjonda huquqiy, demokratik, dunyoviy davlat qurishga kirishdik. Biz Ozarbayjon iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga integratsiyalash, bozor iqtisodiyoti tizimiga o’tish jarayonini boshladik. Bularning hammasi Ozarbayjon og’ir va qiyin sharoitlarda yashagan damlarda amalga oshdi. 

Ma’lumki, o’z davlat mustaqilligini qo’lga kiritayotgan, ya’ni e’lon qilayotgan paytda, Ozarbayjon qo’shni Armanistonning harbiy xurujiga uchradi. O’shanda arman-ozarbayjon, tog’li-qorabog’ ziddiyati to’rt yildan beri davom etayotgandi. O’sha yillari Ozarbayjonning ajralmas qismi bo’lgan Tog’li Qorabog’, aytish mumkinki, Armaniston harbiy kuchlari tomonidan ishg’ol qilingandi, unga qo’shni bo’lgan aholi yashovchi hududlarga nisbatan ham xuruj boshlangandi. Aynan ana shunday tarixiy shart-sharoitlarda Ozarbayjon o’z davlat mustaqilligini e’lon qildi. Bunday shart-sharoitlarda mustaqil davlat qurulishi, turgan gapki, o’ta og’ir va qiyin ish edi. Ozarbayjon hayotida, ayni paytda, ham mustaqillikni e’lon qilish arafasida, ham u mustaqil davlatga aylangach, o’ta murakkab jarayonlar sodir bo’ldi. Hududiy da’volarni ro’kach qilib, Ozarbayjonning Tog’li-Qorabog’ viloyatini bosib olish maqsadida Armaniston qurolli kuchlari harbiy amaliyotlarga kirishdilar, va, barcha armanilar ushbu g’oya atrofida jipslashgan bir paytda, Ozarbayjonda, afsuski, bunga o’xshash hech narsa kuzatilmadi. 

Negaki, o’sha yillari, jipslashish, butun xalqni safarbar qilish, yerlarimizni himoyalash va Armaniston harbiy kuchlariga zarba berish o’rniga Ozarbayjonda hokimiyat uchun kurash borayotgandi, ichki nizolar bor edi, turli siyosiy kuchlarga mansub qurolli bo’linmalar jamiyatga tahdid solayotgandi. Bu esa, tabiiyki, Ozarbayjonning, xalqning birligiga rahna soldi va, nihoyat, 1993 yilda Ozarbayjon fuqarolar urushi xafvi bilan yuzma-yuz keldi, Ozarbayjonning mavjudligiyoq xavf ostida qoldi, mamlakatni bo’laklarga bo’lib yuborish boshlandi. Shuning uchun, mustaqillik qo’lga kiritilgandan keyin, Ozarbayjonda davlat qurulishi o’ta sekinlik bilan kechdi. 

Bularning hammasi Ozarbayjondagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka rahna soldi, xalq turmush darajasi yomonlashdi. Biz uchun eng yomon natija shu bo’ldiki, Armaniston qurolli kuchlari, mavjud vaziyatdan foydalanib, Tog’li Qorabog’ga tutash bo’lgan Ozarbayjonning bir necha tumanlarini ishg’ol qildilar, u yerlarda yashovchi ozrbayjonlarni ona tuproqlaridan kuch bilan haydab yubordilar. Shunday qilib, ozarbayjon yerlarining 20 foizi Armaniston qurolli kuchlari okkupatsyasida qoldi, milliondan ortiq Armaniston hududidan, shuningdek bosib olingan yerlardan quvulgan, badarg’a qilingan ozarbayjonlar hozirga qadar og’ir sharoitlarda, chodirlarda yashamoqadalar. Davlat mustaqilligining dastlabki yillarida Ozarbayjon ana shunday muhitda yashadi. Shuning uchun oldimizda salbiy jarayonlarni to’xtatish, barcha kuchlarni, Ozarbayjon mustaqil mamlakat sifatida yashashi, taraqqiy qilishi uchun, ozarbayjon yerlarini himoya qilishga safarbar qilish vazifasi turardi. 

Undan keyingi davr Ozarbayjonda ijtimoiy-iyosiy barqarorlikni o’rnatish davri bo’ldi. Biz undan keyin ham, ya’ni 1994 yilning oktyabri, 1995 yilning martida hokimiyatni qurolli yo’l bilan ag’darishga urunishlar bilan to’qnash keldik. Ularga chek qo’yildi, lekin har holda, Ozarbayjonga zarar yetkazildi. 

Arman-ozarbayjon, tog’li-qorabog’ ziddiyati bilan jiddiy shug’ullanib, biz 1994 yilning may oyida o’t ochishni to’xtatish to’g’risisdagi shartnomani imzolashga erishdik. Mana yetti yildan oshdiki, boshqa qon to’kilmayapti, lekin ayni paytda, ozarbayjon yerlarining bir qismi Armaniston qurolli kuchlari ishg’oli ostida qolyapti, u yerlardan quvilganlar, ko’chirilganlar, haydalganlar esa, og’ir sharoitlarda yashamoqdalar. 

