Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning “Kitobi-Dada Qo’rqut” dostonining 1300 yilligiga bag’ishlangan tantanali yubiley marosimida so’zlagan nutqi – “Respublika” saroyi, 9 aprel 2000 yil

Muhtaram davlat rahbarlari!

Hurmatli parlamentlar raislari!

Hurmatli mehmonlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bugun ozarbayjon xalqi buyuk epos – "Kitobi Dada Qo`rqut" ning 1300 yilligini katta bayram sifatida tantanali nishonlamoqda. Ushbu yubiley biz uchun, butun turkiy olam, umuminsoniy madaniyat uchun favqulodda ahamiyatga ega bo`lgan tarixiy voqeadir. Bu bizning tarixiy ildizlarimizga, milliy ananalarimizga, milliy-ma`naviy qadriyatlarimizga, madaniyatimiz, fanimizga ehtirom bayramidir. Bu bizning milliy ozodligimiz, davlatimiz mustaqilligining bayramidir.

Ozarbayjon xalqining, barcha turkiy zabon xalqlarning buyuk tarixiy yodgorligi bo`lgan "Kitobi-Dada Qo`rqut" mana 1300 yildirki, yashab kelmoqda. Xalqlarimiz tomonidan "Kitobi-Dada Qo`rqutni" yaratish uchun 1300 yil ilgari ham qancha kuch-quvvat sarflab, pirovardida ular ushbu tarixiy yodgorlikni yaratganliklarini hisobga oladigan bo`lsak, xalqlarimizning qanchalar qadimiy tarixga, qanchalar teran tomirlarga va qanchalar boy madaniyatga ega ekanliklarini tasavvur qilishimiz mumkin bo`ladi.

1300 yil mobaynida "Kitobi-Dada Qo`rqut" katta, ulug`, sharafli yo`lni bosib o`tdi. Barcha qiyinchiliklar, cheklovlarga qaramay "Kitobi-Dada Qo`rqut" 1300 yil davomida xalqlarimiz uchun ma`naviy oziq bo`ldi, ularga yashashda, milliy ongni anglash va uni himoya qilishda yordam berib keldi.

Biroq shuni qayd qilish kerakki, "Kitobi-Dada Qo`rqut"ning 1300 yillik tarixiga yuqori baho berar ekanmiz, so`nggi uch yil ichida Ozarbayjonda "Kitobi-Dada Qo`rqut" merosini o`rganish, tadqiq qilish, targ`iboti sohasida katta ishlar amalga oshirilgani sababli, bizning xalqimiz, butun turkiy olam, turkiy zabon xalqlar "Kitobi-Dada Qo`rqut"ni taniganliklari, butun dunyoga esa, uning qanchalar bebaho boylik ekani namoyish qilinganini tan olishimiz kerak.

Kecha turkiy zabon xalqlar hamdo`stligining VI Boku sammiti o`z ishini muvaffaqiyat bilan yakunladi. Ushbu sammitda biz turkiy zabon xalqlar hamdo`stligi tashkil qilingandan keyin o`tgan 8 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildik, ko`rib chiqdik hamda katta yutuqlar qo`lga kiritilganini qayd qildik. Hech shubha yo`qki, turkiy zabon mamlakatlar hamdo`stligining tashkil topishi turkiy olamda, xalqlarimizning har birining hayotida tarixiy voqea bo`ldi. Ammo 8 yil mobaynida uning mavjud bo`lib kelayotgani, rivojlanayotgani, kengayotgani, bir tomondan, hamdo`stlikning naqadar zarurligini ko`rsatadi, ikkinchi tomondan esa – kelajakda uning xalqlarimizga qancha foyda keltirishini namoyish qilib turibdi.

O`tgan yillar mobaynida erishilgan yutuqlar bizning hamkorlikdagi say`-harakatlarimiz natijasidir. Ayni paytda shuni qayd qilish lozimki, Turkiya Respublikasi, bizning aziz do`stimiz, birodarimiz Sulaymon Demirelning tashabbusi bilan tuzilgan turkiy zabon mamlakatlar hamdo`stligi, shak-shubhasiz, birinchi navbatda, Turkiya Respublikasining katta xizmatlari tasdig`idir.

