Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Ozarbayjon davlat mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali qabul marosimidagi nutqi. 2001 yil, 18 oktyabr


Muhtarama  xonimlar  va  janoblar,

Muhtaram elchilar,

Hurmatli mehmonlar,

Sizlarni Ozarbayjon davlat mustaqilligining o’n yilligi bilan qalbdan tabriklayman, har biringizga, Ozarbayjonning har bir fuqarosiga salomatlik, uzoq umr, baxt va kelajakdagi umumy ishlarimizda yutuqlar tilayman.

Har bir xalq, har bir millat uchun mustaqillik, hurlikdan ko’ra totliroq va qadrliroq hech narsa yo’q. XX asrda dunyoning ko’plab xalqlari o’z ozodliklarini, mustaqilliklarini qo’lga kiritdilar. Birinchi va ikkinchi jahon urushlari dunyo xaritasini butkul o’zgartirdilar. Koloniya sharoitlarida yashagan o’nlab xalqlar ozodlikka chiqdilar.

Ikkinchi jahon urushidan so’ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’sis etilgan vaqtda uning 50 ga yaqin a’zolari bor edi. Hozir Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar soni 200 ga yetdi. Qaranglar, qancha xalqlar, millatlar ushbu tarixan qisqa davr mobaynida milliy ozodlikka erishdilar, mustaqil davlatlarni tuzdilar va endilikda xalqaro tashkilotlarga hammuassislar, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zolar.

XX asrning nihoyasida, ehtimol boshqalardan kechroq, biz, nihoyat, davlat mustaqilligimizni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldik. Tarix sahifalarining guvohlik berishicha, ozarbayjon xalqi 1918 yildayoq o’z mustaqilligini e’lon qilib, o’z davlatini tuzgan va mustaqil yashay boshlagandi. Taassufki, keyinroq mustaqillik boy berilgandi. 1991 yilda, Sovet Ittifoqining tarqab ketishi natijasida, Sovet Ittifoqi tarkibiga kiruvchi 15 ittifoqchi respublikalarning hammasi o’z mustaqilliklarini e’lon qildilar hamda mustaqil davlatlar sifatida jahon hamjamiyatiga qo’shildilar.

1991 yilning 18 oktyabrida mamlakatimizning mustaqilligi to’g’risida Konstitutsiyaviy hujjatni qabul qilib, biz Ozarbayjon – mustaqil mamlakat ekani to’g’risida butun dunyoga bayonot berdik. Mana o’n yildirki, biz mustaqilmiz. Ushbu yillar mobaynida biz qiyin va juda sharafli yo’lni bosib o’tdik. Birlashgan Millatlar Tashkilotining to’la huquqli a’zosimiz. Dunyoning barcha xalqaro tashkiltotlariga a’zomiz. Qolaversa, joriy yilning avvalida biz jahondagi xalqaro tashkilotlarning eng nufuzlilaridan biri – Yevropa Kengashiga a’zo bo’ldik. Biz bu bilan faxrlanamiz, butun xalqimiz bu bilan faxrlanishga haqli. Lekin aynan xalqimizning ozod ekani, o’z taqdiriga egalik qilayotgani, ozarbayjon xalqining imzosi jahon xalqlari imzolari qatoridan joy olgani xalqimizga g’urur hisini bermoqda.   Mustaqil davlat sifatida o’n yillik yo’lni bosib qo’ygan Ozarbayjon ushbu imtihondan o’ta oldi.

Biz ushbu o’n yilni tantana bilan nishonlamoqdamiz. Mana allaqachon bir necha kundirki, ehtimol bir necha oydirki, shaharlar, tumanlar, qishloqlarda, tashkilotlarda, universitetlarda, turli tashkilotlarda, ozarbayjon xalqi katta quvonch hisi bilan Ozarbayjon davlat mustaqilligining 10 yilligini nishonlamoqda. Shunday qilib, bu sana har bir ozarbayjon fuqarosining, butun ozarbayjon xalqining quvonchiga aylandi. Bu – bir kishining, bir oilaninggina quvonchi bo’lmay, butun ozarbayjon xalqining, barcha ozarbayjon fuqarolarining quvonchi hamda eng sevimli bayramidir.

