Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi parlament kengashining 1996 yil 12 iyundagi VII sessiyasida so`zlagan nutqi


Hurmatli mehmonlar, 

Muhtarama xonimlar va janoblar, 

Sizlarni, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi parlament kengashining ishtirokchilarini, qalban qutlayman, ishingizda muvaffaqiyatlar tilayman. 

Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkil topganiga uch yil to`ldi. Bu muddat ichida davlat, hukumatlar, parlamentlar rahbarlari darajasida, parlament kengashi darajasida, tashqi ishlar vazirlari darajasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Qilingan ishlardan qoniqish hosil qilishga asosimiz bor, ammo, men buni Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi, mazkur, juda muhim mintaqaviy tashkilot atrofida birlashgan mamlakatlarimiz o`z oldilariga qo`ygan vazifalarni amalga oshirishga imkon beradigan darajada yanada kengroq ko`lamga ega bo`lishi yo`lidagi birinchi qadam, deb hisoblayman. 

O`tgan yilning yozida biz Qora dengiz hamkorligi doirasida davlatlar va hukumatlar rahbarlari darajasidagi uchrashuvda Ruminiya poytaxti Buxarestda ko`rishgan edik. Ko`p masalalarni muhokama qilib, harakatlarimiz rejasini tuzgandik. 

Bu reja hayotga tadbiq etilmoqda. Joriy yilning aprelida yana o`sha yerda, Buxarestda, tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bugun bo`lsa, Bokuda parlament kengashining VII sessiyasi bo`lib o`tmoqda. Bularning hammasi bizlarning, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi doirasida hamkorlik qilish uchun birlashgan mamlakatlarning ushbu imkoniyatdan foydalanishga intilayotganimizdan darak bermoqda. Lekin, o`ylaymanki, o`tmishda bajarilgan ishlarga haqqoniy baho beradigan bo`lsak, hali oldimizda katta ishlar turganiga va mazkur sessiya hamkorligimizni yanada mustahkamlashga hamda rivojlantirishga hissa qo`shishiga ishonch hosil qilish mumkin. 

Mamlakatlarimiz orasidagi hamkorlik samarali bo`lishi uchun barcha yo`nalishlarda, jumladan qonunshunoslik, qonunlar qabul qilish sohasida chora-tadbirlarni ko`rish kerak bo`ladi. Hamkorlik muvaffaqiyatli bo`lishi uchun mamlakatlarimizdagi asosiy tamoyillarga tegishli bo`lgan qonunlarni o`zaro moslashtirishimiz, kuchli qonunchilik asosini yaratishimiz zarur. 

Bu birinchi parlament kengashi, va men o`ylaymanki, mazkur sessiya ham, aynan yuqoridagi maqsadlarni ko`zlayotgan parlament kengashining kelajakdagi faoliyati ham bizlarga tashkilotimizni yanada muvaffaqiyatli taraqqiy ettirich imkoniyatini beradi. 

Savollar ko`p, muammolar ko`p. Gap iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar, atrof-muhitni himoyalash, ta`lim, gumanitar aloqalar, fan, texnika sohalaridagi hamkorlik to`g`risida boryapti. Turgan gapki, bularning hammasi hamkorligimiz taraqqiysini mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlashga yo`naltirish bilan bog`liq. 

Umid qilamanki, bugungi sessiya o`z e`tiborini ana shu masalalarga qaratadi hamda biz olg`a tomon muvaffaqiyat bilan harakatlanishimiz uchun yangi qadamlar qo`yadi. 

Ozarbayjon Respublikasi xalqaro tashkilotlar, jumladan mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish masalasiga muhim e`tibor beradi. Va, shundan kelib chiqqan holda, biz Qora dengiz hamkorlik tashkilotidagi ishtirokimizga muhim ahamiyat beramiz va mazkur hamkorlikning har bir mamlakat, jumladan Ozarbayjonga, butun mintaqamizga samarali bo`lishi uchun barcha ishlarni amalga oshiramiz. 