Ozarbayjon mustaqilligining o’n yilligining keyingi bosqichi mamlakatimizda ichki ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, Ozarbayjon mustaqil mamlakat sifatida yashashi hamda taraqqiy qilishi uchun uning xalqaro maydondagi mavqe’ini mustahkamlashni o’z ichiga oladi. O’ta qiyin, og’ir yo’lni bosib o’tib, biz o’tgan o’n yil mobaynida bunga erishdik. Bugun jahonda o’n yoshga kirgan mustaqil Ozarbayjon mamlakati mavjud. Uning Davlat bayrog’i, milliy Madhiyasi, milliy Ramzi bor. Ozarbayjon jahon hamjamiyatida munosib o’rin egalladi. Ozarbayjonning Davlat bayrog’i barcha xalqaro tashkilotlarning qarorgohlari peshtoqida hilpiramoqda, mustaqil Ozarbayjon uzra hilpiramoqda; bunchalar baland ko’tarilgan bayroq endi hech qachon tushurib qo’yilmaydi. 

O’ylaymanki, bizning mehmonlarimiz, chet ellarda yashovchi ozarbayjonlar Ozarbayjon hayoti bilan qiziqadilar, Ozarbayjonda sodir bo’layotgan jarayonlarni kuzatadilar va biz erishgan yutuqlardan xabardorlar. Ayni paytda, bugun, I Qurultoyda, yana bir marta bayonot bermoqchimanki, Ozarbayjon, mustaqil davlat sifatida, davlat qurulishi jarayonini amalga oshirmoqda. 

Ozarbayjonda demokratik, huquqiy, dunyoviy davlat qurildi. Tarixda birinchi marta Ozarbayjon o’z milliy Konstitutsiyasini qabul qildi, erkin saylovlar yo’li bilan o’z parlamenti – Milliy Majlisni sayladi, o’z prezidentini sayladi. Ozarbayjonda turli sohalarda islohatlar amalga oshirilmoqda. 

Ma’lumki, 70 yil mobaynida Ozarbayjon SSSR dek yirik davlatning tarkibida bo’ldi va boshqa mamlakatlardagidan tubdan farq qiluvchi siyosiy-iqtisodiy sharoitlarda yashadi. Bugun ta’kidlash kerakki, o’sha yillari mustaqil bo’lmaganligimizga qaramay, xalqimizning ichki potentsialini ishga solib rivojlandi, katta yutuqlarga ega bo’ldi hamda, yirik iqtisodiy va intellectual salohiyat egasi bo’lgani holda, o’z mustaqilligini e’lon qildi. Ozarbayjonda mustaqil davlat uning katta iqtisodiy va intellectual salohiyati poydevori ustiga qurilgan, biroq bugun biz butunlay boshqa siyosiy-iqtisodiy tizim yo’lidan bormoqdamiz. O’tmish voqe’ligini o’zgartirish, undan voz kechish, yangi tizim sharoitida ishlash, tizimni ro’yobga chiqarish – bularning hammasi og’ir, qiyin jarayon. Bu bizning, muammolari ko’p bo’lgan o’tish davrimizdir. 

Birinchidan, insonlarning ongida juda katta o’zgarishlar amalga oshishi kerak. Ikkinchidan, yangicha iqtisodiy siyosat muvaffaqiyat bilan qo’llanilishi lozim. Buning uchun eski iqtisodiy sharoitlardan yangilariga muvaffaqiyatli o’tish kerak. Biz islohatlarni shuning uchun amalga oshiryapmiz. Biz siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar sohalarda ko’p islohatlarni amalga oshirdik va ijobiy natijalarga erishdik. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, biz yangi iqtisodiy siyosatni qo’llashda yutuqlarni qo’lga kiritdik. Biz xususiylashtirish dasturini amalga oshirdik va amalga oshirmoqdamiz. Ozarbayjon uchun favqulodda ahamiyat kasb etuvchi yer islohatini amalga oshirdik. 

Ma’lumki, Ozarbayjon aholisining qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi va qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanadi. 70 yil hukmronlik qilgan kolxozlar va sovxozlar tizimini yo’q qilish, yerni o’z egasi – dehqonlarga berish, ularga yerdan samarali foydalanish uchun sharoitlar yaratish – bularning hammasi og’ir va qiyin jarayonlar, lekin biz bunung uddasidan chiqdik. Ozarbayjonda bozor iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Shunday qilib, 1995-1996 yillarda Ozarbayjon 1990 yildan beri davom etib kelayotgan iqtisodiy tushkunlikni yenga oldi, Ozarbayjon hayotining keyingi bosqichi taraqqiyot davri bo’ldi. 