Mening ishonchim butkul komilki, modomiki o’n yil ichida katta, murakkab yo’lni bosib o’tib, mustaqilligimizni himoya qilishni, saqlashni, uni mustahkamlashni, Ozarbayjonda mustaqil, demokratik, huquqiy davlat qurushni, ushbu davlatning barcha tuzulmalarini yaratishni uddasidan chiqqan  ekanmiz, demak Ozarbayjonning istiqloli uchun juda mustahkam, metin poydevor qoya oldik. Biz zimmamizdagi vazifaning dastlabki, eng qiyin qismini ado etdik. 

Lekin, hali xalqimizning oldida qarzdormiz. Zero, bu qarz shundan iboratki, Ozarbayjon mustaqil davlat sifatida yanada taraqqiy etishi, yanada kuchliroq bo’lishi, Ozarbayjonning mustaqilligi uning har bir fuqarosiga baxt-saodat keltirishi lozim. Oldimizda nihoyatda ulkan vazifalar turibdi. Biroq, shunisi quvonarliki, fuqarolarimizning ko’pchiligi ushbu vazifalarni anglaydi, ularni o’ziniki, deb qabul qiladi va bajarishga intiladi. Biz, davlat tashkilotlari, Ozarbayjonning hokimiyat bo’g’inlari, o’z o’rnimizda, har bir fuqarodan ko’proq ushbu mas’uliyatni anglaymiz. Ishonchingiz komil bo’lsinki, biz bundan buyon ham, xalqimizning kelajakdagi baxti, mustaqilliginig abadiy bo’lishi uchun, o’zimizga yuklangan vazifalarni mas’uliyat bilan halol ado etishda davom etamiz. 

O’tgan o’n yil mobaynida biz birinchi marta ushbu tantana munosabati bilan mana bunday kechki majlisga to’plandik. Bunday ishtiyoq avvalgi yillarda ham bo’lgan, lekin, ko’p narsalarni e’tiborga olib, hali barvaqt, degan fikrda bo’lib kelganman. Pirovardida o’n yil ortimizda qoldi. 

Sizlarni tabriklar ekanman, ayni paytda Ozarbayjon mustaqilligi, hududiy yaxlitligi uchun jon fido qilgan shahidlarimizni chuqur minnaddorchilik hisi bilan esga olaman. Shahidlarning oilalarini tabriklayman. Ular ham bugun farzandlari, akalari, opalari, oilalar boshliqlari Vatan, millat, o’z yerlari uchun chahid bo’lganliklaridan faxrlanishlari kerak. Ular Ozarbayjon mustaqilligi uchun shahid bo’ldilar, ularning xotiralari asrlar davomida yashab qoladi, qalblarimizga abadiy saqlanadi. 

Ozarbayjon yerlarini himoya qila turib qahramonlik namunasini ko’rsatganlar, jarohatlar olib majruh bo’lganlarning barchalarini tabriklayman. Biz ularning hayoti to’laqonli bo’lishi, jarohatlari bitishi uchun intilmoqdamiz. Ammo o’ylaymanki, ularning jarohatlari – butun xalqimizning jarohatlaridir. Ishonchim komilki, xalqimiz jarohatlari, shuningdek Vatanimizni himoya qila turib olingan jarohatlar bitib ketadi va xalqimiz ushbu kulfatlardan xalos bo’ladi. 

Men mamlakatimizning hurmatli insonlarini, fan, madaniyat, san’at arboblarini, davlat xizmatida vijdonan, halol mehnat qilib, davlatchiligimizni mustahkamlayotganlarni muborakbod etaman. Ayni damlarda handaqlarda Ozarbayjon hududlarini qo’riqlayotgan o’g’lonlarimizni, Ozarbayjon armiyasini, ozarbayjon askarlarini tabriklayman. Ularning xizmatlari hamisha qadrlanajak. Ishonamanki, har bir ozarbayjonlik yosh o’g’lon vatanni himoya qilishni o’zi uchun katta sharaf, deb biladi. Men barchalaringizni qutlayman, ozarbayjon xalqini qutlayman. 

Bayramingiz muborak bo’lsin! 

Sizlarga salomatlik tilayman! 

Yo’llaringiz yorqin bo’lsin! Salomat bo’linglar, sog’lig’ingiz uchun! 

Kecha biz katta marosim o’tkazdik, ezgu tilaklar bildirdik. Bu yerda hammangiz o’z uyingizdagidek his qilishingizni hohlayman.