Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning BMT Bosh Assambleyasining 49-sessiyasida so`zlagan nutqi - Nyu-York, 29 sentyabr 1994 yil


Hurmatli janob rais!

Hurmatli janob Bosh kotib!

Xonimlar va janoblar!

Dastavval BMT Bosh Assambleyasi 49-sessiyasining raisi etib saylanishi munosabati bilan janob Amar Essini tabriklashga hamda faoliyatida unga yutuqlar tilashga ijozat berishingizni so`rayman. O`tgan sessiya raisi Samuel Insanelliga ham qilingan ishlar uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.

BMT Bosh kotibi Butros G`oli Janobi Oliylariga dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan hordiq bilmas faoliyati uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Tarixida murakkab bosqichni boshidan kechirayotgan navqiron davlatimizning muammolariga chuqur e`tibor berayotgani uchun undan alohida minnatdorman.

Xonimlar va janoblar!

Eng obro`li xalqaro anjumanning minbarida turib huzurungizda hayajon hamda g`urur bilan so`zlamoqdaman. Mustaqil Ozarbayjonning Prezidenti birinchi marta dunyo hamjamiyatiga, ana shu hamjamiyat tomonidan tan olingan, unga tenglar qatorida teng huquqli bo`lib kirgan mamlakatini taqdim qilmoqda.

Ozarbayjon xalqi asrlar mobaynida ozodlikka intildi. Sovet Ittifoqi parchalanib ketgach, u o`z milliy mustaqilligini qo`lga kiritdi. Respublikamiz huquqiy, demokratik, rivojlangan davlat qurush yo`liga qat`iyat bilan qadam qo`ydi. Bularning hammasi - murakkab jarayon, bir kunlik ish emas, lekin biz oldimizga qo`yilgan maqsad sari og`ishamy bormoqdamiz hamda qisqa muddat ichida ko`p ishlar amalga oshirilib, demokratik jamiyatni shakllantirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Mamlakatimizda ko`p partiyaviylik tizimi shakllanib bo`ldi, siyosiy pluralism, shaxs, so`z, matbuot, vijdon erkinliklari, inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillari mustahkam qaror topdi. Terisining rangi, diniy qarashlari hamda qaysi tilda so`zlashishlaridan qat`iy nazar, ko`p millatli Ozarbayjonning barcha fuqarolari teng huquqlardan bahramand bo`lmoqdalar.

Siyosiy o`zgarishlar, mamlakatni demokratlashtirish, bozor munosabatlariga o`tishni ta`minlaydigan chuqur iqtisodiy islohatlarni amalga oshirish uchun sharoit yaratdilar. Biz erkin tadbirkorlikni rivojlantirishni, shaxsiy tashabbusni atroflicha qo`llamoqdamiz, rivojlangan, gullab-yashnayotgan demokratik jamiyat qurishda allaqachon katta yutuqlarga erishgan jahonning ilg`or mamlakatlari tajribasi, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan dunyo tajribasidan foydalangan holda xususiylashtirishning keng ko`lamli dasturini amalga oshirishga kirishmoqdamiz.

Ko`plab yirik davlatlarning jiddiy e`tiborini jalb etuvchi, Evropa va Osiyo uchrashgan muhim geosiyosiy mintaqada joylashgan, ulkan tabiiy zahiralar hamda katta sanoat salohiyatiga ega bo`lgan, ozarbayjon xalqining metin irodasi va ishonchiga suyangan holda, biz mustaqillgimizni mustahkamlash va demokratik, bozor islohatlarini amalga oshirishga yo`naltirilgan strategik yo`ldan bormoqdamiz. Zero, bugun, ana shu oliy minbardan turib, qat`iyat bilan bayonot beramanki, hech kim ozarbayjon xalqini tanlab olingan yo`ldan chekinishga majbur qila olmaydi hamda biz mamlakatimiz kelajagiga ishonch bilan qaramoqdamiz.

