Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning «Manas» dostonining 1000 yilligiga bag`ishlangan tantanali majlisda so`zlagan nutqi – Bishkek, 28 avgust 1995 yil


Hurmatli prezident Askar Akayev! 

Aziz va hurmatli qirg`iz birodarlar va opa-singillar! 

Xonimlar va janoblar, aziz do`stlar! 

Ozarbayjon xalqi nomidan sizlarni, butun qirg`iz xalqini katta bayram, «Manas» dostonining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga, qirg`iz xalqiga, Qirg`iziston Respublikasiga baxt va shodlik tilayman. 

«Manas» dostonining 1000 yilligi dunyoga qirg`iz xalqining buyuk tarixini yana bir marta namoyish qilmoqda. Birodar qirg`iz xalqi «Manas» dostoni boshlab bergan yo`ldan bormoqda. «Manas» dostonidagi buyuk fikrlar, buyuk so`zlar, ming yillar osha, asrdan-asrga bu yo`lni mudom yoritib keldilar. «Manas» – qirg`iz xalqi dahosining ramzi, uning botirligi, qahramonligi, donoligining ramzidir. «Manas» butun dunyoga qirg`iz xalqining vatanparvarligi, ananalarga sodiqligi, ozodlik tarafdori ekani, qat`iyatli ekanini doimo namoyish qilib kelmoqda. «Manas» – qirgiz xalqining buyuk madaniy, ma`naviy boyligi, jahon tamadduni, butun insoniyatning qimmatbaho boyligi, turkuy xalqning, turkiyzabon xalqlarning, islom olamining katta ma`naviy yutug`dir. Ayni paytda «Manas» ozarbayjon xalqiga ham tegishli, ozarbayjon xalqining ham ma`naviy, madaniy qadriyatidir. «Manas» – hammamizning ajdodimiz, xalqlarimizning ajdodidir. 

«Manas» dostonidagi so`zlar, g`oyalar Ozarbayjon Respublikasida keng tarqalgan. Ozarbayjon shoirlari, adabiyotchilari, musiqachilari «Manas»ni doimo o`rganadilar, targ`ib qiladilar, keng ommaga tarqatadilar. Shoirlarimiz «Manas»ni ozarbayjon tiliga tarjima qildilar. Bizning san`at arboblarimiz «Manas»ning so`zlarini katta mahorat va muhabbat bilan o`qiydilar, soz hamrohligida qo`shiq qilib aytadilar. Delegatsiya tarkibida kelgan, «Manas»ning tadqiqotchisi, Ozarbayjon san`at arbobi Mehribon xonim bugun, shu yerda «Manas»ni Ozarbayjonda ham qanchalar sevishlarini va tarqalganini namoyish qiladi. 

«Manas»ning tili – bizning umumiy tilimiz. Bizlar – ildizlari, tili umumiy bo`lgan xalqlarmiz. Lekin asrlar o`tgan sari, tillarimiz ma`lum darajada farqlana boshlaganlar. Bizlar bir-birimizni tushunamiz, yurakdan his qilamiz, lekin tillarimizdagi farqlar sababli, ayrim so`zlarni tushuna olmaymiz. Bugun men nutqimni ozarbayjon tilida boshladim. Lekin, ayni paytda, so`zlarim sizlarga, meni tinglayotgan barcha qirg`iz fuqarolariga, qirg`izlarga tushunarli bo`lishini hohlayman. Shuning uchun bir necha og`iz so`zni rus tilida aytmoqchiman. 

Aziz qirg`iz aka-ukalar va opa-singillar, qadrdon do`stlar! «Manas» dostonining 1000 yilligini, katta bayramni sizlar bilan tantanali nishonlash uchun biz tabarruk qirg`iz yeriga birodarona tuyg`ular bilan yetib keldik. «Manas» - qirg`iz xalqining g`ururi, milliy or-nomusi, donoligi, qahramonligining namunasidir. Ko`plab qiyinchiliklar, hayotning mashaqqatli yo`llariga qaramay, qirg`iz xalqi ming yillar davomida «Manas»ning so`zlarini yuragida saqlab keldi, ozodlik va mustaqillik sari u ko`rsatgan yo`ldan bordi. 

«Manas» ming yillar avval qudratli qirg`iz davlati tomonidan yaratilgan. Bugungi kunda qirg`iz xalqi yana mustaqil bo`ldi, u o`zining milliy davlatiga ega. «Manas» dostonining 1000 yilligini Qirg`izistonda va boshqa mamlakatlarda aynan ana shunday sharoitlarda, jahon miqyosida, keng va tantanali nishonlash imkoniyati paydo bo`ldi. 