Biz rivojlanyapmiz. Ozarbayjonda iqtisodiyotning barcha bosqichlari rivojlanmoqda. Bu faqat bizning fikrimiz emas, xalqaro moliyaviy iqtisodiy markazlar, yani mazkur jarayonni nazorat qilivchi markazlar ham shunday deb hisoblamoqdalar. Biroq hali oldimizda juda ham ko’p hal etilmagan muammolar va katta qiyinchiliklar turibdi. Ozarbayjon aholisining turmush darajasini biz hozircha munosib ravishda ko’tara olganimiz yo’q. 

Sovet Ittifoqi zamonida Ozarbayjonda yaratilgan yirik sanoat korxonalarining bir qismi ishlamayapti, bir qismi esa, to’liq quvvat bilan faoliyat ko’rsatmayapti. Natijada ishsizlarning katta armiyasi shakllandi. Bu Ozarbayjonning katta muammolaridan biridir. Ta’kidlab o’tganimdek, milliondan ortiq qochqinlar, ko’chirilganlar, bir tomondan zarur hayotiy sharoitlardan mahrumlar, ikkinchi tomondan – ular ish bilan ta’minlanmaganlar hamda davlat, gumanitar tashkilotlarining hisobiga kun kechirmoqdalar. Bu ham biz uchun katta muammodir. Biroq biz bu muammolarni bosqichma-bosqich hal qilyapmiz. Qo’lga kiritilgan yutuqlarni qayd qilar ekanmiz biz aslo hayotimizda mavjud bo’lgan qiyinchiliklar, muammolar, kamchiliklar, xatolarni yashirish niyatida emasmiz. Biz ular to’g’risida Ozarbayjon fuqarolariga va butun dunyoga oshkora gapiramiz. Aynan shu yo’l bilan biz Ozarbayjon oldida turgan muammolarni hal qila olamiz va mamlakat uzviy taraqqiyotini ta’minlaymiz. 

Bu sohada amalga oshirilgan ishlar orasida Ozarbayjon davlat neft strategiyasi alohida ahamiyatga ega. 1993-1994 yillarda biz ushbu strategiyani tayorlash va amalga oshirishga kirishdik, zamonaviy texnika va texnologiyaga ega bo’lgan jahonning yirik neft kompaniyalari bilan birgalikda Ozarbayjonning boy resurslari – neft va gaz konlarini tasarruf eta boshladik. Bugun ham bu ish davom etmoqda. Kaspiy dengizidagi ozarbayjon konlarini, umuman Ozarbayjon hududidagi neft va gaz konlarini hamkorlikda tasarruf etish uchun 21 shartnomaga imzo chekilgan. 32 yirik xorijiy neft kompaniyalari mazkur shartnomalarning ishtirokchilaridir. Biz neft strategiyasining, qilingan ishlarning real natijalariga ega bo’ldik. Biz allaqachon yangi konlardan neft qazib chiqarmoqdamiz, uni xorijiy kompaniyalar bilan jahon bozorlariga yetkazib bermoqdamiz. Bu maqsadda biz o’ta muhim neft va gaz o’tkazgichlarini yaratmoqdamiz. Ozarbayjon nefti ikki neft o’tkazgich orqali – birinchisi shimoiliy Boku-Novorossiysk yo’nalishida, ikkinchisi g’arbiy Boku-Supsa yo’nalishida eksport qilinmoqda. 

So’nggi yillarda biz yetarli darajada yirik loyiha ustida ish olib bordik va Ozarbayjonda qazib chiqariladigan katta hajmdagi neftni eksport qilish uchun Boku – Tbilisi – Jeyxan neft o’tkazgichini qurishga kirishdik. Biz Ozarbayjonning yirik “Shoxdeniz” konidan olinadigan gazni ham Turkiyaga export qilish uchun gaz o’tkazgich qurmoqdamiz. Bizning neft strategiyamiz nafaqat bevosita neft qazib chiqaruvchi kompaniyalarning, balki ko’plab boshqa kompaniyalarning faoliyati uchun sharoitlar yaratib berdi hamda shu yo’l bilan mamlakatga yirik xorijiy investitsyalarni jalb qilish imkonini berdi. Ozarbayjonning yangi qiyofasi bu. Bular faqat mustaqil Ozarbayjon sharoitida amalga oshishi mumkin edi. 

Sizlarga ma’lumki, ozarbayjon nefti butun dunyoda mashhurlikni qo’lga kiritdi. 150 yil ilgariyoq Ozarbayjonda dunyoda birinchi marta sanoat usulida neft qazib chiqarilgan. Undan keyingi yillarda qazib chiqariladigan neft hajmi oshib borgan, ammo u ozarbayjon xalqiniki bo’lmagan. Biz 70 yil mobaynida qazib chiqargan neft va gaz zahiralari Sovet Ittifoqining umumiy iqtisodiyotiga qo’shilib boravergan. Biz bundan zarur foydani ololmaganmiz. Aynan davlat mustaqilligi, bizning milliy erkimiz, o’z taqdirimizni o’zimiz hal eta olish imkoniyati bizga ushbu sharoitlarni yaratib berdilar va biz ulardan unumli foydalanmoqdamiz. 

