Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Bokuda Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi hamda xorijiy neft kompaniyalari konsortsiumi o’rtasida Kaspiy shelfidagi konlarni hamkorlikda tasarruf qilish to’g’risida shartnomaning imzolanishi marosimida so’zlagan nutqi – “Guliston” Saroyi, 20 sentyabr 1994 yil


scotch egg
scotch egg
scotch egg
scotch egg
temp-thumb
temp-thumb
temp-thumb
temp-thumb

Xonimlar va janoblar, hurmatli mehmonlar!

Bugun Ozarbayjon Respublikasi hayotida uch yil davom etgan muzokaralarning yakuni bo’lgan tarixiy hodisa sodir bo’lmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Davlat neft kompaniyasi va xorijiy neft kompaniyalari o’rtasida Kaspiydagi Ozarbayjonga qarashli bo’lgan “Azeri”, “Chirag’” neft konlarini hamda “Guneshli” konining bir qismini hamkorlikda tasarruf qilish bo’yicha muzokaralar yakuniga yetdi, hamkorlikda olib boriladigan faoliyat bo’yicha shartnoma loyihasi tayorlandi hamda taqdim etildi.

Bugun biz Ozarbayjon poytaxti Bokudagi ana shu go’zal “Guliston” saroyida shartnomani imzolash marosimiga yig’ildik. Shartnomaning imzolanishi munosabati bilan Bokuga xorijiy davlatlarning rasmiy vakillari, mehmonlar tashrif buyurdilar. Men ushbu marosimda ishtirok etish uchun Bokuga kelgan barcha mehmonlarimizni samimiy qutlayman va ularga: “Xush kelibsiz!” deyman.

Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasining xorijiy neft kompaniyalari bilan olib borgan muzokaralariga ushbu mamlakatlarning hukumatlari va rasmiy idoralari homiylik qildilar, ularni qo’llab-quvvatladilar. Shartnomani imzolash tantanalariga xorijiy davlatlardan delegatsiyalar yetib keldilar. Tantanada ishtirok etayotgan Amerika Qo’shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya Qirolligi, Turkiya Respublikasi, Norvegiya delegatsiyalarini qalbdan qutlayman va ularga: “Xush kelibsiz!” deyman. 

Ushbu tarixiy voqeada ishtirok etayotgan Turkiya Respublikasining davlat vaziri, muhataram Nejmeddin Javharini, Buyuk Britaniya Qirolligi energetika vaziri, muhtaram Timoti Eggerni, AQSH energetika vaziri, muhtaram janob Uiliyam Uaytni, Norvegiya davlati energetika va sanoat vazirining birinchi o’rinbosari, muhtaram janob Gunnar Murvantni, Rossiya Federatsiyasi yoqilg’i va energetika vazirligi bosh boshqarmasi boshlig’i Stanislav Pugachni, Bokuga kelishni va biz bilan ushbu marosimda ishtirok etishni o’zlariga zahmat, deb bilmagan Angliya – Ozarbayjon do’stlik jamiyati delegetsiyasi, Buyuk Britaniya parlamenti a’zolarini qutlayman. Tantanamizda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot bankining prezidenti, muhtaram janob Osama Jafar Faqixni qutlayman. Ozarbayjon diplomatic korpusi vakillarini, muhtaram elchilarni, xalqaro tashkilotlarning vakillari va rahbarlarini qutlayman.

Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi uch yil davomida xorijiy neft kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi, keyinchalik ular konsortsium tuzdilar, hamkorlikda shartnoma loyihasini tayorladilar. Ushbu yirik kompaniyalarning delegatsiyalari bugun bizning marosimda ishtirok etmoqdalar. Men “AMOCO” kompaniyasining prezidenti janob Uiliyam Laourini, “BP” kompaniyasining delegatsiyasini va prezidenti, janobi Jon Braunni, “Stateoil” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari, janobi Yohan Nik Voldni, “LUKoil” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari Vagip Alekperovni qutlayman. “Makdermott” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari janobi Uiliyam Vitnis, “Penn’soil” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari, kompaniya prezidenti Tomas Hamilton janoblari, “RemCo” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari, kompaniya prezidenti janobi Stiven Rempo, “Turkiya petrolleri” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari Sidgi Sanjar janoblari, “Unokal” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari janob Jon Amel, “Delta interneshl” kompaniyasi delegatsiyasi va uning rahbari, kompaniya prezidenti Fateh Al-Albanga salomlarimni yo’llayman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Neft Ozarbayjon Respublikasining va ozarbayjon xalqining eng katta milliy boyligidir.

