Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Alirza o`gli Aliyevning lavozimga kirish nutqi - Boku, “Respublika” saroyi, 1993 yil 10 oktyabr


scotch egg
scotch egg
scotch egg
temp-thumb
temp-thumb
temp-thumb

Aziz vatandoshlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Mustaqil Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti etib saylanishimni yuqori baholayman hamda, shu munosabat bilan, ozarbayjon xalqiga, respublikaning barcha fuqarolariga hurmat, ehtirom va chuqur minnaddorchilik tuyg`ularimni izhor qilaman.

Ozarbayjon xalqi tarixining o`ta og`ir, fojeali davrini boshidan kechirmoqda. Ushbu murakkab zamonda menga yuklangan mas`uliyat darajasini chuqur his qilaman va ishontirib aytmoqchimanki, butun faoliyatim, butun hayotim bilan xalqning oliy ishonchini, umidlarini oqlashga harakat qilaman.

Bu qadar oliy va mas`uliyatli lavozimga kirishar ekanman, birinchi o`rinda, ozarbayjon xalqining aqli, donoligi, salohiyatiga tayanaman. Ushbu mas`uliyatni zimmamga olishga xalqimning menga bog`layotgan orzu-umidlari undadilar. Uning orzularini ro`yobga chiqarish uchun barcha tadbirlarni ko`raman, deb sizlarni ishontiraman.

XX asrning poyonida dunyoni tubdan o`zgartirib yuborgan siyosiy jarayonlar sodir bo`ldi. Ozarbayjon xalqi ushbu jarayonlardan chetda qolmadi va nihoyat, asriy orzusi - mustaqilligini qo`lga kiritdi. Ozarbayjon Respublikasining davlat mustaqilligiga ega bo`lishi sobiq SSSR hududida, butun dunyoda ro`y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning mantiqiy natijasi bo`ldi. Respublikamizning mustaqilligi - tarixiy voqea, ozarbayjon xalqining milliy yutug`i va uni qandaydir bir harakatning, kuchning favqulodda xizmatlari natijasi, deb aytish butunlay noto`g`ri bo`ladi. Mustaqil bo`lish ayni paytda respublika, uning fuqarolari oldiga katta va murakkab masalalarni qo`yadi. Davlat mustaqilligini mustahkamlash, davlat tuzulmalari va ramzlarini yaratish hamda takomillashtirish, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va to`liq suverenitetini ta`minlash, respublikani urush holatidan olib chiqish, fuqarolarining turmush darajalarini ko`tarish, hayotlari va ish faoliyatlari uchun zarur bo`lgan barcha sharoitlarni yaratish - mazkur masalalarni hal etish Prezident lavozimidagi faoliyatimning asosini tashkil etadi va men ularni bajarish uchun bor imkoniyatlarim bilan intilishda davom etaman.

Ozarbayjon qadimgi tarixga, boy madaniyatga ega hamda ulkan tabiiy zahiralarga boy. Davlat mustaqilligi mazkur imkoniyatdan Ozarbayjon taraqqiyotining kelajagi yo`lida samarali foydalanish uchun barcha sharoitlarni muhayyo qiladi. Bu bizning asosiy vazifamiz. Ozarbayjon Respublikasi mustaqillikni o`ta murakkab sharoitlarda qo`lga kiritdi. Biz uchun eng og`iri - Ozarbayjon besh yildan beri boshidan o`tkazib kelayotgan urush, arman qurolli kuchlarining hududlarimizga bostirib kirgani, ushbu xuruj natijasida ozarbayjon xalqi boshiga yog`ilgan kulfatlar. Binobarin, respublikani urush holatidan olib chiqish va fuqarolarning hayoti uchun xotirjam muhit yaratish oldimizda turgan asosiy vazifadir. Ozarbayjondagi bu qadar og`ir holat respublika hamda sobiq Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan Qorabog` ziddiyati boshlangandan buyon yo`l qo`yilgan jiddiy xatolarning natijasidir. Taassufki, o`tgan davr ichida, respublikani bu holatdan olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmadi. So`nggi davrda respublika boshidan kechirayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamda ma`naviy inqiroz yanada chuqurlashdi va, 1993 yilga kelib, aytish mumkinki, o`zining eng yuqori nuqtasiga yetdi. Joriy yilning iuyn oyida respublikada ichki barqarorlik to`la izdan chiqdi, alohida siyosiy kuchlarning ziddiyatga kirishishlari, ayrim jinoyatchi guruhlarning, ayirmachi kuchlarning respublikani bo`lib tashlashga qaratilgan hatti-harakatlari va yana qator boshqa sabablar keskinlikni yanada chuqurlashtirib yubordilar.

