Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Toshkentdagi Ozarbayjon elchixonasi binosida O`zbekistonda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashuvda so`zlagan nutqi - 1997 yil 19 iyun


Bugun men elchixona binosining ochilish marosimida so`zga chiqdim. Hozir bu yerga O`zbekistonda yashayotgan ozarbayjonlarning kichik guruhi to`plangan. Sizlarga shuni aytmoqchimanki, biz, mustaqil davlat bo`lgan Ozarbayjonda, dunyoning barcha burchaklarida yashayotgan ozarbayjonlarni qadrdon, deb bilamiz hamda ularga e`tibor, g`amxo`rlik ko`rsatishni o`z burchimiz, deb hisoblaymiz. 

Ozarbayjon mustaqil davlat bo`lganining asosoiy, ijobiy natijalaridan biri shuki, biz jahonda yashayotgan barcha ozarbayjonlar bilan to`g`ridan-to`g`ri, bevosita munosabatda bo`lishimiz, ular bilan aloqa o`rnatishimiz mumkin. 

Men Tochkentda ilgari ham bo`lganman. Sizlar, otalaringiz, bobolaringiz bu yerda ko`pdan beri yashab kelganlar. Lekin o`sha paytlarda, agar men, ozarbayjonlar bilan suhbatlashmoqchiman, ularni yig`ib beringlar, deganimda, bu ijobiy qabul qilinmasdi va amalga ham oshmasdi. O`zbekistondagina emas, balki boshqa sobiq ittifoqchi respublikalarda bo`lar ekanman, ayrim ozarbayjonlar bilan, ularning tashabbuslariga ko`ra, uchrashganman. Ammo ularga men, biz mustaqil davlatmiz, sizlar - xalqimizning bir bo`lagisiz, deb aytolmaganman. U paytlarda bizlar yagona Sovet Ittifoqining, sovet davlatining fuqarolari edik. Binobarin, qayerda yashayotganingni - O`zbekistondami, Gruziyadami, Ozarbayjondami va kimligingni - ozarbayjonmisan, o`zbekmisan, rusmisan, farqi yo`q edi, hamma barobar edi. 

Mustaqillik ko`p narsa berdi. Ammo mustaqillikning eng katta ijobiy natijalaridan biri shu bo`ldiki, bizda dunyoning barcha burchaklarida yashayotgan ozarbayjonlarga g`amxo`rlik ko`rsatish, ular bilan aloqa bog`lash hamda ularning huquqlari to`g`risida o`ylash, ular bilan tez-tez uchrashib turish imkoniyati paydo bo`ldi. Hozirgina sizlar bu yerda Ozarbayjon elchixonasining ochilishiga guvoh bo`ldingizlar. Bu yerga O`zbekiston Prezidenti ham, boshqa yuqori lavozimli shaxslar ham yig`ildilar. Bu yer Ozarbayjonning kichik bir qismi, ozarbayjonlar bilan, sizlar bilan uchrashadigan maskan. 

Bu juda katta yutuq. Lekin o`ylaymanki, bular yutuqlarimizning dastlabki mevalari, xalos. Biz ulardan foydalanishimiz hamda ozarbayjonlarning hamkorligi, birligini ta`minlashda davom etishimiz kerak. 