Qadim zamonlardan boshlab neft o’lkasi sifatida mashhur bo’lgan Ozarbayjon neft va gaz kabi tabiiy boyliklar sohibidir. Shuning uchun ham Ozarbayjonni olovlar mamlakati, deb ataydilar. Ozarbayjon neft qazib chiqarish, uni amalda qo’llash va qayta ishlash sohasida katta tarixga ega. 1847 yilda, Ozarbayjonda, Bokuda, Bibi-Eybat mintaqasida birinchi marta neft favvorasi otilib chiqqan. O’sha vaqtdan boshlab ozarbayjon neftini sanoat usuli bilan qazib chiqarish boshlangan.

1872 yilda aka-uka Nobellar Bokuda birinchi neft kompaniyasini tashkil qildilar va shundan keyin, mamlakatimizga neftdan foydalanish uchun xorijiy firimalar kirib kela boshladilar, xorijiy sarmoya yotqizila boshlandi. 

Shunday qilib, XIX asrning ikkinchi yarmida jahonning qator yirik davlatlari, rivojlangan mamlakatlar firmalari Ozarbayjonda, Bokuda neft qazib chiqarishga katta qiziqish bilan qaray boshladilar. O’tgan yuz yillikning oxiridan boshlab ko’plab xorijiy kompaniyalar boku neftini qazib chiqarishga kirishdilar. 1872 yil mobaynida Ozarbayjonda 26 ming tonna neft qazib chiqarildi. Joriy asrning boshida, 1900 yilda esa, Ozarbayjonda 10 mln. tonna neft qazib chiqarildi, bu Rossiyada qazib chiqarilgan neftning 95 foizini va jahonda ishlab chiqarilgan neft hajmining 50 foizini tashkil qildi. XX asrning birinchi yigirma yilligida xorijiy neft kompaniyalari neft qazib chiqarish va uni qayta ishlashga katta say’-harakatlat sarfladilar va Ozarbayjonda neft sanoati rivojlana boshladi.

Bu davrni shartli ravishda Ozarbayjonda neft sanoati tarixining birinchi bosqichi, deb atash mumkin. O’sha vaqtlarda butun dunyo Boku neftidan foydalangan. Ozarbayjon nefti xorijiy kompaniyalarga katta foyda keltirgan. Ozarbayjonda yirik sarmoyadorlar paydo bo’lgan, ular katta foyda ola boshlaganlar. Ozarbayjon neft sanoatining rivoji Boku shahrining, umuman Ozarbayjonning taraqqiysiga katta turtki bo’ldi. Ozarbayjon poytaxti Boku yirik sanoat shahriga, o’sha davrdagi Rossiya imperiyasining yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi. Qadimiy tarixga ega bo’lgan bizning Boku o’sha davrda yangi qiyofa kasb etdi, kengaydi, go’zallashdi va unda zamonaviy talablarga javob beruvchi binolar, korxonalar, zavodlar hamda boshqa sanoat ob’ektlari qurildi. Bugun biz o’sha davrda qilingan ishlarga munosib baho berishimiz hamda neftning Ozarbayjon, Boku taraqqiyotidagi katta ro’lini e’tirof etishimiz kerak.

1918 yilda mamlakatimizda demokratik davlat tashkil topdi. Ozarbayjon ikki yilga yaqin vaqt mobaynida mustaqil davlat sifatida yashadi. Bu davlat xalqqa tegishli bo’lgan boyliklardan uning farovonligi yo’lida foydalanishga intildi. Biroq afsuski, bu intilishlar istalgan natijalarni bermadi, negaki, 1920 yilda Ozarbayjon Demokratik davlati tugatildi.

