Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning qochqinlar, inson huquqlari va migratsiya qonunchiligi masalalari bo’yicha Bokuda o’tkazilgan xalqaro konferentsiyada so’zlagan nutqi – 14 noyabr 1994 yil

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Hurmatli konferentsiya qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Ozarbayjonda bunday nufuzli konferentsiyaning o’tkazilishini men juda yuqori baholayman. Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan uch kun mobaynida amalga oshirilgan ish, muhokama qilingan masalalarni Ozarbayjon Respublikasi hayoti uchun juda muhim, deb hisoblayman.

Konferentsiya hozirgi kunda dunyo jamoatchiligini juda qiziqtirayotgan hamda dunyo jamoatchiligi va ayniqsa Ozarbayjon Respublikasi, bizning xalqimiz uchun o’ta muhim bo’lgan masalaga – qochqinlar, inson huquqlari va migratsiya qonunchiligi masalalariga bag’ishlandi. Bu masalalar hozirgi kunda dunyoda ro’y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar uchun juda muhimdirlar va konferentsiyani o’tkazish tashabbusini ilgari surgan hamda uning tashkil etilishini ta’minlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, uning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati, BMTning Ozarbayjondagi vakolatxonasi, BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyatining Ozarbayjondagi vakolatxonasi va Ozarbayjon Respublikasi Oliy Sovetida alohida qiziqish uyg’otmoqdalar.  

Qochqinlar muammosi insoniyat tarixida har doim muhim bo’lgan. Ammo xalqaro tashkilotlar tomonidan alohida e’tibor bu masalaga XX asr o’rtasida, ikkinchi jahon urushi yakunlangach, berila boshlangan. 1961 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqinlarga oid maxsus qarorning qabul qilinishi hamda 1967 yilda qochqinlar mavqe’ini aniqlash munosabati bilan qabul qilingan qarorlar ushbu muammoga bo’lgan chuqurroq, jiddiyroq munosabatning ifodasi bo’ldilar.

BMTning ushbu muhim va dunyoda mashhur qarorlari qabul qilingach, yer sharining qochqinlar bilan bog’liq mintaqalarida, alohida olingan davlatlarda katta tajriba to’plandi. Hozirgi kunda BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati ushbu masalalar bilan juda yuqori darajada shug’ullanib, faoliyat yuritmoqda. Bu jarayonlar, tadbirlar jamiyat, odamlar uchun, har bir inson uchun va inson huquqlarini himoya qilish uchun juda muhimdirlar. Bugungi konferentsiya ham ushbu tadbirlarning tarkibiy qismidir. 

Dunyo hamjamiyatining, insoniyatning bir qismi sifatida ozarbayjon xalqi, mustaqil Ozarbayjon Respublikasi BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati tuzilganidan hozirgi kungacha bo’lgan faoliyatini yuqori baholaydilar. Bugun men yana bir marta unga bo’lgan munosabatimizni ifodalamoqdaman. Biz BMT, uning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati bundan keyin yanada kattaroq ishlarni amalga oshiradilar, deb umid bildiramiz. Negaki, keying yillarda dunyoda qochqinlar muammosi yanada keskinlashdi, qochqinlarning soni yanada oshdi. Dunyoning ko’p mintaqalarida qochqinlar muammosi katta kulfatlarga, xalqlarning, odamlarning, davlatlarning foje’asiga olib keldi. Shuning uchun bu muammo hozir umuminsoniy, umumjahon muammolari qatorida eng muhimlaridan hisoblanadi.

Hayotining, tarixining keyingi paytida ushbu muammolar bilan Ozarbayjon Respublikasi, Ozarbayjon xalqi ham to’qnash keldi. Ular Ozarbayjon Respublikasi hayotida ayni damda paydo bo’lgan qiyinchiliklar, keskinliklarning asosiy sababchisidirlar. Shu sababdan mazkur muammolar bizga tanish, ularga munosabat biz uchun nisbatan kattaroq ahamiyat kasb etadi. Biz masalaga alohida qiziqish bilan qaraymiz hamda mazkur muammoning bosqichma-bosqich  hal qilinishi Ozarbayjon Respublikasining bugungi kuni va kelajagi uchun o’ta muhimdir.