Dunyoda ozarbayjonlar ko`p. Sobiq Sovet Ittifoqi hududida ham katta miqdorda ozarbayjonlar yashaydi. Masalan, bir hafta avval men Qozog`istonda bo`ldim. Menga aytishdiki, u yerda 110 ming ozarbayjonlar istiqomat qilishar ekan. Bu yerda 44 ming ozarbayjon yashaydi. Qirg`izistonda bo`ldim, aniq eslay olmayman, ammo u yerda ham, taxminan, 40 mingga yaqin ozarbayjonlar yashaydilar. Rossiyada, Ukrainada ko`p ozarbayjonlar yashaydi, Boltiq bo`yi mamlakatlarida ham ozarbayjonlar istiqomat qiladilar. Men sobiq Sovet Ittifoqu hududi to`g`risida gapiryapman. Lekin, Yevropada ham, Amerikada ham ozarbayjonlar ko`p ekanligi ma`lum. Ulardan bir qismi - Erondan ko`chib borishgan. Aytishlaricha, Eronning o`zida 30 millionga yaqin ozarbayjonlar yashaydilar. To`g`ri, sizlar - O`zbekiston fuqarolari bo`laganingizdek, ular - Eron fuqarolari hisoblanadilar. Bu - butkul tabiiy va buning hayron qolarli joyi yo`q. Eronda yashovchi ozarbayjonlar Eron fuqarolaridirlar, lekin ular - ozarbayjonlar, millatlari - ozarbayjon. Ularning tomirlarida ozarbayjon qoni oqmoqda, ozarbayjoncha ananalar, rouh saqlanib qolgan. 

Agar ularni bir yerga jamlasak, ozarbayjonlarning juda ko`pligi ma`lum bo`ladi, va men ularning ko`pligidan xursandman. O`tmishda ham millatimiz ko`p sonli bo`lgan. Hozirgi kunda ko`p ozarbayjonlarning butun dunyoga yoyilib ketganlari ham yomon holat emas. Men, butun millat bir mamlakatda yashashi kerak, deb hisoblamayman. Albatta, har bir millatning o`z Vatani bor. Ozarbayjonni barcha ozarbayjonlarning Vatani, deb bilaman. Bizlarning ozarbayjon ekanimiz hamda Vatanimizning Ozarbayjon, deb atalishi baxtdir. Ammo, O`zbekistonda yashovchi ozarbayjon O`zbekiston fuqarosi hisoblanadi, Qozog`istonda - Qozog`iston fuqarosi, va u, Qozog`iston fuqarosi majburiyatlarini bajarish bilan birga, doimo ozarbayjon bo`lib qoladi va u hechqachon Ozarbayjon tarixini, madaniyatini, ananalarini unutmaydi. Buni unutib bo`lmaydi. 

Sovet hokimiyatining 70 yillik davri mobaynida barcha xalqlar katta sinovlardan o`tganlarini bilasiz. Mana hozir, elchi ham aytib o`tdiki, ko`pchiligingiz, oilalaringiz bu yerga Ozarbayjondan surgun qilingansiz. O`sha oilalarning surgun davrida boshlaridan nimalar o`tganini sizlar mendan yaxshiroq bilasizlar. Qanchalab odamlar halok bo`lganini, qancha qurbonlar berilgani, yo`qotishlar qancha ekanini men bilaman. Masalan, Qozog`istonda qiziqib ko`rsam, - qaysidir viloyatda, qishloqda panoh topgan ekanlar. U yerlar Ozarbayjondan juda uzoqda, Qozog`istonning markaziy shaharlaridan ham uzoqda ekan. Ammo bir qishloqqa jamlanishgan hamda milliy, madaniy, diniy ananalarini, ma`naviy qadriyatlarini saqlab qolishgan. Ularning uzoq vaqt davomida Ozarbayjon bilan aloqalari bo`lmaganini ham aytib o`tish kerak. Oilasida olgan tarbiya natijasida har bir insonda qadriyatlar, salohiyat bo`ladi va ularni yo`q qilib bo`lmaydi. Bu narsalar, barcha qiyinchiliklarga qaramay, saqlanib qoladi. Ehtimol qiyinchiliklarga bardosh berishda ko`maklashadigan omillardan biri ham odamlarning milliy qadriyatlaridan uzulmasliklaridadir. 

Shuning uchun ishonchim komilki, uzoq yillar, o`nlab yillar mobaynida bu yerda yashar ekansiz, sizlar ushbu jamiyatga singib ketgansizlar, ushbu mamlakat hayotida faol ishtirok etmoqdasiz, o`z hayotingizni qurgansiz, ilm olmoqdasiz, bolalaringizni tarbiya qilmoqdasiz, ularga ta`lim bermoqdasiz va ayni paytda o`zingizda millatni hamda Ozarbayjon bilan aloqalarni saqlab qolgansiz. Bu ma`qullashga arzigulik hol. Shunday ekanidan men juda mamnunman. 