Biz kecha katta mamnuniyat bilan «Manas aili» ulug`vor yodgorligining ochilishida ishtirok etdik. Qirg`iz xalqining qo`llari, zakovati va mahorati bilan yaratilgan va yaratiladigan barcha narsalar «Manas» qirg`iz xalqiga va butun dunyoga qoldirgan buyuk merosni haqiqatan munosib tarzda aks ettiradi. Bu bayramni qirg`iz xalqining milliy mustaqilligi va milliy davlatchiligi sharoitida nishonlayotganimiz alohida g`urur uyg`otadi. Ikki kundan keyin qirg`iz xalqi mustaqilligini qo`lga kiritganiga va mustaqil Qirg`iz davlati tashkil topganiga to`rt yil to`ladi. Aziz do`stlar, sizlarni va qirg`iz xalqini milliy mustaqillik bayrami munosabati bilan, tarixiy yutuqlar bilan tabriklayman, va sizlar, «Manas» boshlab bergan yo`ldan borib, milliy mustaqilligingizni va milliy davlatchiligingizni mustahkamlaysiz, buyuk «Manas» o`gitlarini hayotga tadbiq qilasiz, deb ishonch bildirmoqchiman. 

Qirg`iz va ozarbayjon xalqlarini mushtarak tomirlarimiz, tarixiy o`tmishimiz, ananalarimiz va odatlarimiz, tilimiz va dinimiz, boshqa ko`pgina xususiyatlarga asoslangan ko`p asrlik do`stlik iplari bog`lab turibdi. Biz qirg`iz xalqi bilan do`stligimizni qadrlaymiz. Qirg`iz xalqi davlat mustaqilligini qo`lga kiritgach, biz qirg`iz yerida amalga oshayotgan jarayonlarni do`stona kuzatib turibmiz. Kecha va bugun biz Qirg`izistonda sodir bo`lgan va sodir bo`layotgan chuqur o`zgarishlarning guvohi bo`ldik. Ushbu barcha o`zgarishlar buyuk «Manas» o`gitlarining hayotga tadbiq qilinayotganidan guvohlik beradi. Bular, shuningdek, qirg`iz xalqi, Qirg`iz davlati tomonidan o`z mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash yo`lida amalga oshirilayotgan katta ishlar bilan bog`liq. Bunda bizning yaqin do`stimiz, munosib rahbar, Qirg`iziston Respublikasining Prezidenti, birodarimiz Asqar Akayevning katta xizmatlari bor. 

Ozarbyjon ham, Qirg`iziston kabi, to`rt yil avval milliy mustaqilligini qo`lga kiritdi, o`z mustaqil davlatini barpo etmoqda, ozodlik, huquqiy-demokratik davlat qurish yo`lidan, taraqqiyot yo`lidan bormoqda. Milliy mustaqillikning qo`lga kiritilishi, qirg`iz xalqi uchun ham, ozarbayjon xalqi uchun ham, bu yo`lni tanlagan boshqa xalqlar uchun ham katta tarixiy yutuq bo`ldi, deb hisoblaymiz. Aynan ana shu yutuq tufayli, biz teng huquqli davlatlarning vakillari sifatida bu yerda hozir bo`lib turibmiz, ezgu tuyg`ularimizni qirg`iz birodarlarimizga, butun Qirg`iziston fuqarolariga yetkaza olamiz, umumiy ishimizda hamkor ekanimizni namoyish eta olamiz. 

Sizlarga shuni aytmoqchimanki, biz davlatimiz mustaqilligini juda yuqori baholaymiz, davlat mustaqilligini mustahkamlash va taraqqiy toptirish yo`lida sobitmiz, hech qachon, hech qanday holatda bu yo`ldan chetga chiqmaymiz. Shu yo`ldan bora turib, biz barcha mamlakatlar bilan, jumladan, qirg`iz xalqi, Qirg`iziston Respublikasi bilan do`stligimizni mustahkamlaymiz. Aziz do`stlar, bu yerda ekanimdan foydalanib, sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, biz ozarbayjon va qirg`iz xalqlari o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlayveramiz, iqtisodiy, madaniy, ilm-fan, gumanitar yo`nalishda, boshqa barcha sohalarda aloqalarimizni rivojlantiraveramiz. Bizlar bir-birimizga ko`mak beramiz, buyuk «Manas» asos solgan yo`ldan birgalikda qadam tashlaymiz. 

Mening aziz opa-singillarim, birodarlarim, mening aziz qirg`iz do`stlarim! Yana bir marta chin yurakdan hammangizni ushbu bayram bilan tabriklayman. Sizlarga ozarbayjon xalqining eng ezgu tilaklarini yetkazmoqdaman. Hammalaringizni ozarbayjon xalqi nomidan bag`rimga bosaman, o`paman. Sizlarga barcha ishlaringizda yutuqlar, baxt va shodlik tilayman. Rahmat!