Aynan shu sababli Ozarbayjonda ishonchga loyiq bunday konferentsiyaning o’tkazilishi bir tomondan, respublikamizda shakllanib ulgurgan holatdan kelib chiquvchi zaruriyat bo’lsa, ikkinchi tomondan, BMT, xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda qochqinlar muammosi qanchalar keskinlashganidan allaqachon xabardor ekanliklaridan guvohlik beradi. Ozarbayjonda bunday konferentsiyaning o’tkazilishi BMT, barcha xalqaro tashkilotlar tomonidan Ozarbayjon Respublikasiga ko’rsatilayotgan katta g’amxo’rlikning, mamlakatimizda dolzarb bo’lib turgan qochqinlar muammosiga berilayotgan e’tiborning ifodasidir. Men yana bir marta bu g’amxo’rlik, bu e’tibor va munosabat uchun o’z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman.  Mazkur nufuzli konferentsiya Ozarbayjonda qochqinlar muammosini hal qilishda, va, umuman olganda, mamlakatda mavjud bo’lib turgan qiyin ahvoldan uni olib chiqishda samarali natijalar beradi, deb ishonch bildirmoqchiman.

Sizlar, konferentsiya qatnashchilari, shu kunlar ichida respublika miqyosida ham, xalqaro miqyosda ham ushbu muammolarning huquqiy tomonlarini, insoniylik qirralarini, qochqinlar, majburiy ko’chirilganlar masalasini, ularga bog’liq qonunchilik mavzularini tahlil qildingiz. Menga ma’lum qilinichicha, sizlar qochqinlarga insonparvarlik yordami ko’rsatish masalalariga alohida e’tibor ko’rsatdingiz, qochqinlar masalasi bilan bog’liq inson huquqlari muammolarini muhokama qildingiz. Hech bir shak-shubhasiz, bularning hammasi juda muhim. Biz buni kelajakdagi ishlarimiz sari yo’ldagi yangi katta qadam, deb hisoblaymiz va ana shunday hajmdagi ilmiy, nazariy hamda, ayni paytda, amaliy tahlildan keyin umuman mazkur sohalarda o’zgarishlar bo’ladi, deb umid qilamiz. Negaki, Ozarbayjon misolida zarur hulosalar chiqarib bo’lgach, BMT, uning Qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati, xalqaro tashkilotlar, xalqaro huquq organlarining ushbu masala bo’yicha yangi qarorlar qabul qilishlari ehtimoldan holi emas. Bularning barchasini biz o’ta muhim, deb hisoblaymiz. Ammo, biz uchun eng muhimi, ushbu konferentsiyadan keyin bizning qochqinlar muammosining hal qilinishida ma’lum o’zgarishlar paydo bo’lishi, aniq ijobiy natijalarning qo’lga kiritilishidir.

Keyingi yillar, o’n yilliklar mobaynida dunyoda quvg’inlar, majburiy ko’chirilganlar soni, shubhasiz, oshdi. Bu holat davlatlararo paydo bo’layotgan, shuningdek milliy hamda etnik muammolar bilan bog’liq ziddiyatlarning natijasidir. Ayni paytda, bu holat alohida kuchlar, alohida davlatning,  davlatlarning zo’ravonlik hatti-harakatlari, ya’ni bir mamlakat, bir kuch tomonidan boshqa davlat, millat huquqlarining poymol qilinishi, uning yerlarining bosib olinishi, unga nisbatan kuch ishlatilishi bilan bog’liq.