Bugun hammamiz, VI sammitni muvaffaqiyatli yakunlab, xalqlarimizning umumiy tarixiy yodgorligi bo`lgan "Kitobi-Dada Qo`rqut"ning yubileyiga to`plandik. Mazkur yubileyni turkiy zabon davlatlar boshliqlari bilan birgalikda nishonlayotganimiz tantanaga kattaroq ahamiyat baxsh etadi, uning darajasini ko`taradi. Men bizning taklifimizni qabul qilib, Ozarbayjonga kelgan, mazkur yubileyda ishtirok etayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman va ularni qalbdan olqishlayman.

Turkiya Respublikasining Prezidenti, Ozarbayjon xalqining katta do`sti, mening aziz birodarim Sulaymon Demirelni qutlayman!

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti, bizning muhtaram mehmonimiz, mening aziz do`stim, birodarim Nursulton Nazarboevni qutlayman!

Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti, mening aziz do`stim, birodarim Asqar Akayevni qutlayman!

O`zbekiston Respublikasi hay`ati rahbari, O`zbekiston Oliy Majlisi raisi, hurmatli Erkin Xalilovni qutlayman!

Turkmaniston Respublikasi hay`ati rahbari, Turkmaniston Majlisi raisi, hurmatli Saxxat Murodovni qutlayman!

UNESCO bosh direktori, bizning aziz mehmonimiz, janob Kouchiro Matsuurani qutlayman!

Ozarbayjon xalqining katta do`sti, Frantsiya parlamentining faxriysi va oqsoqol azosi, janob Jak Bomelni qutlayman!

Mamnuniyat bilan qayd qilamanki, "Kitobi-Dada Qo`rqut"ning yubileyiga siyosat va jamoat arboblari, Ozarbayjonda o`tkazib kelinayotgan ilmiy konferentsiyalarda ishtirok etgan olimlar, yozuvchilar tashrif buyurganlar. Ular shu yerda, biz bilan birgalar. Barcha mehmonlarimizga Ozarbayjonga kelganlari uchun minnatdorchilik bildiraman, barchalarini qalbimdan qutlayman.

"Kitobi-Dada Qo`rqut"ni tadqiq va targ`ib qilish o`tgan uch yil ichida ozarbayjon xalqiga katta foyda keltirdi. Biz yana bir bor o`z tarixiy ildizlarimizni, o`z milliy-madaniy merosimizni anglay boshladik. Biz allaqachon ozarbayjon xalqining, barcha turkiy zabon xalqlarning jahon tamadduniga naqadar katta hissa qo`shganlarini anglay boshladik. Shu o`rinda "Kitobi-Dada Qo`rqut" alohida joy egallaydi.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" – bizning asosiy kitobimiz. Dada Qo`rqut – bizning qadimgi ajdodimiz. Biz "Kitobi-Dada Qo`rqut"dek tarixiy yodgorligimiz bilan, Dada Qo`rqutdek qadimiy ajdodimiz borligi bilan faxrlanamiz.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" xalqlarni, millatlarni doimo birlikka, tinchlikka chaqirib kelgan. 1992 yilda turkiy zabon davlatlar hamdo`stligining tuzlishi Dada Qo`rqut vasiyatlarining amalga oshayotganiga yorqin misoldir.

Davlat mustaqilligini, milliy ozodlikni qo`lga kiritganimizdan so`ng biz ushbu birlikni ta`minlash uchun katta imkoniyatlarga ega bo`ldik va uning xalqlarimiz uchun naqadar muhim ekanini anglab yetdik.

"Kitobi-Dada Qo`rqut"ning birlikka da`vati bugungi kunda har birimiz uchun zarurdir. Mamlakatda huquqiy, demokratik, dunyoviy davlat qurish yo`lidan borayotgan Ozarbayjonda milliy jipslik, milliy birdamlik eng katta ahamiyatga egadirlar.

