Haydar Aliyevning 1990 yil 20 yanvar fojeasi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasining Moskvadagi Doimiy vakolatxonasidagi uchrashuvda so’zlagan nutqi – 21 yanvar, 1990 yil, Moskva

Aziz vatandoshlarim, xonimlar va janoblar,

Sizlarga ma’lumki, men uzoq yillar mobaynida Ozarbayjon partiya tashkilotiga rahbarlik qildim, KPSS Siyosiy Byurosi a’zosi etib saylandim, SSSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi o’rinbosari bo’lib ishladim. Ikki yildan ko’proq bo’ldi – nafaqadaman, og’ir yurak xurujidan keyin, betoblik sababli, nafaqaga chiqdim. 1982 yilning dekabrida Ozarbayjondan jo’nab ketdim. Bugun birinchi marta Ozarbayjon SSRning Doimiy vakolatxonasi ostonasini bosib o’tdim. Bu yerga meni Ozarbayjonda sodir bo’lgan fojea yetaklab keldi. Bundan men kecha ertalab xabardor bo’ldim va, tabiiyki, ushbu voqeaga befarq qaray olmadim. Bu yerga men, eng avvalo, shu yerda, ozarbayjon tuprog’ining Moskvadagi kichik parchasi bo’lgan Doimiy vakolatxonada, katta qurbonlarga sababchi bo’lgan fojea munosabati bilan butun Ozarbayjon xalqiga o’z ta’ziyamni izhor qilgani keldim. Ikkinchidan, ushbu mavzuga o’z munosabatimni bildirmoqchiman.  Ozarbayjonning Moskvadagi Doimiy vakili Zohrab Ibragimovdan mening so’zlarimni, chuqur qayguyimni, samimiy hamdardligimni ozarbayjon xalqiga yetkazishni so’rayman. Taassufki, bugun menda bundan boshqa imkoniyat yo’q.

Ozarbayjonda yuz bergan voqealarga kelsak, men ularni qonunga zid, nodemokratik, insoniylik va mamlakatimizda huquqiy davlat qurilishi tamoyillariga butunlay qarama-qarshi, deb hisoblayman. Ozarbayjonda vujudga kelgan vaziyatning ma’lum sabablari bor. Tafsilotlariga to’xtalib o’tirmayman, bu ko’p vaqtni olgan bo’lardi. Ikki yildan beri Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida Tog’li Qorabog’ va uning atrofidagi voqealar asosida yuzaga kelgan millatlararo ziddiyat davom etib kelmoqda. Ikki yil Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari, mamlakatning oliy darajadagi partiyaviy-siyosiy rahbariyati  ushbu masalani hal qilishlari, o’zaro urushga, millatlar aro nizoga  barham berishlari hamda har bir insonning, millatidan qat’inazar, umumiy federatsiyamiz –SSSR hududida erkin yashashlariga sharoit yaratishlari uchun yetarli muddat.

Ammo, o’tgan ikki yil mobaynida, ushbu yo’nalishda yetarli choralar ko’rilmadi, deb hisoblayman. Agar Tog’li Qorabog’da murakkab shart-sharoit vujudga kelishi bilanoq, eng avvalo oliy siyosiy-partiyaviy rahbariyat tomonidan, zarur choralar ko’rilganida edi, bugun biz ushbu ikki yil mobaynida har ikki tomon boshidan o’tkazayotgan keskinlik va yo’qotishlarning ortishi, shuningdek 1990 yilning 19 yanvaridan 20 yanvariga o’tar kechasi insonlar orasida qurbonlarga sababchi bo’lgan harbiy hatti-harakatning guvohi bo’lmasdik.

Birinchi navbatda, albatta, bularning hammasiga, Ozarbayjon Kommunistik partiyasining endilikda sobiq birinchi kotibi Vezirov aybdor. Ushbu yuqori lavozimda ekanida u Ozarbayjonda ahvolni barqarorlashtirish uchun hech narsa qilmadi. Aksincha, noto’g’ri hatti-harakatlari, hech nimaga arzimaydigan ish uslubi, siyosiy beqarorligi bilan o’zini xalqqa qarshi qo’ydi, hech bir obro’ qozona olmadi, o’zi va xalq orasida jarlik yaratdi. Xalq norozi bo’ldi. Bir necha oydan beri Bokuda, Ozarbayjonning boshqa tumanlari va shaharlarida bo’lib o’tayotgan mitinglarda Ozarbayjonning partiyaviy rahbariyati iste’fosi to’g’risisda talablar ilgari surilmoqda. Gap asosan Vezirovning iste’fosi to’g’risida edi. Nima uchun bu masala hozirgacha hal qilinmagani mavhum, kecha Bokuga qo’shin kiritilib, talafotlar berilgachgina, Vezirov, to’g’risini aytganda, Ozarbayjondan qochib ketdi. Bu – katta xato. Eng katta xato shundaki, ushbi maqsadga butkul noloyiq odam o’z vaqtida Ozarbayjon kommunistik partiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi etib tayinlangandi. Lekin gap faqat bunda emas.

