Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning 1994 yilning 6 yanvarida Kavkaz ortidagi Rossiya qo`shinlari qo`mondoni, general-polkovnik Fedor Reut bilan uchrashuvda so`zlagan nutqi


O`ylaymanki, ehtimol biz - kavkaz orti mintaqasi o`zaro bog`liq ekanligi, shunigdek siz Gruziya va Armanistonda joylashtirilgan rossiya qo`shinlari qo`mondoni ekaningiz sababli, avvalroq uchrashishimiz kerak edi. Lekin shart-sharoit bunga yo`l qo`ymadi chog`i. Biz bilan aloqalari yaxshi bo`lgan Gruziya Respublikasi va, ayni paytda, bizning respublikamizga aloqador masalalarni hal qilish maqsadida men Edouard Shevarnadze va mazkur respublikaning boshqa rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazganman. Ular bu yerga tashrif buyurdilar, iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa energiya ta`minotida Gruziyaga yordam ko`rsatishga oid juda ko`p masalalar hal qilindi. Armaniston bilan biz, afsuski, urush holatidamiz. Sizning, ya`ni Rossiya qo`shinlari esa, Gruziya hududida ham, Armaniston hududida ham joylashtirilgan. Uchrashmaslikning iloji yoq. To`g`ri, telefon orqali suhbatlar bo`ldi, vakillarimiz siz bilan uchrashuvlar o`tkazdilar. Lekin biz, fikrimcha, o`zaro munosabatlarimizda biron-bir xatoga yo`l qo`ymaslik uchun, yaqinroq muloqatda bo`lishimiz kerak. Negaki, muloqatlar bor ekan, uchrashuvlar bor ekan, muammolar echimi osonroq topiladi, aloqalar bo`lmasa, ehtimol u qadar katta ahamiyatga ega bo`lmagan qandaydir kichik bir masala ham katta muammo darajasiga borib qoladi. 

Bizning respublikamizning Gruziya bilan hech bir muammolari yo`q. Bizni bu davlat bilan tarixiy do`stlik, yaxshi qo`chnichilik aloqalari bog`lab turibdi. Ittifoqan, Gruziyadagi umumiy holatdan biz bezovtamiz, negaki, qo`chni mamlakatdagi voqealarga biz befarq bo`la olmaymiz. Bizni ayniqsa Gruzziyada istiqomat qilayotgan ozarbayjonlar ahvoli tashvishga solmoqda. U yerda ularning soni anchagina, bizdagi ma`lumotlarga ko`ra 600 ming nafarga yaqin. Marneul, Bolnis, Dmanis, Gardaban tumanlarida esa, ular zich joylashganlar. Bizga juda tashvishli xabarlar kelmoqda: ayrim ozarbayjonlarga nisbatan zo`ravonlik, adolatsizlik holatlari va bshq. ma`lum bo`lmoqda. Mazkur masala yuzasidan vakillarimiz u yerda bo`ldilar. Davlat kotibi Lala-Shavket Gadjieva Gruziyaga maxsus tashrif buyurib, Dmanis va Marneul tumanlarida bo`ldi, Gruziya rahbariyati bilan uchrashdi. Ozarbayjonning Gruziya bilan qo`shni ayrim tumanlari vakillari Marneul va Dmanis tumanlari aholisiga insonparvarlik hamda moddiy yordam ko`rsatish uchun qo`shni respublikaga borib, qaytdilar. 

Ammo, afsuski, bularning hammasi hozircha natija bergani yo`q. Men Edouard Ambrosiyevitch Shevarnadze bilan telefon orqali suhbatlashdim. U Gruziya tomonidan mazkur tumanlarda tartib o`rnatish, u yerdagi ozarbayjon millati vakillari uchun zarusr sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma`lum qildi. 

Imkoniyatdan foydalanib, modomiki qo`shinlaringiz Gruziya hududida, jumladan o`sha mintaqada joylashtirilgan ekan, mazkur masalaga e`tibor berishni sizdan ham iltimos qilaman. Ozarbayjon millatiga mansub bu odamlar Gruziya fuqarolarididr, ular u yerlarda asrlar mobaynida yashab kelmoqdalar, ularning vatanlari, tug`ulgan tuproqlari o`sha yerda, binobarin, munosib hayot kechirishlari va mehnat qilishlari uchun ularning xafvsizliklari ta`minlanishi kerak. Bizni ayrim belgilar juda bezovta qilmoqdalar, men bu haqda Eduard Ambrosiyevitch Shevarnadze bilan so`zlashdim. Agar u yerlarda mavjud ayrim salbiy holatlarning oldi olinmasa, ular yanada og`ir oqibatlarga olib kelishlari mumkin. Ahvol murakkablashib bo`lganidan keyin nimalar sodir bo`lishini esa, biz siz bilan Armaniston va Ozarbayjon orasidagi ochiq urush harakatlariga aylanib bo`lgan qorabog` inqirozi misolida yaqqol ko`rib turibmiz. Shuning uchun mening birinchi iltimosim sizdan ana shu haqda. Mazkur mavzuga e`tibor berishingiznin hohlagan bo`lardim. 