Ozarbayjon geostrategik jihatdan favqulodda muhim hududda joylashgan. Bu, ham iqtisodiy, ham siyosiy ahamiyatga ega. Bu yo’nalishda biz Yevropa Ittifoqi, boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Jumladan Ozarbayjon Yevropa Ittifoqining TRASEKA dasturini amalga oshirish, tarixiy Buyuk Ipak yo’lini tiklash sohalarida ko’p ishlarni amalga oshirdi va biz bu ishlardan ijobiy natijalar olmoqdamiz. Biroq, kelajakda ushbu dastur yanada ko’proq ijobiy natijalar beradi. 

1998 yilda Ozarbayjonda, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Buyuk Ipak yo’lini tiklash, TRASEKA dasturini amalga oshirishga bag’ishlangan birinchi xalqaro konferentsya o’tkazildi. Konferentsiya ishida sharqda Yaponiyadan g’arbda Ispaniyagacha bo’lgan 32 mamlakat, 14 ta xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar va biz Buyuk Ipak yo’lini tiklash, TRASEKA dasturini amalga oshirish bo’yicha ilk bitimni imzolanishi shohidi bo’ldik. Yana bir marta takrorlaymanki, bu sohada amalga oshirilgan ishlar kelajakda katta natija beradi. 

Bular Ozarbayjonda amalga oshirilayotgan global loyihalardir. Ayni paytda, Ozarbayjonning kundalik hayotida ham ko’p ishlar qilinmoqda va, o’ylaymanki, bu yerga tashrifingiz davomida sizga taqdim etilayotgan materiallardan va boshqa vositalardan bularni o’zingiz ham ko’rib olasiz va ular bilan tanishasiz. 

Jahon ozarbayjonlarining I Qurultoyining o’tkazilishi ham Ozarbayjon uchun, ham butun dunyo ozarbayjonlari uchun favqulodda muhum ahamiyat kasb etadi. Jahonda ro’y berayotgan migratsiya jarayoni natijasida ozarbayjonlar turli mamlakatlarda yashab kelmoqdalar. Bu – tabiiy jarayon, uni to’xtatib bo’lmaydi, to’xtatishning keragi ham yo’q, umuman olganda bu ijobiy holat. To’g’ri, bugun biz mustaqil davlatga aylangan bir paytda, ayrim muxolifatchi kuchlar bizni ozarbayjon aholisining muhim qismi – kimdir 1 million, boshqa birovlar 2 million deyishadi, respublikadan tashqarida istiqomat qilmoqda, deb tanqid qilmoqdalar. Men bo’lsam aslo bu holatni salbiy deb qabul qila olmayman, negaki hech qaysi bir millat, hech qaysi bir xalq faqat ona zamin sarhadlarida, milliy cheklanish sharoitlarida yashay olmaydilar. Yana bir marta qayd qilmoqchimanki, migratsiya jarayoni barcha mamlakatlar, xalqlarga taaluqlidir. Buning natijasida ozarbayjonlar jahonning ko’p mamlakatlarida yashay boshlagan ekanlar, u yerlardagi hayot tarziga ko’nikib, o’zlari uchun sharoitlar yarata olgan ekanlar, bularning hammasi ozarbayjonlarning jahon bo’ylab tarqalishlari geografiyasi qanchalar keng ekanidan guvoxlik berib turibdi. 

Biz, turli mamlakatlarda istiqomat qilayotgan har bir ozarbayjonlik turmushini o’sha mamlakatda o’ziga mos tarzda tashkil qilgan, deb hisoblaymiz. U o’sha mamlakatning fuqarosi bo’lib hisoblanadi, uning qonunlari va qoidalariga bo’ysunishi va o’z tanlagan yo’lidan borishi kerak. 

Lekin ayni paytda, bugun, ozarbayjonlarning yagona, mustaqil davlatlari mavjud bo’lgan bir paytda, dunyoning turli mamlakatlarida yashovchi ozarbayjonlar o’rtasida o’zaro yaqinroq munosabatlar o’rnatish, Ozarbayjon davlati bilan aloqalar bog’lash va u bilan birdam ekanliklarini ma’lum qilish tarixning joriy bosqichida o’ta muhum vazifadir. Bizning vazifamiz, Ozarbayjon davlatining vazifasi dunyo mamlakatlarida yashayotgan ozarbayjonlarga imkon qadar g’amxo’rlik, e’tibor ko’rsatish, ularning hayotlari bilan qiziqish va bizning mamlakatimiz hamda alohida yurtlarda yashovchi ozarbayjonlar o’rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga erishishdan iborat. Ozarbayjondan tashqarida yashayotgan ozarbayjonlar bo’lsalar, bugun mustaqil Ozarbayjon bilan yanada yaqinroq aloqalar bog’lashlari kerak. Bularning hammasi butun jahon ozarbayjonlarining birligi, birdamligini ta’minlashning o’ta muhum shartlaridir. 

