Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning 31-mart - Ozarbayjonlarning qirg`in qilinishlari kuni munosabati bilan ozarbayjon xalqiga murojaati - Boku, 27 mart 2001 yil

Aziz vatandoshlar!

1998 yilning 31-martidan boshlab ozarbayjonlarning qirg`in qilinishlari kuni Ozarbayjon Respublikasida davlat miqyosida nishonlab kelinmoqda.

Ozarbayjonlarga qarshi mudom o`tkazib kelinayotgan razillarcha qirg`in siyosati yuz yilliklar bilan o`lchanadigan uzoq tarixga ega. XIX asrning ibtidosidan boshlab, tarixan ozarbayjonlarga qarashli bo`lgan yerlarga armanilarni ommaviy ravishda izchillik bilan joylashtirishga kirishdilar, Kavkaz mintaqasining janubida arman davlatini barpo etish, ozarbayjonlarni ona tuproqlaridan, tug`ulib-o`sgan uylaridan quvib yuborish, ularni ko`chirish jarayoni maqsadli ravishda amalga oshirila boshlandi. 

Qirg`in hamda ko`chirish jarayoni puxta o`ylangan reja, turli tarixiy sharoitlarda bosqichma-bosqich amalga oshirib kelindi. «Buyuk Armaniston» haqidagi bema`ni g`oyani amalga oshirish uchun soxta mafkuraviy tezislar shakllantirildi, terrorchi tashkilotlar tuzuldi. Armaniston aholisi doimiy ravishda millatchilik, turk hamda ozarbayjon xalqlariga nisbatan shovinizm ruhida tarbiya qilindi. 

1905-1907 yillarda, chor Rossiyasi tomonidan qo`llab-quvvatlab va yo`naltirib turulgan arman millatchilari ozarbayjonliklarga qarshi keng ko`lamli qirg`inlar hamda yovuzliklar sodir etdilar. Yuzlab aholi punktlari vayron qilindi, minglab ozarbayjonlar arman terrorining qurbonlariga aylandilar. 1918 yilning martida, Boku kommunasi rahbarlarining homiyliklarida milliy qirg`in uyushtirildi, Boku muzofotini ozarbayjonlardan tozalash va uni armanilashtirish maqsadini ko`zlovchi manfurona reja amalga oshirila boshlandi. Boku hamda viloyatlarda o`n minglab aholi qirib tashlandi, masjidlar, maktablar, me`morchilik obidalari buzub yuborildi.

Armanilar tomonidan ozarbayjonlarga qarshi olib borilgan qirg\'in va deportatsiya siyosati sho`rolar hokimiyati yillarida ko`proq munofiqona hamda xaspo`shlagan shaklda olib borildi. Tarixan ozarbayjon hududlari - Geycha, Zangezur va boshqa tumanlar, o`sha vaqtlardagi sho`rolar hukumati rahbarlarining ko`magida Armanistonga topshirildi, Tog`li Qorabog`dagi armanilar avtonomiyaga ega bo`ldilar, buning natijasida kelajakda ular hududiy da`volar bilan chiqishlari uchun zamin yaratildi. 1948-1953 yillarda SSSR rahbariyati qarori bilan armanilar ozarbayjonlarni ularning tarixiy hududlari bo`lgan g‘arbiy Ozarbayjondan davlat darajasida ommaviy badarg`a qilishga erishdilar.

80-yillarning o`rtalaridan boshlab, SSSR rahbariyatining alohida homiyligida arman ekstremizmi va separatizmi yangicha hamda dahshatliroq shaklda avj ola boshlashi natijasida o`n minglab tinch aholi fojeaviy ravishda yo`q qilindi, yuz minglab vatandoshlarimiz quvg`inlar hamda majburiy qochoqlar holatida, aksil insoniy sharoitlarda yashashga mahkum etildilar. 1990 yilning yanvarida o`sha paytdagi SSSR rahbariyati, arman ayirmachilarining qutqulariga uchib, xalqimizga qarshi qirg`in uyushtirdi. 1992 yilning fevralida arman qurolli tuzulmalari, sovet qo`shinlarining yordami va bevosita ishtirokida Xo`jalini yer yuzidan yo`q qildilar. Hech bir harbiy zaruruiyatsiz minglab tinch aholi vahshiyona yo`q qilindi, qiynoqqa solindi, asirlikka olindi.