Ozarbayjon davlat rahbarlari tomonidan yo`l qo`yilgan qo`pol xatolar oqibatida iyun oyida respublika fuqarolar urushi ostonasiga kelib qoldi hamda ayrim mintaqalarning ajralib chiqishi real xavfi tug`uldi. Allohga shukurki, barcha bu holatlarning oldi olindi, qator jinoyatchi guruhlar yo`q qilindi va respublika ichkarisida ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta`minlash uchun shart-sharoit vujudga keldi. So`nggi to`rt oy Ozarbayjon uchun o`ta og`ir keldi. Ushbu davr ichida respublika, uning fuqarolari jiddiy sinovlardan o`tdilar va bu holat yana bir marta, xalq donishmandligi, milliy ahillik va hamjihatlik, fuqarolar birligi barcha murakkabliklarni yenga olishini, respublikani og`ir ahvoldan olib chiqish shart-sharoitlarni yaratishga qodir ekanini ko`rsatib berdi.

Ammo, respublika ichkarisida nisbiy barqarorlikka erishgan bo`lsak ham, biz hali ham katta xavf ostidamiz. Besh yildan ortiq davom etib kelayotgan arman qurolli kuchlarining xuruji natijasida respublika hududining taxminan 20 foizi arman bosqinchilari qo`lida turibdi. Sobiq Tog`li-Qorabog` viloyati to`liq bosib olindi, mana bir yarim yildirki, har bir ozarbayjon uchun aziz va muqaddas bo`lgan Shusha shahrini bosqinchilar ishg`ol qilganlar. Arman qurolli kuchlari tomonidan, shuningdek, Ozarbayjonning Lochi, Qyolbajar, Agdam, Fuzuli, Jabrail, Gubadli tumanlari bosib olingan, natijada yuzlab qishloqlar, turarjoy hududlari buzub tashlangan, uy-joylar vayron qilingan, u yerlarda istiqomat qilib kelgan bir milliondan ortiq hamfuqarolarimiz qochqinlarga aylanib, hozir o`ta og`ir sharoitlarda kun kechirmoqdalar. Bularning barchasi hayotning ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy jabhalarida tanglikning kuchayishiga sabab bo`lmoqda. Binobarin, hozir eng muhim masala - respublikani urush holatidan olib chiqish, uning bosib olingan hududlarini qaytarib olish, suveren Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini va chegaralari xavfsizligini ta`minlash, qochqinlarni tug`ulgan yerlariga qaytarishdan iborat.

Sizlarni ishontirib aytamanki, Prezident sifatida bularni o`zimning eng muhim vazifam, deb hisoblayman hamda, ozarbayjon xalqining barcha kuch-imkoniyatlarini ishga solib, barcha imkoniyatlardan foydalangan holda, ushbu maqsadga erishish yo`lida bor kuch-g`ayratimni ayamayman.

Turgan gapki, besh yildan ortiqroq davom etayotgan urushdan chiqish, bosib olingan yerlarni qaytarib olish oson ish emas. Bu maqsadga qanday erishish xususida jamiyatimizda turli fikrlar mavjud. Tinchlikparvar mavqe`ga ega bo`lganimiz holda biz muammoni birinchi navbatda tinch yo`l bilan, muzokaralar yo`li bilan hal qilishni afzal, deb bilamiz. Bu maqsad yo`lida diplomatiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Ozarbayjon manfaatlarini ta`minlagan holda muzokaralar olib borish hamda mazkur muzokaralar vositasida belgilangan niyatni qo`lga kiritmoq zarur. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, EXHT, BMT Xavfsizlik Kengashi, ziddiyatni hal qilishda ishtirok etayotgan yirik davlatlar va barcha xalqaro tashkilotlarning imkoniyatlaridan unumli foydalana turib, biz bundan buyon ham Ozarbayjonni urush holatidan olib chiqish, bosib olingan hududlarni qaytarib olish uchun barcha zarur choralarni ko`rishda davom etamiz.

