Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning BMT Bosh Kotibi Butros Butros G`oli bilan 1994 yilning 30 oktyabrida Prezident saroyidagi uchrashuvda so`zlagan nutqi


Muhtaram Bosh kotib, doktor Butros Butros G`oli janoblari!

Sizni yana bir marta Ozarbayjon Respublikasida, Ozarbayjon diyorida samimiy qutlayman. Siz tomoningizdan Ozarbayjon Respublikasiga bo`lgan qiziqish va e`tibor uchun, mamlakatimizga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik izhor qilaman.

3 yil ilgari tashkil topgan mustaqil Ozarbayjon Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining a`zosidir. BMT Bosh kotibining Ozarbayjonga tashrifi Ozarbayjon Respublikasi oldida turgan muammolarni hal etishda muhim rol oynashi shubhasizdir. Biz, respublikamiz jamoatchiligi tashrifingizga katta umid bilan qaramoqdamiz.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ozabayjon muammolari bilan muttasil shug`ullanib kelayotgani hammaga ma`lum. Ozarbayjon Respublikasi Armanistonning harbiy xurujiga duchor bo`lganidan buyon olti yildan qo`p vaqt o`tdi. Ozarbayjon Respublikasi mustaqil bo`lgan kundan boshlab hozirgi kungacha, ya`ni uch yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning Xavfsizlik Kengashi ushbu masalani hal etish bilan doimiy ravishda shug`ullanib kelmoqdalar. Bu sohada ko`p ishlar amalga oshirildi. BMT, uning Xafvsizlik Kengashi hamda Bosh kotib janoblari bu sohada katta ish qildilar. Ozarbayjon Respublikasi nomidan sizga, janob Butros-G`oli, barcha bajarilgan ishlar, qabul qilingan qarorlar uchun minnatdorchilik bildiraman.

Ozarbayjon Respublikasi, yaqinda mustaqilligini qo`lga kiritgan davlat sifatida ko`p muammolarga duch keldi. Yaqin o`tmishda Sovet Ittifoqi tarkibida bo`lgan va hozirgi kunda mustaqillikka yuz tutgan boshqa respublikalar kabi, o`tish davrini boshidan kechirmoqda. O`tgan uch yil ichida biz Ozarbayjon musta`qilligini ta`minlash va mustahkamlashga harakat qildik, ikkinchi tomondan, respaublikamizni yangi yo`ldan, demokratiya yo`lidan olib yurishga intildik.

Uzoq yillar davomida Sovet Ittifoqi tarkibida bo`lgan, sotsialistik, kommunistik mafkura ta`siri ostida yashagan Ozarbayjon xalqi, Ozarbayjon Respublikasi endi ushbu tamoyillardan voz kechdilar. Ozarbayjonda mustaqil davlat qurulishi jarayoni bormoqda. Bizning maqsadimiz huquqiy, demokratik davlat qurish, rivojlangan, huquqiy jamiyat yaratishdan iborat.

Ozarbayjon iqtisodiyotida katta o`zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Respublikamiz iqtisodiyotini bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida rivojlantira boshladi. Iqtisodiyot sohasidagi yo`limizning asosiy yo`nalishlari - iqtisodiy islohatlarni amalga oshirish, erkin iqtisodiyotga yo`l ochish, tadbirkorlik, tashabbuskorlikka yo`l ochishdan iborat. Ushbi maqsad yo`lida biz iqtisodiyotda xususiylashtirish tamoyillarini amalga oshirishga kirishdik. Bir so`z bilan aytganda, iqtisodiy sohada Ozarbayjon erkin iqtisodiyot yo`lidan bormoqda va borishda davom etadi, jahon iqtisodiyoti bilan aloqa o`rnatishni, uning tarkibiy qismiga aylanishni, jahon iqtisodiy hamjamiyati tarkibiga kirishni hohlaydi.