Bizdagi kelajakka ishonch dunyoda ro`y berayotgan tarixiy jarayonlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi jiddiy o`zgarishlar bilan ham bog`liq. Bu tizimning asosini kelajakda, albatta, harbiy konfrontatsya hamda mafkuraviy adovat o`rnini egallay boshlagan, teng huquqli umumjahon muloqatlari tartibi tashkil qiladi. Hamkorlik, mustahkam tinchlik va, xalqaro huquq hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoidalari va tamoyillariga muvofiq ravishda, barcha uchun xavfsizlik yangi dunyo tizimining fundamental tamoyillariga aylanib bormoqdalar. Kuch ishlatishga tayanuvchi adovat olamidan hamkorlik hamda farovonlik davriga olib boruvchi yo`lak nihoyasidagi yorug`likni ko`rib turubmiz va dunyodagi barcha mamlakatlar hamda xalqlar bilan, qo`lni qo`lga berib, shu yo`ldan borishga tayormiz.

Biroq, insoniyatga tahdid solayotgan xavf-xatarlar hali to`la yo`q qilinmadi. Ziddiyatlar davom etgan o`n yillar mobaynida, ayniqsa qurolsizlanish, ommaviy qirg`in qurolini yo`q qilish sohalarida yig`ilib qolgan ko`plab muammolar, eski qolipdagi yondoshuvlar hamon mavjuddirlar. Iqtisodiy imkoniyatlari turlicha bo`lgan mamlakatlar aro munosabatlar ham, eski dardlardan forig` emaslar. Zamon oldimizga atrof-muhitga tahdid, aholining ko`payishi hamda taraqqiyot bilan bog`liq muammolarni qo`ymoqda.

Kavkaz, Bolqon hamda yer sharining, olov va qondan qaynoq, boshqa nuqtalarida ziddiyatlarni keltirib chiqarayotgan hujumkor millatchilik va ayirmachilik eski dunyo tizimi yemirilishining real qoldiqlariga aylandilar. Bu ziddiyatlar mustaqil davlatlar taraqqiyotiga to`sqinlik qilib, tetapoya yoshidagi demokratiyalarning hatto mavjud bo`lishlariga bevosita tahdid solibgina qolmay, umumjahon tinchligi va xavfsizligi uchun ham xatarlidirlar.

Shuning uchun qarama-qarshiliklardan keyingi dunyoda baobro` xalqaro tashkilotlar, buyuk davlatlar zimmasiga alohida mas`uliyat yuklanmoqda; ular, siyosiy vaznlari, iqtisodiy, moliyaviy va harbiy imkoniyatlaridan foydalangan holda, o`z salohiyatlarini ziddiyatlarni bartaraf etish, yer sharining barcha burchaklarida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yanada faolroq yo`naltirishlari kerak.

Turgan gapki, dunyoda yangi tartib o`rnatishda asosiy rolni joriy yilda 50 yilligini nishonlaydigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, uning qator ziddiyatlar va inqirozli holatlarni bartaraf etishda tajriba orttirgan Xavfsizlik Kengashi o`ynaydi. Ammo Xavfsizlik Kengashi oldida murakkab sinov turubdi: u yangi sharoitda o`zining samaradorligini xalqaro hamjamiyatga ko`rsata bilishi kerak. Aynan shu bugun, Xavfsizlik Kengashidan BMT rezolyutsiyalarini kafolatli bajarilishiga erishishda avvalgidanda ko`proq qat`iyat talab qilinmoqda. Kengash tarkibining kengaytirilishi uni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.

Biz, eng avvalo, Bosh Assambleyaning o`zaro kelishuv hamda manfaatlar muvozanatiga asoslangan qarorlar qabul qilishda mamlakatlarning yaqindan hamkorlik qilishlarini ta`minlashdagi roliga katta ahamiyat beramiz.

Hozirgi shart-sharoitlarda BMT Bosh kotibi vakolatlaridan samarali foydalanishining, shuningdek xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga u bilan teng mas`ul bo`lgan, tashkilotga a`zo mamlakatlar tomonidan ko`rsatilishi kerak bo`lgan yordamning ahamiyati oshadi.