Ammo, ayni paytda, Ozarbayjon Respublikasi mustaqil davlat sifatida jangovor qobiliyatli armiyaga ega bo`lishi kerak. Taassufki, Ozarbayjon mustaqillikni qo`lga kiritganidan buyon o`tgan vaqt ichida, mazkur yo`nalishda juda oz ishlar amalga oshirildi. Zarurat tug`ulganida, agar bizning ziddiyatni tinch yo`l bilan hal qilish yo`lidagi qadamlarimiz natija bermagudek bo`lsa, hududiy yaxlitlikni himoya qilish, respublikani himoya qilish uchun kuchli armiyani tashkil toptirish bizning asosiy vazifalarimizdan biri bo`lib qoladi.

Ta`kidlamoq kerakki, besh yillik urush jarayonida ozarbayjon xalqi ulkan sinovlarni boshidan o`tkazdi, g`alabalar nashidasini ham, mag`lubiyatlar alamini ham tatib ko`rdi. Bu urush biz uchun katta fojeadir. Ayni paytda, mazkur urush butun dunyoga ozarbayjon xalqining kuchi, salohiyati, qahramonligi, donoligini yana bir marta namoyish qildi. Bu urushda xalqimiz katta talafotlar ko`rdi. Ushbu xalqning farzandlari, yerlarimizni himoya qila turib, qahramonlarcha halok bo`ldilar shahidlarga aylandilar. Ozarbayjon suvereniteti, ozarbayjon yerlarining himoyasi uchun jon fido qilgan shahidlar xotirasini bugun, ushbu tantanali marosimda bir daqiqalik sukut bilan yodga olishingizni so`rayman. Alloh ularni rahmat qilsin, qabrlarini nurga to`ldirsin.

Va bugun men shahidlarimizning qonlari intiqomsiz qolmaydi, deb bayonot beraman. Ularning xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi, yoshlarimiz va kelajak avlodlar ularning qahramonliklaridan o`rnak oladilar, ozarbayjon xalqi oyoqqa turadi, kuchlarini jam qiladi, zamonaviy armiya tashkil qiladi hamda o`z mustaqil davlatini, o`z yerini ko`z qorachig`idek himoya qiladi.

Mustaqil Ozarbayjon Respublikasi oldida turga asosiy vazifalardan biri - davlat qurulishini tashkil qilishdir. Bizning yo`limiz ravshan, va biz bu haqda takror va takror bayonot berganmiz, bu yo`l demokratiya yo`lidir. Bu - bizning yo`limiz va bugun men va`da berib aytamanki, men ushbu yo`lga sodiqligimcha qolaman.

Mazkur yo`ldan borish bizning tarixiy o`tmishimizga hamohangdir va, ayni paytda, Ozarbayjonni, mustaqil davlat sifatida jahon sivilizatsiyasiga qo`shilishining zarur shartidir. Bunung uchun Ozarbayjonda barcha imkoniyatlar yaratilgan va bu jarayon davom ettiriladi. Ozarbayjonda shaxs erkinligi, so`z erkinligi, diniy e`tiqod erkinligi, til erkinligi, vijdon erkinligi demokratik taraqqiy topgan jamiyat qurishga imkon beruvchi shartlardir va biz mazkur qadriyatlarning qaror topishlarini ta`min etamiz. Ozarbayjonda ko`p partiyaviylik tizimi yaratilmoqda, ko`plab partiyalar paydo bo`ldi va kelajakda ham tashkil topadi. Ozarbayjon davlati ularning tashkil topishlari va taraqqiy etishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beraveradi, hamda, shubha yo`qki, demokratik tamoyillar qaror topadigan ko`p partiyaviylik jamiyat Ozarbayjonni mustaqil davlat sifatida rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Ko`p partiyaviy jamiyatda oppositsiya ham katta rol o`ynaydi. Biz bundan buyon ham oppozitsiyaga katta hurmat bilan qarashda davom etamiz va men, ozarbayjon jamiyatidagi oppozitsiyadagi partiyalar va kuchlar respublikada asl demokratiyaning taraqqiysi uchun keng imkoniyatlar ochib beruvchi ijodkor hamkorlik mavqe`ida bo`lgan holda harakat qiladilar, deb umid bildiraman. Bir so`z bilan aytganda, biz Ozarbayjonda oppozitsiya kuchlarining mavjudligini normal holat, deb hisoblaymiz va, ayni paytda, ular bilan yaratuvchilik hamkorligiga tayor ekanimizni bildiramiz.