Turgan gapki, Ozarbayjon hayotidagi o`tish davri mamlakat ichkarisida katta muammolarni, qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Ma`lum bir ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tizimdan boshqasiga o`tish albatta ma`lum muddat, shuningdek o`ta jiddiy qadamlar qo`yilishini taqozo qiladi. Ammo bizga qanchalar qiyin bo`lmasin, biz ana shu yo`lni tanlaganmiz va unda davom etamiz. Biz Ozarbayjon mustaqilligini aynan shu yo`l bilan ta`min etishni hohlaymiz.

Ayni davrda Ozarbayjon Respublikasi siyosiy-iqtisodiy bo`hron holatini boshidan kechirmoqda. Men aytib o`tganimdek, ushbu holat, bir tomondan, o`tish davri bilan, ikkinchi tomondan, Ozarbayjon so`nggi olti yil ichida urush sharoitida yashayotgani bilan bog`liq. Ammo ushbu qiyinchiliklarga qaramay, Ozarbayjon o`z mustaqilligini mustahkamlash yo`lidan olg`a borishni davom ettirmoqda. Ozarbayjon xalqi uzoq yillar davomida milliy ozodlik, davlat mustaqilligi to`g`risidagi orzular bilan yashab keldi. Ozarbayjon davlat mustaqilligining qo`lga kiritilishi - xalqimiz uchun tarixiy voqeadir. Bizning maqsadimiz, bizning yo`limiz - o`z mustaqilligimizni doimo mustahkamlab borishdan iborat va men, biz ushbu yo`lda yutuqlarga erishajagimizga aminman.

Ozarbayjonning tashqi siyosati barcha mamlakatlar bilan tenghuquqli munosabatlar o`rnatishga yo`naltirilgan. O`zimning BMT Bosh Assambleyasining 29 sentyabrdagi sessiyasida so`zlagan nutqimda Ozarbayjonning ushbu masala bo`yicha mavqe`ini ifoda etganman.

Yana bir marta qayd qilmoqchimanki, mustaqilliq davrining o`tgan uch yili davomida, ayniqsa so`nggi yil ichida Ozarbayjon ushbu sohada jiddiy qadamlar qo`ydi hamda ko`plab davlatlar bilan iliq, do`stona munosabatlar o`rnatdi. Ushbu yo`ldan borar ekan, Ozarbayjon o`zining hamkorlik uchun ochiq mamlakat ekanini butun dunyoga e`lon qildi. Biz ja`miki jahon hamjamiyatiga, xalqaro tashkilotlarga, manfaatdor kompaniyalar hamda shirkatlarga Ozarbayjonga investitsiyalar kiritish, bizning respublikamiz bilan hamkorlik qilish taklifi bilam murojaat qilmoqdamiz, ular bilan aloqalar o`rnatmoqdamiz.

Joriy yilning 20 sentyabrida xorijiy mamlakatlarning nufuzli neft kompaniyalari bilan Kaspiy dengizidagi neft konlarini hamkorlikda tasarruf qilish bo`yicha yirik shartnoma imzolandi. Biz bundan keyin ham xorojiy davlatlar, kompaniyalar va shirkatlar tomonidan Ozarbayjonga sarmoyalar kiritilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishda davom etamiz. Bir so`z bilan aytganda, Ozarbayjon, mustaqil davlat sifatida, jahon hamjamiyatida, Birlashgan Millatlar Tashkilotida o`ziga munosib o`rinni egallashga intilmoqda.

