Haydar Aliyevning SSSR Ministrlar Kengashi partiya tashkilotiga murojaati – Moskva, 19 iyul 1991 yil

Sizga shuni ma’lum qilamanki, men KPSS saflaridan chiqish to’g’risida qaror qabul qildim. 

Darhol ogohlantirib qo’ymoqchiman, bu hozirgi kundagi “udumga” rioya qilish emas, balki o’zim bosib o’tgan og’ir yo’ldan ko’nglim qolganligi hamda so’nggi yillar davomida qadriyatlarga qayta baho berayotganimning hosilasidir. 

Meni ushbu qadamni qo’yishga undagan asosiy sabablar quyidagilardan iborat. 

Birinchi. KPSS dan chiqish fikri menda 1990 yilning yanvaridayoq, markazdagi siyosiy rahbariyat va Ozarbayjon kompartiaysi MQ tomonidan Ozarbayjon xalqiga qarshi amalga oshirilgan harbiy agressiya munosabati bilan paydo bo’lgandi. Yanvar voqealari natijasida yuzlab tinch aholi, jumladan qariyalar, ayollar, bolalar halok bo’ldilar va jarohat oldilar. 

O’zimning chiqishlarimda ushbu aksilinsoniy, aksilkonstitutsiyaviy, aksilhuquqiy hatti-harakatni qoralar ekanman, KPSS MQ, Ozarbayjon KP MQ mazkur jinoyatni fosh qiladilar, gunohkorlarni topadilar, deb umid qilgandim. O’zimni zo’rg’a bosib, sabr bilan kutdim. Chiqishlarimga javoban esa, meni “Pravda” gazetasi yetakchiligida partiyaning nashrlari tomonidan ommaviy ta’qib etish boshlandi. Mazkur ommaviy axborot vositalarida menga qarshi o’ylab topilgan ayblovlarni asosli inkor qilish yo’lidagi barcha urunishlarim samarasiz bo’ldi. Qayta qurishning asosiy yutug’i, deb e’lon qilingan oshkoralik amalda bir tomonlik bo’lib chiqdi. 

Xalq deputatlarining, Naxchivan Avtonom Respublikasi Oliy majlisi, fuqarolar turli guruhlari, ziyolilar taniqli vakillarining yanvar fojeasi aybdorlarini aniqlash va ularni jazoga tortish haqidagi murojaatlari Ozarbayjon kommunistik rahbariyati tomonidan o’jarlik bilan inkor qilinib kelinmoqda. 

Bir yarim yil o’tdi. Aybdorlari allaqachon ma’lum bo’lgan ushbu vahshiyona jinoyatni ochish uchun nafaqat hech narsa qilingani yo’q, aksincha, vaqt o’tishi bilan bu fojea unutiladi, degan xayolda uni berkitish uchun barcha zarur choralar amalga oshirilmoqda. Lekin hechqancha yillar, o’n yilliklar o’z xalqiga qarshi amalga oshirilgan qonli jinoyatlarni unutishga va kechirib yuborishga majbur qilolmasligini tarix bizga bir necha marta isbotlagan. 

Ikkinchi. Markazning ikki yuzlama siyosati natijasida mana uch yildirki KPSS MQ panohida arman millatchilari qo’li bilan Ozarbayjonning Tog’li Qorabog’ viloyatida yuzaga keltirilgan keskin ziddiyatli vaziyat saqlanib qolmoqda. Viloyat, mohiyatan, Ozarbayjon davlat boshqaruvidan chiqarilgan. 

Konstitutsiyaga qaramay, Ozarbayjon davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi qo’pollik bilan buzuldi. Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida e’lon qilinmagan urush bormoqda, har ikki tomondan, deyarli har kuni, qurbonlar berilmoqda. Bularning hammasi “insonparvar” mafkurali Sovet davlati hududida bo’lib o’tmoqda. 

Ishonamanki, agar partiya rahbariyatida hohish bo’lganida, Tog’li Qorabog’ masalasi, deb atalgan mavzu xususida 1987 - 88 yillardayoq paydo bo’lgan millatlararo nizoni boshlanishidayoq oldi olingan, ozarbayjon xalqiga ham, armanilarga ham og’ir kulfatlar, uqubatlar keltirgan va tobora avj olayotgan qirg’inga, ziddiyatga yo’l qo’yilmagan bo’lardi. Demak, siyosiy markazga ushbu ziddiyat kerak bo’lgan. 

Uchinchi. Butun jamiyatni demokratlashtirish, siyosiy erkinliklar va pluralizmni e’lon qilish davrida, 1988 yilda respublika huquqiy yaxlitligini himoya qilish va jamiyatni demokratlashtirish uchun Ozarbayjonda boshlangan demokratik harakat KPSS MQ rahbarligi ostida Ozarbayjon KP MQ say’-harakatlari vositasida o’jarlik bilan bostirib kelinmoqda. O’tgan yillar mobaynida siyosiv ayblovlar bilan ko’plab kishilar ta’qib ostiga olindilar. 