Ozarbayjon davlati rahbari sifatida bu yerda yashayotgan barcha ozarbayjonlarni o`zimga qon-qarindosh, deb hisoblayman. Jahonda yashayotgan ozarbayjonlar xususida qayg`urish, imkon darajasida e`tibor va yordam ko`rsatishim kerak, deb o`ylayman. Ayni paytda, ozarbayjonlar, ular qaerda yashamasinlar, Vatanlariga g`amxo`rlik ko`rsatishlari, unga imkoniyatlariga mos ravishda yordam berishlari, uni unutmasliklari, Vatan tashvishlari bilan yashamoqlari kerak. 

Shu o`rinda aytmoqchimanki, ko`p mamlakatlarda istiqomat qiluvchi ozarbayjon jamoasi boshqa mamlakatlar jamoalariga nisbatan u qadar faol emas. Sizlarga ma`lumki, 1988yildan boshlab, Ozarbayjon uchun eng katta muammo Armaniston tomonidan amalga oshirilgan agressiyadir. Uning natijasida fojealar, yo`qotishlar sodir bo`ldi, hududimizning 20% arman qurolli kuchlari tomonidan ishg`ol qilindi. Qancha odamlar nobud bo`ldilar, ko`plari shahid ketdilar. Yerlarimizning bir qismining ishg`ol qilinishi hududimiz yaxlitligiga rahna soldi. 

So`nggi yillarda Ozarbayjon qismatiga tushgan kulfatlardan butun dunyo xabardor bo`lishini hohlaymiz. Biz Armanistonga hujum qilganimiz yo`q. Armaniston Ozarbayjonga hujum qildi. Biz Armaniston hududini ishg`ol qilmadik. Armaniston Ozarbayjon yerlarini bosib oldi. Ushbu sharoitda arman tashviqoti, arman jamoalarining ana shu kichkina arman davlati bilan aloqalari shu qadar kuchli bo`ldiki, ularning hamkorlikdagi faoliyatlari natijasida ko`pgina mamlakatlarda - g`arb mamlakatlari, Amerika, Rossiyada armanilarning hech narsada ayblari yo`q, go`yoki ozarbayjonlar aybdor, degan yakdil fikr paydo bo`ldi. Tushunyapsizmi?! Biz agressiyaga duchor bo`ldik, yerlarimiz bosib olindi, lekin armanilar emas, o`zimiz aybdor bo`lib chiqyapmiz. 

1992 yilda Amerika Kongressi Ozarbayjonga har qanday yordam ko`rsatishni ta`qiqlash, yordam ko`rsatishga embargo solish to`g`risida qaror qabul qildi. Bunga sabab, go`yoki Ozarbayjon Armanistonni qamal qilib turganmish. Armaniston Ozarbayjon hududining 20%ini bosib oldi, aytish mumkinki, aynan Ozarbayjon qamalda qoldi. Ozarbayjonning bir qismi bo`lgan Naxchivan to`laligicha qamal sharoitiga tushib qolgan. Ammo besh yil ilgari Amerika Kongressi shunday qaror chiqardi. Tasavvur qilinga, Amerikada ham biz Ozarbayjon to`g`risidagi fikrni to`liq o`zgartirishga erishdik, lekin uch yildan buyon Kongress qarorini o`zgartirishga ta`sir ko`rsata olmayapmiz. Faqat bugina emas. Ilgari Sovet Ittifoqi tarkibida bo`lgan barcha mamlakatlarga Amerika moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatmoqda, ammo Ozarbayjonga hech bir yordam ko`rsatmayapti. Biz bu yordamdan mahrummiz. Shunaqa ishlar. Biz agressiyaga duchor bo`ldik va yana o`zimiz aybdor ham bo`lib qoldik. 

