Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Yevro-Atlantika Hamkorligi Kengashiga a`zo mamlakatlar davlat va hukumtlar rahbarlari yig`ilishida so`zlagan nutqi. Madrid, 1997 yil 9 iyul

Hurmatli janob rais, 

Xonimlar va janoblar, 

Sizlarni qalbdan mubarakbod etaman va jahondagi barcha xalqlarning xavfsizligi, ozodligi hamda ravnaqi yo`lida hamkorlikdagi ishimizga muvaffaqiyat tilayman. 

Biz Varshava Shartnomasi tarqalib ketgandan so`ng tashkil topgan yangi mustaqil davlatlar hamda NATO orasidagi konstructiv muloqot va hamkorlikka muhim ahamiyat beramiz. 

Sovuq urush, yadroviy falokat xavfi, jahonni ikki dushman lagerga bo`linishi barham topgach, insoniyat qurolli ziddiyatlar, hujumkor separatizm, qurol-yarog`, og`ir harbiy texnika, yadroviy va kimyoviy kallaklarni tashishga qodir bo`lgan raketa tizimlarining nazoratsiz tarqalishi kabi yangi muammolar va tahdidlarga duch keldi. 

Ushbu salbiy jarayonlar xalqlarimiz manfaatlariga ulkan zarar keltirmoqdalar, iqtisodiyotni falajlamoqdalar, yangi mustaqil davlatlarning jahon hamjamiyatiga tezlik bilan integratsiyalashuviga to`sqinlik qilmoqdalar, millionlab tinch aholining insoniy huquqlarini o`ta qo`pol ravishda toptamoqdalar. 

Sizlarga ma`lum bo`lganidek, Ozarbayjon Respublikasi Armaniston Respublikasining agressiyasiga uchradi, uning natijasida respublikamiz hududining yigirma foizi arman qurolli kuchlari tomonidan ishg`ol qilindi, bir milliondan ortiq fuqarolarimiz o`z yerlaridan quvg`in qilindilar va qochqinlar chodir shaharchalarida o`ta og`ir sharoitlarda yashamoqdalar. 

Ozarbayjon tomoni adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun hamma choralarni ko`ryapti, YXHT ning Minsk jarayoni doirasida eng konstruktiv mavqe`larni egallab turibdi. Uch yildan beri o`t ochishni to`xtatish rejimiga amal qilinmoqda va biz, ziddiyat to`la hal qilinmaguncha unga rioya qilish niyatidamiz. 

YXHT ning Lissabon sammitida Armanistondan boshqa barcha a`zo mamlakatlar arman-ozarbayjon ziddiyatini hal qilishning asosiy printsiplarini qo`llab-quvvatladilar: Ozarbayjon va Armanistonning hududiy yaxlitligini tan olish, Tog`li Qorabog`ga Ozarbayjon davlati tarkibida o`z-o`zini boshqarish oliy maqomini, Tog`li Qorabog`ning butun aholisiga xavfsizlik kafolatlarini berish. 

Ammo Armaniston Respublikasining nokonstruktiv mavqe`i sababli YXHT Minsk guruhining say-harakatlari hozircha istalgan natijalarga olib kelmayapti. Biz, Minsk konferentsiyasining hamraisligi - Rossiya, AQSh, Frantsiya – tinchlik kelishuvining imzolanishiga va Armaniston hamda Ozarbayjon o`rtasida mustahkam tinchlik o`rnatilishiga muvaffaq bo`la oladi, deb umid qilamiz. 

Bu o`rinda biz, shuningdek, NATO hamda Yevro-Atlantika Hamkorligi Kengashining faol ishtirokiga ham tayanamiz, ular Kavkazdagi qurolli ziddiyatlarning befarq tomoshabinlari bo`lib qolmasliklari kerak. Bu ziddiyatlar umumyevropa xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solayotganliklarini nazardan qochirmaslik zarur. 

Bugungi uchrashuvdan foydalanib bayonot bermoqchimanki, Ozarbayjon Respublikasi Yevro-Atlantika Hamkorligi Kengashining tuzulganini qutlaydi va uni siyosiy maslahatlashuvlar, NATO hamda a`zo mamlakatlar o`rtasidagi faol hamkorlikning muhim mexanizmi, deb biladi. 

Biz NATO ning «Tinchlik yo`lida hamkorlik» dasturida faol ishtirok etmoqdamiz, bu dastur, Yevropada tinchlik va barqarorlikni ta`minlash maqsadlari hamda vazifalariga javob bera olishlari uchun, qurolli kuchlarimizning takomillashuvlariga xizmat qiladi, deb o`ylaymiz. 

So`zimning yakunida Polsha, Vengriya va Chexiya Prezidentlarini mamlakatlarining NATO a`zoligiga qabul qilingani bilan tabriklayman. 

Rossiyani NATO va Rossiya orasida imzolangan O`zaro aloqalar, hamkorlik ba xavfsizlik to`g`risidagi asosiy hujjat munosabati bilan tabriklayman. Men, shuningdek, Ukraina Prezidentini NATO va Ukraina orasida maxsus kelishuv imzolangani bilan muborakbod etaman. 

E`tiborlaringiz uchun tashakkur.