Men Ozarbayjon davlati nomidan bayonot berib aytganman, bugun ham, siz bilan uchrashuvdan foydalanib aytamanki, biz masalaning tinch yo`l bilan hal etilishi tarafdorimiz. Biz bu urushning to`xtashini hohlaymiz, uning boshlanganiga 6 yil bo`ldi va o`tgan yillar butun dunyoga ochiq-oydin ko`rsatdilarki, urush ozarbayjonlarga ham, arman xalqiga ham kulfatlar keltirdi. U Armanistondagi ekstremist kuchlar kutayotgan natijalarni bermaydi. Shuning uchun men aytganman va takrorlaymanki, jahon tajribasiga, siyosiy tajribaga tayangan holda, masalani tinch yo`l bilan hal qilish kerak. Biz Armaniston yerlarining bir metrini ham bosib olmadik, arman qurolli kuchlari esa, siz - harbiysiz, buni yaxshi bilasiz - Ozarbayjon hududining deyarli 20% ini, jumladan sobiq Tog`li Qorabog` viloyatidan tashqaridagi hududlarni, ishg`ol qildilar. Agar arman tomoni da`vo qilayotgandek, urush Tog`li Qorabog`dagi armani ozchiligining manfaatlarini himoya qilish uchun olib borilayotgan bo`lsa, Tog`li Qorabog`ning o`zidan 50 ming ozarbayjonni quvg`in qilinishi, Togli Qorabog`dan tashqaridagi bizning yetti - Lochi, Kelbajar, Agdam, Fizuli, Jabroil, Zangilan, Gubadli tumanlarimizning bosib olingani, ularda istiqomat qilib kelgan aholining hozir og`ir ahvolda ekani, katta qismi chodirlarda yashayotganini qanday tushunsa bo`ladi? Ular joylashtirilgan hududlarimizni borib ko`rishingiz mumkin. O`sha tumanlarda o`nlab, yuzlab yillar mobaynida jamg`arilgan moddiy boyliklar talon-taroj qilindi, vayronaga aylantirildi. Bu arman qurolli qo`shilmalari tomonidan amalga oshirilgan buzg`unchilikdir. Zero, o`ylaymanki, dunyo, albatta, buni hech qachon kechirmaydi. Dunyo tajovuzni, tajovuzkorlarni kechirmaydi. 

Shuning uchun men ilgari ham aytganman, hozir ham, imkoniyatdan foydalanib, shaxsan o`zingizga, ozarbayjon rahbariyatining bayonoti sizga ma`lum bo`lsada, takror aytamanki, biz bu masalani tinch yo`l bilan hal etish tarafdorimiz, faqat shunday shart bilanki, arman qurolli kuchlari Ozarbayjon hududidan, birinchi navbatda Tog`li Qorabog` viloyatidan boshqa tumanlardan hech bir so`zsiz-shartlarsiz chiqib ketsinlar. Bunday takliflar kiritilgan, kiritilmoqda. Ammo bosqinchilar, vaqtinchalik, takror aytaman - vaqtinchalik harbiy ustunlikdan foydalanib, bu holat abadiy davom etishi mumkin, deb hisoblamoqdalar. 24 dekabrda, MDH davlatlari rahbarlarining Ashxaboddagi uchrashuvida men bayonot bilan chiqishga majbur bo`ldim. Siz undan xabardorsiz. Gap shundaki, 24 sentyabrda Ozarbayjon MDHga a`zo bo`ldi, uning teng huquqli a`zosi bo`lish uchun Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Ammo Armaniston ham MDH tarkibida. Shu sababli Ashxabodda men bayonot bilan chiqdimki, ichki xavfsizlik ta`min etilmas ekan, MDH mamlakatlarining kollektiv xavfsizligi, ushbu Hamdo`stlikning tashqi kuchlarning ehtimoiliy xurujidan xafvsizligi to`g`risida gap bo`lishi mumkin emas. 

Shu sababli sizga ham, MDH tarkibiga kiruvchi mustaqil mamlakatlarning ayrim rahbarlari bilan o`sha yerdagi suhbatlarda ham aytganmanki, biz bunday holatning davom etishiga qarshimiz va o`ylaymanki, mazkur bayonot ijobiy natijalar bermay qolmaydi. Bularni sizga aytayotganimni sababi shundan iboratki, Kollektiv xavfsizlik to`g`risidagi shartnomani imzolar ekanmiz, biz Hamdo`stlik mamlakatlari, jumladan Ozarbayjon va Rossiya, boshqa davlatlar qurolli kuchlari hamkorligining aynan ana shunday tamoyilidan kelib chiqqanmiz. 

Siz Gruziya va Armanistondagi Rossiya qo`shinlariga rahbarsiz. Shu sababli, Armanistondagi ayrim davralar bunday bema`nigarchilikdan voz kechishlari uchun o`z imkoniyatlaringizni ishga solishni sizdan iltimos qilmoqchi edim. Takror aytamanki, biz masalani tinch yo`l bilan hal etish tarafdorimiz, biz tinchlik, urushni to`xtatish, harbiy harakatlarni to`xtatish tarafdorimiz. 