Lekin, oppozitsiyadagi guruhlar, ayrim siyosiy tashkilotlar so`nggi yillarda o`zlari foydalanib kelayotgan noqonuniy, yaramas, nodemokratik usullaridan voz kechishlari kerak. Siyosiy partiyalar, harakatlar Ozarbayjonda erkin faoliyat yuritishlari mumkin, ammo hech bir siyosiy partiya yoki harakat, siyosiy-jamoat tashkiloti qurollangan guruhlarga ega bo`la olmaydi. Bugun, Ozarbayjon fuqarolari huzurlarida turib, buni qat`iyat bilan aytmoqdaman. Taassufki, o`z vaqtida respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotida ijobiy rol o`ynagan Xalq frontinig salbiy o`rnagi ayrim noqonuniny qurolli guruhlarning paydo bo`lishiga sababchi bo`ldi. O`ylaymizki, barcha partiyalar, harakatlar, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar o`z qurolli guruhlaridan voz kechadilar. Faqat davlat qurolli kuchlarga ega bo`lishi mumkin. Noqonuniy qurolli guruhlarni yo`q qilishda biz hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. Bu respublikada ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta`minlashning asosiy shartidir.

Rivojlangan, demokratik jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan biri inson huquqlarini himoya qilishdir. Sizlarni ishontirib aytamanki, mazkur oliy lavozimda ekanman, har doim ushbu sohani diqqat markazimda tutaman, inson huquqlari himoyasi uchun barcha kafolatlarni yarataman. Bir so`z bilan aytganda, jamiyatimizda shaxsning to`liq erkinliklari uchun barcha sharoitlar muhayyo etiladi. Shu nuqtai-nazardan, hozirgi bosqichda vijdon erkinligi masalasi alohida o`rin egallaydi. Xalqimiz o`z e`tiqodiga qaytdi. Islom dini jahonda tarixiy joyini egalladi. U xalq ruhoniyatiga, uning ilmiy tafakkuriga, kuchi va salohiyatiga ulkan ta`sir o`tkazdi. Bizning milliy ananalarimiz, madaniyatimiz ko`p jihatdan islom tufayli avloddan avlodga o`tib kelganlar va milliy qadriyatlar sifatida hozirgi avlodgacha yetib kelganlar. Ozarbayjonda e`tiqod erkinligi uchun barcha sharoitlar yaratilgan va bundan buyon ham yaratilaveradi. O`ylaymizki, din, respublika uchun bu qadar murakkab davrda fuqarolar hamjihatligini, fuqaroviy ahillikni ta`minlashda katta rol o`ynaydi.

Ozarbayjon - ko`p millatli respublika. Bu respublikamiz uchun xos xususiyatdir, uning tarixi boy va biz ushbi tarix, respublikaning ijtimoiy-siyosiy o`rni bilan faxrlanamiz. Bizning respublikamizda barcha fuqarolar, qaysi millat va e`tiqodga mansub ekanliklaridan qat`iy-nazar, teng huquqlardan foydalanadilar, bu yerda bundan buyon ham fuqarolarning Ozarbayjon Respublikasi ijtimoiy-siyosiy hayotida teng ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar bundan buyon ham yaratilaveradi. Bugun, Prezidentlik lavozimiga kirishishim munosabati bilan, meni Kavkaz musulmonlari rahbari, nasoro hamda yahudiy dinlari vakillari tabrikladilar. Ularga minnaddorchilik bildirar ekanman, Ozarbayjonda barcha millatlar va dinlarning teng huquqligini ta`minlash uchun barcha zarur tadbirlar ko`riladi, deb ishontirmoqchiman.