O’sha yilning o’zida Ozarbayjonda sovet sotsialistik tuzumi joriy etildi. Keyingi 70 yil davomida Ozarbayjon Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgani holda, ana shu tuzum sharoitlarida yashadi. Ozarbayjonning eng katta boyligi bo’lgan neft Sovet Ittifoqi manfaatlari yo’lida ishlatildi. Bu davrni biz neft sanoati tarixining ikkinchi davri, deb atasak o’rinli bo’ladi. Bu davrda Ozarbayjonda neft sanoati jadal rivojlandi. Sovet Ittifoqining sanoat va iqtisodiy salohiyatining rivoji uchun neft sanoati zarur bo’lganidan sohaga katta say’-harakatlar yo’naltirildi. Pirovardida Ozarbayjon neft sanoatining taraqqiyotida muhim qadamlar tashlandi. 

Ushbu davrda Ozarbayjon neftchilarining katta armiyasi shakllandi. Ozarbayjonning neft va gaz sanoatlari jadal rivojlandilar, yirik korxonalar qurildi. Ilm-fanning katta markazlari, neft tarmog’ining ilmiy-tekshirish institutlari yaratildi. Neft sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayorlash maqsadida endilikda Neft Akademiyasi, deb atalayotgan institut ochildi. Ozarbayjon neftchilari, mutaxassislar, olimlar, bir so’z bilan aytganda, neft tarmog’ida band bo’lgan barcha odamlar neft sanoatini rivojlantirish yo’lida fidokorona mehnat qildilar, Ozarbayjon tarixiga shonli varaqlar bitdilar.

Aytib o’tganimdek, Ozarbayjon neftidan mamlakatning o’zi uchun emas, butun Sovet Ittifoqining taraqqiyoti uchun foydalanilgan. 1941-1945 yillarda, Ikkinchi Jahon urushi davrida ozarbayjon nefti butun mamlakatda qazib chiqarilayotgan neftning 75 foizini tashkil qilgan. Binobarin, Ozarbayjon neft sanoati, bizning neftchilarimizning butun dunyoga xavf slogan nemis fashizmini tor-mor qilish va uning ustidan g’alaba qozonishdagi xizmatlari salmoqlidir.

Ozarbayjon neft tarmog’ida mehnat qilgan olimlar, mutaxassislar, bizning neftchilarimiz Sovet Ittifoqining har qanday nuqtasida ochilgan neft konlarini foydalanishga tayorlashda va tasarruf qilishda samarali ishtirok etganlar. Ularning ishtiroklarida ochilgan va tasarruf eta boshlangan neft konlari “Ikkinchi Boku”, “Uchinchi Boku”, “To’rtinchi Boku”, deb tasodifan atalmagan. Ozarbayjon neftchilarining Rossiyadagi – sibir, tyumen neft konlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish, mazkur hududlarda qudratli neft va gaz komplekslariga asos solishdagi ishtiroklari tahsinga loiqdir, ozarbayjon neftchilari hozir ham bu o’lkalardagi neftchilarning katta qismini tashkil qiladilar.

Bu ma’lumotlarni bugun mehmonlarimizga yetkazib qo’yishni, ozarbayjon xalqiga eslatib qo’yishni lozim topdim. Negaki, bularning hammasi ozarbayjon xalqining g’ururi va shon-shuhratini tashkil qiladi, xalqimizning, neftchilarimizning jahon iqtisodiyoti oldidagi buyuk xizmatlaridan darak beradi. 

Kaspiy dengizidan neft qazib chiqarish sohasida amalga oshirilgan katta hajmdagi ishlar Ozarbayjon neftchilarining asosoiy yutuqlaridan biridir. Bu yo’nalishda birinchi qadamlar 20-yillarning boshida, shuningdek 30-yillarda qo’yilgan edi, lekin Kaspiy dengizidan katta hajmda neft qazib chiqarich ishlari 1949 yilning 7 noyabrida boshlangandi. Shu kuni biz Neft Qoyalari, deb ataydigan maydondagi neft qudug’idan birinchi neft favvorasi otilib chiqqandi.

Ozarbayjon dengiz neftchilarining o’tgan 45 yil mobaynida Sovet Ittifoqida, shuningdek dunyoning boshqa mamlakatlarida orttirgan tajribasi dengiz qa’ridan neft olishning namunasiga aylangandi. Ozarbayjon olimlarining, neftchilarining bu sohadagi xizmatlari benihoyadir. 