Chuqur mamnuniyat bilan bugun biz jahonning ko’p mamlakatlarida – Yevropada, Shimoliy Amerikada allaqachon yirik ozarbayjon jamoalari tashkil etilganini qayd qila olamiz. Keyingi yillarda ushbu jamoalar uyushqoqroq bo’lib bormoqdalar, kengaymoqdalar hamda o’zarbayjonlarni o’zlari yashab turgan mamlakatlardagi birligini, birdamligini ta’min etmoqdalar. So’nggi yillarda bu jarayon shiddat bilan amalga o’smoqda. Aynan mustaqil Ozarbayjonning mavjud ekani ushbu birdamlik rivojining asosini tashkil qiladi, deb o’ylayman. 

Biz turli mamlakatlarda yashayotgan ozarbayjonlarning, o’sha mamlakatlarning fuqarolari kabi, o’z istaklariga mos ravishda turmush kechirishlarini, ayni paytda o’z milliy ildizlarini, millatlarini unutmasliklarini hohlaymiz. Biz, ozarbayjonlarni, millatdoshlik, tarixiy ildizlar, milliy-ruhiy qadriyatlar, milliy madaniyatimiz va adabiyotimiz, xalqimizning san’ati, musiqasi, she’riyati, qo’shiqlari, odatlari va ananalari birlashtirib turadi. 

Inson, u qaysi mamlakatda yashamasin, milliy o’ziga xosligini asrab-avaylashi kerak. Jahonda ayni damda assimilyatsiya jarayoni ketmoqda. Takror aytamanki, insonlar – men ozarbayjonlar haqida gapiryapman – o’zlari yashayotgan mamlakat muhitiga ko’nikib, o’sha yerda yuqori mavqe’larni egallashlari kerak. Ayni paytda ular doimo o’z milliy-ruhiy qadriyatlariga, milliy ildizlariga sodiq qolishlari kerak. Aynan ana shu omillar barchamizni birlashtirib turubdi. Hammamizni ozarbayjon bo’lish, ozarbayjonlik bo’lish g’oyasi birlashtirib, birdam qilib turibdi. 

Ozarbayjon davlat mustaqilligini qo’lga kiritgach, ozarbayjonchilik, yetakchi g’oya sifatida, ham Ozarbayjonda, ham butun dunyoda yashayotgan ozarbayjonlar uchun asosiy g’oya bo’lib qoldi. Biz mazkur g’oya atrofida jipslashishimiz kerak. Ozarbayjonchilik milliy mansublikni saqlash, milliy-ruhiy qadriyatlarni saqlash bilan bir paytda ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan qo’shib yuborish va hamohang qilish vositasida boyitishn, shuningdek har bir alohida insonning taraqqiysini ta’minlash ma’nosini bildiradi. 

Mazkur qurultoyni o’tkazishdan biz aynan shu maqsadni ko’zlaganmiz. O’ylaymanki, qurultoy delegatlari, uzoq mamlakatlardan Ozarbayjonga, o’z Vatanlariga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz qurultoy kunlari bir-birlari bilan yaqinroq muloqatda bo’ladilar, turli mamlakatlardagi jamoalarning yagona diaspora bo’lib shakllanishlarida yanada faolroq ishtirok etadilar hamda Ozarbayjon va jahonning boshqa mamlakatlarida yashovchi ozarbayjonlar o’rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydilar. Qurultoy bu sohada – ozabayjonchilik g’oyalarini yuzaga chiqarish, jahon ozarbayjonlari birdamligini kengaytirish va rivojlantirishda favqulodda muhim tarixiy bosqich bo’ladi, deb ishonaman. 

Mazkur qurultoy oldimizda turgan vazifalarni ado etishda favqulodda katta ro’l o’ynaydi, bu ishga o’z hissasini qo’shadi, deb umid qilaman. 

Ozarbayjon mustaqil mamlakat sifatida o’z milliy manfaatlariga mos ravishda mustaqil tashqi siyosat olib bormoqda. Mustaqil tashqi siyosat yuritish mustaqillikni mustahkamlashni davom ettirish ma’nosini anglatadi. Tashqi siyosat sohasida ham, Ozarbayjonning o’zida ham, katta qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo’lishimizga qaramay, biz mustaqilligimizni himoya qila borib, dunyoda mustaqil tashqi sioysat yuritmoqdamiz. 