Ozarbayjon Respublikasi o`zining tashqi siyosatida dunyoning barcha mamlakatlari bilan o`zaro manfaatli bo`lgan munosabatlar va aloqalarni o`rnatish hamda rivojlantirishga intiladi. Va biz ushbu sohada mustaqillik yillarida muhim ishlarni amalga oshirganimizdan, Ozarbayjon jahon hamjamiyatida munosib o`rin eggalaganidan, dunoyning ko`plab mamlakatlari bilan hamkorlik va do`stona munosabatlar o`rnatganidan va qator mintaqaviy tashkilotlar, jumladan Qora dengiz hamkorlik tashkiloti faoliyatida ishtirok etayotganidan mamnunmiz. 

Mintaqamizda joylashgan mamlakatlar oldida, tashkilotimiz faoliyati doirasida, barchamiz imkoniyatlarimizni birlashtirgan holda, hal qilinishi zarur bo`lgan ko`plab umumiy vazifalar, umumiy maqsadlar turibdi. Bu haqda biz o`tgan yilning yozida Buxarestda gaplashgan edik. Davlatlar rahbarlari tomonidan qator takliflar ilgari surilgandi, ularning ko`pi bugungi kunda amalga oshirilmoqda. O`ylaymanki, agar iqtisodiy hamkorligimizni qaysidir darajada Kaspiy bo`yi mamlakatlari hamkorligi bilan bog`lay olsak, Qora dengiz hamkorligi yanada samarali bo`lardi. 

Qora dengiz va Kaspiy dengizi bir-birlariga yaqin joylashganlar. Qora dengiz sohillarida ko`p mamlakatlar joylashgan, tashkilotimizga Qora dengizga bevosita aloqador bo`lgan 11 mamlakat a`zo bo`lib kirgan. Ayni paytda, beshta Kaspiy bo`yi mamlakatlari ham hamkorlik qilish uchun samarali asos qidirmoqdalar. Bu haqda men Buxarestda aytib o`tgandim, hozir ham ta`kidlamoqchiman - agar biz Qora dengiz mamlakatlari hamkorligini Kaspiy bo`yi mamlakatlari bilan bog`lay olsak, bu ish hammamiz uchun manfaatli bo`lardi. Hozirning o`zida Markaziy Osiyo, Kavkaz va Qora dengiz mamlakatlarini o`zaro bog`lovchi transport kommunikatsiyalari loyihalari ishlab chiqilayotganini ham aytib o`tish kerak. 

Yaqinda Turkmanistonda transport kommunikatsiyalari hamda mazkur sohada hamkorlik qilish to`g`risida O`zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya o`rtasida kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuv Markaziy Osiyodan yuklarni Kaspiy dengizi orqali Qora dengiz portlariga, ulardan Yevropaga, Qora dengiz havzasidagi boshqa mamlakatlarga yetkazib beruvchi, shuningdek aks yo`nalishda tashish imkonini beruvchi transkavkaz magistrali yaratilishini nazarda tutadi. Bu esa, menga yana bir marta e`tiboringizni Qora dengiz iqtisodiy hamkorligini Kaspiy bo`yi iqtisodiy hamkorligi bilan bog`lash zaruriyatiga qaratishga asos beradi. 

Ish davomida yangi takliflar, yangi savollar paydo bo`lishi tabiiy. Barcha qimmatli, foydali takliflarni a`zo mamlakatlar, butun mintaqamizning manfaatlari yo`lida amalga oshirish uchun ularga juda katta e`tibor bilan munosabatda bo`lish siz bilan bizning vazifamizdir. 

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotimizga a`zo mamlakatlarning ko`pchiligi harbiy to`qnashuvlarga duch keldilar. Ko`plari mamlakatlar ichki hayoti bilan bog`liq muammolarni boshlaridan o`tkazmoqdalar. Tashkilotimizga a`zo davlatlarni shartli ravishda ikki guruhga bo`lish mumkin. Bular - ko`pdan beri suveren, mustaqil bo`lgan va tanlab olgan yo`llaridan borayotgan mamlakatlar va ikkinchi guruh - Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda ilgari Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan davlatlar. Ular o`tish davrini, iqtisodiytni, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni qayta qurish, milliy davlatchilikning shakllanishi, milliy mustaqillikning oyoqqa turishi bosqichidan o`tmoqdalar. 

