Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Amerika neft kompaniyalari tomonidan Nyu-Yorkda tashkil qilingan qabul marosimida so`zlagan nutqi - 29 sentyabr 1994 yil


Hurmatli xonimlar va janoblar,

20 sentyabrda, Ozarbayjonda, uning poytaxti Bokuda tarixiy voqea sodir bo`ldi.  Ozarbayjon Respublikasi va jahonning yirik neft kompaniyalari o`rtasida, hammaga ma`lum, o`ttiz yillik muddatga katta neft shartnomasi imzolandi.

Sizlarga ma`lumki, Ozarbayjon - neft mamlakati va qadim zamonlardan bo`shlab uni «Olovlar o`lkasi», deb ataganlar. Ozarbayjon dunyoda sanoat uchun neft qazib chiqarilgan birinchi mamlakat bo`lgan - 1847 yilda Bokuda birinchi marta neft favvora bo`lib, otilib chiqqan. Bir necha yil o`tgach esa, Amerikada, Pensilvaniyada  neft favvorasi otila boshlagan. To`gri, Ozarbayjondagi ilk neft favvorasi dunyoda u qadar ma`shhur bo`lmagan. Shuning uchun ko`plar birinchi neft favvorasini Pensilvaniyada  bo`lgan, deb oylaydilar. Lekin, keyinchalik, uchbu ma`lumot o`rganib chiqildi va 20 sentyabrda, Bokuda neft shartnomasini imzolash marosimi chog`ida, men tarixiy hujjatlar asosida bu haqda butun dunoga e`lon qildim. Men, Bokudagi neft favvorasi Pensilvaniyadagidan bir necha yil avval otilib chiqqan, deb aytgan edim.

Asr boshida, 1900 yilda, dunyoda qazib chiqarilayotgan neftning yarmi Ozarbayjon hissasiga to`g`ri kelgan. Hozir XX asr poyoniga yetib bormoqda va o`tgan davr ichida ozarbayjon nefti butun dunyga mashhur bo`lgan, kurraning barcha burchaklarida ozarbayjon neftidan foydalanganlar. Lekin, taassufki, Ozarbayjon atamasi, respublikamizda amalga oshirilgan ishlar jahon miqyosida, jumladan AQShda u qadar ma`lum bo`lmaganlar. Hozir, XX asr oxirida, XXI asr ostonasida ozarbayjon nefti yana dunyoga mashhur bo`la boshladi. Uch yildan ortiq davom etgan  muzokaralar yakuniga yetib, tarixiy shartnoma imzolandi. Bu Ozarbayjon uchun ham, mamlakatimiz bilan hamkorlikda ish olib borish to`g`risida shartnoma imzolagan neft kompaniyalari uchun ham katta tarixiy hodisadir.

Mazkur shartnomaning imzolanishi Ozarbayjonning mustaqilligi bilan bog`liq. Mana 150 yildirki, Ozarbayjonda neft sanoat usuli bilan qazib olinadi. Lekin xalqimiz ushbu boylikka egalik qilmagandi.  Ozarbayjon xalqi, bizning respublikamiz birinchi marta jahonning neft kompaniyalari bilan tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan shartnomani imzoladi. O`tgan uch yil mobaynida, shartnomani ishlab chiqish munosabati bilan, Ozarbayjon va AQSh o`rtasida yaqin munosabatlar o`rnatildi. Hozir Amerikada Ozarbayjonning do`stlari ko`paydi. Albatta biz ularning yanada ko`proq bo`lishlarini xohlagan bo`lardik. Lekin avvalgi vaqtdagiga nisbatan, hozir, do`stlarimizning soni yetarli darajada ko`paydi.

Amerika Kongressi a`zosi, janob Greg Laflin tomonidan Ozarbayjon sha`niga aytilgan ajoyib so`zlardan juda mamnun bo`ldim. Kecha Kolumbiya universitetining sobiq Sovet Ittifoqini o`rganuvchi Harriman institutida bo`lib, professorlar, ilmiy xodimlar bilan, jumladan Ozarbayjonni juda yaxshi ko`ruvchi, mamlakatimiz to`g`risida ko`p ilmiy ishlar yozgan  professor Tadeush Svyatixovski bilan uchrashdim. Svyatixovskidek shaxs borligidan va u Ozarbayjon to`g`risida haqiqatni yozayotganidan juda quvondim. Ayni paytda nima sababdan Amerikada Svyatixovskidek odamlar kamligini va Ozarbayjon uchun birgina Svyatixovski mavjudligini afsus bilan qayd qildim. U yerda menga, bundan buyon Svyatixovskilar ko`payadi, deyishdi. Hozirgina janob Laflin so`zlar ekan, nima uchun Ozarbayjonning Amerikada birgina Laflini bor, degan xayolga bordim. Ozarbayjonning Amerikada yuzlab Laflinlari bo`lishini xohlagan bo`lardim.

