Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti Haydar Aliyevning Yevropa Kengashiga a’zo davlatlar va hukumatlar rahbarlarining sammitida so’zlagan nutqi – Strasbourg, Yevropa saroyi, 11 oktyabr 1997 yil

Hurmatli janob rais! 

Hurmatli xonimlar va janoblar! 

Yevropa Kengashi Ikkinchi sammiti ishtirokchilarini qalbdan qutlayman. Yangi mingyillik arafasida umumyevropaning o’ta muhim muammolarini muhokama qilishga bag’ishlangan ushbu obro’li xalqaro forumda mustaqil Ozarbayjon Respublikasining birinchi marta ishtirok etayotganidan juda mamnunman. 

Sayoramizda ro’y bergan buyuk ijobiy o’zgarishlar – sovuq urushning tugashi, temir to’siqning yemirilishi, - Yevropani birlashtirdilar, demokratiya yo’lini tanlab olgan yangi mustaqil davlatlarning Yevropa tuzulmalariga a’zo bo’lishlariga sharoit yaratdilar. 

Ushbu jarayonlarda Yevropa Kengashi muhim rol o’ynamoqda va biz uning tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga, pluralist demokratiya tamoyillari va umuminsoniy qadriyatlarni butun Yevropa qit’asida qaror topishiga qo’shayotgan hissasini yuqori baholaymiz. 

Ozarbayjon, o’zining butun tarixi davomida, Yevropa bilan, uning ajralmas qismi bo’lgani holda, yaqindan aloqalarni rivojlantirib kelgan. 

Mustaqillikni qo’lga kiritgach, Ozarbayjon Respublikasi, murakkab va fojiali yo’lni bosib o’tdi. O’tish davrining qiyinchiliklari, ichki siyosiy beqarorlik, noqonuniy qurollangan guruhlarning boshboshdoqligi, davlat to’ntarishiga bo’lgan qator, to’xtovsiz urinishlar, ijtimoiy-iqtisodiy krizis, qo’shni Armanisron agressiyasining buzg’unchi oqibatlari boshboshdoqlik va tartibsizlik, inson huquqlarining ommaviy buzulishi muhitini yaratdilar, ozarbayjon davlatchiligining mavjud bo’lishini tahlika ostida qoldirdilar. 

Katta say-harakatlar evaziga biz qisqa muddat ichida mamlakatda ahvolni barqarorlashtirishga hamda demokratik, huquqiy, dunyoviy davlat va bozor iqtisodiyotini qurishga qaratilgan keskin siyosiy va iqtisodiy islohatlarni amalga oshirishga kirishishga muvaffaq bo’ldik. 

Ilk marta Respublika Parlamentiga ko’p partiyaviylik asosida saylovlar o’tkazildi. Umumxalq referendumi yo’li bilan inson uchun zarur erkinliklar va huquqlarni kafolatlovchi birinchi Konstitutsiya qabul qilindi. O’nlab siyosiy partiyalar, yuzlab mustaqil ommaviy axborot vositalari, so’z, vijdon erkinliklari, milliy ozchiliklarning rivojlanishlari uchun qulay sharoitlar – bularning hammasi mamlakatimizda demokratik jamiyat shakllanayotganidan guvohlik beradi. 

Iqtisodiyotni erkinlashtirish, inflyatsiya jarayonlarini eng past darajaga tushirish, xorijiy sarmoyalarni keng jalb qilish, xususiylashtirish dasturini, jumladan yerga xususiy egalikni muvaffaqiyat bilan amalga oshirish Ozarbayjon iqtisodiyotini uzoq davom etgan tanazzuldan chiqishi va ishlab chiqarishning real o’sishi hamda mamlakatimiz fuqarolari turmush darajasining oshishi uchun sharoit yaratdilar. 

Albatta, biz o’tish davrining ob’yektiv qiyinchiliklarini boshimizdan o’tkazishni davom ettirmoqdamiz, yetmish yillik totalitar tuzumning og’ir merosi ham ta’sirini o’tkazmoqda, lekin demokratik islohatlarning muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgani, ushbu islohatlarni respublika fuqarolarining mutlaq ko’pchiligi qo’llab-quvvatlayotganligi Ozarbayjonda mustaqillik va demokratiyaning ortga qaytmas jarayon ekanini tasdiqlamoqda. 

Armaniston Respublikasi tomonidan amalga oshirilgan agressiyaning oqibatlari biz uchun eng katta muammo bo’lib qolmoqda. Uning natijasida Ozarbayjon hududining yigirma foizi ishg’ol qilindi, milliondan ortiq aholi yashab turgan joylaridan quvg’in qilindilar va chodir shaharchalarda chidab bo’lmas sharoitlarda istiqomat qilmoqdalar. 