Ozarbayjon xalqi, so’nggi yillarda boshiga tushgan barcha qiyinchiliklardan so’ng, qochqinlar muammosi insoniyat uchun naqadar og’ir ekanini ich-ichidan tushunib yetdi. Xalqimiz dunyoning barcha burchaklaridagi qochqinlar, majburiy ko’chirilganlarning naqadar og’ir ahvolda ekanini teran anglaydi, ular kechirayotgan uqubatlarni o’ziniki, deb hisoblaydi. Dunyoning har bir mintaqasidagi qochqinlar bilan, majburiy ko’chirilganlar bilan bog’liq holat  o’z xususiyatlariga ega. Gap sabablarning turlicha ekani, shuningdek qochqinlar tushib qolgan turli, ba’zan bir-biridan farq qiluvchi holatlar to’g’risida boryapti. Ammo, bizningcha, Ozarbayjon Respublikasi hududidagi qochqinlar, majburiy ko’chirilganlarning ahvoli eng og’ir, eng murakkab va eng chidab bo’lmasdir. Mamlakatimizda qochqinlar, ko’chirilganlarning paydo bo’lishi sabablari ham shunga o’xshash muammolarning boshqa minataqalarda paydo bo’lishlari sabablaridan keskin farq qiladi va bularning hammasi kichik mamlakat, davlat – Ozarbayjon Respublikasi uchun o’ta og’ir muammolarni tashkil qiladi.

Qochqinlar, majburiy ko’chirilganlar muammolarini, inson huquqlari masalalarini muhokama eta turib, sizlar, konferentsiya ishtirokchilari, ma’lum darajada bu masalalarni guruhlarga bo’lishni, ya’ni qochqinlarga alohida mavqe’ va majburiy ko’chirilganlarga alohida mavqe’ berishni taklif qildingiz, bu tabiiy hol albatta. Bizning respublikamizda qochqinlar ham, majburiy ko’chirilganlar ham bor, binobarin ularning barchalarining huquqlari, shubhasiz toptalgan, poymol qilingan. Agar huquqlar, mavqe’ masalalarini bir chekkaga qo’yadigan bo’lsak, insoniy, siyosiy jihatlardan ularning barchalari qochqindirlar. Biz respublikamizda qochqinlar sharoitlarida yashayotgan barcha insonlarga qochqinlarga bo’lgandek munosabatda bo’lish kerak, deb hisoblaymiz.

Konferentsiya ishtirokchilariga, va ayniqsa, BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyatiga umumjahon statistikasi yaxshiroq ma’lum albatta, biroq muammolarni tahlil qilib ko’rib, ma’lum qiyoslashlarni amalga oshirgach, biz asosli ravishda ayta olamizki, 7 million aholiga ega bo’lgan Ozarbayjon Respublikasidek kichik mamlakatda bir milliondan ko’proq qochqinlarning mavjud bo’lishi eng dahshatli holatdir. Dunyoning yana biron-bir mamlakatida shunga o’xshash holatning mavjud bo’lishi ehtimoldan uzoq albatta.

Ma’lumki, respublikamizda bunday miqdordagi qochqinlarning mavjud bo’lishi Armaniston, arman millatchi guruhlari tomonidan Ozarbayjon Respublikasiga, Ozarbayjon hududiga tajovuz maqsadida boshlab yuborilgan, dastavval siyosiy, undan keyin esa, harbiy xatti-harakatlarning natijasidir. Bularning barchasi 1988 yilda boshlandi. O’sha yili Armanistonda yashovchi barcha ozarbayjonlar zo’ravonlik, ularga nisbatan o’tkazilgan bosim, ta’qiblar, jiddiy ig’vogarliklar, boshqa jismoniy hatti-harakatlar natijasida u yerdan majburan ko’chirib yuborildilar. Ular Ozarbayjonga ko’chib kelishga majbur bo’ldilar. Bundan keyin axis turklarining bir qismi boshqa mintaqalardan kelib o’rnashdilar. Armanistondan kelgan qochqinlarni qabul qilgan va qiyin ahvolda qolgan Ozarbayjon boshqa mintaqalardan, boshqa mamlakatlardan kelgan qochqinlarni – axis turklarini ham qabul qildi. Undan keyin, Ozarbayjonga nisbatan ochilgan urush, harbiy xuruj natijasida mamlakatimiz fuqarolarining o’zlari ham tug’ulib o’sgan uylarini tashlab, bevosita Ozarbayjon hududida qochqinlarga aylandilar.