Respublika mustaqilligini mustahkamlashning asosiy vazifalaridan biri xalqaro maydonda Ozarbayjon manfaatlarini himoya qila olish imkonini beradigan oqilona va mohirona yuritiladigan tashqi siyosatdir. Afsuski, mustaqillikka erishilgandan so`ng tashqi siyosat sohasida juda kam ishlar amalga oshirildi. Oldimizda hal etilishi zarur bo`lgan jiddiy vazifalar turibdi. Tashqi siyosatimiz, birinchi navbatda, Ozarbayjon mustaqilligini ta`minlashga qaratilishi kerak. Vazifa barcha davlatlar bilan teng huquqli, o`zaro manfaatli munosabatlarni yo`lga qo`yish va rivojlantirish, ulardan Ozarbayjon Respublikasining xalqaro mavqe`larini mustahkamlashda, va ayni paytda, uninq iqtisodiyoti, fani, madaniyatini rivojlantirishda samarali foydalanishdan iborat. Bizning tashqi siyosatimiz tinchlikparvar siyosat, biz biron-bir mamlakatning suvereniteti, hududiy yaxlitligiga daxl qilmaymiz. Ayni paytda, biz, tashqi siyosat imkoniyatlaridan foydalangan holda, qanday qilib bo`lsa ham, respublikamiz suverenitetini, mustaqilligini va hududiy yaxlitligini ta`minlashga intilamiz. O`ylaymanki, bundan buyon qilinadigan ishlar Ozarbayjonni yanada kengroq ko`lamda e`tirof etilishiga sharoitlar yaratadi hamda respublika jahon hamjamiyatida munosib o`rinni egallaydi.

Prezident etib saylanganim munosabati bilan qator davlatlarning rahbarlaridan tabriknomalar olindi. Buni men birinchi o`rinda Ozarbayjon Respublikasi mustaqilligi, uning jahon hamjamiyatidagi o`rnining e`tirofi, deb qabul qilaman. Tabriknomalar yo`llagan davlatlar rahbarlariga, xorijiy davlatlarning ushbu zalda to`plangan vakillariga minaddorchilik bildirar ekanman, Ozarbayjon Respublikasi mustaqil davlat sifatida, bundan buyon ham, mazkur va qolgan boshqa mamlakatlar bilan samarali aloqalar o`rnatishga, ularning imkoniyatlaridan o`zi tushib qolgan ahvoldan chiqish uchun foydalanishga intilaveradi, deb ishontirmoqchiman. Katta rahmat, sizlarga minaddorchilik bildiraman va mamlakatlaringiz rahbarlariga hamda xalqlaringizga baxt va barcha ishlaringizda yutuqlar tilayman.

Ozarbayjonni og`ir, inqirozli holatdan olib chiqish uchun ijtimoiy-iqtisodiy sohada ko`p ishlarni amalga oshirish kerak bo`ladi. Mustaqillikka erishish biz uchun tarixiy voqea ekanini e`tirof etish bilan birga iqtisodiyotimizda hozirgi ahvolning davom etishi biz uchun katta qiyinchiliklar tug`dirishini tan olish kerak bo`ladi. Taassufki, so`nggi yillarda respublikamizni qamrab olgan inqiroz iqtisodiyotning barcha sohalariga salbiy ta`sir o`tkazdi.

Aytish mumkinki, iqtisodiyot to`liq izdan chiqqan va bu respublika fuqarolari turmush darajasini keskin pasaytirib yuborgan. Shu bilan birga qayd qilishni hohlardimki, respublika ulkan ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik salohiyatga ega. Ozarbayjonning geo-siyosiy joylashuvi, tabiiy boyliklari, yillar davomida yaratilgan asosiy ishlab chiqarish majmualari ushbu og`ir inqirozdan chiqish imkonini beradi. Shu nuqtai-nazardan biz kelajakdagi faoliyatimiz jarayonida, bir tomondan, mavjud salohiyatdan samarali foydalanishimiz, ikkinchi tomondan, bozor iqtisodiyoti yo`nalishida iqtisodiy islohatlarni amalga oshirishimiz kerak bo`ladi.

Bu - murakkab va qiyin yo`l. O`nlab yillar davomida yaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy tizimdan erkin bozorga o`tishda katta qiyinchiliklar istisno qilinmaydi, zero mazkur sohada so`nggi yillarda yo`l qo`yilgan xatolar ahvolimizni yanada murakkablashtirmoqda. Ammo biz ana shu yo`ldan bormog`imiz kerak, negaki boshqa yo`l bizga berilmagan. Biz bu ishni respublikamiz iqtisodiyotiga, uning ananalariga mos ravishda tashkil qilishimiz kerak. Bu yo`ldan borar ekanmiz, mavjud iqtisodiy salohiyatdan foydalanishimiz kerak. Biz uni vayrona holga borib qolishiga yo`l qo`ya olmaymiz hamda mavjud salohiyat respublika fuqarolari farovonligi, aholi barcha tabaqalarining turmush darajasining yaxshilanishiga xizmat qilishi uchun intilishda davom etamiz. 