Biz YXHTning arman-ozarbayjon ziddiyatini adolatli hal etishga qaratilgan say-harakatlarini qoniqish bilan qabul qilmoqdamiz. YXHTning Lissabon sammiti 1996 yilning dekabrida ushbu masala yuzasidan favqulodda muhim qaror qabul qildi. Lissabon tamoyillari – Ozarbayjon va Armanistonning hududiy yaxlitligini tan olish, Tog’li Qorabog’ga Ozarbayjon davlati tarkibida o’z-o’zini boshqarish oliy darajasini va Tog’li Qorabog’ning barcha aholisiga xavfsizlik kafolatlarini berishdan iborat. 

Biz Yevropa Kengashi Parlament assambleyasining 1997 yil 22 apreldagi, Ozarbayjon davlati hududiy yaxlitligini, arman-ozarbayjon ziddiyatini hal qilish bo’yicha Lissabon sammiti tamoyillarini tasdiqlovchi Qarorini yuqori baholaymiz. Bu hujjatlar xalqaro huquq meyorlari asosida tinchlikka erishish uchun yaxshi asosdirlar. 

1994 yilning mayida biz Armaniston bilan O’t ochishni to’xtatish bo’yicha bitim tuzdik va ziddiyat uzul-kesil hal etilguniga qadar unga amal qilish niyatidamiz. 

Biz ziddiyatni ikki bosqichda hal qilish bo’yicha YXHT Minsk guruhi hamraislari – Rossiya, AQSh va Frantsiyaning – yaqinda kiritgan taklifini quvvatlaymiz: birinchi bosqichda – arman qurolli tuzulmalarini Ozarbayjonning bosib olingan olti tumanidan olib chiqish, bu tumanlar aholisini istiqomat joylariga qaytarish va urush jarayonida buzulgan kommunikatsyalarni tiklash, ikkinchi bosqichda – Tog’li Qorabog’ mavqe’ini Lochi va Shusha tumanlarini ozod qilish bilan birga hal etish. 

Bugun men ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilishning sobitqadam tarafdori ekanimizni, Armaniston bilan uzoq muddatli va barqaror tinchlik istashimizni yana ta’kidlayman. Agressiya tufayli Ozarbayjonga yetkazilgan og\'ir talafotga qaramay, biz mamlakatlarimiz orasida yaxshi qo’shnichilik va hamkorlik aloqalarini tiklashni, xalqlarimizning farovonligi va gullab-yashnashini, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni istaymiz. 

Xonimlar va janoblar! 

1996 yilning iyunida Yevropa Kengashining Parlament assambleyasi Ozarbayjonga “maxsus taklif qilingan” mavqeini berdi, biz, shuningdek, Yevropa madaniyat konventsiyasi va Yirik tabiiy va texnologik falokatlarda himoya va yordamni tashkil qilish, ularning oldini olish bo’yicha ochiq parsial bitimning a’zolarimiz. 

1996 yilning 13 iyulida men Yevropa Kengashi Bosh kotibiga maktub yo’llab, Ozarbayjon Respublikasini Yevropa Kengashining teng huquqli a’zoligiga qabul qilishni so’radim. Inson huquqlari bo’yicha Yevropa konventsiyasiga qo’shilishga tayor ekanimizni ma’lum qilganim holda, men Yevropa Kengashi Vazirlar Qo’mitasidan Ozarbayjon hukumati bilan mazkur masala xususida muzokaralarni tezlashtirishni so’radim. 

Biz Yevropa Kengashi muassasalari bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz, ular o’tkazayotgan tadbirlarda ishtirok etmoqdamiz, Yevropa Kengashi delegatsiyalari uchun Ozarbayjonda barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. 

Mamlakatimizda demokratik o’zgarishlarning rivojlanishida Yevropa Kengashining yordamiga katta umidlar bog’lamoqdamiz. Umid qilamanki, Ozarbayjon tez orada Yevropa Kengashining to’lahuquqli a’zosiga aylanadi. O’z tomonimizdan biz hozirgi zamon Yevropa demokratiyasining oliy o’lchamlariga munosib bo’lish uchun hamma choralarni ko’ramiz. 

Hurmatli xonimlar va janoblar! 

Oliy darajadagi uchrashuvimiz jo’shqin va fojiali yigirmanchi asrga yakun yasamoqda, kelasi yuz yillik uchun rejalar hamda vazifalar belgilamoqda. Avvalgidek, ozodlik, demokratiya va insonparvarlik g’oyalari bilan jipslashgan yangi Yevropa insoniyatning taraqqiyoti hamda farovonligida muhim rol o’ynashda davom etadi. 

Ulkan tabiiy zaxiralar, boy madaniy va intellektual salohiyatga ega bo’lgan Ozarbayjon Respublikasi ushbu oliyjanob jarayonga o’zining munosib hissasini qo’shadi, deb ishonaman. 

E’tiboringiz uchun tashakkur. 

O’zbek tiliga matn rus tilidan, “Bakinskiy rabochiy” gazetasining 15 oktyabr 1997 yil soniga asosan tarjima qilindi.