Aytib o’tganimdek, hozir Ozarbayjonda bir milliondan ortiq qochqin bor. Qochqinlar qatoriga tushub qolgan har bir oila uchun bu fojeadir. Bu qochqinga aylangan har bir fuqaro uchun fojeadir. Bu Ozarbayjon xalqining, Ozarbayjon Respublikasining fojeasidir. Hech shubha yo’qki, xalqaro jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar Ozarbayjon tushub qolgan bu holatga, mamlakatimizning fojeaviy ahvoliga ko’proq e’tibor ajratishlari kerak. Ko’proq yordam berishlari kerak. Men so’nggi yillar mobaynida BMT, uning Qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati, barcha xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan qochqinlar bilan bog’liq, Armanistonning Ozarbajonga nisbatan xuruji, yerlarimizning bosib olinishi bilan bog’liq faoliyatlarini yuqori baholayman. Mazkur konferentsiya ishtirokchilari huzurida turib, jahon hamjamiyati shohidligida bugun barcha ushbu tashkilotlarga ozarbayjon xalqi, Ozarbayjon Respublikasi nomidan, o’z nomimdan alohida minnatdorchilik va tashakkur bildiraman.

Ammo, ayni paytda, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun, barcha xalqaro tashkilotlarning, xalqaro jamoatchilikning e’tiborini Ozarbayjondagi qochqinlar ahvoliga ko’proq jalb etish uchun quyidagilarni aytishni xohlagan bo’lardim: afsuski, Ozarbayjon tushib qolgan ahvol  jahon hamjamiyatining barcha qatlamlariga ma’lum emas. Ehtimol bu bizning mazkur masala bo’yicha zaif faoliyatimizning hosilasidir, ayni paytda, ehtimol xalqaro tashkilotlar ham Ozarbayjon Respublikasidagi qochqinlar ahvolidan, Ozarbayjon tushib qolgan ushbu fojiaviy holatni yetarli darajada teran his qilmaganlari sababli, umuman mamlakatimizda bunday og’ir qochqinlar muammosining mavjudligidan xabardor bo’lmagandirlar. Biz buni matbuot sahifalarida ham ko’rib turibmiz, ayrim mamlakatlarda o’tkazayotgan uchrashuvlar, muloqatlar davomida his qilmoqdamiz. Amalga oshirilgan ishlarning ijobiy tomonlari borligi bilan bir qatorda, aytish mumkinki, qochqinlar muammosiga yetarli ahamiyat hozircha mavjud emas va bu bizning umumiy nuqsonimizdir.

Mamlakatimizda birinchi marta o’tkazilayotgan ushbu juda salohiyatli, keng vakolatli, ishonchga loyiq konferentsiya, Ozarbayjonda malakatimizdagi qochqinlar ahvoliga munosabat nuqtai-nazardan, jahon hamjamiyati tomonidan u haqida to’liq ob’ektiv xabardorlik nuqtai-nazaridan, burilish nuqtasi bo’lishi kerak, deb hisoblayman. Shu jihatdan biz konferentsiya ishidan, konferentsiya nihoyasiga yetgach, unda ishtirok etgan xorijiy mamlakatlarning vakillaridan, xalqaro tashkilotlardan ko’p narsa kutmoqdamiz, ulardan umidlarimiz katta.