Bizning burchimiz mazkur sohada demokratik islohatlarni amalga oshirish, puxta o`ylangan qadamlar qo`yishdan iborat va men sizlarni ishontirib aytamanki, biz aynan ana shu yo`ldan boramiz. Shu o`rinda, men Ozarbayjon Respublikasining Mustaqil Mamlakatlar Hamdo`stligiga a`zo bo`lganini alohida qayd qilmoqchiman. Mazkur masala bo`yicha respublikada uzoq muddat munozara-bahslar bo`lib o`tdi va nihoyat, Ozarbayjon MDHga qo`shildi. Biz, mazkur qadam respublika iqtisodiyotini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi va biz ulardan to`liq foydalanishimiz zarur, deb ishonamiz.

Shuningdek, alohida ta`kidlamoqchimanki, ayrim davralar Ozarbayjonning MDHga kirganini xafvli holat, deb talqin qilishga urunmoqdalar. Bu - noto`g`ri fikr. MDH tarkibida bo`lar ekan, Ozarbayjon o`z mustaqilligini muntazam himoya qilishda davom etadi va Hamdo`stlik ishtirokchisi maqomi respublika mustaqilligiga hech bir zarar keltirmaydi. Mustaqil davlat sifatida Ozarbayjon demokratiya yo`lidan boradi, xalqaro demokratik meyorlariga amal qiladi. Ozarbayjonda endi hech qachon kommunistik mafkura, kommunistik tuzum tiklanmaydi. O`ylaymanki, respublika fuqarolarining aksariyati ham ana shu fikrdalar. Ozarbayjon Respublikasi bundan buyon hech bir mamlakatga qaram bo`lmaydi, uning tarkibiga kirmaydi va doimo o`z mustaqilligini himoya qiladi. 

Bizning ichki va tashqi siyosatimiz jahon demokratik tamoyillariga asoslanadi. Ozarbayjonning ichkarisida demokratik tamoyillarni qaror toptira borib, biz tashqi siyosatni Ozarbayjon mustaqilligini mustahkamlashga yo`naltiramiz. Prezident sifatida men bu haqda xalqim oldida baralla bayonot beraman va ishontirib aytamanki, ushbu tamoyillarga abadiy sodiq qolaman. 

Aziz, hurmatli vatandoshlar! 

Bugun men uchun tarixiy, ramziy kun. Ozarbayhon fuqarolariga, butun ozarbayjon xalqiga menga ko`rsatilgan oliy ishonch uchun yana bir marta o`zimning chuqur minnaddorchiligimni bildirmoqchiman va sizlarni ishontirib aytamanki, umrimning oxorigacha xalqimga sadoqat bilan xizmat qilaman, o`z faoliyatimni Ozarbayjon Respublikasining kelajakdagi taraqqiyotiga bag`ishlayman. 

Qo`limni Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasiga qo`yib, bilimlarim, tajribam, kuchimni ozarbayjon xalqi, Ozarbayjon Respublikasining farovonligiga bag`ishlayman, deb qasam ichaman. 

Prezidentlik vazifalarini oliy maqsadlar, oliy g`oyalar yo`lida bajaraman, Ozarbayjon Respublikasining to`liq mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini ta`minlashga bor kuch-imkoniyatlarimni qarataman, deb qasam ichaman. 

Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining bajarilishi, millati, dini va siyosiy qarashlaridan qat`iy-nazar, Ozarbayjonning barcha fuqaroalri huquqlari va erkinliklari himoyasi, Ozarbayjon Respublikasida ozodlikning, demokratik o`zgarishlarning, uning demokratik, huquqiy davlat sifatidagi taraqqiyotining kafili bo`laman, deb qasam ichaman. 

Ozarbayjon Respublikasiga, ozarbayjon xalqiga munosib xizmat qilaman, bizning mustaqil mamlakatimiz jahon hamjamiyatida, jahonning rivojlangan mamlakatlari orasida munosib o`rin egallashi uchun intilaman, deb qasam ichaman. 

Muqaddas Qur`onga qo`limni qo`yib, ozarbayjon xalqining milliy, ma`naviy ananalariga sodiq qolaman hamda ushbu ananalar bizning mustaqil davlatimizda qaror topishlari, amalda bo`lishlari va rivojlanishlari uchun zarur sharoitlarni kafolatlayman, deb qasam ichaman.