Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ozarbayjon Prezidenti sharafiga uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida so’zlagan nutqi – 1997 yil 18 iyun

Muhtaram O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov!

Hurmatli do’stlar, xonimlar va janoblar!

Sizlarga va sizlar orqali birodar o’zbek xalqiga ozarbayjon xalqining, Ozarbayjon Respublikasi barcha fuqarolarining qalb salomini hamda ezgu tilaklarini yetkazmoqdaman. Bugun O’zbekistonga rasmiy tashrifni amalga oshirayotganimdan, samimiylik, do’stlik, mehmondo’stlik va katta hurmat muhitida ekanimdan xursandman. O’zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilganingiz uchun Sizga, Islom Abdug’aniyevich, samimiy minnatdorchilik bildiraman va umid qilamanki, birgalikdagi ishlarimiz va bizlar imzolagan hujjatlar hamkorligimizni chuqurlashtiradi, xalqlarimiz, mamlakatlarimiz va davlatlarimiz orasidagi do’stlikni mustahkamlaydi.

O’tgan yili may oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi bo’lib o’tdi. Bu O’zbekiston va Ozarbayjon davlat mustaqilligini qo’lga kiritganlaridan so’ng O’zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga birinchi tashrifi edi. Tashrif Ozarbayjon hayotida, o’zbek-ozarbayjon munosabatlarida katta voqea bo’ldi. Tashrifning muhimligi shundan iborat bo’ldiki, biz Ozarbayjonning alohida rahbarlarining aybi bilan avvalgi yillarda yaratilgan murakkabliklar va qiyinchiliklarni yengib o’tdik, mustaqil davlatlarimiz o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatdik va Islom Abdug’aniyevichning tashrifi vaqtida ikki tomonlama munosabatlarga tegishli bo’lgan ko’p masalalarni muhokama qildik, o’ta muhim hujjatlarni imzoladik.

27 mayda, Ozarbayjonning poytaxti Bokuda O’zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari tomonidan imzolangan O’zbekiston va Ozarbayjon o’rtasidagi do’stlik va hamkorlik to’g’risidagi birinchi hujjat yangi, butkul boshqacha sharoitlardagi munosabatlarimiz uchun asos hamda jo’nalish nuqtasi bo’ldi. O’sha vaqtdan e’tiboran mamlakatlarimiz o’rtasida jadal aloqalar boshlandi. Bugun biz ma’lum yutuqlarga erishildi, deb ayta olamiz va ulardan eng muhimi, biz birgalikda Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropani juda ishonchli yo’l bilan bog’laydigan Transkavkaz yo’lagini barpo qildik. U hozirning o’zidayoq iqtisodiy munosabatlarimizda muhim rol o’ynamoqda va, tabiiyki, kommunikasiyalar yaratish hamda ulardan samarali foydalanish qanday bo’lishi kerakligini amalda namoyish qilmoqda.

O’tkazgan suhbatlarimiz va muzokaralarimiz natijasida bugun muhim hujjatlar imzoladik. Har ikkala prezident tomonidan imzolangan O’zbekiston va Ozarbayjon o’rtasidagi hamkorlikni, strategik ahamiyatga ega bo’lgan munosabatlarimizda sheriklik mazmun-mohiyatini belgilaydigan hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish to’g’risidagi bayonnoma ularning eng muhimidir. Umuman hisoblaganda, bu yerda va Bokuda, Ozarbayjonda imzolangan muhim, hukumatlararo, davlatlararo hujjatlarning soni endi qirqqa yetib qoldi. Ular kelajakdagi ishimiz uchun yaxshi huquqiy-me’yoriy asos va, tabiiyki, hamkorligimizni yanada muvaffaqiyatli rivojlantirishimiz uchun ham yaxshi zamindirlar. Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, biz o’z tomonimizdan kelishib olingan barcha tadbirlarni va imzolangan hujjatlarni o’z vaqtida amalga oshirish uchun barcha choralarni ko’ramiz.

