Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning “Uch dengiz afsonasi” konferentsiyasining ochilishi marosimida so’zlagan nutqi. Istambul, 25 iyun 2002 yil

Hurmatli janob rais, 

Hurmatli konferentsiya ishtirokchilari, 

Barchangizni chin qalbdan qutlayman va konferentsiya ishiga muvaffaqiyatlar tilayman. 

Bugun biz muhokama qilayotgan mavzu katta tarixga ega.  “Uch dengiz afsonasi” – Kaspiy dengizi, Qora dengiz va O’rta Yer dengizi – konferentsiyasi mana besh yildan beri o’tkazib kelinmoqda. Nega u ilgarilari o’tkazilmagan? Chunki, birinchidan, bizning bugungi ishlarimiz shu qadar o’zaro bog’liq bo’lishlari to’g’risida ma’lumot juda ham kam edi, qolaversa, ko’pchilik bunga ishonmasdi ham. Lekin, - men bularni Ozarbayjonni maqtash uchun aytayotganim yo’q, - Ozarbayjonda, Kaspiyda gaz va neftning juda ham boy zahiralari borligi va ularni tasarruf qilish masalalari birinchi bor ilgari surilgach, 1994 yilda “Asr shartnomasi”, deb atalgan shartnoma imzolangach, butun dunyo bo’ylab Kaspiy dengizini keng muhokama qilishlar boshlanib ketdi. Negaki, dunyoda Kaspiy dengizi bu qadar boy neft va gaz konlariga ega ekanini ko’pchilik bilmasdi. 

Biz esa, Ozarbayjonda, buni bilardik. Chunki, Ozarbayjon olimlari, geologlari 50-60 yil ilgariyoq Kaspiyning chuqur suv osti qismidan neft va gaz qazib chiqara boshlagandilar. Umuman olganda, aynan Ozarbayjonda 150 yil ilgari dunyoda birinchi marta neft sanoat uslubi bilan qazib chiqarila boshlangan. Va aynan Ozarbayjonda dunyoda birinchi bo’lib neft dengiz chuqurliklaridan olina boshlangan. Bizlar Ozarbayjonda bu haqda bilganmiz va bu bilan shug’ullanganmiz. 

Ammo, Ozarbayjon davlat mustaqilligini qo’lga kiritgach, boyliklariga o’zi egalik qila boshlagach, respublikamiz mazkur boyliklarni kengroq va samaraliroq tasarruf qilish yo’lida katta qadamlar qo’ya boshladi. 1994 yilning sentyabrida Bokuda Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi va dunyodagi eng yirik 11 neft kompaniyasi o’rtasida Kaspiy dengizidagi ozarbayjon sektorida joylashgan «Azeri-Chirog’-Gyuneshli» konlarini tasarruf qilish bo’yicha «Asr shartnomasi», deb atalgan shartnomaning imzolanishi bu ishga asos yaratgan birinchi qadam bo’ldi. 

Takror aytaman, biz bu shartnomani imzolayotganimizda butun dunyoda Kaspiy dengizi to’g’risida ma’lumotlar hali yetarli emasdi. Bugun esa, ma’lumki, Kaspiy dengizi uglevodorod zahiralarining hajmi bo’yicha hech bo’lmaganda Shimoiliy dengizga qiyoslanishi mumkin. 

Agar Shimoliy dengizning qazib olinishi mumkin bo’lgan zahiralari qoldiqlari 2,2 milliard tonnani tashkil qilsalar, faqatgina “Azeri-Chirog’-Gyuneshli” konlarining tasdiqlangan, qazib olinishi mumkin bo’lgan neft zahiralari taqriban 730 million tonnaga tengdirlar. Gap faqat shu konlar to’g’risida boryapti. Ozarbayjon esa, dunyoning turli kompaniyalari bilan 20 dan ortiq shartnomalarni imzolagan. Turgan gapki, ularning imkoniyat ko’lamlari turlicha, bir-birlaridan farqlanadilar. Lekin ularni jamlasak, Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektorida imkoniyatlar naqadar keng ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. 

Bugun Kaspiy dengizining Qozog’iston sektorida ham ulkan neft va gaz konlari mavjud ekani ma’lum bo’ldi. Rossiya va boshqa sektorlarda ham katta neft va gaz konlari mavjud. Shunday qilib, 1994 yildan boshlab, biz Kaspiy dengizini targ’ib qila boshladik, u mashhur bo’lib qoldi. Yer tagidan, buning ustiga katta hajmlarda, neft va gaz olishning imkoniyati bor ekan, demak ularni eksport ham qilish, sotish kerak. Buning ham yo’llari izlanmoqda. O’sha davrda Kaspiy dengizi orqali turli neft quvurlarini yotqizish masalalari ilk marotaba ilgari surilgandi. 

Bugungi kunda allaqachon ma’lumki, 1997 yilda biz Kaspiydan Qora dengizgacha Boku-Novorossiysk neft quvurini yotqizdik. Demak biz Kaspiy dengizini Qora dengiz bilan bog’ladik. Ikki yil o’tgach,1999 yilda, biz Kaspiydagi «Chirog’» konida qazib olinayotgan neftni Novorossiysk quvuri orqali eksport qilolmay qolardik. Shuning uchun biz, bugungi kunda o’ta samarali xizmat qilayotgan, Bokuni Qora dengizdagi Supsa gruzin porti bilan bog’laydigan neft quvurini yotqizdik. Aytishim mumkinki, 1999 yildan hozirgi kungacha  mazkur neft quvuri orqali 20 million tonnadan ortiq neft eksport qilindi, mazkur neft quvuri kelajakda ham katta ahamiyat kasb etishda davom etadi. 

