Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning 2001 yil 1 noyabrda – jahon ozarbayjonlari I Qurultoyida so’zlagan nutqi


   "...Muhtaram vatandoshlar!

Yana bir marta qalbimning tubidan chiqayotgan so’zlarni takrorlamoqchiman: har bir inson uchun milliy mansublik g’urur manba’idir. Men har doim ozarbayjon ekanimdan faxrlanganman va bugun ham faxrlanaman.

Mustaqil Ozarbayjon davlatining asosiy g’oyasi ozarbayjonchilikdir. Har bir ozarbayjon milliy mansubligi bilan faxrlanishi kerak, biz ozarbayjonchilikni – Ozarbayjonning tili, madaniyati, milliy-ma’naviy qadriyatlari, odatlari va ananalarini rivojlantirishimiz kerak. Biz qabul qilgan ozarbayjon tilini rivojlantirish to’g’risidagi muhim qaror aynan shu maqsadni nazarda tutadi. Biz Ozarbayjonda lotin alifbosiga o’tish to’g’risida qaror qabul qildik. Bugun Ozarbayjonda barcha odamlar, barcha davlat muassasalari faqat lotin alifbosidan foydalanmoqdalar. Bu bizning milliy o’zligimizdan, ozarbayjonligimizdan guvohlik beruvchi favqulodda muhim omildir. Biz ozarbayjon tilini rivojlantirish yo’lidagi say’-harakatlarimizni bundan keyin ham davom ettiramiz.

Bilingki, har bir millat uchun til juda qadrlidir. Biz uchun ozabayjon tili, bizning ona tilimiz favqulodda qadrlidir, negaki uzoq yillar davomida ona, ozarbayjon tilimiz hayotimizda yetarli darajada keng o’rin egallamay keldi. Lekin, shunga qaramay, har bir ozarbayjonlik ozarbayjon tilini saqlab qolishga o’zining ozmi-ko’pmi hissasini qo’shdi. Xususan, bizning yozuvchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz, shoirlarimiz o’sha qiyin davrlarda ozarbayjon tili uchun juda ko’p ishlar qildilar.

Bugun hadsiz g’urur bilan shuni aytishim mumkinki, XX asrda ozarbayjon tili juda katta taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. E’tibor beringa, qanchalar tilimiz boy, qanchalar yoqimli, qanchalar jozibador va qanchalar u, istalgan fikrni ifoda eta olish uchun, katta lug’aviy boylikka ega..."