So`nggi kunlarda shiddatli harbiy amaliyotlar bo`lib o`tmoqda. Bunda bizning aybimiz yo`q, negaki, bosqinchilar bir, bir yarim oydan beri ozarbayjon hududi ichkarisiga suqulib kirish, bizning yangi tumanlarimizni bosib olish rejalarini pishitib yuribdilar. Ehtimol avvalda bunga ular erishganlar, lekin endi qo`llaridan kelmayapti, ular anchagina kuchli qarshilikka yuzma-yuz kelmoqdalar, bu esa, turgan gapki, harbiy amaliyotlarga olib kelmoqda, har ikki tomonda yo`qotishlar bo`lmoqda, va bizning qurolli kuchlarimiz so`nggi vaqtda arman tuzulmalariga munosib zarba bermoqdalar. Sizning xabaringiz bo`lsa kerak, ular ko`plab odam va harbiy texnikadan judo bo`lmoqdalar. Ammo bularning nima keragi bor? Bizga buning keragi yo`q. Biz hujum qilmayapmiz, o`z yerimizda, o`zimizni himoya qilmoqdamiz, ular bizning yerlarimizga bostirib kirganlar. 

Shuning uchun, to`g`risini aytganda, Hamdo`stlik mamlakatlaridagi, ayniqsa Rossiyadagi do`stlarimiz ushbu masalalarda zarur printsipiallik ko`rsata olmaganliklaridan norozi ekanimni aytmoqchiman. Ashxaboddagi bayonotimda qayd qilganimdek, 24 sentyabrda Ozarbayjon MDH tarkibiga kirgach va Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzolagach, uning 4 tumani bosib olindi. MDHdagi ittifoqchilarimiz bunga ma`lum darajada befarq bo`layotganlaridan biz qoniqish hosil qimayotganimizni ifoda etishga asosimiz bor. Lekin ayni paytda, sizga imkoniyatlaringizni, Armanistondagi obro`-e`tiboringizni bularning hammasiga barham berish, voqe`likni o`zgartirish yo`lida ishga soling, degan iltimos bilan murojaat qilmoqchiman. Sizga qat`iyat bilan aytaman va, istagan, o`zingiz lozim topgan odamlarga aytishingiz mumkinki, biz - harbiy amaliyotlarni to`xtatish, mazkur masalani tinch yo`l bilan hal qilish tarafdorimiz. 

Aytmoqchi, boshqa barcha masalalarning echimi juda oson. Eng muhim masala - men aytgan narsa, - harbiy harakatlarni to`xtatish, Ozarbayjonning davlat suverenitetini, hududiy yaxlitligini ta`minlash. Bu xususda yana sizga murojaat qilyapman. Takror aytamanki, tegishli gap-so`zlarning juda ko`pligiga qaramay, qo`shinlaringiz Armanistonga yordam bermoqda, demoqchi emasman. Rasmiy bayonotlar berish uchun asoslarim yo`q, ammo siz Armaniston hududidasiz, mazkur hududda rossiya harbiy bazalari joylashgan va ular rasmiy maqomdagi harbiy bazalardir. Armaniston biz bilan urushmoqda. Biz emas, ular bizning yerlarmizni bosib olmoqdalar. Shuning uchun, xalqaro huquq me`yorlariga, yuridik me`yorlarga asoslanib, sizga, o`zingizdagi bor imkoniyatni ishga soling, zarur choralarni ko`ring, degan iltimos bilan murojaat qilishga haqliman. 

Muqobil choralar ko`rasiz, degan umiddaman. Kavkaz orti mintaqasida joylashtirilgan Rossiya qo`shinlarining hayotiy faoliyatini ta`minlash uchun Ozarbayjon hududidan o`tayotgan yuklarga kelsak, biz ularning o`tishini ta`minlab kelganmiz hamda buni davom ettiramiz, negaki biz Rossiya bilan, turgan gapki, Rossiya Federatsiyasi qo`shinlari bilan ham do`stlik aloqalariga egamiz va ular davom etadilar. Ushbu aloqalar mustahkamlanishi uchun men barcha choralarni ko`rmoqdaman. Lekin, Ozarbayjon hududidan Gruziya yoki Armanistondagi harbiy qismlar manziliga kelayotgan yoq`ilg`i pirovardida arman qurolli tuzulmalari ixtiyoriga tushmoqda va bizga qarshi qo`llanilmoqda, degan ko`plab xabarlar olmoqdamiz. Men ma`lumotlar, xabarlar to`g`risida hozir gapiryapman. Buning ustiga, bunday gaplar tez tarqalmoqda, va, ochig`ini aytishim kerakki, Ozarbayjon aholisining ayrim tabaqalari: nega u yoki bu darajada arman qurolli kuchlariga yordam berayotgan bu yuklar Ozarbayjon hududi orqali o`tmoqda, deb bizga da`vo ham qilmoqdalar. Bu masalalarga yana bir bor e`tibor berishingiz uchun, bu haqda sizga aytyapman. 

"Boku ishchisi", gazetasi, 11 yanvar 1994 yil.