Ozarbayjon - tinchliksevar mamlakat. Biz dunyoning barcha mamlakatlari bilan munosib darajada iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, gumanitar aloqalar o’rnatdik va o’rnatmoqdamiz, ularni rivojlantirdik va rivojlantirmoqdamiz. Ozarbayjon hech qachon o’z mustaqil tashqi siyosatidan voz kechmaydi. Uning mustaqil tashqi siyosati Ozarbayjon mustaqilliginig asosiy ramzi, muhim ko’rsatgichidir.

Ozarbayjon jahondagi barcha xalqaro tashkilotlarning a’zosidir. Sizlarga ma’lumki, joriy yilning boshida Ozarbayjon baobro’ Yevropa Kengashining haqiqiy a’zoligiga saylandi. Bularning hammasi Ozarbayjon tashqi siyosatining, shuningdek Ozarbayjonda islohatlarning barcha yo’nalishlarida amalga oshirilayotgan demokratik o’zgarishlarning mantiqiy natijasidir. 

Ozarbayjon – dunyoviy mamlakat va dunyoviy mamlakat sifatida dunyoda o’z o’rniga ega. Bu bizning strategik yo’limiz. Davlat qurulishidagi asosiy tamoyilimiz huquqiy, demokratik va dunyoviy davlatdir. Hayotimizning asosiy tamoyillari ana shulardir. Biz shu yo’ldan bormoqdamiz va unda davom etamiz. 

Sizlarga aytishim mumkinki, biz ko’p qiyin va og’ir masalalrni hal qildik hamda kelajakdagi ufqlarni yaqqol ko’rib turubmiz. Ozarbayjonning boy tabiiy resurslari, qulay geostrategik joylashuvi, qudratli iqtisodiy, intellektual salohiyati va ozarbayjonlarning yuqori madaniyat darajasi bizning mustaqil mamlakatimizning baxtli va farovon kelajagini ta’minlaydilar. Ishonchingiz komil bo’lsinki, biz tanlagan yo’limiz, kelajakdagi ufqlar, erishiladigan maqsadlarimizni aniq tasavvur qilamiz. Bir necha yildan keyin Ozarbayjon, o’zi olib borayotgan iqtisodiy siyosat tufayli, dunyodagi eng badavlat yurtlardan biriga aylanadi. Ozarbayjon xalqining farovonligi sezilarli darajada oshadi. Ozarbayjonda har bir inson erkin yashaydi. Demokratik yaratuvchanlik, barcha erkinliklar – so’z erkinligi, inson erkinligi, vijdon erkinligi, matbuot erkinligi ta’minlangan, bundan buyon ham ta’minlanadi. Aytmoqchimanki, Ozarbayjonning har bir fuqarosi, siyosiy dunyoqarashidan qat’iynazar, bu yerda, o’z vatanida, xotirjam va baxtli yashaydi. 

Biroq arman-ozarbayjon, tog’li-qorabog’ ziddiyati bizni eng ko’p bezovta qiladigan, eng qiyin muammoligicha qolmoqda. Bosib olingan sarhadlarni ozod qilish, Ozarbayjon yaxlitligini tiklash. Biz bu sohada ko’p ishlarni amalga oshirdik. Biz bu masalalarni barcha xalqaro tashkilotlar darajasida ko’tardik, zarur qarorlar qabul qilindi. 1993 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi Armaniston qurolli kuchlarini bosib olingan hududlardan so’zsiz olib chiqib ketilishi to’g’risida to’rtta rezolutsiya qabul qildi. Xavfsizlik Kengashi raisi olti marta bayonot berdi. Biroq Armaniston bularni pisand qilmayapti. 

1996 yilning dekabrida, EHXTning Lissabon sammitida Ozarbayjon hududiy yaxlitligini ta’minlash va arman-ozarbayjon ziddiyatini tinch yo’l bilan hal qilishga oid favqulodda muhum hujjat qabul qilindi. EHXT tarkibiga kiruvchi 54 davlatdan 53 tasi hujjatni yoqlab ovoz berdi, faqat Armanistongina unga qarshi chiqdi. Lekin, afsuski, Armaniston ushbu obro’li tashkilot, EHXT ning qarorlarini tan olmayapti. 

Biz masalani tinch yo’l bilan hal qilishga muntazam intilyapmiz. Sizlarga ma’lumki, 1993 yildayoq arman-ozarbayjon ziddiyatini hal etish uchun EHXT ning Minsk guruhi tuzulgan edi. 1997 yildan boshlab Minsk guruhiga uchta yirik davlat – Rossiya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Frantsiya bosh bo’lib kelmoqdalar. O’tgan yillar mobaynida ushbu tashkilot, Minsk guruhi, uning hamraislari bilan hamkorlikda katta ishni amalga oshirdik. Bir necha kun avval hamraislar – Rossiya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Frantsiyaning vakillari yana mintaqaga tashrif buyurdilar, biz bilan uchrashdilar va muzokaralar olib bordilar, Armanistonda bo’ldilar. Biz masalani tinch yo’l bilan hal qilish tarafdori ekanimiz, buni esa har ikki tomondan ma’lum yonbosishlar hisobiga amalga oshirish mumkinligi to’g’risida bayonot berdik. Ayni paytda muammo xalqaro huquq meyorlari, jahonda tan olingan tamoyillar – hududiy yaxlitlik, suverenitet, chegaralarning daxlsizligi tamoyillari asosida hal etilishi lozim. Biz bu ishni davom ettiramiz. Biz ushbu mojaroning ham hal etilishiga erishamiz, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklanadi, ishg’ol etilgan yerlar ozod qilinadi, ona zaminlaridan quvg’in qilingan qochqinlar tug’ulib-o’sgan joylariga qaytadilar, deb ishonch bildirmoqchiman.