Lekin, o`zingizga ma`lum bo`lganidek, respublikamiz uchun eng qiyin, eng og`ir, eng murakkab masala Ozarbayjonga qarshi qaratilgan harbiy xurujni bartaraf etishdir. Qayd qilamanki, BMT, uning Xafvsizlik Kengashi hamda shaxsan o`zingiz, janobi Bosh kotib, ushbu muammo bilan muttasil shug`ullanib kelmoqdasiz va mazkur masalalardan xabardorsiz. O`ylaymanki, uchrashuvimiz davomida bo`ladigan suhbatlarning katta qismi aynan ana shu mavzu atrofida bo`ladi. Sizning tashrifingiz, ma`lum ma`noda, ushbu masalalar bilan bog`liq ekanligi ham ma`lum. Ozarbayjondan keyin siz Gruziya va Armanistonga safar qilasiz. Bundan mintaqamizdagi ahvol sizni qiziqtiradi, degan ma`no kelib chiqadi. Biz esa, mintaqamizda tinchlik va xotirjamlikni ta`minlash uchun sizning imkoniyatlaringizdan foydalanishdan juda manfaatdormiz.

Shuni ta`kidlaymanki, olti yillik urush natijasida Armaniston qurolli kuchlari Ozarbayjon Respublikasi hududining yigirma foizini bosib oldilar. Bosib olingan yerlar Ozarbayjon tarkibiga kiruvchi Tog`li Qorabog` hamda Tog`li Qorabog` atrofida joylashgan yetti tuman hudidini tashkil qiladilar. Milliondan ortiq Ozarbayjon fuqarolari bosib olingan tumanlardan badarg`a bo`ldilar. Ular hozir o`ta qiyin ahvoldalar, ko`pchiliklari chodirlarda yashamoqdalar, chodirlarda yashamayotganlari esa, istiqomat joylarida eng minimal shart-sharoitlarga ham ega emaslar. Bularning barchasi Ozarbayjon respublikasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy tanglikni o`ta keskinlashtirmoqda.

Sizga ma`lum bo`lsada, yana bir marta qayd qilmoqchiman, urushni Ozarbayjon boshlagani yo`q. Ozarbyjonni, oddiygina qilib aytganda, urushga kirishga majbur qildilar. Olti yil ilgari Ozarbayjon hududi bo`lgan Tog`li Qorabog`ni bosib olish maqsadida, Armaniston Ozarbayjonga hujum boshladi. Afsuski, Ozarbayjonga bog`liq bo`lgan ba`zi sabablar tufayli, ko`proq esa, Armanistonga ayrim kuchlar tomonidan ko`rsatilgan yordam natijasida, Armaniston Ozarbayjon yerlarining bir qismini bosib olishga muvaffaq bo`ldi.

Mazkur urush natijasida Ozarbayjon 20 mingdan ortiq fuqarosini yo`qotdi, ular halok bo`ldilar. Yuz mingdan ortiq ozarbayjonlar yaralanib, majruhlarga aylandilar. Bosib olingan hududlardagi turar joylar, zavodlar, fabrikalar, xizmat ko`rsatish binolari vayron qilindilar yoki yoqib yuborildilar. Shunday qilib, bu urush Ozarbayjon xalqiga, Ozarbayjon Respublikasiga ham ma`naviy, ham jiddiy moddiy talafot yetkazdi. Bularning barchasiga qaramay, Ozarbayjon tinchlikparvarlik siyosatini yuritib, ushbu masalalarni tinch yo`l bilan hal etishga harakat qilmoqda, lekin bizning tinchlik sari qo`ygan qadamlarimiz hozircha o`z natijalarini berganicha yo`q.

Sizlarga ma`lumki, Armaniston tomonidan Ozarbayjonga qilingan huruj Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xafvsizlik Kengashi tomonidan bir necha marta muhokama qilindi. Xavfsizlik Kengashi ushbi masalaga oid to`rtta rezolutsiya qabul qildi. 1993 yilning aprelida Qiyolbajar tumanining bosib olinishi munosabati bilan 822-rezolutsiya, undan keyin Fuzuliy, Jebrail, Zangilan, Gubadli tumanlarining ishg`ol qilinishi BMT Xavfsizlik Kengashining 874 va 884-rezolutsiyalarining qabul qilinishiga sabab bo`ldi. BMT Xavfsizlik Kengashining ushbu barcha qarorlarida bosib olingan yerlardan arman qurolli kuchlarini hech bir shartlarsiz hamda uzil-kesil olib chiqib ketish va mazkur yerlarni ozod qilish talablari qo`yilgandi.

