Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning AQSH CNN telekompaniyasi muxbiriga bergan intervyusi – 29 sentyabr 1994 yil


Savol: Janob Prezident, AQSH Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashuvdan nimalarni kutyapsiz? Rossiyaning mavqe’ini yumshatmoqchimisiz? 

Javob: Amerika Prezidenti janob Bill Klinton bilan uchrashuvdan ko’p narsa kutyapman. Birinchi navbatda Ozarbayjon va Amerika Qo’shma Shtatlari orasida davlatlararo munosabatlarni kengaytirish, jumladan, yaqinda Bokuda Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi va G’arb neft kompaniyalari konsortsiumi orasida imzolangan bitimni amalga oshirishda mazkur mamlakat tomonidan ko’mak ko’rsatilishi to’g’risidagi masalani muhokama qilmoqchiman. Ayni paytda, men xalqaro tashkilotlarning Ozarbayjonni mushkul holatdan chiqarish, uni Armaniston xurujidan xalos qilishga qaratilgan ishlarini faollashtirilishini, shuningdek Amerika Qo’shma Shtatlarining mazkur masaladagi ishtiroklari yanada samarali bo’lishini kutmoqdaman. 

Savol: Prezidentlar Bill Klinton va Boris Yeltsin kecha uchrashuv o’tkazib, Tog’li-Qorabog’ masalasida ma’lum kelishuvga erishganlari to’g’risida bayonot berdilar. Tog’li Qorabog’ni Armanistonga berilishiga va shu yo’l bilan tinchlikka erishilishiga rozi bo’lasizmi? 

Javob: Yo’q, men hech qachon Tog’li Qorabog’ni Armanistonga berilishiga rozi bo’la olmayman. Lekin, menga ma’lum bo’lishicha, kecha matbuot konferentsiyasida so’zga chiqib, janob Bill Klinton va janob Boris Yeltsin Tog’li-Qorabog’ masalasi, ya’ni Armaniston va Ozarbayjon orasidagi ziddiyat tinch yo’l bilan, xalqaro tashkilotlar doirasida hal qilinishi zarurligini, shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus qarori qabul qilinishi zarurligini aytganlar. Biz Armaniston va Ozarbayjon o’rtasidagi ziddiyatni faqat ana shu shartlarda, shuningdek Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi, suvereniteti, chegaralarining daxlsizligini ta’minlanishi sharti bilan hal etilishiga rozi bo’lishimiz mumkin. Eshitishimcha, janob Bill Klinton u yerda shu fikrlarni aytgan. 

Savol: So’zlaringizga qaraganda, siz Bill Klintonning ochiqroq shaklda, Tog’li Qorabog’ Armanistonga berilmaydi, deb aytishini kutyapsiz. Sizni to’g’ri tushundimmi? 

Javob: Menga: Tog’li Qorabog’ Armanistonga beriladimi, yo’qmi, deb savol berilishi meni ajablantiryapti. Olti yildan ko’proq davom etayotgan hamda ko’p kulfatlar keltirgan urushni Armaniston To’g’li Qorabog’ni egallab olish uchun olib boryapti. Shu vaqt mobaynida Ozarbayjon o’z yerlarini, hududiy yaxlitligini, suverenitetini himoya qilib keldi. Qanday qilib endi Tog’li Qorabog’ni Armanistonga berish to’g’risida gapirish mumkin? Masalaning bunday qo’yilishi meni ajablantiryapti. Zero shu olti yil mobaynida hech bir xalqararo tashkilot, hech bir davlat rahbari savolni bu tarzda qo’ymagan. 

 Savol: Lekin olti yil mobaynida 20 mingdan ortiq kishi halok bo’ldi. Armaniston har tomonlama sizdan ustun kelyapti, va mamlakatingizda kattagina miqdorda qochqinlar bor. Ayrim masalalarda yon bosishni istamaysizmi? 