Biz O’zbekiston va Ozarbayjon o’rtasidagi munosabatlarni Ozarbayjon uchun muhim omil, deb bilamiz. Xalqlarimiz boy, qadimiy tarixga egalar. O’zbek va ozarbayjon xalqlari insoniyat tarixida asrlar davomida jahon tamadduniga, sharq tamadduniga ulkan hissa qo’shdilar. O’rta asrlarda va undan avvalroq Sharqda inson tafakkuri fan olamida erishgan barcha natijalar butun sayoramizda inson tafakkurining taraqqiysida ulkan rol o’ynadilar va bunga O’zbekiston hamda Ozarbayjon xalqlari qo’shgan hissa buyukdir.

Biz har ikki xalqqa mansub, bizlar uchun bir xilda qadrli va aziz bo’lgan, Sharqning buyuk mutafakkirlari bilan faxrlanishimiz mumkin. Bu ildizlarimizning mushtarakligi, tilimiz, ahloqiy, ma’naviy, madaniy qadriyatlarimizning umumiyligi har doim xalqlarimizni bog’lab, do’stlik muhitini, o’zaro yordam muhitini yaratib kelganligining isbotidir. Biz o’zbek va ozarbayjon xalqlari uchun teng darajada qadrli bo’lgan “Dada Qo’rqut”, “Alpomish”, “Go’ro’g’li” haqida iftixor tuyg’usi bilan gapiramiz. Nizomiy Ganjaviy ham, Alisher Navoiy ham bizlar uchun qadrdondirlar va, buyuk ajdodlarimizning o’sha uzoq zamonlarda jahon madaniyatini, jahon adabiyotini boyitgan bebaho asarlar yaratganliklari hammamizda har doim buyuk g’urur hisini uyg’otadi.

Ha, Islom Abdug’aniyevich chindan ham haq – Fuzuliy bizlar uchun umumiy qadriyat, umumiy ne’matdir. Muhammad Fuzuliy tavalludining 500 yilligiga bag’ishlangan yubiley tantanalari o’tgan yili ham O’zbekistonda, ham Ozarbayjonda, ham barcha turkiiy zabon mamlakatlarda tasodifan o’tkazilgani yo’q. Bu yubiley YUNESCO homiyligida xalqaro ko’lamda o’tkazildi. Va Bokudagi yubiley tantanalarida parlament raisi janob Xalilov boshchiligidagi O’zbekistondan kelgan delegatsiyaning ishtirok etganidan juda mamnun bo’ldik.

Ajdodlarimizga, o’tmishimizga, tomirlarimizga nisbatan xuddi ana shunday chuqur ehtirom tuyg’usi ila biz o’tgan yili o’zbek xalqining mashhur farzandi, iqtidorli davlat arbobi Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag’ishlangan yubiley tantanalarida ishtirok etdik. Esimda, biz Samarqandga tashrif buyurdik, o’zbek xalqining qo’llari, dahosi bilan yaratilib, bugungi va kelajak avlodga qoldirilgan, me’morchilikning butun dunyoga mashhur, eng buyuk yodgorliklari – Registon, Go’r-Amir va boshqa majmular bilan tanishdik.

Talabalik yillarmizda qadimgi me’morchilik tarixini o’rganganimizni eslayman va O’zbekistondagi, Samarqanddagi me’moriy yodgorliklar majmoui, jumladan Registon va Go’r-Amir o’sha darslikda juda muhim o’rin eggalagandilar. Bizning tariximizda ularga o’xshagan ko’p bebaho asarlar xalqlarimizning dahosi bilan yaratilgan. Bu esa, o’zbek va ozarbayjon xalqlari orasida mavjud bo’lib kelgan do’stlikning, O’zbekiston va Ozarbayjonning davlat mustaqilligi sharoitida bizning yangi munosabatlarimizning asosidir. Biz o’tmishda bo’lib o’tgan hamma narsani qadrlaymiz, bu bizning boyligimiz, bizning ulkan yutug’imizdir. Ammo o’zbek va ozarbayjon xalqlari shu yillarda, XX asrning oxirida qo’lga kiritgan yutuq favqulodda ahamiyatga egadir – bu davlat mustaqilligi, milliy ozodlikdir; biz ularni turli imperiyalar va ittifoqlarning tarkibida, o’z davlatlarimizga ega bo’lmay, ozod bo’lmay, ko’p yillar, o’n yilliklar va yuz yilliklarni yashab bo’lib, qo’lga kiritdik. Davlat mustaqilligini qo’lga kiritish O’zbekiston va Ozarbayjonda murakkab, qiyin sharoitlarda kechdi. Ammo biz ularning barchasini yenga oldik, biz allaqachon o’z hayotimiz yo’liga, mustaqillik yo’liga chiqib oldik.

