Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Ijtimoiy taraqqiyot uchun oliy darajadagi Butun Jahon uchrashuvida so’zlagan nutqi – Kopengagen, 12 mart 1995 yil

Hurmatli janob rais, 

Hurmatli davlat va hukumatlar rahbarlari, butun jahon uchrashuvi ishtirokchilari, 

Daniya hukumatiga ijtimoiy taraqqiyot uchun oliy darajadagi butun jahon uchrashuvi ishiga yaratilgan ajoyib sharoitlar uchun tashakkur izhor qilishga ijozat bergaysiz.  Ushbu uchrashuvni tayorlashda katta yordam ko’rsatgan tayorlov qo’mitasiga, shaxsan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga minnatdorchilik bildiraman. 

Insoniyat tarixida birinchi marta davlat va hukumatlar boshliqlari, dunyodagi barcha xalqlarning ijtimoiy farovonligiga erishish yo’lida, maqsadi muvofiqlashtirilgan siyosat yuritishdan iborat bo’lgan uchrashuvga to’plandilar. Bu - sovuq urush, global harbiy va mafkuraviy qarama-qarshilik barham topgach, insoniyat taraqqiyotning yangi, yuqoriroq bosqichiga qadam qo’yayotganidan guvohlik beradi. 

Xalqaro hamjamiyat birinchi marta, inson qayerda yashamasin, qaysi irqqa yoki dinga mansub bo’lmasin, insonlarning ijtimoiy yashash sharoitlariga hamjihatlikda mas’ul ekanini namoyish etmoqda. 

Hurmatli xonimlar va janoblar, 

O’zining davlat mustaqilligini tiklab olgan Ozarbayjon Respublikasi, bozor islohotlarini hayotga tadbiq etib, demokratik, huquqiy davlat qurish yo’lidan bormoqda. 

Biz uchun ham muqarrar bo’lgan o’tish davri respublikadagi katta qiyinchiliklar bilan birga kechmoqda. Armaniston tomonidan harbiy agressiya, olti yildan ortiq davom etayotgan urush natijasida u yanada mushkullashdi. Ozarbayjon hududining 20 foizdan ortig’i bosib olindi. Ushbu hududda bor iqtisodiy salohiyat va ijtimoiy infrastruktura buzib tashlandi. Milliondan ortiq ozarbayjonliklar bosib olingan yerlardan quvg’in qilindilar va hozirgi kunda chodir shaharchalarda istiqomat qilmoqdalar. Oziq-ovqat, dori-darmon, hayot uchun eng oddiy va zarur buyumlarning o’tkir taxchilligi sezilmoqda. 

Ushbu qiyin sharoitlarda biz respublika fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish uchun mumkin bo’lgan barcha choralarni ko’rmoqdamiz. 

Ammo, agressiya natijasida  yetkazilgan katta iqtisodiy zarba fuqarolarimizning katta qismining turmush darajasini keskin pasaytirib, ularni qashshoqlik darajasiga olib borib qoydi va butun Ozarbayjon aholisining holatini o’ta murakkablashtirdi. 

Bularning hammasi ijtimoiy taraqqiyot bo’yicha vazifalarni jahonda siyosiy barqarorlik masalalari, xalqaro huquqning belgilangan normalarini, BMT Ustavini so’zsiz bajarish bilan uzviy bog’liqligini tasdiqlaydi. 

Shuning uchun ham, davlat tomonidan, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi kafolati suverenitetning, tashqaridan agressiyaga duchor bo’layotgan davlatlar hududiy yaxlitligining xalqaro kafolatlari bilan chegaralanib qolishi kerak emas. Insonning ijtimoiy himoyasi uchun uni siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jihatlardan ta’minlashning yagona shakldagi xalqaro normalari ishlab chiqilishi kerak. 

Shu munosabat bilan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori minbaridan turib, men xalqaro hamjamiyatni arman-ozarbayjon ziddiyatini hal etishga yanada ko’proq say-harakatlar qaratishga chaqiraman. 

Biz, avvalgidek, ziddiyatni YXHTi doirasida, tinch yo’l bilan hal qilish tarafdorlari bo’lib qolmoqdamiz, YXHTning Minsk guruhi faoliyatini va oliy darajadagi Budapesht uchrashuvining printsipial qarorlarini himoya qilamiz. Alohida hoaltlarda,  hatto o’t ochishni to’xtatish tartibini buzganlarida ham, biz ushbu tartibga bundan buyon ham amal qilaverish niyatidamiz. Lekin, Armaniston Respublikasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining arman bosqinchi kuchlarini Ozarbayjonning ishg’ol etilgan hududlaridan so’zsiz olib chiqib ketishni talab qiluvchi qarorlarini hamon pisand qilmayapti, bu esa, ziddiyatni hal etish yo’lida asosiy to’siq bo’lib qolmoqda. Ziddiyatni hal etishda ijobiy natijalarga erishmoq uchun, xalqaro hamjamiyat, o’zinig yuqori obro’sidan foydalangan holda, tinchlik yo’lidagi muzokaralar jarayoniga ta’sir ko’rsatishi kerak. 

Hurmatli xonimlar va janoblar, 

Ozarbayjon, o’tish davrining hamda tashqi agressiyaning murakkab sharoitlarida, jahon hamjamiyatining amaliy yordamiga ehtiyoj sezmoqda. 

Biz, agressiyadan jabrlanganlarga ko’rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, turli xalqaro tashkilotlar, alohida mamlakatlardan minnatdormiz. Ayni paytda, Ozarbayjonning ijtimoiy ahvoli o’ta murakkabligicha qolmoqda va bunday yordamning kuchaytirilishini taqozo qilmoqda. 

Biz qishloq xo’jaligi sohasida islohotlar o’tkazish, davlat mulkini xususiylashtirish va iqtisodiyot tizimini qayta qurish sohalarida keng ko’lamdagi dasturlarni amalga oshirishni boshladik. 

Biz xorijiy ivestitsiyalarga keng imkoniyatlar ochmoqdamiz. Jahonning eng yirik kompaniyalari bilan Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi neft konlarini hamkorlikda tasarruf qilish bo’yicha imzolangan “Asr shartnomasining” hayotga tadbiq etilishi boshlandi. 

Joriy yilda Ozarbayjonda birinchi marta ko’ppartiyaviylik asosida erkin, demokratik saylovlar o’tkaziladi. 

Ushbu rejalarning amalga oshirilishi ozarbayjon jamiyatining asosiy muammolarini hal etishda yordam beradi hamda bizga ijtimoiy taraqqiyot sohasidagi xalqaro say-harakatlarda faol ishtirok etish, ehtiyojmand mamlakatlarga yordam ko’rsatish imkonini beradi, deb umid qilaman. 

Uchrashuv ishtirokchilariga samarali faoliyat tilayman va, biz qabul qiladigan qarorlar butun dunyodagi millionlab yordam talablarning umidlarini oqlaydilar, xalqaro barqarorlikning, XXI asrda taraqqiyot va rivojlanishning asosiy tayanchlaridan biriga aylanadilar, deb ishonch bildiraman. 

E’tiborlaringiz uchun tashakkur.