Endi 19-yanvardan 20-yanvarga o’tar kechasi sodir bo’lgan va hozirgacha davom etayotgan fojeaga qaytmoqchiman. Ozarbayjonda vaziyatni siyosiy yo’l bilan barqarorlashtirish uchun yetarli imkoniyatlar bor edi. Ozarbayjon rahbariyati, shuningdek mamlakatning oliy siyosiy rahbariyati ushbu imkoniyatlardan foydalanmadilar. Chegaraga tajovuzning oldini olish mumkin edi. Axir odamlar chegara chizig’i bilan bog’liq talablarini 3 oy avval ilgari surgandilar. Ammo hech kim ular bilan uchrashishni, tushuntirish ishlarini olib borishni, zarur choralar ko’rishni hohlamadi.

Takror aytaman: odamlarni tinchlantirish imkoniyatlari bor hali. Agar Ozarbayjon partiya rahbariyatini mustahkamlash masalasi ikki-uch oy oldin hal qilinganda edi, ehtimol vaziyat hozirdagidek bo’lmas va qo’shin kiritishga ehtiyoj qolmasdi. Ammo, har qanday shart-sharoitda ham, masalani siyosiy yo’l bilan hal qilish, xalq bilan muloqat qilish imkoniyatlari bor edi, deb hisoblayman. Lekin ulardan foydalanilmadi va 19-dan 20-yanvarga o’tar kechasi Bokuga Sovet Armiyasining, SSSR Ichki Ishlar Vazirligi qo’shinlarining yirik tuzilmalari kiritildi. Natijani esa, hammamiz ko’rib turibmiz, yuz bergan fojealar hammamizga ma’lum. Bunday qarorni qabul qilgan insonlarning hatti-harakatlarini siyosiy qabohat, deb hisoblayman. Qo’pol siyosiy xatoga yo’l qo’yildi. Ular respublikadagi asl vaziyatni bilmaganar, Ozarbayjon xalqining ruhiyatini anglamaganlar, aholining muxolifatdagi tabaqalari bilan aloqalari zaif  bo’lgan. Ko’rinib turibdiki, ular amalga oshirilayotgan choralar fojeaviy oqibatlarga olib kelishini avvaldan ko’ra bilmaganlar.

Bularni oldindan ko’ra bilish va lozim choralar ko’rish, nima zarurroq va muhimroq ekanini hisoblab chiqish zarur edi. Aytmoqchi, harbiy xizmatchilar orasida ham halok bo’lganlar oz emasligi to’g’risida xabarlar bo’ldi. Savol: mamlakat oliy davlat va partiyaviy rahbariyatining aslida yo’q isyonni bostirish haqidagi noto’g’ri qaroriga ko’ra Ozarbayjonga yuborilgan rus yigitining gunohi nima?

Ozarbayjonga chetdan qo’shinlarning yirik tarkibi kiritildi. Aytmoqchi, Ozarbayjonda qancha qo’shin borligi menga yaxshi ma’lum. U yerda shundoq ham yetarli miqdorda qo’shinlar joylashtirilgandi: 4-armiya, Kaspiy harbiy-dengiz flotiliyasi, desant qo’shinlari diviziyasi, havo hujumiga qarshi qo’shinlar, Ichki ichlar vazirligining xavfsizlik qo’shinlari. U yerga yana qo’shin kiritishning nima keragi bor edi? Zaruriyat tug’ilsa o’sha yerda joylashgan qo’shinlardan foydalanish mumkin edi. Ozarbayjon rahbariyati, birinchi navbatda Ozarbayjondan qochib qolgan Vezirov qabul qilingan bunday qaror uchun xalq oldida javob berishlari kerak. Mamlakat oliy siyosiy rahbariyatiga noto’g’ri ma’lumot yetkazganlar ham bunga mas’uldirlar. Mamlakat oliy siyosiy rahbariyati vaziyat to’g’risida o’z vaqtida yetarli hamda ob’ektiv ma’lumotga ega bo’lmagan, deb o’ylayman. Rahbariyat noto’g’ri ma’lumotlar asosida, uzoq o’ylashga fursat bo’lmay, ushbu qarorni qabul qilgan.

Qirg’inga aloqasi bo’lganlarning hammasi munosib jazo olishlari kerak.