Har ikki guruh mamlakatlarida bizlarning mushtarak, o`xshash holatimiz bilan bog`liq va yaqindan integratsiyalashuv va hamkorlikda ish yuritishni taqozo qilivchi savollar bor. Aytmoqchi, bugun Rossiya Federatsiyasi Davlat suvereniteti kuni, milliy bayrami. Imkoniyatdan foydalanib Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini milliy bayram - Davlat suvereniteti kuni bilan qalbdan tabriklayman, barcha Rossiya xalqlariga baxt hamda farovonlik tilayman. 

Rossiya davlat suvereniteti sanasini bayram qilmoqda. Qora dengiz iqtisodiy hamkorligiga a`zo, mustaqilliklarini Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan so`ng qo`liga kiritgan mamlakatlar milliy davlatchiliklarini qurmoqdalar, muammolarni hal qilmoqdalar va ular ham atoqli sanalarni nishonlamoqdalar. Ammo eng muhimi - ular davlat mustaqilligi, davlat suvereniteti qo`lga kiritilgandan so`ng duch kelingan muammolarga qarshi kurashmoqdalar. Aytmoqchimanki, ko`pdan buyon, ehtimol juda uzoq davrlardan beri mustaqil bo`lgan mamlakatlar, tashkilotimizga a`zo Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga kiruvchi mamlakatlardagi muammolar bir-birlariga yaqin va o`xshashlar. Hamkorlikdagi faoliyatimiz ushbu muammolarni ko`proq muvaffaqiyat ila hal qilishga imkon yaratadi. 

Bizning Ozarbayjonda o`tish davri, ya`ni davlat mustaqilligi va suvereniteti qo`lga kiritilgandan so`ng boshlangan davrga o`ta jiddiy jarayonlar tamg`asi bosilgan. Biz uchun eng og`riqli, eng murakkab muammo Armanistonning Ozarbayjon Respublikasiga tegishli bo`lgan Tog`li Qorabog`ni egallab olishga intilishi natijasida 1988 yilda Armaniston va Ozarbayjon o`rtasida vujudga kelgan harbiy ziddiyatdir. O`sha yilda boshlangan harbiy ziddiyat Armanistonning Ozarbayjonga qarshi harbiy agressiyasiga aylandi. Ushbu agressiya Ozarbayjon Respublikasiga katta talafot yetkazdi. Biz ko`p yo`qotishlarni boshimizdan o`tkazdik, odamlar halok bo`ldilar. Jiddiy moddiy zarar ko`rdik, ma`naviy zarar ko`rdik. Arman qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjon hududining 20%i bosib olingan. Sobiq Tog`li Qorabog` avtonom viloyatining huduidan tashqari Tog`li Qorabog` atrofidagi yettita tuman yerlari ishg`ol qilingan. Bosib olingan Tog`li Qorabog` va boshqa tumanlar yerlaridan Ozarbayjonning milliondan ortiq aholisi majburan badarg`a qilingan. Ular o`ta qiyin sharoitlarda, ko`pchiliklari chodirlarda kun kechirmoqdalar. 

Yashab turgan joylaridan kuch bilan quvib yuborilgan hamda to`rt-besh yildan beri chodirlarda yashab kelayotgan Ozarbayjon fuqarolari kechirayotgan a`zoblarni jahonning yana biron-bir mamlakatida uchratish qiyin bo`lsa kerak. Bunday holatni na Afrika, na Yaqin va O`rta Sharq, na Falastin va na Afg`onistonda, hech qayerda topib bo`lmasa kerak. 