Bugun, Sovet Ittifoqi tarkibiga kiruvchi xalqlarning, jumladan, O’zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining milliy ozodligi va davlat mustaqilligi uchun sharoitlar allaqachon yetilib kelayotgan yillarda juda ham ko’p aksil harakatlar qilinganini eslash zaruriyati bor. Va 1988 yilda Armaniston tomonidan Ozarbayjonga nisbatan xuruj boshlanganligi – o’zgalar hududini bosib olishga intilayotgan ayrim shaxslar va Armanistondagi millatchilarning hatti-harakatlari natijasigina bo’lib qolmay,  allaqachon amalga osha boshlagan ijobiy jarayonlarga qarshi yo’naltirilgan katta siyosatning bir qismi ham edi. O‘zbekistonda ham shunga o’xshash sharoitlarga duch kelindi.

Bugun Islom Abdug’aniyevich Farg’ona, O’sh, O’zgan voqealarini eslab o’tdi. Fojiaviy voqealar, Allohga shukurki, siz ularni yenga oldingiz, ammo ular ham aynan boshlanib ketgan jarayonga to’siq qo’yish maqsadida amalga oshirilgandi. Ushbu davrdan avvalgi, bizlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo’la turib, 80-yillarning o’rtalarida kamsitilgan yillarimizni ham eslayman. Bular Ozarbayjon hamda boshqa ba’zi bir O’rta, Markaziy Osiyo respublikalaridir. Taxminan 1983-84 yillardan o’zbek xalqiga qarshi adolatsiz, tajovuzkor, mohiyatan ruhiy, mafkuraviy agressiya olib borilgani gaplarimning to’g’ri ekanidan guvohlik beradi.

Biz bu yerda mavjud bor narsani yo’qqa chiqarmoqchi, O’zbekistonda qonun boshboshdoqligi, korrupsiya, eng salbiy holatlar kuzatilmoqda, go’yoki Sovet Ittifoqining barcha qusurlari aynan shu yerda, O’zbekistonda namoyon bo’lgandek fikr shakllantirmoqchi bo’lganlarida, O’zbekiston, ana shu go’zal respublika, ajoyib mehnatkash xalq uchun qayg’urgandik.

Ozarbayjonga nisbatan ham xuddi ana shunday urinishlar bo’ldi. Bu yerdagichalik ko’lamda bo’lmasa ham, ana shunday choralar qo’llangandi. Bularning hammasi biz o’sha yillarda o’z ozodligimiz, o’z mustaqilligimiz sari qaysi sharoitlarda qadam tashlaganimizdan hamda tarixning qayg’uli saboqlaridan shohidlik beradi. Yaratganga shukurlar bo’lsinki, bularning hammasi ortda qoldi. Yaratganga shukurlar bo’lsinki, O’zbekiston va Ozarbayjon mustaqil davlatlarga aylandilar va Yaratganga shukurki, bizlar teng huquqlilik asosida uchrashib turish imkoniyatiga egamiz,  taqdirimizning egasimiz, muammolarimizni o’zimiz yechamiz, barcha davlatlar bilan munosabatlarimizni o’zimiz o’rnatamiz.