Bir yarim yildan beri Ozarbayjonning ikki millionlik aholiga ega poytaxti hech bir asoslarsiz favqulodda holat sharoitida yashab kelmoqda. Ana shunday shart – sharoitda respublika Oliy Kengashiga “demokratik”, deb atalgan saylovlar hamda Ittifoqni saqlab qolish foydasiga avvaldan tayorlangan ijobiy natijali  referendum o’tkazildi. Favqulodda holat sharoitida demokratiyadan va xalq hohishining erkin ifoda etilishidan umidvor bo’lish uchun soddadil bo’lish kerak.  Respublikadagi saylovchilarning mutloq katta qismi referendumda ishtirok etmadi, uning natijalari soxtalashtirilgan, degan masalani demokratik tashkilotlar bir necha marta ko’tardilar. Ammo Ozarbayjonning kommunistik rahbariyati ushbu murojaatlarni hatto ko’rib chiqishni o’zlariga ep ko’rmadilar. 

Markaz tomonidan majburan singdirilayotgan yangi ittifoq shartnomasiga men qarshi bo’lib kelganman va hali ham qarshiman. Bir suveren davlat tarkibida bir necha davlatlarning suverenitetga ega bo’lishlari, undan kelib chiqadigan erkinliklar, vakolatlar va vazifalarning bo’lishi mumkin emas. 

Barcha ittifoqdosh respublikalarga tom ma’noda siyosiy, iqqtisodiy erkinlik va milliy davlatchiliklarini tiklashlari uchun mustaqillik berish kerak. Bu respublikalarning iqtisodiy integratsiyalishuvlari uchun hamda ananaviy madaniy aloqalariga aslo to’sqinlik qilmaydi, aksincha, ikki tomonlama va ko’p tomonlama asosda, takomillashuvlariga va taraqqiy etishlariga xizmat qiladi.

Ozarbayjonning va Naxchivan Avtonom Respublikasining xalq deputati sifatida men o’z chiqishlarimda bu masalalarni bir necha marta ko’targanman, xalqning nazarida butunlay obro’sini yo’qotgan Ozarbayjon Kompartiyasiga hokimiyatga yakka xo’jayin bo’lishdan voz kechishni, siyosiy kuchlarning erkin va teng huquqli asosda  faoliyat yuritishlari uchun sharoitlar yaratish, demokratik jamiyatning oyoqqa turishi, siyosiy pluralism hamda oshkoralikka keng yo’l ochishni taklif qilganman. 

Ammo mening barcha chiqishlarim va takliflarim Ozarbayjonning kommunistik rahbariyati tomonidan ko’rib chiqilmayotgani yetmagandek, menga nisbatan yangi uydirma, bo’htonlar shaklida aks-sado bermoqdalar. Ozarbayjonda qilgan chiqishlarimni nashr qilgan gazetalarning muharrirlari, journalistlar ishdan bo’shatilib, ta’qib ostiga olinmoqda. 

Yuqorida bayon qilganlarimning ja’mi men uchun o’ta mushkul bo’lgan qadamni tashlashga va KPSS dan chiqishimni ma’lum qilishga undadilar. Men kommunistlar oilasida katta bo’lganman va butun ongli hayotim Kommunistik partiya bilan bog’liq. Men taqdirimni bolsheviklar partiyasi bilan yigirma yoshimda, 1943 yilda bog’laganman. 

Men Kommunistik partiya g’oyalariga tamoman ishonganman hamda uning rejalarini amalga oshirishda faol ishtirok etganman. Endi ana shu bor ishonch barham topdi.

Yangilanayotgan partiya, yangilanayotgan respublikalar ittifoqi to’g’risidagi to’xtovsiz bayonnomalar – xalqni navbatdagi aldashdan boshqa narsa emas. 

Kommunistik tajriba, mamlakat uchun sotsializmning tanlanishi o’zlarini oqlay olmaganlarini, kuch bilan tuzulgan va qo’llab turulgan respublikalar Ittifoqining kuni bitgani to’g’risida xalqqa ochiq va to’g’risini aytish kerak. 

Mazkur bayonotimdan keyin oldimda qanday qiyinchiliklar paydo bo’lishlarini tasavvur qilaman, turli xurujlar va ma’naviy ta’qiblar uyushtirilishi mumkinligini bilaman. Partiya tomonidan bosib o’tilgan yo’lni hushyorlik bilan tahlil qilib, o’zim bayon qilgan xulosaga keldim. Ayni paytda mas’uliyatimning ko’lamini ham aniq tasavvur qilaman. 

KPSS saflarini tark etar ekanman, hamon ishonayotgan va umid qilayotgan barcha halol va to’g’ri kommunistlarga o’z hurmatimni izhor qilaman.