Aytishlaricha, statistikaga ko`ra dunyoda 20 million qochqin bor ekan. Aholisining soni yetti million bo`lgan Ozarbayjonda bir million qochqin bor. Bu Ozarbayjon Respublikasi, Ozarbayjon xalqi yuzma-yuz kelgan og`ir kulfatdir. Ozarbayjonliklarning bosib olingan yerlarida aholining ko`plab avlodlari tomonidan yaratib kelingan barcha narsalar vayron qilindi va talab ketildi. Bunday vahshiylikni boshqa joyda uchratish ehtimoldan uzoq bo`lsa kerak. 

Hatto Ikkinchi jahon urushi, Ulug` Vatan urushi davrida ham Sovet Ittifoqining fashist qo`shinlari tomonidan bosib olingan kattagina hududlarida ham bu darajada vayronagarchiliklar, bu darajada vahshiyliklar bo`lmaganini yaxshi bilaman. Bu biz boshimizdan kechirayotgan haqiqatdir. Bu barcha uchun ogohlantiruvchi belgidir. Separatizmni, hujumkor millatchilikni, shovinizmni rivojlanishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi, buning natijalari ana, koz o`ngimizda turubdi. Bunday xatar faqat bu yerda emas, sobiq Sovet Ittifoqining ko`plab mintaqalarida, ayniqsa Kavkazda ham mavjud. 

Biz bu haqda Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon davlat rahbarlarining 3 iyunda bo`lib o`tgan uchrashuvida gaplashgandik. Ozarbayjon uchun bu katta kulfat va turgan gapki, milliy davlatchilikni mustahkamlash yo`lidagi bizning sa`y-harakatlarimizga katta zarar yetkazuvchi omildir. Xalqaro huquqning muqaddas tamoyili buzuldi - Ozarbayjon hududiy yaxlitligiga dahl qilindi. Bularning barchasiga qaramay biz Ozarbayjonda mustaqil demokratik, huquqiy, taraqqiy etgan davlat qurmoqdamiz. Biz hayotimizning barcha jabhalarini demokratlashtirish yo`lidan bormoqdamiz, biz iqtisodiyot sohasida demokratiya sari ilgarilamoqdamiz. Biz Ozarbayjon xususiyatlarini hisobga olgan holda, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini amalga kiritmoqdamiz. Biz dunyoning barcha mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqdamiz va iqtisodiy hamkorlik uchun, iqtisodiy integratsiya uchun ochiqmiz. Biz milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish manfaatlari yo`lida, hamkorlikda iqtisodiy faoliyat yuritish maqsadida Ozarbayjonga xorijiy sarmoyalar kiritilishini qo`llab-quvvatlaymiz. 

Biz ko`p asrlik do`stlik iplari bog`lab turgan, iqtisodiy sohada mustahkam aloqalar o`rnatilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari bilan integratsiyalashuv munosabatlariga katta ahamiyat beramiz. Biz ushbu integratsiyalashuv jarayonlarini rivojlantirmoqdamiz va rivojlantirishda davom etamiz. 

Armaniston tomonidan amalga oshirilgan xuruj natijasida respublikamizga yetkazilgan katta moddiy va ma`naviy talafotga qaramay, yarashuv shartnomasi zarur, degan fikrga qo`shildik va 1994 yilning may oyida ushbu shartnoma imzolandi. Mana ikki yildirki, Armaniston va Ozarbayjon o`rtasida urush harakatlari olib borilmayapti, o`qlar otimayapti, qon to`kilmayapti, qurbonlar berilmayapti. Bu holat Ozarbayjon xalqining tinchlikparvar tabiatini, Ozarbayjon davlatining tinchlikparvar siyosatini namoyish qilganidan, umuman olganda, respublikamizda ijobiy qarshi olindi. Biz mintaqamizda, butun dunyoda, mamlakatimizda tinchlik bo`lishi tarafdorimiz. Biz urushni xohlamaymiz. Biz urush hech qachon baxt, farofonlik olib kelmaydi va har qanday urush tinchlik bilan barham topadi, deb hisoblaymiz. Lekin, keyinchalik, urush oqibatlarini, har qanday xuruj oqibatlarini, urush yetkazgan jarohatlarni yo`qotish uchun ko`p xarajatlar, mehnat va vaqt kerak bo`ladi. Biz bularni yaxshi anglaymiz. Shuning uchun tinchlik tarafdorimiz. Binobarin, ikki yil avval yarashuvga rozi bo`lar ekanmiz, mazkur ziddiyatni tinch yo`l bilan hal etish mumkin, degan tamoyildan kelib chiqqanmiz va hozir ham shu fikrdamiz. Biz shuni xohlaymiz. 