Shuning uchun, O’zbekiston va Ozarbayjon orasidagi hozirgi munosabatlar, xalqlarimiz o’rtasida o’tmishda mavjud bo’lgan barcha beqiyos aloqalardan shunisi bilan tubdan farq qiladiki, endi biz - ozod xalqlarmiz, endi biz – mustaqil mamlakatlarmiz, endi biz – taqdirlarimizning sohiblarimiz. O’tgan yillar mobaynida O’zbekiston katta taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. Islom Abdug’aniyevich demokratik o’zgarishlar, iqtisodiy islohatlarning o’ziga xos yo’li to’g’risida gapirdi. Men O’zbekistonda mustaqillik yillarida erishilgan barcha natijalarga o’zimning chuqur ehtiromimni bildirmoqchiman. Biz buni bilamiz, biz buni ko’rib turibmiz, biz buni his qilmoqdamiz. O’tgan safar – oktyabr oyida kelganimda ham, hozir ham ko’p narsani ko’rishga, bilishga muvaffaq bo’ldim. Va faqat bugina emas, biz axir bir-birimiz to’g’rimizda statistik va boshqa ma’lumotlarga egamiz. Albatta, turli xil ommaviy axborot vositalarida respublikalarimiz – O’zbekiston va Ozarbayjon to’g’risida yolg’on ma’lumotlar bo’lib turadi. Lekin ular, baribir, amalga oshirilgan va oshirilayotgan o’zgarishlarni, jumladan O’zbekistonda, inkor eta olmaydilar.

O’tgan yillar davomida O’zbekiston o’z mustaqilligini mustahkamladi. O’zbekistonda katta ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada ijobiy natijalarga erishildi. Osiyodagi eng buyuk davlatlardan biri – O’zbekiston jahon hamjamiyatida o’z o’rnini egalladi. Hozirgi kunda O’zbekiston ko’plab mamlakatlarning, ko’plab sarmoyadorlarning e’tiborini tortmoqda. O’zbekistonning behisob boyliklari, tabiiy zahiralari, ulkan iqtisodiy salohiyati, behisob mehnat resurslari, tabiiyki, ko’plab yirik sarmoyadorlarning qiziqishini orttirmoqda. O’zbekistonda mamlakatning o’z imkoniyatlaridan kelib chiqib qo’lga kiritilayotgan ushbu va boshqa ko’p natijalar bugungi yutuqlarga zamin yaratmoqda hamda kelajakdagi, yanada katta muvaffaqiyatlar uchun sharoitlar yaratmoqda. Biz qardoshlarcha xursandmiz, ochiqroq aytsam, faxrlanamiz. Yashirmayman, O’zbekistonni juda sevaman. O’zbekiston bilan ko’pdan beri, hamkorlikdagi ish orqali ham, hayotimning eng navqiron yillari orqali ham bog’langanman, shuning uchun bu yerda sodir bo’layotgan barcha yaxshi, ijobiy o’zgarishlar meni quvontiradi hamda ehtirom hisini uyg’otadi. Bularning hammasida O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ulkan xizmati bor.

Qiyinchiliklar O’zbekistonda ham, Ozarbayhonda ham bo’ldi. Lekin, aytib o’tishim kerakki, O’zbekistondan farqli ravishda, Ozarbayjon ko’proq qiyinchiliklarga duch keldi. Bir tomondan – Armaniston harbiy xuruji, natijada hududimizning 20 foizi arman qurolli tuzulmalari tomonidan ishg’ol qilindi, bir million aholi bosib olingan yerlardan badarg’a qilindi hamda chodirlarda, qochoqlar maqomida, turli xil qiyinchiliklar ko’rib, istiqomat qilmoqda. Bizga, respublikamizga katta moddiy va ma’naviy zarar yetkazdilar. Ko’plab kishilar halok bo’ldilar, biz ko’p talafotlar ko’rdik.

Ana shular bilan bir qatorda, taassuflar bo’lsinki, Ozarbayjondagi ichki siyosiy vaziyat, alohida siyosiy guruhlarga, siyosiy kuchlarga, partiyalarga qarashli bo’lgan turli qurolli galalarning mavjud bo’lganligi sababli, beqaror edi, hokimiyat uchun kurash borayotgandi. Bularning hammasi shunga olib keldiki, o’tgan vaqt ichida hokimiyat uch marta almashdi – 1992 yilda, 1993 yilda Ozarbayjonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Ozarbayjon halokat yoqasiga borib qoldi. Ammo biz bularning hammasini yengib o’tdik. Hozir Ozarbayjonda xotirjam, normal ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi. Biz ushbu barcha qiyinchiliklarni yenga oldik.