Tabiiyki, xalqaro tashkilotlar bilan bir qatorda, bu masalada bizga ozarbayjon diasporasining ham yordami kerak. Mamnuniyat bilan qayd qilishni hohlardimki, so’nggi yillarda ozarbayjon diasporasi yanada jipslashdi hamda, ozarbayjon jamoalari, diasporasi o’z mamlakatlarida, va umuman xalqaro hamjamiyatda o’zini ko’rsata boshladi. Ammo diasporamiz shakllanishida bu birinchi bosqich xalos. Hammamiz, sizlar ham, biz ham turli mamlakatlarda istiqomat qiluvchi ozarbayjonlar yanada kuchli bo’lishlari uchun, qudratli ozarbayjon diasporasini shakllantirish yo’lida ko’p ishlarni amalga oshirishimiz kerak. O’z mamlakatlarimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta olish, bu mamlakatlarning siyosatiga ta’sir ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lish uchun iqtisodiy jihatdan mustahkam bo’lishimiz kerak. Shu yo’l bilan, Ozarbayjon mustaqilligini, uning tashqi siyosatini turli mamlakatlarda targ’ibot qilish bilan birga, Ozarbayjon muammolarini hal qilishga yordam ko’rsatishga imkon tug’uladi. O’ylaymanki, jahon ozarbayjonlari aynan shu yo’ldan borishlari kerak, bu yo’lda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko’p. Bugun o’z ishini boshlagan qurultoy aynan shu maqsadni o’z oldiga qo’ygan. 

Yana bir marta ta’kidlayman, biz hohlaymizki, jahonning turli mamlakatlarida yashayotgan har bir ozarbayjon o’z mamlakatida farovon yashasin, mavqe’ini mustahkamlasin, turmush sharoitini yaxshilasin. Istaymizki, har bir ozarbayjon o’z mamlakatining ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etsin, munosib o’rin egallasin, ma’lum darajada ta’sir qilish imkoniyatiga ega bo’lsin. Biz bularning barchasini sizlarga tilaymiz. 

Bu ishga ma’lum darajada hissa qo’shish uchun, biz davlatmiz tarkibida ozarbayjon diasporasi bilan ish olib boruvchi maxsus tashkulot tuzush to’g’risisda qaror qabul qilamiz. O’ylaymanki, bunday markazlashgan tashkilot, ya’ni ozarbayjon jamoalari bilan doimiy aloqada bo’lib turuvchi tashkilot jamoalarning, umuman olganda ozarbayjon diasporasining shakllanishiga, shuningdek aloqalarimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. 

 Muhtaram vatandoshlar! 

Yana bir marta qalbimning tubidan chiqayotgan so’zlarni takrorlamoqchiman: har bir inson uchun milliy mansublik g’urur manba’idir. Men har doim ozarbayjon ekanimdan faxrlanganman va bugun ham faxrlanaman. 

Mustaqil Ozarbayjon davlatining asosiy g’oyasi ozarbayjonchilikdir. Har bir ozarbayjon milliy mansubligi bilan faxrlanishi kerak, biz ozarbayjonchilikni – Ozarbayjonning tili, madaniyati, milliy-ma’naviy qadriyatlari, odatlari va ananalarini rivojlantirishimiz kerak. Biz qabul qilgan ozarbayjon tilini rivojlantirish to’g’risidagi muhim qaror aynan shu maqsadni nazarda tutadi. Biz Ozarbayjonda lotin alifbosiga o’tish to’g’risida qaror qabul qildik. Bugun Ozarbayjonda barcha odamlar, barcha davlat muassasalari faqat lotin alifbosidan foydalanmoqdalar. Bu bizning milliy o’zligimizdan, ozarbayjonligimizdan guvohlik beruvchi favqulodda muhim omildir. Biz ozarbayjon tilini rivojlantirish yo’lidagi say’-harakatlarimizni bundan keyin ham davom ettiramiz. 