Arman qurolli kuchlarining Ozarbayjon hududida olib borgan bosqinchilik xatti-harakatlari munosabati bilan qabul qilingan ushbu rezolutsiyalardan tashqari Xavfsizlik Kengashi raisi olti marta bayonot bilan chiqdi. Shaxsan o`zingiz, janob Bosh kotib, bir necha marta jiddiy bayonotlar berdingiz. Ammo, afsuski, ushbu qarorlar hamda bayonotlarning birortasi ham amalga oshirilmadi. Arman tomoni BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlariga, umuman BMTga bo`ysunmadi va hozirgacha bo`ysunmay kelmoqda. Taassufki, u tomonidan xalqaro me`yorlarning buzilishi hamda ushbu me`yorlarga amal qilinmasligi hozirgacha jazosiz qolib kelmoqda.

Muammolarni tinch yo`l bilan hal etish uchun biz BMT hamda EXHT bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Mazkur ziddiyat munosabati bilan EXHT homiyligida maxsus Minsk guruhi tashkil etildi. Ozarbayjon Respublikasi Minsk guruhi, EXHT bilan doimo hamkorlik qilib kelmoqda va biz Minsk guruhining ushbu sohadagi jiddiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga harakat qildik.

So`nggi yillarda bir necha mamlakatlar mustaqil ravishda ushbu masalalarni hal qilish uchun tashabbuslarini ilgari surdilar. Bunday tashabbusni Amerika Qo`shma Shtatlari, Rossiya, Turkiya davlatlari ko`tarib chiqdilar. Biz ularning tashabbuslaridan foydalanishga harakat qildik.

So`nggi vaqtda Rossiya mustaqil tarzda katta faoliyat olib bormoqda, muammolarimizni hal etishda vositachi bo`lishga hamda mazkur sohada jiddiy say`-harakatlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Biz Rossiyaning vositachilik faoliyatidan foydalanishga harakat qilmoqdamiz va foydalanmoqdamiz. Binobarin, pirovard maqsadimiz - masalani faqat va faqat tinch yo`l bilan hal etishdir. Shu sababdan biz ushbu masalani adolat va to`g`rilik bilan hal etishda tashabbuskor bo`layotgan mamlakatning faoliyatini qabul qilmoqdamiz.

Sizlarga ma`lumki, Minsk guruhu, Rossiyaning vostachiliklari, Armaniston hamda Ozarbayjon o`rtasida olib borilgan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar natijasida o`t ochish to`xtatilganiga besh oydan ko`p bo`ldi. Biz buni muhim natija, deb hisoblaymiz. Lekin, ayni paytda, o`t ochishni to`xtatish to`g`risidagi kelishuvdan katta sulhga erishish yo`lida foydalanishga intilmoqdamiz. Bu sohada biz Minsk guruhi, shuningdek Rossiya bilan hamkorlik qilyapmiz. Maqsadimiz urushga butunlay barham berish, uzul-kesil tinchlik sulhiga erishishdan iborat.

Turgan gapki, ushbu masalada bizning ham o`z shartlarimiz bor. Bu shartlar shundan iboratki, uzul-kesil tinchlik sulhini imzolash va urushga butunlay barham berish uchun Armaniston bosqinchi harbiy kuchlari Ozarbayjon hududini butunlay tark etishlari lozim. Masalani bu tarzda qo`yar ekanmiz, biz, birinchi navbatda arman harbiy kuchlari Ozarbayjonning bosib olingan hududlarini, jumladan Lochi va Shusha tumanlarini tark qilishlari kerak, deb hisoblaymiz. Tog`li Qorabog` masalasi bo`lsa, ikkinchi bosqichda hal qilinishi kerak. Bosib olingan yerlar ozod qilingach, quvg`inlar o`z yerlariga qaytishlari lozim. Agar biz shunga erisha olsak, ya`ni Lochi va Shusha tumanlari ozod qilinsalar, muzokaralarning ikkinchi bosqichida Tog`li Qorabog` mavqe`ini muhokama qilish mumkin bo`ladi,binobarin ushbu sohada biz ma`lum qadamlar qo`ya olamiz.