Bugun "Kitobi-Dada Qo`rqut"ning 1300 yillik yubileyini tantana bilan nishonlar ekanmiz, biz uning vasiyatlariga sodiqligimizni namoyish qilmoqdmiz hamda baralla aytamizki, ozarbayjon xalqi o`z oldida turgan qiyin va murakkab masalalarni hal qilishda, mustaqillik yo`lida yanada jipslashadi hamda doimo olg`a harakat qiladi.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" – qahramonlik eposi. Bugun o`z hayotimizda "Kitobi-Dada Qo`rqut" vasiyatlariga amal qilar ekanmiz, biz xalqimizda Vatanga muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik tuyg`ularini teranlashuviga sharoit yaratamiz. "Kitobi-Dada Qo`rqut" bugun biz uchun juda zarur.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" insonlarni, xalqlarni tinchlikka, yarashuvga da`vat qilgan. Bugun xalqimiz "Kitobi-Dada Qo`rqut" vasiyatlariga sodiq qolmoqda. Armanistonning Ozarbayjonga tajovuzi natijasida yerlarimizning 20 % i egallab olindi, bosib olingan hududlardan milliondan ortiq ozarbayjonliklar quvg`in qilindilar, ular bugun og`ir sharoitlarda yashamoqdalar. Bizga og`ir zarba berildi. Ammo bularning hammaasiga qaramasdan, ozarbayjon xalqi butun dunyoga o`zining tinchlikparvar siysatini namoyish qilib kelmoqda. Biz Dada Qo`rqut belgilab bergan yo`ldan bormoqdamiz. Biz tinchlik yo`lidan bormoqdamiz. Biz ushbu ziddiyatni tinch yo`l bilan hal qilmoqchimiz. Biz barcha mamlakatlarda, jumladan turkiy zabon davlatlarda tinchlik va osoyishtalikning mustahkamlanishi tarafdorimiz. Shunday qilib bugun, yubiley ayyomida, biz yana bir marotaba Dada Qo`rqut vasiyatlariga sodiq ekanimizni namoyish qilmoqdamiz.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" o`zida buyuk ilmiy, madaniy, ma`naviy fikrlarni mujassam qilgan buyuk yodgorlikdir. Bugungi kun holatiga ko`ra "Kitobi-Dada Qo`rqut"ni hozirgi avlodga yetkazish va tadqiq qilish bo`yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Xususan, Ozarbayjon olimlari, tadqiqotchilari, yozuvchilari, jamoat arboblari tomonidan so`nggi uch yil ichida amalga oshirilgan ishlar katta tahsinga sazovor. Shu sababli, bugungi yubiley kunida men "Kitobi-Dada Qo`rqut"ni tadqiq va targ`ibot qilish bilan shug`ullangan hamda yubiley tantanalariga bag`ishlab qimmatli ilmiy asarlar, kitoblar yozgan olimlarimizga, yozuvchilarimizga, barcha fuqarolarga minnatdorchilik bildiraman. Ushbu yubiley tadbirlaridan ilhomlanib, ular kelajakda ham o`z ilmiy faoliyatlarini davom ettiradilar, deb ishonch bildiraman. "Kitobi-Dada Qo`rqut" dostonining hali ochilmagan sahifalari, hozirgacha noma`lum bo`lib qolayotgan fikrlar o`rganiladi, ular ozarbayjon xalqining va butun turkiy olamning hozirgi hamda kelajak avlodlariga yetkaziladi.

Bugun biz "Kitobi-Dada Qo`rqut"dek buyuk tarixiy yodgorligimiz borligidan, ozod, mustaqil ekanimizdan, milliy ma`naviy qadriyatlarimizni, madaniyatimizni asl holida tahlil qilib, ularni xalqimizga, millatimizga hamda o`sib kelayotgan avlodlarga yetkaza olishimizdan behad g`urur hisini tuymoqdamiz.

"Kitobi-Dada Qo`rqut" yubileyining eng katta mazmuni, ahamiyati shundan iboratki, u yana bir bor bizning milliy ozodligimizni, davlat mustaqilligimizni namoyish qiladi. "Kitobi-Dada Qo`rqut" vasiyatlari bugun har birimizni mustaqillik yo`lidan olg`a borishga, Ozarbayjonning milliy ozodligi va davlat mustaqilligini abadiy bo`lishlarini ta`minlashga chaqirmoqdalar. Barchangizga, butun ozarbayjon xalqiga, barcha ozarbayjon fuqarolariga ushbu maqsadga yetish yo`lida katta yutuqlar tilayman. Rahmat.

O`zbek tiliga hujjat "Bakinskiy rabochiy" gazetasining 2000 yil, 11-aprel soni asosida, rus tilidan tarjima qilindi.