Ehtimol janob Laflin yolg`iz bo`lishni, va Ozarbayjonda faqat uni yaxshi ko`rishlarini xohlar. Lekin, o`ylaymanki, janob Laflin bag`ri keng inson, u hech qachon rashk qilmaydi va o`zi kabi Ozarbayjonni sevadigan Kongress a`zolari safi kengayishiga tarafdor. Bu oqshom sizlar bilan ekanman, 20 sentyabrda “Guliston” saroyida o`tkazilgan qabul marosimi yodimga tushmoqda. «Guliston» saroyining mehmonxonasi mazkur mehmonxonadan 4-5 marta katta. O`sha ziyofatda ishtirok etganlarning yarmisi Amerikadan kelgan mehmonlardan iborat edi. O`sha oqshom ham, hozir kabi, Ozarbayjonning Amerikadagi do`stlari soni allaqachon ko`paydi, degan xayolda edim. Oylaymanki, Laflin yolg`iz emas, do`stlarmizning soni ko`paydi. O`ylaymanki, biz hali yo`lning boshidamiz. Biz har kuni, har oyda hamkorlik doirasini kengaytiraveramiz, bizning do`stona aloqalarimiz yanada mustahkamlanishda davom etadilar. Bokuda imzolangan shartnoma iqtisodiy, gumanitar va siyosiy ahamiyatga ega. 14 sentyabrda shartnomani imzolash to`g`risidagi farmonga imzo chekar ekanman, Ozarbayjon mustaqilligini butun dunyoga namoyish qilish yo`lida muhim qadam qo`ymoqdaman, deb o`ylaganman. Bu - haqiqat. Negaki, shartnomani imzolashga qarshi bo`lgan juda ko`p kuchlar bor edi.  Bizga hatto tahdid qilish holatlari ham bo`lgandi. Ammo hozir Ozarbayjon mustaqilligi shu qadar kuchliki, biz tahdidlar, to`siqlardan qo`rqmadik va shartnomani imzoladik.

Shubha yo`qki, Ozarbayjon uchun bu juda dadil qadam bo`ldi. Ammo, ishonchim komilki, bu qadam  Ozarbayjon kelajagiga katta umid bog`lashga ham imkon beradi. G`arb mamlakatlari hamda AQSh neft kompaniyalari ham shunday fikrdalar. Mazkur shartnoma Ozarbayjon va Amerika, Ozarbayjon va boshqa g`arb mamlakatlari orasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun katta asos yaratadi.

Tasavvur qilinga, shartnoma 20 sentyabrda imzolandi, 25 sentyabrda esa, Ozarbayjon Prezidenti birinchi marta AQShga keldi va 26 sentyabrda Ozarbayjon Prezidenti AQSh Prezidenti bilan uchrashib, u bilan juda muhim muzokaralar o`tkazdi. Bugun biz bu yerga to`planib, «Guliston» saroyida bo`lgani kabi, ushbu tarixiy voqeani nishonlamoqdamiz. Bir haftada qancha voqealar sodir bo`lganiga ahamiyat bering. Bularning hammasi Ozarbayjon uchun tarixiy voqealardir. Bularning hammasi ozarbayjon xalqining qalb qaridan otilib chiqayotgan hissiyotlardir. Bularning hammasi ozarbayjon xalqining, Ozarbayjon Respublikasining G`arbga, AQShga hurmat va ehtiromi belgilaridir. Bularning hammasi xalqlarimiz orasida barpo etilgan birinchi do`stlik ko`prigidir. Bu yo`lda bizga hech qanday kuch xalaqit  berolmaydi, deb hisoblayman. Biz juda dadil qadam qo`ydik va oxirigacha borishga tayormiz. Ozarbayjonning Prezidenti sifatida men ushbu sohada zimmamga tushgan barcha vazifalarni oxirigacha ado etaman, barcha say-harakatlarimni ozarbayjon hamda amerika xalqlari  o`rtasidagi  do`stlik aloqalarini kengaytirishga  qarataman. Amerika fuqarolari, sizlar, bizning bu yerlik do`stlarimiz Ozarbayjon bilan yaqindan tanishib, xalqimizning qanchalar samimiy ekanini bilib olasiz, deb ishonaman.

Barchangizni ushbu tarixiy voqea bilan tabriklayman. Ayni kunlarda AQShda, Nyu-Yorkda ekanimdan juda xursandman. AQSh Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashuvlarimni o`ta muhim, deb hisoblayman. Bularning hammasi AQSh va Ozarbayjon o`rtasida  do`stlik aloqalari uchun yaxshi poydevor ekaniga ishonchim komil. Janob Laflin Ozarbayjonda ikki marta bo`lganini aytdi. Uni uchinchi marta mamlakatimizga kelishga taklif qildim. Barchalaringizni Ozarbayjonga taklif qilaman. Sizlardan ayrimlaringiz mening taklifimsiz ham borasizlar, negaki mamlakatimizda qiladigan ishlaringiz bor. Lekin shuni bilingki, biz har biringizni Ozarbayjonda aziz mehmon sifatida kutub olishga tayormiz.

Bizning bugungi uchrashuvimiz - tarixiy hodisa. Barchalaringizga salomatlik va baxt tilayman. AQShdek buyuk mamlakatning qudrati ziyoda bo`lishini tilayman. Butun amerika xalqiga ezgu tilaklarimni izhor qilaman.