Javob: Ha, olti yil ichida ozarbayjon tomoni 20 mingga yaqin kishini yo’qotdi, deyarli 100 ming kishi jarohat oldi, Ozarbayjon hududining 20 foizini arman bosqinchi kuchlari egallab oldilar. Bosib olingan yerlardagi milliondan ortiq ozarbayjonlar, ozarbayjon fuqarolari o’z uylarini tashlab, qochqinlarga aylandilar. Bularning hammasi Armanistonning Ozarbayjonga qarshi qurolli xurujining natijasidir. Va hech bir xalqaro tashkilot, hech bir adolatparvar davlat harbiy agressiyani ma’qullay va oqlay olmaydi. Ayrim ob’yektiv sabablarga ko’ra va alohida mamlakatlar hamda davralarning Armanistonga yordamlari natijasida, uning qurolli kuchlari ustunlikka erishdilar. Ammo, xalqaro huquq me’yorlariga ko’ra, hech bir davlat boshqa bir davlatning yerlarini kuch bilan bosib ololmaydi. Xuddi shu tarzda, hech bir davlatning boshqa bir davlat chegaralarini zo’ravonlik bilan buzishga haqqi yo’q. Men Armanistonning mazkur xalqaro huquq me’yorlariga amal qilishini istayman xalos.  Janob Bill Klinton bilan muzokaralar meni yana bir marta ishontirdilarki, Amerika Prezidenti ushbu tamoyillar asosidagi xatti-harakatlarning tarafdoridir, bizning ahvolimizni tushunadi, mazkur masalaning xalqaro tashkilotlar tomonidan adolatli hal etilishini hohlaydi, shu jumladan Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligini, suverenitetini, chegaralarining daxlsizligini ta’minlash tarafdoridir. 

Savol: Mavqe’ingizni tushunib turibman va sizga yana bir savol bermoqchiman: Kavkazda, jumladan Gruziyada, shuningdek Tojikistonda yirik ziddiyatlar mavjud. Sizningcha bu ziddiyatlarning sababi nimada, bu ziddiyatlarni Rossiya, mintaqada o’z mavqe’larini tiklab olish uchun, yaratmayaptimi? 

Javob: Bilasizmi, bizning ziddiyatimiz biz uchun shunchalar katta kulfatki, u bilan shunchalar bandmizki, siz aytayotgan ziddiyatlarning sabablarini tahlil qilishga, oddiygina qilib aytganda, vaqtim ham yo’q, ochig’i hozir bunga zaruriyat bor, deb ham o’ylamayman. Ammo, turgan gapki, har bir ziddiyatning o’z sabablari bor. Modomiki, hozirgacha ular yechimini topmagan ekan, demak tashqarida bundan manfaatdor qandaydir doiralar bor. 

Savol: Xususan siz, ana shu doiralarning biri Rossiya, deb ayta olasizmi? 

Javob: Men hozir qandaydir davlatni ayblamoqchi emasman, negaki buning uchun salmoqli asoslar zarur. 

Savol: Siz yirik neft bitimini imzoladingiz, unda g’arb kompaniyalari, shuningdek Rossiya shirkati ishtirok etyapti. Mazkur bitim, sizningcha, mintaqada barqarorlik o’rnatilishiga hissa qo’sha oladimi? 

Javob: Ha, 20 sentyabrda Bokuda imzolangan neft bitimiga men katta umidlar bog’lamoqdaman. Ushbu bitim Ozarbayjon Respublikasi va 10 ta G’arb kompaniyalari, shuningdek Rossiya kompaniyasi o’rtasida aloqalar o’rnatadi hamda ularning 30 yil mobaynida hamkorlik qilishlariga poydevor yaratadi. Ayni paytda, bu kompaniyalarning Amerika Qo’shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni kabi yirik mamlakatlarga qarashli ekanliklari, Ozarbayjonning shu davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi. Men bitimning samarali bo’lishidan umidvorman va u barcha ishtirokchi tomonlar uchun manfaatli bo’ladi, Ozarbayjon Respublikasining dunyo iqtisodiyotiga inetgratsiyalashuvi uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi, deb hisoblayman. 

BOSHLOVCHI: Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, janob Prezident, rahmat sizga. 

Javob: Televideniengiz orqali chiqishga berilgan imkoniyat uchun men ham sizga rahmat aytaman. 

BOSHLOVCHI: Janob Prezident, Nyu-York studiyasi sizga minnatdorchilik bildiradi. 

Javob: Men ham Nyu-York studiyasiga mamnun ekanimni izhor etaman, minnatdorchilik bildiraman.