Umid qilamanki, Ozarbayjon tushib qolgan ahvol konferentsiya ishi jarayonida chuqur tahlil qilindi. Armanistonning xuruji natijasida Ozarbayjon yerlarining 20 foizi bosib olingani, bu yerlardan aholining quvg’in qilingani, qochqinlarga aylangan odamlarning qanday og’ir ahvolda qolganlari holatlari tahlil qilindi. Bosib olingan yerlarning talon-taroj qilingani sizga ma’lum, ehtimol bu holatni ham o’rganib chiqqandirsiz. Shuningdek Ozarbayjon Respublikasiga yetkazilgan ham moddiy, ham ma’naviy zarardan, tariximizga, ruhoniyatimizga, o’tmishimizga yetkazilgan talofotdan sizlar, konferentsiya ishtirokchilari, xabardorsizlar. Shunig uchun alohida faktlar, raqamlarga batafsil to’xtab o’tishga zarurat ko’rmayapman.

Armaniston Respublikasi hududidan 1988 yildan keyin quvib yuborilgan 200 mingdan ortiq ozarbayjonlar, 50 mingdan oshiqroq axis turklari, Tog’li Qorabog’ hududidagi tug’ulib o’sgan joylaridan haydab yuborilgan ozarbayjonlar va nihoyat, Tog’li Qorabog’ atrofidagi yetti hududdan quvg’in qilingan ozarbayjonlar – birgalikda qochqinlarning bir million kishilik armiyasini tashkil qiladilar. Ularning Ozarbayjonning boshqa mintaqalarida og’ir ahvolda yashayotganlari, bir tomondan, mamlakatimiz tushib qolgan ahvolning og’irligi, fojeaviyligi darajasidan guvohlik bersa, ikkinchi tomondan, ozarbayjon xalqining sabri, matonati, qochqinlarga aylangan, shuncha qiyinchiliklarni boshidan o’tkazgan, naqadar fojeaviy kun kechirayotgan insonlarning qanchalar qat’iyatli va odamiy ekanini ko’rsatadi.

Qochqinlarning bu qadar katta armiyasini ta’minlash urush sharoitida, ijyimoiy-iqtisodiy inqiroz sharoitlarida yashayotgan, hamda, aytish mumkinki, so’nggi vaqtlarda temir yo’l blokadasini boshidan kechirayotgan, ma’lum sabablarga ko’ra taraqqiyot va iqtisodiy qurilish imkoniyatlari to’la cheklangan Ozarbayjon Respublikasi, uning hukumati va fuqarolari uchun qanday qiyinchiliklar yaratayotganini tasavvur qilish qiyin emas. Lekin tarix juda og’ir davrlarni boshidan o’tkazgan hamda eng katta yutuqni – milliy ozodligini, o’z mustaqilligini qo’lga kiritgan ozarbayjon xalqining sabrli ekanini tasdiqladi. Xalqimiz bu qiyinchiliklarni ham ko’tara oladi, ularga qarshi kurashadi va yengadi.

Bugun, konferentsiya ishtirokchilari huzurlarida turib, men Ozarbayjon Respublikasidagi barcha qochqinlarga, ayrim hollarda oziq-ovqat sotib olishga imkoniyati yo’q, lekin o’z xalqiga, respublikasiga, yeriga sodiqlik hisi bilan yashayotgan qochqinlarga o’z hurmatim va ehtiromimni izhor etaman. Konferentsiya ishtirokchilari nomidan Ozarbayjonda istiqomat qilayotgan barcha qochqinlarga salom yo’llayman va ularni ishontirib aytamanki, ozarbayjon davlati sizlarning ahvolingizni yaxshilash uchun barcha zarur choralarni ko’radi. Qora kunlarning umri qisqa bo’ladi. Ular qochqinlikdan xalos bo’ladilar va jonajon yerlariga qaytib boradilar, ushbu barcha og’ir, mashaqqatli kunlar ortda qoladilar.