Lekin bu ham bizni qoniqtirmayotgandi. Biz 1994 yildayoq Boku-Tbilisi-Jeyxan neft quvuri to’g’risida xayol qilgandik. O’sha paytlari juda ozchilik bunga ishongandi. Bunga to’sqinlik qilganlar ham ko’p bo’lgan, hozirgi kunga qadar, ayrimlar bu loyihani xomxayol hisoblaydilar. Yoki Kaspiy dengizidagi neft uni quvur, Boku-Tbilisi-Jeyxan neft quvuri orqali eksport qilish uchun yetarli emas, deb hisoblaydilar. Bugun ularga javob berib shuni aytmoqchimanki, 2010 yilda “Azeri-Chirog’-Gyuneshli” konlarida 50 million tonna neft qazib olinadi hamda bu Boku-Tbilisi-Jeyxan neft quvurining ishlashi uchun bemalol kifoya qiladi. Lekin boshqa konlar ham bor. 

Bu yerda mendan oldin so’zga chiqqan do’stlarim, prezidentlar buni qayd qilib o’tishdi. Boku-Tbilisi-Jeyxan quvuridan Qozog’iston ham, boshqa Kaspiy bo’yi mamlakatlari ham foydalanadilar. Biz Boku-Tbilisi-Jeyxan neft quvurini qurishga kirishdik. O’ylaymanki, ushbu qurilish yetarli darajada muvaffaqiyatli bo’ladi. Bayonot beramanki, 2005 yilda Boku-Tbilisi-Jeyxan katta export neft quvurining qurilishi nihoyasiga yetadi va biz hammamiz – bugungi konferentsiya ishtirokchilari, mening do’stlarim, prezidentlar, O’rta Yer dengizidagi turk porti Jeyxanga yo’l olamiz hamda u yerda Kaspiy neftining tankerlarga ortilishining guvohi bo’lamiz. 

Barcha ishlar pirovardida uch dengiz afsonasini yaratdilar. Shuning uchun aytmoqchimanki, beshinchi marta o’tkazilayotgan mazkur konferentsiyaning – uch dengiz afsonasining – onasi bitta. Bu Kaspiy dengizidir. Onaning yonida esa, Ozarbayjon joylashgan. 

Biz Kaspiy dengizidan Qora dengizgacha, u yerdan esa – O’rta Yer dengizigacha yetib boramiz, deb bir vaqtlar tasavvur ham qilib bo’lmasdi. Uzunligi ikki ming kilometr bo’lgan katta neft quvuri yotqizilmoqda. Bu - haqiqatan ham afsona. 

Ushbu konferentsiya ishtirokchilari va tashkilotchilariga aytmoqchimanki, bu afsona davom ettiriladi, rivojlanadi. Kaspiy dengizi konlaridan, - bu Ozarbayjon sektori bo’ladimi, Qozog’iston yoki boshqa istalgan davlat sektori bo’ladimi - qazib olinadigan neft va gazning hammasi eksport qilinadi, deb oylayman. Yangi quvurlar quriladi.

Masalan, bu haqda, Ozarbayjon koni “Shaxdeniz” munosabati bilan, hurmatli Prezident, mening aziz do’stim Axmed Nejad Sezer juda chiroyli gapirdi, - biz hammasini tayorlab, imzolab bo’ldik. Quvur yotqizilmoqda, u orqali gaz to’g’ri Turkiyaga, Erzurumga yetib boradi.Lekin, bu birinchi manzil xalos. Biz, kelajakda Kaspiy dengizida qazib olinadigan gaz yanada uzoqroqqa – Yevropaga ham yetkazib berilishi mumkin, deb hisoblaymiz. Negaki, bizda imkoniyatlar ko’p. 

Shunday qilib, uch dengiz afsonasi – haqiqatan ham katta afsona. Biz bu afsonaning yaratilishiga guvoh bo’ldik va uni haqiqatga aylantirdik. Haqiqat shuki, Kaspiy dengizida neft va gaz qazib chiqarilmoqda. Haqiqat shuki, Boku-Novorossiysk va Boku-Supsa neft quvurlari ishlab turibdi. Haqiqat shuki, Boku-Tbilisi-Jeyxan asosiy eksport neft quvurining qurilishi boshlandi. Haqiqat shuki, Boku-Tbilisi-Erzurum gaz quvurining qurilishi boshlandi. Bularning hammasi hayotga tadbiq qilindi. Bu – haqiqat. 

Bugun men mening muhtaram do’stlarimga yangi afsona haqida o’ylab ko’rishni taklif qilmoqchiman. Negaki, bularning hammasi endi afsona emas, balki shu kunning haqiqatlaridir. Bugun men konferentsiyada ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Muhtaram raislar, bu yerga taklif uchun sizlarga minnatdorchilik bildiraman. Bu yerda hozir bo’lgan do’stlarim – Turkiya Respublikasi Prezidenti, hurmatli Axmed Nejed Sezerga, Gruziya Prezidenti, hurmatli Eduard Shevarnadzega, Ruminiya Prezidenti, hurmatli Ion Ilieskuga, Ukraina Prezidenti, ajoyib inson, hurmatli Leonid Kuchmaga o’z ehtiromimni bildiraman. Bugun ertalabdanoq delegatsiyalarimiz bilan birga favqulodda sermahsul ishni amalga oshirishimizdan behad mamnunman. 

Rahmat, sizlarga minnatdorchilik bildiraman.   

\"Бакинский рабочий\" gazetasi, 28 iyul 2002 yil