Bularni men shuning uchun aytyapmanki, Ozarbayjonda biz bu yo’lni o’ta mashaqqat bilan, qiynalib bosib o’tdik. O’zbekistonning esa, o’z qiyinchiliklari bor edi va fikrimcha, o’zbek xalqining baxti shundaki, O’zbekiston davlat mustaqilligiga erishishidan oldingi davrda ham, va O’zbekiston o’z davlat mustaqilligini e’lon qilgan davrda ham Islom Abdug’aniyevich Karimovdek katta siyosiy tajribaga, chuqur bilimlarga, eng muhimi – katta iroda hamda bukulmas fe’l-atvor egasi bo’lgan inson o’zbek xalqiga, O’zbekistonga rahbarlik qildi, O’zbekistonda boshboshdoqliklarga yo’l qo’ymadi, ichki-siyosiy hayotni me’yoriy o’zanidan chiqib ketishiga yo’l qo’ymadi. Bu juda muhim. Siz buning qadriga yetishingiz kerak. Chunki, O’zbekistonda, u o’z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan boshlab o’tgan butun davr ichida, barqaror vaziyat, ichki-siyosiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik shakllandi, shart-sharoit ham, O’zbekiston Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgandagiga nisbatan, biz u yillarni yaxshi eslaymiz, ancha yaxshi bo’ldi, - sizning baxtingiz ana shunda, sizning yutug’ingiz ana shunda va bularning hammasining asosida Islom Abdug’aniyevichning xizmatlari yotibdi, aynan u, eng avvalo o’zbek xalqiga sodiqligi bilan, favqulodda qobiliyatlari, mohirligi bilan o’zbek xalqini ana shu mushkul o’tish davrida jipslashtira oldi, O’zbekiston bugun qaysi qiyofada butun jahon nazarida namoyon bo’layotgan bo’lsa, uni shu darajaga olib kelish uchun zarur bo’lgan islohatlarni bosqichma-bosqich, uzviylik bilan, mohirona amalga oshira oldi.

Men bundan quvonmoqdaman. Men Islom Abdug’aniyevichni ko’pdan beri taniyman, uni avval ham bilganman, O’zbekistonga rahbar bo’lgan davrdan boshlab uning faoliyatini kuzatib kelaman. Uning mardligini alohida qayd qilib aytmoqchimanki, so’nggi yillarda o’zidan oldin respublikaga rahbarlik qilgan barcha o’sha insonlardan farqli ravishda, u o’z xalqining nomusi hamda qadrini himoya qila oldi. U O’zbekistonning, o’zbek xalqining sha’nini bulg’ash uchun Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan ko’rilgan choralarni ham, go’yoki bu yerga ishlash uchun yuborilgan emissarlarni ham, - O’zbekistonda katta ish olib bora oladigan kadrlar yo’q degan fikrni shakllantirmoqchi bo’lgandilar, - bularning barchasiga u o’z mardonavor fe’l-atvori, qat’iyati, donoligi bilan barham berdi, bularning barchasini yenga oldi. Bu juda muhim, negaki men, ehtimol hammadan ko’proq, o’sha yillari Moskvada ishlay turib, 1983 yildan boshlab O’zbekistonga qarshi qanday fitnalar tashkil qilingani, o’zbek xalqi, O’zbekistonga qarshi qanchalar adolatsiz qadamlar qo’yilganini bilaman. Bularning hammasiga aynan Islom Abdug’aniyevich Karimov barham berdi. Buni men uning o’zbek xalqi oldidagi tarixiy xizmati, deb hisoblayman.

Hozirgi kunda bizning munosabatlarimiz hurmat, birodarlik, qo’llab-quvvatlashdek ijobiy tuyg’ular bilan yo’g’rilgan. Va biz buni bugun hammamiz his qildik. Biz shuningdek, O’zbekiston, uning Prezidenti, davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmasliklari kerak, hech narsa kuch ishlatib hal qilinmasligi kerak, har bir mamlakatning hududiy yaxlitligi ta’minlanishi va himoya qilinishi zarur, ayirmachilikka, fundamentalizmga, terrorizmga o’rin yo’q mavqe’larida sobit qadam ekanliklarini his qildik. Ushbu barcha mavzularda biz yakdilmiz.