O’zingizga ma’lumki, uch yil avval xalqimiz ozodlikka erishdi, Ozarbayjon mustaqil respublika bo’ldi, ozarbayjon xalqi o’z taqdirining egasiga aylandi. Xalqimiz o’z tabiiy boyliklarini emin-erkin tasarruf qilish imkoniyatini qo’lga kiritdi. Shunday qilib, Ozarbayjonda yangi davr boshlandi. Bizning neft sanoatimiz tarixida esa, ta’bir joiz bo’lsa, uchinchi bosqichning poydevori yaratildi. Endilikda, yangi bosqichda, biz ozarbayjon xalqining irodasini ifoda etgan holda, uning tabiiy boyliklarini tasarruf qilish uchun zarur choralar ko’ryapmiz. So’nggi uch yil mobaynida xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi va kelishuvlarga erishildi. Bugun, ushbu tarixiy kunda, Ozarbayjonda neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash boshlanganidan buyon qariyb 150 yil o’tgach, men ozarbayjon neftchilarining barcha avlodlariga, respublika neft sanoati sohasida mehnat qilayotgan olimlar, mutaxassislarga, barcha injenerlar va ishchilarga ma’lum ma’noda xalqimizning farovonligini oshirish uchun hozirgi davrda tabiiy boyliklarimizni qazib chiqarish bo’yicha say’-harakatlari, fidokorona mehnatlari, katta ilmiy kashfiyotlari uchun minnatdorchilik bildiraman va ular hozirgi kunda erishgan yutuqlar bilan qalbdan tabriklayman.

Ozarbayjonda sanoat usuli bilan neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash boshlangan davrdan buyon mamlakatimiz hudidida – quruqlikda va dengizda – 1 milliard 325 million tonna neft qazib chiqarildi. Kaspiyning Ozarbayjon sektoridan 45 yil ichida 400 million tonna neft olindi. Ayni paytda, shu davr ichida 450 milliard kub metr gaz qazib chiqarildi. Bu katta yutuqlar Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyotining, neft sanoatining kelajakdagi taraqqiysi uchun mustahkam asos va poydevordir. O’tmishda biz qancha neft qazib chiqargan, qanday yutuqlarga erishgan bo’lmaylik, shu haqiqatga e’tiborni qaratishimiz zarurki, so’nggi vaqtgacha, ya’ni Ozarbayjon o’z mustaqilligini qo’lga kiritgunga qadar, xalqimiz hech qachon o’z tabiiy boyliklarining egasi bo’lmagan. 1920 yilga qadar neftimiz xorijiy kompaniyalar hamda bizning, ya’niy ozarbayjon tadbirkorlari tomonidan qazib chiqarilgan, Ozarbayjon, ayniqsa Boku taraqqiyoti uchun ko’p ishlar qilingan bo’lsada, xalq bu boylikning egasi emasdi.

1920 yildan boshlab Ozarbayjonda ahamiyatga molik o’zgarishlar sodir bo’ldi. Ozarbayjon iqtisodiyoti rivojlana boshladi, respublikada qudratli sanoat salohiyati yaratildi, bizning neft sanoatimiz katta tarixiy yo’lni bosib o’tdi. Lekin, yana bir bor, Ozarbayjon o’z neftining yagona va to’liq sohibi bo’la olmadi. Bizning ushbu barcha boyliklarimiz bizga emas, Sovet Ittifoqiga qarashli edi. Endilikda biz yangi bosqichda yashamoqdamiz. Ozarbayjon Respublikasi – mustaqil davlat. Ozarbayjon xalqi – o’z tabiiy boyliklarining sohibi. Xalqimiz bu boyliklarni qanday ishlatishni o’z ixtiyori bilan hal etmoqda. 

Aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqib Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi yetakchi xorijiy neft kompaniyalari bilan bizning neft konlarimizni hamkorlikda tasarruf etish bo’yicha uch yil davomida muzokaralar olib bordi. Shubhasiz, mazkur muzokaralar silliq kechmadi, bu yerda qiyinchiliklar, ortga harakatlar va olg’a siljishlar bo’ldi. Lekin, nihoyat, muzokaralar yakun topdilar. Katta tajribaga ega bo’lgan xorijiy kompaniyalarning ozarbayjon neftiga bo’lgan qiziqishlari tabiiydir, va biz ushbu qiziqishni mamnuniyat ila qabul qildik, hamkorlikdan o’zimiz ham manfaatdor ekanligimizni yashirmaganmiz, yashirmaymiz ham.

O’tgan davrlardan farqli o’laroq, Ozarbayjon Respublikasi endi istalgan mamlakat bilan, jumladan ushbu neft kompaniyalari mamlakatlari bilan, xorijiy kompaniyalar bilan o’z tamoyillari qabul qilinishlari uchun mustaqil ravishda muzokaralar olib bormoqda. Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi va xorijiy neft kompaniyalari o’rtasida “Azeri”, “Chirag’” neft konlarini hamda “Guneshli” neft konining bir qismini hamkorlikda tasarruf qilish bo’yicha o’tkazilgan muzokaralar natijasida shartnoma tayorlandi va nihoyasiga yetkazildi. Bu shartnoma menga, Ozarbayjon Prezidentiga taqdim etildi. O’zingizga ma’lumki, 14 sentyabr kuni, shartnoma o’rganib chiqilgach, men uni Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi tomonidan imzolash to’g’risida Farmonga imzo chekdim. Xorijiy kompaniyalar ham loyihani imzolash to’g’risida qaror qabul qildilar. Ushbu kompaniyalar joylashgan davlatlar rahbarlari ham mazkur loyihani ma’qulladilar. Natijada, bugun hammamiz shartnomani imzolash marosimida, bu yerda hozir bo’lib turibmiz. 

To’g’risini aytishim kerak, shartnomada ozarbayjon tomonining barcha hohish-istaklari o’z ifodasini topgani yo’q. Lekin biz har qanday shartnomada har ikki tomonning manfaatlari hisobga olinishi zarurligini tushunamiz. G’arbning neft kompaniyalari konsortsiumi o’z manfaatlarini ta’minlashga intildi, Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi Ozarbayjon Respublikasi milliy manfaatlarini ta’minlash uchun say’-harakatlarini ayamadi. Aytishim mumkinki, amalga oshirilgan katta va keskin ish natijasida, tomonlarning masalaga yuqori mas’uliyat bilan yondoshishlari natijasida har ikki tomonning manfaatlariga javob beruvchi shartnoma tayorlandi. Shu sababli men bugun imzo chekiladigan shartnoma iqtisodiy nuqtai-nazardan Ozarbayjon Respublikasining bugungi kuni hamda kelajagi uchun foydali bo’ladi, deb hisoblayman va uni imzolash to’g’riisda ko’rsatma berdim. Ushbu qadamni qo’yar ekanmiz, biz Ozarbayjonning dunyo uchun, dunyo iqtisodiyoti uchun ochiq mamlakat ekanini xalqaro hamjamiyatga namoyish etmoqdamiz. Shartnomani imzolash bilan, biz dunyoga yana bir marta Ozarbayjon Respublikasining suveren huquqlarining qaror topganini, Ozarbayjon butkul mustaqil davlat ekanini, xalqimiz o’z boyliklarining egasi ekanini isbotlamoqdamiz. Shartnomani imzolash bilan biz Ozarbayjon Respublikasi va dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari, ularning eng yirik kompaniyalari bilan aloqalar o’rnatmoqdamiz, Ozarbayjon iqtisodiyotining jahon iqtisodiyotiga, erkin bozor iqtisodiyotiga kirishi uchun asos yaratmoqdamiz. Mazkur shartnomani imzolash bilan biz yana bir marta dunyoga Ozarbayjon Respublikasi demokratik va huquqiy davlat ekanini, Ozarbayjonda demokratiya tamoyillarining qaror topishlari hamda rivojlanishlari uchun katta imkoniyatlar ochilayotganini, Ozarbayjon Respublikasi bozor iqtisodiyoti yo’lidan borish niyatida ekanini yana bir marta namoyish etmoqdamiz.