Ushbu takliflarni ilgari surar ekanmiz, biz albatta, Tog`li Qrabog`da istiqomat qilayotgan armanilarning xavfsizliklarini hisobga olamiz. Shubha yo`qki, barcha qochqinlar o`z yerlariga qaytishlari kerak. Barcha Ozarbayjon fuqarolarining xavfsizliklari ta`minlanishi kerak. Tog`li Qorabog`dagi demografik tarkib tiklanmog`i lozim, negaki Tog`li Qorabog`da armanilar bilan birga ozarbayjonlar ham yashaganlar. Ular ham o`z yerlariga qaytishlari kerak. To`g`ri, olti yil mobaynida davom etgan urush natijasida o`zaro shubhalar, ziddiyatlar paydo bo`lgan. Shuning uchun bu masalalar bosqichma-bosqich hal qilinishi kerak.

Bularning hammasining natijasida Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligi, mamlakatimiz chegaralarining dahlsizligi ta`minlanishi kerak. Ozarbayjon Respublikasi mustaqil, suveren davlat sifatida o`z hududi, o`z chegaralarining sohibi bo`lishi kerak. Umid qilamizki, ushbu masalalarni hal qilar ekansiz, janob Bosh kotib, siz, BMT, Xavfsizlik Kengashi kelajakda ko`p ishlarni amalga oshirasiz. Bu masalalarni hal qilish EXHT, uning homiyligida tuzilgan Minsk guruhi bilan bog`liq ekanligi sababli, biz muammoni Minsk guruhi vositachiligida, EXHT faoliyati doirasida yechishni afzal ko`ramiz.

Rossiyaning vositachilik xatti-harakatlarini yuqori baholab hamda mintaqamizdagi uning imkoniyatlarini e`tiborga olib, biz Rossiyaning EXHT Minsk guruhi bilan hamjihatlikda faoliyat yuritishi tarafdorimiz. Ushbu hamkorlik mintaqada mavjud muammolarni oqilona qal etishga yo`naltirilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Hech shubha yo`qki, eng obro`li tashkilot bo`lgan, jahonda ro`y berayotgan jarayonlarda hal etuvchi oliy omil bo`lgan va 49 yildan beri faoliyat yuritayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoning barcha mamlakatlarida, barcha mintaqalarda o`ta omilkorlik bilan ish yuritmoqda. Umid qilamanki, o`zining 50 yilligini nishonlagunga qadar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, barcha imkoniyatlarini ishga solib, bizning mintaqadagi muammolarni ham hal etishga qodir bo`ladi.

Janob Bosh kotib Butros G`oli, biz va butun Ozarbayjon sizni yirik diplomat, jahon siyosatida katta xizmatlarga ega shaxs sifatida e`tirof etamiz. Tinchlikni, xotirjamlikni tiklash yo`lidagi say`-harakatlaringiz barchaga ma`lum va Ozarbayjon xalqi ularni yuqori baholaydi. Shaxsiy obro`yingiz, hurmatingiz, imkoniyatlaringizni ishga solib, Ozarbayjonga hozirgi mushkul ahvoldan chiqishga yordam berasiz, deb umid bildirmoqchiman. Biz sizni ana shunday istaklar bilan kutganmiz, shunday fikrlar, shunday niyatlar bilan siz bilan muzokaralarga kirishmoqdaman.