Qirg`in ozarbayjon xalqiga katta siyosiy, moddiy va ma`naviy talafot yetkazdi. Umuman, XX asr mobaynida, 2 millionga yaqin ozarbayjonlar deportatsiya hamda genotsid siyosatining og`ir oqibatlarini o`z boshlaridan o`tkazdilar. O`zlarining «Buyuk Armaniston» to`g`risidagi bema`ni g`oyalarini amalga oshirish uchun arman millatchilari va shovinistlari avval boshdanoq hamda uzoq vaqt mobaynida bizning xalqimiz va mamlakatimizga qarshi mohirona tashkil etilgan informatsiyaviy va targ`ibot urushini olib bordilar. Yoppasiga qoralash hamda munofiqona targ`ibot urushi kampaniyasi bugungi kunda ham davom etmoqda. Turli uslublar va vositalardan foydalangan holda arman millatchilari dunyo jamoatchiligi fikrini noto`g`ri shakllantirmoqdalar, Ozarbayjon hamda butun Kavkaz tarixini soxtalashtirmoqdalar, ozarbayjonlarga qarshi shafqatsiz ma`naviy xuruj kampaniyasini amalga oshirmoqdalar, jahon jamoatchiligi taassurotida «xo`rlangan, jafokash arman xalqi» qiyofasini shakllantirmoqdalar. Armani jamoalari, arman lobbisi o`nlab yillar mobaynida mazkur yo`nalishda uzchil ish olib bormoqdalar. Natijada, armanilar tomonidan ozarbayjonlarga qarshi amalga oshirilgan qirg`in hamda hududiy xuruj holatlariga befarq qolayotgan dunoydagi mamlakatlar parlamentlari bugungi kunda noto`g`ri, armanilar da`vo qilayotgandek, go`yoki yuz yil ilgari bo`lib o`tgan voqealar to`g`risida siyosiy konyukturaga moslashtirilgan qarorlar qabul qilmoqdalar hamda, amalda, o`z xatti-harakatlari bilan amalda tajovuzkorni qo`llab-quvvatlamoqdalar. O`zlarining vaqtinchalik hamda yolg`on yutuqlaridan ruhlangan arman siyosatchilari va mafkurachilari, barcha xalqlarga nisbatan nafrat mafkurasining oshkora va pinhona yetakchilari xalqaro huquq meyorlarini nazar-pisand qilmayaptilar, sayoramizda qaror topgan rivojlangan hamjamiyat meyorlarini qo`pol ravishda buzmoqdalar.

Yaqin orada o`z mustaqilligining o`n yilligini nishonlaydigan Ozarbayjon xalqi umum jahon darajasida qabul qilingan qonun-qoidalar asosida, tinchlik va xotirjamlik sharoitida yashashni, yaratuvchilik faoliyati bilan shug`ullanishni xohlaydi.

Bugun davlatimiz va xalqimiz oldida ozarbayjonlarga qarshi asrlar davomida olib borilayotgan genotsid siyosati to`g`risidagi haqiqatni butun dunyoga yoyish, xalqaro jamoatchilik fikrida adolat qaror topishiga erishish, qirg`in siyosatining og`ir oqibatlarini bartaraf qilish va mazkur holatning boshqa qaytarilmasligi uchun jiddiy chora-tadbirlar ko`rish vazifasi turibdi.

Xalqimizga yetkazilgan uqubatlar ko`lami, og`irligi va oqibatlariga ko`ra, insoniyatga qarshi jinoyatlar, deb ham ta`riflanishlari, xalqaro siyosiy-huquqiy baho olishlari, ularning tashkilotchilari hamda mafkurachilari munosib jazo olishlari kerak. Hammaning ishonchi komil bo`lishi kerakki, «Buyuk Armaniston» xom xayolini shior qilib olish, boshqa xalqlarga nisbatan nafrat va yalpi urush mafkurasini targ`ib qilish, qo`shnilariga nisbatan tajovuz siyosatini olib borish yo`li bilan hozirgi dunyoda «quyosh tagidan ko`proq joy egallashga» urinayotganlarga qachonlardir tarix va insoniyat oldida javob berishga to`g`ri keladi.

Ushbu voqealarni, ulardan chiqarilgan xulosalarni unutishga haqqimiz yo`q. Tarixiy parishonxotirlik xalqimizga qimmatga tushushi mumkin. Ozarbayjonlarga nisbatan vaqti-vaqti bilan amalga oshirilib kelingan ushbu og`ir jinoyatlarni unutmaslik, o`sib kelayotgan avlodni yovuz kuchlar hamda ularning makkorona niyatlariga nisbatan hushyorlik ruhida tarbiyalash o`ta muhimdir.

Yan bir marta qirg`in qurbonlarining yorqin xotirasini chuqur qayg`u tuyg`usi bilan yodga olaman, ularning xotiralari qarshisida bosh egaman, xalqimizga sabr va sabot tilayman.

Haydar Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

«Bakinskiy rabochiy» gazetasi, 28 mart 2001 yil