Bir milliondan ortiq qochqinlarni ta’minlashning barcha mashaqqatlari Ozarbayjon Respublikasi, ozarbayjon davlati zimmasiga tushdi. Bu tabiiy hol, bu bizning vazifamiz, zero Ozarbayjonning har bir fuqarosi, birinchi navbatda Ozarbayjonning davlat tashkilotlari, qochqinlarga g’amxo’rlik ko’rsatishni, ularning muammolarini hal qilish bo’yicha faoliyatni o’zlarining eng muqaddas, eng faxrli burchlari, deb hisoblamoqlari kerak. Biz kun o’tgan sayin qochqinlarga g’amxo’rlik, e’tibor ko’rsatish masalasining naqadar muhimligini aniqroq anglab boryapmiz, deb hisoblayman hamda ushbu mavzu bundan buyon ham diqqat markazimizda qoladi, deb umid qilaman.

Ayni paytda konferentsiya qatnashchilari, ayniqsa xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlarimiz huzurlarida turib aytmoqchimanki, qochqinlar uchun, ularga ma’lum darajada eng zarur sharoitlarni yaratish uchun qator mamlakatlardan, xalqaro tashkilotlardan kelayotgan insonparvarlik yordami bizga katta mador bo’lyapti. Konferentsiya materiallari, uning ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan bayonotlar, konferentsiya ishi ozarbayjon qochqinlari ahvoli to’g’risida xalqaro hamjamiyatni, mamlakatlarni, xalqaro tashkilotlarni ko’proq xabardor qilishga sabab bo’ladi, natijada ozarbayjon qochqinlariga atroflicha berilayotgan yordamning hajmi oshadi, deb ishonch bildiraman. Qochqinlar shu umidlar bilan yashamoqdalar. Men ushbu umidlarning ro’yobga chiqishlarini, ozarbayjondagi qochqinlar shunday ahvolda yashar ekanlar, ularga bundan buyon ham yanada kattaroq yordam ko’rsatilishini xohlagan bo’lardim.

O’ylaymanki, konferentsiya ishi yana shuni ham ko’rsatdiki, Ozarbayjon Respublikasidagi qochqinlarning soni bilan, shuningdek ularning bugungi og’ir ahvoli bilan qiyoslaganda, Ozarbayjon Respublikasiga xorijiy mamlakatlardan yetkazib berilayotgan insonparvarlik yordamining hajmi yetarli emas. Buning hisobga olinishini xohlagan bo’lardik va umid qilamanki, bundan buyon ozarbayjonlik qochqinlarga yetkazib berilayotgan yordamning miqdori yanada oshadi, uning sifati esa, yanada yaxshilanadi. Ayni paytda biz, Ozarbayjonda har doim qochqinlar bo’ladi, degan fikrdan umuman yiroqmiz. Men bu muammolar hal bo’ladi, birinchi navbatda, arman qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan Ozarbayjon yerlari ozod qilinadi, qochqinlarga tug’ulib o’sgan joylariga qaytib borishlari uchun sharoitlar yaratiladi va ular o’z uylariga qaytadilar, deb ishonaman. Agar adolat bor bo’lsa, agar xalqaro tashkilotlar chindan ham hamma narsani adolat bilan hal qilishning uddasidan chiqsalar, Armaniston Respublikasidan quvg’in qilingan qochqinlar ham uylariga qaytadilar. Mana 50 yildirki, axis turklari tug’ulib o’sgan joylaridan quvg’in qilinganlar. Shuncha yillar o’tgan, avlodlar almashgan bo’lishiga qaramay, ular hamon jonajon yerlariga qaytishni hohlaydilar. Biz bu orzularning ham amalga oshishlari tarafdorimiz va ayni paytda, o’sha kun kelgunga qadar, ularning mamlakatimizda yasashlariga tayormiz.

Shubha yo’qki, zamonaviy tarixiy jarayonlar, dunyoda ro’y berayotgan tarixiy, ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar XX asrda ayrim mamlakatlar chegaralarining buzilishi, insonlarning tug’ulgan yerlaridan badarg’a qilinishlari, katta miqdordagi odamlarni bir joydan ikkinchi joyga kuch bilan ko’chirishga o’xshagan holatlarning oldini oladilar, hayot hamma narsani o’z o’rniga qo’yadi. Ozarbayjonliklar asrlar mobaynida yashab kelgan hududlarda yashaydilar, tug’ulgan yerlariga qaytib boradilar. Ozarbayjon xalqi shu umidlar bilan yashaydi va, bordiyu, hozirgi avlodga bu kunlarni ko’rish nasib qilmasa, buni kelajak avlodlar ko’radilar.