Bugun men qayta bayonot beramanki, biz Armaniston bilan abadiy adovatda yashaymiz, deb xayolimizga keltirayotganimiz yo`q. Armaniston bilan katta hududda chegaradoshmiz, va qadim zamonlardan beri xalqlarimiz yonma-yon, qo`shni bo`lib yashab kelmoqdalar. Binobarin mintaqamizdagi, Kavkazdagi tinchlik Kavkaz mamlakatlari, Kavkaz ortida esa - Gruziya, Armaniston va Ozarbayjon orasida yaxshi qo`shnichilik aloqalari o`rnatish hisobigagina ta`minlanishi mumkin. Shu munosabat bilan biz Ozarbayjon bilan katta umumiy chegaraga hamda teran tarixiy tomirlarga ega Rossiya bilan ham hamkorlik qilishga katta ahamiyat beramiz. 

Yarashuv bosqichida biz barcha imkoniyatlardan ziddiyatni tinch yo`l bilan, adolatli hal qilishga urinib keldik va bugun ham urinishda davom etmoqdamiz. Asosan EXHTning Minsk guruhi imkoniyatlaridan, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo`shma Shtatlari, EXHT Minsk guruhining boshqa a`zolari, jumladan Turkiya, Germaniya, Frantsiya va boshqa ko`p mamlakatlarning imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Biz ushbu yo`nalishdagi sa`y-harakatlarimizni davom ettiramiz. Rossiyaning Armaniston va Ozarbayjon o`rtasidagi ziddiyatni tinch yo`l bilan hal qilish yo`lidagi vositachilik hatti-harakatlari muhim ahamiyatga ega. Rossiya EXHT Minsk guruhining hamraisi va u hamrais sifatida mazkur muammoni hal qilish bilan faol shug`ullanmoqda. Zero, ushbu masalani tinch yo`l bilan, adolatli hal qilish uchun Rossiya katta imkoniyatlarga ega. 

Biz arzigulik, adolatli shartlarni taklif qilmoqdamiz, biz ushbu muzokaralarda aniq maqsad bilan harakat qilmoqdamiz, tinchlikka erishish uchun yon bosishlarga rozi bo`lmoqdamiz. Bizning takliflarimiz Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash, Ozarbayjon Respublikasining xalqaro darajada tan olingan chegaralari daxlsizligini ta`minlashdan iborat. Buning uchun arman qurolli kuchlarini bosib olingan hududlardan olib chiqish, ularda yashab kelgan fuqarolarni, vayron qilingan bo`lsada, qadrdon uylariga, ona yurtlari, tabarruk yerlariga qaytarish uchun zarur sharoitlarni yaratish kerak. O`z yerlaridan quvg`in qilinganlarning har birida yagona orzu - qadrdon tuproqqa, ajdodlar dafn qilingan yerlarga, ota-bobolari asrlar davomida yashab kelgan o`z yerlariga qaytish orzusi bor. Bu muhim shart. 

Ayni paytda, biz tabiiy ravishda Tog`li Qorabog`dagi arman aholisi, Ozarbayjondagi arman ozchiligi - u yerda yuz mingga yaqin armanilar yashaydi, asrlar davomida Tog`li Qorabog`da yashab kelgan ozarbayjonlar u yerdan quvg`in qilindilar, xavfsizligi ta`minlanishi lozim va mumkin, buning uchun Tog`li Qorabog`ga Ozarbayjon davlati tarkibida hozirgi zamon amaliyotida mavjud bo`lgan eng yuqori darajadagi avtonomiya berilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bular bizning takliflarimiz, ular Armanistonga ham, Ozarbayjonga ham to`g`ri keladi. Hududimizning bir qismi bosib olinganidan foydalanib, harbiy ustunlik bizning tomonda, deb o`ylab bizga bosim o`tkazilishiga va Tog`li Qorabog`ga kuch bilan davlat mustaqilligi berib, uni Armanistonga qo`shib olinishiga biz, albatta, yo`l qo`ya olmaymiz. 