Ushbu shartnomaning imzolanishi Ozarbayjonda bozor iqtisodiyotini amalga oshirish yo’lidagi dastlabki yirik qadamdir. Mazkur shartnomaga qo’l qo’yish bilan biz xorijiy mamlakatlar sarmoyalarining Ozarbayjonga kirib kelishlari uchun katta yo’l ochib beryapmiz. Ozarbayjonda boshqa tarmoq yo’nalishidagi kompaniyalarning faoliyati uchun asos yaratmoqdamiz, dunyoga yana bir marta Ozarbayjonning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barqarorlikni ko’z-ko’z qilmoqdamiz. Shartnomani imzolar ekanmiz, biz neft konsortsiumi tarkibiga kiruvchi kompaniyalarni vakil qilgan Amerika Qo’shma Shtatlari, Rossiya, Angliya, Turkiya, Norvegiya kabi buyuk mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikning do’stona aloqalarini, qolaversa barcha sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan umidvor ekanimizni ma’lum qilamiz.

Shunday qilib, shartnomani imzolash uchun ajoyib muhit yaratilgan va bugun, biz katta voqeaning shohidlari bo’lib turibmiz. Shartnomaning imzolnishi ozarbayjon hayotida, uning iqtisodiyoti, ayniqsa neft sanoati sohasida yangi bosqichni boshlab beradi. Shartnoma 30 yillik muddatga tuzilmoqda. Demak oldimizda uzoq yo’l, katta ishlar, katta vazifalar turibdi. Shartnomani tayorlaganlar yaxshi biladilar, lekin men bu yerda hozir bo’lganlarning hammasiga, butun ozarbayjon xalqiga qarata aytmoqchimanki, shartnomani imzolashga tayorlash qanchalar qiyin kechgan bo’lsa, uni amalga oshirish undan ham qiyin bo’ladi. Har ikki tomon uchun, jumladan ozarbayjon xalqi uchun, Ozarbayjon Respublikasi uchun shartnoma keltiradigan foyda, uning ijobiy natijalari uni bocqichma-bosqich amalga oshirishga bog’liq. Shartnoma ikki tomonlama harakat qilish imkonini beruvchi yo’lga o’xshaydi: zero, har ikki tomondagi harakat bir xil tezlikda amalga oshirilishi kerak. Xorijiy kompaniyalar zimmasiga katta vazifalar qo’yilayotgani shubhasiz. Ushbu kompaniyalar va ular vakil bo’lgan mamlakatlardagi davlat tashkilotlari mazkur shartnomani bajarish uchun zarur choralarni o’z vaqtida ko’radilar, deb umid bildiraman.

Ozarbayjon Respublikasi zimmasiga tushadigan vazifalar qiyinroq va og’irroqdirlar. Ozarbayjon iqtisodiyoti og’ir tushkunlikni boshidan kechirayotgani sizlarga ma’lum. Neft sanoati sohasida ham katta qiyinchiliklar mavjud. Ushbu krizisdan chiqish, Ozarbayjon iqtisodiyotini rivojlantirish, qisqa muddatlarda xalq farovonligini lozim darajaga ko’tarish uchun hamma say’-harakatlarni birlashtirishimiz va qo’lni-qo’lga berib shartnomani bajarish yo’lida mehnat qilmog’imiz kerak. Umid qilamanki, Ozarbayjonning qahramon, tajribali neftchilari, olimlar, iqtisodiyotimizning ushbu tarmog’iga jalb etilganlarning hammasi ushbu shartnomani eng katta, eng faxrli vazifa, deb qabul qiladilar va uni bajarishga kirishadilar. Ozarbayjonning Prezidenti sifatida ushbu shartnomani imzolash to’g’risida ko’rsatma berar ekanman, o’z mas’uliyatimni his qilmoqdaman va shartnomaning bajarilishi uchun menga bog’liq bo’lgan hamma ishlarni amalga oshiraman, deb sizlarga so’z beraman. Bugun, ushbu tantanali va hayajonli damlarda men Ozarbayjon neftchilarini, ozarbayjon xalqini, Ozarbayjonning barcha fuqarolarini ushbu tarixiy voqea bilan tabriklayman. Ushbu sohada mehnat qilgan Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi vakillarining mehnatini, umuman kompaniyaning mazkur yo’nalishdagi faoliyatini qadrlayman hamda erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklayman. Ushbu kontraktni tayorlash uchun katta hajmdagi ishlarni amalga oshirgan xorijiy kompaniyalar, konsortsium rahbariyatini, ushbu kompaniyalarning barcha xodimlarini qalbdan tabriklayman, ularga ezgu tilaklarimni bildiraman va hamkorligimiz muvaffaqiyatli bo’lishiga ishonishimni ma’lum qilmoqchiman.

