Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Alievning 1998 yilning 8 sentyabrida tarixiy Ipak Yo’lini tiklash bo’yicha Bokuda o’tkazilgan xalqaro konferentsiyada so’zlagan nutqi

Muhtaram davlat va delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Insoniyat tamadduni tarixi jarayonida yo’llar, transport tarmoqlari siyosat, iqtisodiyot, madaniayatga ta’sir ko’rsatib, doimo katta ro’l o’ynab kelganlar. Buning yorqin misollaridan va ramzlaridan biri - ko’plab mamlakatlar va xalqlarning ming yillik tarixi, Xitoyning qadimiy madaniyati, yevropaliklarning buyuk geografik kashfiyotlari, o’rta asr musulmon Renessansi va boshqa ko’p omillarni o’z ichiga olgan, global va betakror Buyuk Ipak yo’lidir.

Ozarbayjon qadimdan Buyuk Ipak yo’lining muhim halqasi bo’lgan hamda Yevropa va Osiyo orasida o’ziga xos ko’prik vazifasini o’tagan. Kavkaz, Kaspiy va Qora dengiz havzalarida joylashgan mamlakatlar rivojlangan savdo, madaniy ayirboshlash, diniy bag’rikenglik hududi, Buyuk Ipak yo’lining betakror tarkibiy qismlaridan biri bo’lganlar.

Insoniyat tarixining ajralmas qismi bo’lgan Buyuk Ipak yo’li rivojlanish va taraqqiyot davrlarini boshidan kechirdi. Urushlar, g’oyaviy va geosiyosiy ziddiyatlar, chegaralar davrining boshlanishi bilan u hayotimizdan g’oyib bo’ldi va go’zal afsonaga aylanib qoldi.

Lekin «sovuq urush» tamom bo’ldi, xalqlar mustaqillikka yuz tutdilar, jahon siyosatida umuminsoniy qadriyatlar, demokratik me’yorlar, integratsiya jarayonlari ustivor bo’lib qoldilar hamda Buyuk Ipak yo’li g’oyasi tarixning talabi o’laroq yana kun tartibiga chiqdi.

1993 yilning may oyida Brusselda milliy va davlatlararo transport kommunikatsiyalari va savdo yo’llarini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishga bag’ishlangan Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarining maxsus uchrashuvini o’tkazish to’g’risidagi Yevropa Ittifoqi komissiyasining qarori uzoqni ko’zlab qabil qilinganini aytmoq kerak.

Ushbu uchrashuvda ta’sis etilgan Yevropa - Kavkaz - Osiyo (TRASEKA) transport yo’lagi dasturi yevro-osiyo hududida amalga oshiriliayotgan eng zamonaviy, iqtisodiy jihatdan eng samarali loyihalardan biri bo’lib qoldi.

O’tgan besh yil mobaynida dasturda ishtirok etuvchi mamlakatlar bilan hamkorlik, Yevropa Ittifoqi komissiyasining faol yordami tufayli kommunikatsiya obyektlarini qurish va zamonaviylashtirish, tegishli qonunlar va nizomlarni tayorlash, kadrlar tayorlash, bojxona va to’lovlar siyosatlarini takomillashtirish sohalarida katta ishlar amalga oshirildi.

1996 yilning may oayida Turkmanistonning Seraxs shahrida Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston va O’zbekiston orasida tranzit yuk tashishlarni me’yorlashtirish bo’yicha Bitimning imzolanishi dastur taraqqiyotida muhim voqea bo’ldi. Unga keyin boshqa mamlakatlar ham qo’shildilar. Mazkur bitimga muvofiq to’lovlar ellik foizga kamaytirildi, bojxona rasmiyatchiliklari soddalashtirildi, tashilayotgan yuklarning xavfsizligi va himoyasi ta’minlandi. Natijada, Yevropa va Osiyo o’rtasida transkavkaz yo’lagi orqali tashilayotgan yuklar hajmi so’nggi yillarda deyarli o’n barobarga oshdi.

TRASEKA dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, hamkorligimizni yangi darajaga olib chiqish - konferentsiyamiz mavzusi bo’lgan Buyuk Ipak yo’lini tiklash dasturini qabul qilishga asos bo’ldi.

TRASEKA ishchi guruhi tomonidan tayorlangan «Xalqaro transport va Yevropa - Kavkaz -Osiyo yo’lagini rivojlantirish bo’yicha asosiy ko’p yoqlama bitim», uning texnik ilovalari, Boku deklaratsiyasi muhim iqtisodiy, siyosiy, tarixiy ahamiyatga egalar.

Ularning qabul qilinishi savdo-sotiqning rivojlanishiga, tabiiy zaxiralarni o’zlashtirish va tashish, Yevropa, Qora dengiz, Kavkaz, Kaspiy dengizi va Osiyo mintaqalarida o’zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga sharoit yaratadi.

Tarixiy  Buyuk  Ipak  yo’lining  tiklanishi, jarayonga yangi mamlakatlar va mintaqalarning jalb etilishi xalqlarimizning o’zaro yaqinlashishlari va manfaatli hamkorlik qilishlari, mustaqil davlatlarimizning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, demokratik, bozor iqtisodiyoti islohatlarini muvaffaqiyat bilan amalga oshirishga kuchli turtki bo’ladi, hammamiz uchun tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Ibtidosi tarixga taqaladigan Buyuk Ipak yo’li kelajak sari yo’ldir. Va men ishonamanki, agar biz bu yo’ldan qo’lni-qo’lga berib, o’zaro hurmat va hamkorlikka amal qilib qadam tashlasak, u xalqlarimizni muqarrar farovonlik va yorqin kelajak sari olib boradi.

E’tiboringiz uchun tashakkur.