Dunyoda biron-bir davlat ham bunga rozi bo`lmaydi. Hech bir xalqaro tashkilot ham xalqaro huquqning, xalqaro huquqiy va davlatlaro munosabatlarning bunday toptalishiga yo`l qo`ya olmaydi. Biz ana shu yo`nalishda harakat qilamiz. Bugun men takror aytamanki, biz muammoni tinch yo`l bilan bartaraf qilish tarafdorimiz, biz harbiy xatti-harakatlarning yana boshlanib ketishiga yo`l qo`ymaymiz, joriy yilning aprelidagi Luksemburg uchrashuvida ham, MDH davlatlari boshliqlarining Moskvadagi 17 may kunidagi uchrashuvida ham, Kislovodskda 3 iyun kuni bo`lib o`tgan Rossiya, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ham, qabul qilingan hujjatlar, bayonotlarda biz ziddiyatni tinch yo`l bilah hal etish va o`t ochishni to`xtatish tartibiga amal qilish tarafdori ekanimizni yana bir bor tasdiqladik. 

Sizlarni bular to`g`risida xabardor qilib, vaqtingizni olganimni to`g`ri tushunasizlar, deb o`ylayman. Ammo men shunday qilish kerak, deb o`yladim. Negaki, aynan bu mavzu Qora dengiz havzasi mintaqasidagi xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik muammosiga bevosita aloqadordir. Qora dengiz havzasidagi boshqa mamlakatlar ham katta muammolarga, ziddiyatlarga duch kelganlarini men ham bilaman, sizlar ham bilasiz. Rossiyadek buyuk davlat Chechen muammosi, Chechen separatizmiga yuzma-yuz bo`ldi. Bir yarim yildan beri urush bormoqda va, turgan gapki, biz bunga befarq emasmiz, Rossiya Federatsiyasi hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun chora-tadbirlarni amalga oshirish, separatizmning har qanday ko`rinishiga barham berish huquqiga ega, deb hisoblaymiz. O`zimiz ham shunday huquqqa egamiz. O`ylaymanki, hammamiz ham zamonamizning hujumkor separatizm, terrorizm va zo`ravonlikning boshqa turlari kabi jirkanch illatlariga qarshi bir xil yondoshishimiz kerak. 

Takror aytamanki, biz demokratik, huquqiy davlat qurulishi yo`lidan bormoqdamiz. Biz milliy davlatchiligimizni, davlat mustaqilligimizni mustahkamlamoqdamiz va mustahkamlashda davom etamiz. Biz ana shu asosda jahondagi ko`p mamlakatlar, va birinchi navbatda qo`shni mamlakatlar, Qora dengiz havzasi mamlakatlari bilan do`stlik aloqalarini o`rnatish va eng samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish mumkin, degan fikrdan kelib chiqamiz. Do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, inson huqulariga va xalqlar huquqlariga rioya qilish, har bir mamlakat suverenitetini hurmat qilish tamoyillari asosida. 

Demokratlashtirish jarayonlari bizda, Ozarbayjonda murakkab ichki siyosiy sharoitlarda amalga oshmoqda. Vakillari bu yerda o`tirgan ko`p mamlakatlardan farqli ravishda biz Ozarbayjonda, harbiy ziddiyat, Armaniston tomonidan amalga oshirilgan harbiy xuruj bilan bir qatorda, murakkab ichki siyosiy muammolarga duch keldik. Davlat mustaqilligi qo`lga kiritilgach, bu yerda uzoq yillar davomida barqarorlik bo`lmagan. O`tgan davr ichida Ozarbayjonda uch marta hokimiyat o`zgargan va afsuski, buni amalga oshirishda qurolli guruhlardan, noqonuniy qurolli tuzulmalardan foydalanilgan. Hamda rosa uch yil oldin, 1993 yilning iyunida Ozarbayjonda fuqarolar urushi boshlangan, hokimiyat inqirozi yuzaga kelgan, va Ozarbayjon ichki qarama-qarshiliklar, fuqarolar urushi halokatlari yoqasiga borib qolgan. 