Xorijiy kompaniyalarni vakil qilgan davlatlar va hukumatlar – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Norvegiya rahbarlarini ushbu voqea munosabati bilan chin qalbdan muborakbod etaman. Ushbu shartnoma asosida biz yanada birlashmoqdamiz va katta hamkorlikka qadam qo’ymoqdamiz va men hamkorligimiz muvaffaqiyatli bo’lishiga, bunga to’sqinlik qilmoqchi bo’lgan har qanday kuchlarga zarba berilishiga, o’z taqdirining, o’z boyliklarining egasi bo’lgan Ozarbayjon, ushbu hamkorlik tufayli jahon iqtisodiy hamjamiyatida o’zining munosib o’rnini egallashiga shubha qilmayman. Ushbu tantanaga yig’ilganlarning, mazkur masalalarga qiziqish bildirayotganlarning barchasini yana bir marta qalbdan tabriklayman va shartnomani imzolashga izn beraman. O’zaro manfaat va yaxshilikka bo’lsin! Ozarbayjon xalqining baxtli kelajagi yo’lida shu yerda, bugun, shartnomaning imzolanishi bilan tabriklayman. Rahmat. 

Shartnomani imzolash tantanasidagi yakunlovchi nutq

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Hurmatli mehmonlar! 

Uch yil mobaynida tayorlangan shartnomani imzolash marosimi yakuniga yetmoqda. Shartnoma imzolab bo’lindi. Men shartnomani imzolashdan avval gapirdim. Va shuning uchun men sizlarni, ozarbayjon xalqini, ikkinchi tomon bo’lgan xorijiy kompaniyalarni, shartnomaga qo’shilgan xorijiy mamlakatlar davlat boshliqlarini, vakillar delegatsiyalarini, barcha-barchangizni ushbu shartnomaning imzolanishi bilan tabriklayman. Xorijiy mamlakatlar vakillari delegatsiyalarining rahbarlari, kompaniyalarning rahbarlari shartnoma imzolanib bo’lingach so’zga chiqib, uning mazmuni, mohiyati va kelajakdagi ahamiyati to’g’risida chiroyli fikrlarni bildirdilar. Barcha chiqishlarda shartnomaning Ozarbayjon uchun ham, hujjatni imzolagan xorijiy mamlakatlar kompaniyalari uchun ham foydali ekani to’g’risida yakdil fikr yangradi.

Chiqishlarda ozarbayjon xalqi, Ozarbayjon Respublikasi to’g’risida maqtov so’zlar aytildi, iliq istak-hohishlar bildirildi. Bu so’zlar uchun men minnatdorman va tantana nihoyasida yana bir marta aytmoqchimanki, bu shartnoma Ozarbayjon Respublikasiga jahon hamjamiyatida munosib o’rin egallashga yordam beradi, mamlakatimiz iqtisodiyotini jahon iqtisodiyoti, erkin bozor iqtisodiyoti bilan yaqindan bog’lash imkoniyatini beradi.

Mazkur shartnomani tayorlash, imzolashda ishtirok etganim uchun men o’zimni juda baxtli, deb hisoblayman. Zimmamga olgan mas’uliyatimni anglayman va umid qilamanki, kelajak avlodlar bugun, bu yerda bo’lib o’tayotgan tarixiy voqeaga munosib baho beradilar.

Yana bir marta sizlarni tabriklayman. Imzolash tantanasining birinchi qismi yakunlandi, deb hisoblayman. Barchangizga, butun ozarbayjon xalqiga baxt, barcha ishlarda yutuqlar tilayman. Rahmat, davomli yutuqlar yor bo’lsin!