Lekin hozir oldimizda 1988 yildan boshlab ayni damgacha Armaniston harbiy kuchlari tomonidan egallab olingan Ozarbayjon yerlarini ozod qilish, xalqaro huquq me’yorlari asosida tan olingan chegaralarning, Ozarbayjoning hududiy yaxlitligini ta’minlash vazifasi turibdi. Bu muammolarni hal qilish biz uchun, Ozarbayjon Respublikasi uchun birinchi navbatdagi vazifadir, va biz bu muammolarning yechimi bilan shug’ullanmoqdamiz, kelajakda ham qat’iyat bilan shug’ullanishda davom etamiz.

Sizlarga ma’lumki, olti yildan ko’proq davom etayotgan Armaniston va Ozarbayjon o’rtasidagi urushda mana olti oydirki, o’t ochishni to’xtatish tartibi kelishib olindi va unga amal qilish davom etmoqda.   Bu davr ichida biz ko’p ishlarni, chora-tadbirlarni amalga oshirdik, respublikani urush holatidan olib chiqish, urushga barham berish, nizoni tinch yo’l bilan hal qilish uchun muzokaralar olib bordik. Muzokaralar, tashabbuslar jarayoni davom etmoqda, va biz bu bilan bugun ham, ertaga ham, kelajakda ham shug’ullanishda davom etamiz. Biz muammoni respublikamizning hududiy yaxlitligini saqlashni ta’minlab beruvchi shartlarda hal qilish sari intilmoqdamiz. Buning uchun Armaniston qurolli kuchlari Ozarbayjonning bosib olingan yerlaridan so’zsiz olib chiqilib ketishlari, bu hududlardan quvg’in qilingan Ozarbayjon fuqarolari o’z yerlariga qaytarilishlari kerak. Biz Tog’li Qorabog’ atrofidagi tumanlarning, jumladan Shusha va Lochin tumanlari hududlarini nazarda tutmoqdamiz. O’z-o’zidan ma’lumki, Tog’li Qorabog’da yashovchi armanilarning huquqlari himoyasi ta’minlanishi kerak. Tog’li Qorabog’ mavqe’i masalasi muhokama etilishi zarur. Lekin bularning hammasi eng muhim shart – Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligini, chegaralarining daxlsizligini ta’minlash va mamlakatimizning qochqinga aylangan har bir fuqarosini tug’ulgan uylariga qaytarish sharti doirasida hal etilishi lozim. Biz bu muammoni hal etishga harakat qilmoqdamiz va bularning hammasi qochqin bo’lib yashayotgan bir milliondan ortiq fuqarolarning hayoti, taqdiri, bugungi va kelajakdagi hayotini hisobga olgan holda hal etilishi kerak.

Konferentsiya inson huquqlari muammosiga bag’ishlangan. Bugungi kunda inson huquqlari butun dunyoda tan olinishi va tadbiq etilishi kerak bo’lgan asosiy tamoyillardan biri bo’lib hisoblanadilar. O’z hayotini demokratik tamoyillar asosida qurar ekan, Ozarbayjon Respublikasi muttasil ravishda inson huquqlarini himoya qilish tamoyiliga amal qilishga intilishda davom etadi. Bugungi konferentsiyada shunga ishonch hosil qilish mumkin bo’ldiki, agar bir inson so’z erkinligidan mahrum qilinsa yoki u ma’lum cheklashlarga duchor bo’lsa, uning huquqlari buzilgan, degan ma’no kelib chiqadi: ammo millionlab ozarbayjonliklar tug’ulib o’sgan joylaridan badarg’a qilindilar, uylari, mulklarini yo’qotdilar, otalarining xilxonalaridan, asrlar mobaynida istiqomat qilib kelgan qadrdon yerlaridan mahrum bo’ldilar. Bularning hammasi dahshatli ko’rinishda inson huquqlarining ommaviy toptalishi emasmi?