Biz bularning barchasini yengib o`ta oldik, hodisalar rivojiga yo`l qo`ymaslikni uddasidan chiqdik. Biroq, taassufki, o`sha qurolli tuzulmalar, maqsadlariga erishish, hokimiyat tepasiga kelish uchun noqonuniy qurolli tuzulmalarga tayangan, o`zlarini davlat, siyosat arboblari, deb ataganlar o`z ruhiyatlari, o`z qarashlari bilan yashashda davom etdilar. Pirovardida, 1994 yilning oktyabrida biz qurolli davlat to`ntarishiga urunishga duch keldik. Bu narsani butun xalq kuchi, butun xalq ko`magi bilan yengishni, oldini olishning iloji bo`ldi. Prezident da`vati bilan 1994 yilning oktyabrida Prezident saroyi oldida, ertasiga Bokudagi Hurriyat maydonida to`plangan millionlab odamlarning qo`llab-quvvatlashi bilan ziddiyatning oldi olindi va biz o`sha qurolli guruxlarni qurolsizlantirishga erishdik. 

Lekin voqealar ta`siri saqlanib qolgandi va takror aytamanki, taxminan 1989 va 1990 yillarda Ozarbayjonda shakllangan shart-sharoit, taassufki, o`z ta`sirini sezdirib turdi. Binobarin, 1995 yilda biz Ichki ishlar vazirligi nazoratidan chiqqan, respublikaning ichi va undan tashqaridagi oppozitsiya kuchlari bilan birikkan alohida bo`linmaning qurol yordamida hokimiyatni ag`darishga urinishiga ikki bor duch keldik. Biz bu xatarni ham daf qilishni uddasidan chiqdik. Terrorchilik xurujlarini amalga oshirishga intilishlar bo`lib o`tdi. 

Bularning hammasi so`nggi yillardagi hayotimiz voqeligidir, bularning hammasi, bir jam bo`lib, mamlakatimizda bo`lib o`tayotgan jarayonlarga salbiy ta`sir o`tkazib keldi va, turgan gapki, demokratik o`zgarishlarni amalga oshirish yo`lida bizga to`g`anoq bo`ldilar. 

Lekin, bularning hammasiga qaramay, biz tanlab olgan yo`limizdan, demokratiya yo`lidan, demokratik, huquqiy davlat qurush yo`lidan ishonch bilan bormoqdamiz. Va ana shu yo`ldan bora turib, biz o`tgan yilning noyabr oyida, yalpi ovoz berish, referendum yo`li bilan Ozarbayjon Respublikasining birinchi Konstitutsiyasini qabul qildik va uni demokratiya tamoyillarini, milliy davlatchilik tamoyillarini, insoniy huquqlar tamoyillarini, dunyoning boshqa ko`plab mamlakatlarida demokratik qurulish tajribasini aks ettiruvchi Konstitutsiya, deb hisoblaymiz. 

O`sha kunlari, o`tgan yilning noyabrida, demokratik saylovlar asosida mustaqil Ozarbayjon Respublikasining birinchi parlamenti saylandi. Biz hozir Konstitutsiya moddalarini amaliyotga kiritish bosqichidamiz, parlamentimiz faoliyatini kengaytirmoqdamiz. Biz hali ko`p qonunlar qabul qilishimiz kerak. Biz islohatlar dasturlarini, ayniqsa xususiylashtirish, qishloq xo`jaligi sohasida islohatlarni, yer islohatini va bshq.ni amalga oshirishda kech qolmoqdamiz. 