Buning asosiy sabablaridan biri, bir tomondan, Ozarbayjon davlatining dunyo mamlakatlarida Ozarbayjon to`g`risidagi haqiqatni tarqatishdagi faoliyati sust, ikkinchi tomondan, Armanistondan farqli o`laroq, Yevropa, G`arb mamlakatlari, Amerika Qo`shma Shtatlaridagi ozarbayjon jamoalari - kuchsiz. Arman jamoalari bo`lsa, nihoyatda faollar. Amerikada bir million Armani yashaydi. 250 miilionlik aholiga nisbatan bu katta foiz emas. Ammo, armanilar egallab turgan lavozimlardan kelib chiqib, Amerika siyosatiga ta`sir ko`rsatmoqdalar, turli tashkilotlar tuzib, Armaniston mavqe`ini yoqlashga harakat qilmoqdalar. 

Shu o`rinda men Ozarbayjonda yuz berayotgan jarayonlar - Ozarbayjonda katta o`zgarishlar amalga oshganidan sizlar xabardorsiz - jahonning turli mamlakatlarida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarimizni yanada kuchaytirishlarini hamda o`sha mamlakatlarda istiqomat qilayotgan ozarbayjonlar Ozarbayjon to`g`risida ko`proq qayg`urishlarini istagan bo`lardim. Ozarbayjonning ahvoli, arman-ozarbayjon ziddiyati, agressiya haqida to`g`ri tushuncha shakllantirish eng katta g`amxo`rlik bo`lardi. 

Men bu haqda kecha ham, bugun ham, qayerda imkon berilsa, hamma joyda gapirdim. Lekin, butun ommani, afsuski qamrab ololmayapman. Umid qilamanki, bu yerda elchixonamiz ochilgach, elchixona ham, sizlar ham birgalashib, birinchi navbatda ana shu masalalar bilan shug`ullanasizlar. Masalan, men o`ylaymanki, O`zbekistonda armanilarning soni ozarbayjonlardan kamroq. Ammo, armanilar ozarbayjonlardan kuchliroq ekanliklarini ko`rib turibman. Va bugun biz bu haqda Prezident Islom Karimov bilan suhbatlashdik. Avval bu yerga kelganimda Gabrielyan degan birinchi bosh vazir o`rinbosari bo`lar edi, u hamma ishlarni olib borar, hamma narsa uning qo`lida edi. Ammo faqat Gabrielyan emas, ko`plab armanilar yuqori lavozimlarda ishlar edilar. Hozir ular bormi, yo`qmi, bilmayman, lekin o`sha vaqtda bularni o`z ko`zim bilan ko`rganman. Ular Armanistonni targ`ib qilishar, arman siyosatini ilgari surishardi. 

Tashviqot ishlarini olib borasizlar, deb umid qilaman. Qolgan masalalar ham - ozarbayjon to`g`risida haqiqatni targ`ib qilish, uni o`zbek jamoatchiligiga yetkazish, o`ylaymanki, sizlarni ozarbayjon sifatidagi burchingizdir. Biz esa, aloqalarni kengaytirishga harakat qilamiz. Bugun men ta`kidlaganimdek, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida birinchi elchixonani O`zbekistonda ochdik. Negaki, biz bu mamlakatga katta e`tibor beramiz hamda u bilan aloqalarimizga juda katta ahamiyat beramiz. Oylaymanki, sizlar ham, siyosatimizga mos ravishda, o`z faoliyatingizni Ozarbayjon manfaatlari yo`lida amalga oshirishingiz kerak. 

Ko`p gapirish mumkin, lekin asosiysini aytdim, deb o`ylayman. Hammangizga salomatlik, baxt tilayman. Ozarbayjon bilan aloqalarni kengaytirishga harakat qiling, biz ham sizlar bilan munosabatlarni kengaytirishga harakat qilamiz. Rahmat. 

"Бакинский рабочий" gazetasi, 26 iyun 1997 yil.