Biz ayrim mamlakatlardagi arboblar, alohida shaxslar huquqlarining toptalishi boshqa mamlakatlarning yirik siyosiy arboblari yoki parlamentlari, yoki ushbu mamlakatlardagi obro’li xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanganining hamda ularni himoya qilish uchun zarur choralar ko’rilganining guvohi bo’lganmiz. Haqiqatan ham bu demokratiyaning, inson huquqlari to’g’risidagi Xelsinki bitimi moddalarining himoyasi demakdir. Shunday ekan nima uchun bir million ozarbayjonliklar huquqlarining ommaviy buzulayotgani to’g’risisda bong urilmaydi, nima uchun bu masala parlamentlarda muhokama qilinmayapti? Nima uchun xalqaro tashkilotlar ushbu masala bo’yicha o’zlarining qat’iy fikrlarini aytmayaptilar? Buni tushunishning iloji yo’q.

Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda hamda jahon hamjamiyatiga, barcha xalqaro tashkilotlarga, parlamentlarga, rivojlangan demokratiya davlatlari rahbarlariga, dunyoda demokratiya g’alabasi uchun fidokorona faoliyat olib borayotgan taniqli jamoat va siyosat arboblariga, jahondagi barcha insonlarga, butun insoniyatga murojaat qilib, men bir milliondan ko’proq ozarbayjonlarning huquqlari toptalayotgani to’g’risida bayonot beraman hamda ushbu huquqlarni tiklashga da’vat qilaman. Ushbu konferentsiyani tashkil qilgan BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha Oliy Komissariyati, BMT vakillari, xalqaro tashkilotlarning namoyondalari aytganlarimni jahon hamjamiyatiga, o’z tashkilotlarining e’tiboriga yetkazadilar, deb umid qilaman. Ozarbayjon fuqarolarining, bir milliondan ortiq ozarbayjonlarning huquqlari buzulayotgani dunyoga oshkor bo’lganini ushbu konferentsiyaning asosiy natijalaridan biri, deb hisoblayman va mazkur huquqlarni tiklashga taklif qilaman. Konferentsiya o’zining ushbu vazifasini ham ado etadi, deb umid qilaman.

Konferentsiya ishi oxirlab boryapti. Konferentsiyaning muvaffaqiyatli o’tkazilgani munosabati bilan va uning natijalariga katta umidlar bog’lagan holda, barchangizni ushbu tadbirning yakuni bilan tabriklayman hamda, yana bir marta, xalqaro tashkilotlarga, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga va ushbu konferentsiyaning barcha tashkilotchilariga o’z minnatdorchiligimni izhor etaman.

Ozarbayjon Respublikasi hududida yashayotgan bir milliondan ortiq qochqinlarga o’z hurmatim va ehtiromimni bildiraman, barchalarini bag’rimga bosaman, sabr, matonat, vatanparvarlik, qadrdon tuproqlariga, davlatlariga sodiqlik uchun ehtiromlarimni bildiraman. Barchalari bugungi qiyin ahvoldan chiqadilar, mustaqil Ozarbayjon Respublikasining barcha fuqarolari o’z taqdirlari, o’z huquqlarining sohiblariga aylanadilar, deb ularni ishontirmoqchiman. Rahmat.

O’zbek tiliga matn ozarbayjonchadan “Haydar Aliyev: Bizning mustaqilligimiz abadiydir (chiqishlar, nutqlar, bayonotlar, intervyular, xatlar, murojaatlar, farmonlar)” nashri asosida tarjima qilindi – Azerneshr, Boku – 1998, 2-jild, 502-510-betlar.