Lekin men, biz juda orqada qolib ketdik yoki ko`p narsani yo`qotdik, deb hisoblamayman. Biz boshqa mamlakatlar, ayniqsa MDH mamlakatlari tajribasini kuzatdik, biz bir xil muammolarni boshimizdan o`tkazmoqdamiz va mazkur mamlakatlardan ijobiy tajriba olishga, ular yo`l qo`ygan xatolarni chetlab o`tishga harakat qilamiz. 

Albatta bularning barchasida biz boy ananalarga ega bo`lgan demokratik mamlakatlar yutuqlariga qarab mo`ljal olamiz. Bozor iqtisodiyoti tamoyillarini amalga oshirar ekanmiz, biz o`zlarining hozirgi iqtisodiy tizimlarini yaratish va iqtisodiy bozor munosabatlarini qaror toptirish jarayonida o`n yilliklargagina emas, asrlarga teng yo`l bosib o`tgan mamlakatlar tajribasidan ko`p narsa olmoqdamiz. Biz g`arb davlatlari tajribasini keng qo`llamoqdamiz, lekin Ozarbayjonning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olamiz va kelajakda ham ushbu boy tajribadan foydalanishda davom etamiz. 

Sizlarni Ozarbayjon hayotining ayrim tomonlari bilan tanishtirishni lozim topdim. Lekin, men eng avvalo mamlakat rahbari sifatida, biz yanada samarali hamkorlikni yo`lga qo`yishimiz, bir-birimizni yaxshiroq tushunishimiz, xatti-harakatlarimizni to`g`riroq muvofiqlashtirishimiz uchun o`zaro mavjud muammolarimizdan xabardor bo`lishimiz kerak, deb mavjud imkoniyatdan foydalanish zarur, deb hisobladim. 

Bugun Ozarbayjonda barqaror ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi. Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqtisodiy integratsiya, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar va imkoniyatlar mavjud. Neft konlarini hamkorlikda tasarruf etish uchun jahonning eng yirik neft kompaniyalari bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirishga kirishganimizdan xabaringiz bor. Ularning orasida g`arb neft kompaniyalari ham, Rossiya va Turkiya neft kompaniyalari ham bor. Bu, o`ylashimcha, qaysidir darajada iqtisodiyotimizning iqtisodiy hamkorlik uchun ochiq ekanini tasdiqlovchi misoldir. Mamlakatimizda barqarorlik ta`minlangan, iqtisodiy qo`shma hamkorlikni kafolatlovchi qonunlar bor, Konstitutsiya bor, qo`shma loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlar mavjud. Bularni biz Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi mamlatlari bilan ham, dunyoning boshqa barcha mamlakatlari bilan ham amalga oshirishimiz mumkin. 

O`ylaymanki, Qora dengiz havzasi mamlakatlari doirasidagi hamkorlik mamlakatlarimiz, davlatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasida do`stlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun beqiyos imkoniyatdir. Xalqlarimiz orasida juda qadim zamonlardan buyon iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalar mavjud. Bu aloqalar bizlarni boyitib, barchamiz uchun manfaatli bo`lib kelgan. Biz bu ananalarga avaylab munosabatda bo`lishimiz, kelajak avlodlar uchun hayot poydevorini yaratishda va hozirgi hayotimiz manfaatlari yo`lida ulardan mumkin qadar samarali foydalanishga harakat qilishimiz kerak. 

Shundan kelib chiqqan holda, mavjud imkoniyatdan foydalanib, sizlarni do`stlikka, hamkorlikka, birgalikda faol harakat qilishga chaqiraman. Ozarbayjon ochiq, Ozarbayjon tinchlik istaydi, va Ozarbayjon qiyofasida siz hamisha do`stlik, hamkorlik, kelajakdagi munosabatlar uchun ishonchli sherik topa olasiz. Sizlarga, hurmatli do`stlar, ishingizda muvaffaqiyatlar tilayman. Tashkilotimizga a`zo barcha mamlakatlar va xalqlarga yutuqlar hamda farovonlik tilayman, mintaqamizga tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik tilayman. 

E`tiboringiz uchun rahmat. 

"Бакинский рабочий" gazetasi, 13 iyun 1996 yil.