Bilingki, har bir millat uchun til juda qadrlidir. Biz uchun ozabayjon tili, bizning ona tilimiz favqulodda qadrlidir, negaki uzoq yillar davomida ona, ozarbayjon tilimiz hayotimizda yetarli darajada keng o’rin egallamay keldi. Lekin, shunga qaramay, har bir ozarbayjonlik ozarbayjon tilini saqlab qolishga o’zining ozmi-ko’pmi hissasini qo’shdi. Xususan, bizning yozuvchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz, shoirlarimiz o’sha qiyin davrlarda ozarbayjon tili uchun juda ko’p ishlar qildilar. 

Bugun hadsiz g’urur bilan shuni aytishim mumkinki, XX asrda ozarbayjon tili juda katta taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. E’tibor beringa, qanchalar tilimiz boy, qanchalar yoqimli, qanchalar jozibador va qanchalar u, istalgan fikrni ifoda eta olish uchun, katta lug’aviy boylikka ega. 

Biz Ozarbayjonda ozarbayjon tilining ustuvorligini, uning bosqichma-bosqich rivojlanishini ta’minlaymiz. Ayni paytda, har bir ozarbayjonlik, u qaysi qit’ada, qaysi mamlakatda yashashidan qat’iy-nazar, o’sha mamlakatning tilini o’zlashtirishini, uning odatlari va ananalaridan foydalanishini, ayni paytda ozarbayjon tilini takomillashtirishini istaymiz. 

Hech bir vosita xalqlarni til, milliy-ma’naviy ananalar, qadriyatlarchalik bir-birlariga bog’lamaydi. Biz, xususan boshqa mamlakatlarda yashovchi ozarbayjonlar, ushbu vositadan har doim foydalanishimiz kerak. Shuning uchun har qanday mamlakatdagi ozarbayjon jamoasidagi ozarbayjonliklar birdam bo’lishlarini, bir-birlarini suyashlarini, o’zaro ko’mak berishlarini, bir-birlariga chuqur hamdard bo’lishlarini va hamjihatlikda bizning milliy ananalarimiz, odatlarimiz, milliy qadriyatlarimizga amal qilishlarini, bizning milliy bayramlarimizni nishonlashlarini istaymiz. Faqat mustaqillik bayramini, Navro’zni emas, boshqa bayramlarni ham. Yangi avlodlarni, bolalarni ozarbayjon tiliga o’rgatish uchun ma’lum imkoniyatlarni yaratishlarini hohlaymiz. Biz kelajak avlodlarning, sizning bolalaringiz, bizning bolalarimizning ozarbayjonchilik g’oyasini baland ko’tarishlari, ozarbayjon tilini, bizning milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni muttasil rivojlantirishlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. 

Qadrli do’stlar! 

Ishonchingiz komil bo’lishi mumkinki, o’n yildan beri Ozarbayjon mustaqil davlat sifatida ishonch bilan oyoqqa turib kelmoqda. O’tgan davr mobaynida biz Ozarbayjon mustaqilligini rivojlantirdik va bugun men, Ozarbayjon mustaqilligi abadiy, chekinmas va muqimdir, deb baralla ayta olaman. 

Aziz do’stlar, mustaqil Ozarbayjon doimo sizga suyanchiq bo’ladi, doimo sizlarga homiylik qiladi va biz, Ozarbayjonda sizlarni o’z elchilarimiz, deb hisoblaymiz, sizlarga katta umidlar bog’laymiz, ishonamiz, sizlarni o’zmizga suyanchiq deb bilamiz. 

Mustaqil Ozarbayjon hali navqiron mamlakat bo’lganidek, Ozarbayjon birdamligi va dunyo ozarbayjonlari, turli mamlakatlardagi ozarbayjonlar jamoalarinig birligi ham navqirondirlar. Ammo bugun biz yangi bosqichga qadam qo’ydik. Biz shakllanmoqdamiz, mustaqilligimiz mustahkamlanmoqda, xorijiy mamlakatlarda yashayotgan ozarbayjonlarning uyushqoqliklari sezilarli darajada tezroq amalga oshmoqda va biz hammamiz ozarbayjonchilikni rivojlantiramiz, uni doimiy, abadiy qilamiz. 

Aziz do’stlar! 

Barchalaringizga sihat-salomatlik va baxt tilayman. Xorijiy mamlakatlardan kelgan delegatlar va mehmonlardan barcha ozarbayjon jamoalariga, har bir ozarbayjonlikka ozarbayjon xalqi, davlati, Prezidentining salomlarini, muhabbatini etkazishlarini so’rayman. 

Har biringizga ishlaringizda, mamlakatlaringizdagi faoliyatingizda yutuqlar tilayman. Yashash joyi qayerdaligidan qat’iy-nazar, baxtli hayot va farovon kelajak tilayman. Daryolarimiz hech qachon qurib qolmasinlar! Daraxtlarinmizni hech kim kesmasin! Chirog’imiz nur sochaversin! 

Ozarbayjon xalqiga shon-sharaflar bo’lsin! 

Yashasin mustaqil Ozarbayjon, Ozarbayjon, Ozarbayjon!