Bizning mamlakat harbiy agressiyaga duchor bo’lganini, uning hududiy yaxlitligi buzulganligi, bizning to’g’rimizda jahon miqyosida adolatsiz ijtimoiy fikr shakllantirilganligini hisobga oladigan bo’lsak, biz uchun bunday bayonotlar juda qadrli va juda muhimdir. Biz ishonamizki, Armaniston bilan erishilgan va mana uch yildan beri amalda bo’lib kelayotgan yarashuv, bizni tinchlik sari yetaklab boradi. Biz harbiy xatti-harakatlarning yangidan boshlanishini istamaymiz, biz butun dunyoda tinchlik bo’lishini xohlaymiz, biz mintaqamizda tinchlik bo’lishini xohlaymiz, biz Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida tinchlik bo’lishini xohlaymiz. Ammo biz tuprog’imizning bir qarichini ham hech kimga berib qo’yolmaymiz. Biz Kavkazda, Ozarbayjon hududida ikkinchi arman davlatining vujudga kelishiga yo’l qo’yolmaymiz.

Va men, bizning ushbu adolatli mavqe’imiz xalqaro tashkilotlar, ko’plab mamlakatlar tomonidan tobora ko’proq qo’llab-quvvatlanayotganidan xursandman, men uni O’zbekiston qo’llab-quvvatlayotganidan, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mavqe’i qo’llab-quvvatlayotganidan xursandman. Bugungi uchrashuvimiz, suhbatlar, muzokaralarimiz munosabatlarimizning bundan keyingi rivoji uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadilar, deb hisoblayman. Va, takror aytamanki, hamkorligimiz barcha – iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat, xalqlarimiz orasidagi aloqalar sohalarida rivojlanishlari uchun biz barcha choralarni ko’ramiz. Biz buni istaymiz, biz bundan manfaatdormiz.  Biz o’z tomonimizdan, bularni ro’yobga chiqarish uchun, barcha tadbirlarni amalga oshiramiz.

Yana bir marta, mamlakatingizga, xalqingizga o’zimning eng chuqur hurmatimni bildirmoqchiman. Biz bugun Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatriga tashrif buyurdik, “Ikki dil dostoni” baletini ko’rdik. Ajoyib ozarbayjon bastakori Orif Melikovning musiqaviy asari asosida O’zbekiston Opera va balet teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan beqiyos balet. Islom Abdug’aniyevich Maqsud Shayxzodani esladi. Haqiqatan ham, O’zbekistonni o’ziga Vatan qilgan ushbu ozarbayjonlik buyuk inson bo’lgan va o’zidan keyin ulkan meros qoldirgan. Fan va madaniyat arboblarimiz orasidagi do’stlik, hozirgi tariximizga oid boshqa ko’plab misollar bor, bugun biz ko’rgan balet ham buning yorqin tasdig’idir.

Bularning hammasi shundan darak beradiki, munosabatlarimiz barhayotlar, davom etmoqdalar va kelajakda ham davom etadilar. Yana bir marta ushbu qadimiy tuproqqa, o’zbek xalqiga, sizlarning hammangizga, aziz do’stlar, o’zimning chuqur ehtiromimni bildiraman.

So’zimni buyuk ozarbayjon shoiri Sulaymon Rustamning o’zbek birodariga bag’ishlangan she’ridan olingan parcha bilan yakunlamoqchiman: “Tuprog’imning har bir toshini, farzandini sevgan onadek sevaman. Dushmanlarga egilmagan boshimni, inidek, qarshingizda egaman”.

Ushbu satrlar, har birimizning qalbimizdan o’rin olgan, ozarbayjon xalqining o’zbek xalqiga bo’lgan eng chuqur tuyg’ularini ifodalaydilar.

O’zbekiston uchun, o’zbek xalqi, O’zbekistonning gullab-yashnashi uchun qadah ko’tarishni taklif qilaman! O’zbek xalqining ajoyib farzandi, O’zbekiston Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov uchun! Salomatligingiz uchun, aziz do’stlar! Sog’ bo’linglar.

“Bakinskiy rabochiy” gazetasining 1997 yil 24 iyun sonida chop etilgan ruscha matndan tarjima qilindi.