Umuman olganda, Ozarbayjon Respublikasi BMT istiqbolini ko`tarinki baholaydi va bundan buyon ham Birlashgan Millatlarning oliy tamoyillarini himoya qilish, tashkilot obro`si va samaradorligini oshirishga intilishni qat`iyat bilan davom ettiradi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Orangizda ko`pchilik "urush", "qurolli to`qnashuv" kabi tushunchalarni tarix bilan yoki uyingizdan uzoqda sodir bo`layotgan voqealar bilan bog`lash baxtiga ega, ammo mening xalqim uchun bular shu kunning haqiqatlari, qonli ayomlardir.

Ozarbayjon zaminida olti yildan buyon urush olovi o`chmayapti. Ozarbayjonning Tog`li Qorabog` mintaqasida yashovchi arman millati vakillarining taqdirlarini o`zlari belgilashlari huquqini amalga oshirish bahonasida Armaniston Respublikasi mamlakatimiz hududini ishg`ol qilish, uning davlat chegaralarini kuch bilan o`zgartirish hamda ozarbayjonlarni tug`ulib o`sgan joylaridan badarg`a qilish rejalarini ochiqchasiga hayotga tadbiq qilmoqda.

Bularning hammasi xalqlarning o`z taqdirlarini o`zlari hal qilishlari huquqini har qanday elat jamoasining o`zini o`zi mustaqil, deb e`lon qilish va boshqa bir davlat tarkibiga kirish erkinligi sifatida ixtiyoriy talqin qilish bilan xaspo`shlanmoqda. O`z taqdirini o`zi hal qilish huquqini bunday talqin qilish mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyillariga keskin ravishda ziddir. Ushbu huquqqa favqulodda salohiyat berishga har qanday urinishlar mintaqamizda, shuningdek sayoramizning boshqa burchaklarida, chafqatsiz qarama-qarshiliklarga olib kelayotganinining guvoxi bo`lib turibmiz..

BMT Bosh kotibi, janob Butros G`oli ham ushbu masala yuzasidan tashvish bildirgan edi: "Agar har bir etnik, diniy yoki lingvistik guruh davlatchilikka da`vo qiladigan bo`lsa, bo`linishlarning oxiri bo`lmay qoladi hamda dunyoda tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy farovonlikka erishish yanada murakkablashib ketadi".

Jahon hamjamiyati mintaqamizdagi voqealar to`g`risida kam, qator holatlarda esa, bir tomonlama ma`lumotga ega ekanini bilgan holda, haqqoniy voqe`lik bilan sizlarni qisqacha tanishtirish niyatidaman. Armaniston Respublikasi Ozarbayjonning Tog`li Qorabog` mintaqasi hududida qudratli qo`shin to`plab, respublikamizga qarshi faol harbiy harakatlar boshladi. Shusha shahri hamda Lochi tumanlari bosib olingach, Tog`li Qorabog` anneksiyasi nihoyasiga yetkazildi hamda u yerda istiqomat qiluvchi ellik ming ozarbayjon badarg`a qilindi. Tog`li Qorabog` platsdarmidan foydalangan holda, arman qurolli tuzulmalari pirovardida hujumga o`tib, Ozarbayjonning, Lochi tumani kabi sobiq Tog`li Qorabog`dan tashqarida joylashgan va uning hududidan to`rt marta keng Qiyolbajar, Agdam, Fuzuli, Jabrail, Zangilan va Gubadli tumanlarini bosib oldi.

Agressiya oqibatida Ozarbayjon hududining 20 foizdan ortig`i Armaniston Respublikasi qurolli kuchlari tomonidan ishg`ol qilindi. Ozarbayjon tomonining dahshatli yo`qotishlarini aytib o`tishim kerak: 20 mingdan ortiq kishi halok bo`ldi, 100 mingga yaqin odam yaralandi va mayib bo`ldi, 6 ming nafar shaxs asirlikka tushdi, bir milliondan ortiq ozarbayjonlik - mamlakat aholisining 15% ga yaqini - qochqinlarga aylandilar va chodir shaharchalarda yashamoqdalar. Vatanlarida bo`lganlari holda ular boshpanasiz qoldilar va jazirama issiqdan, sovuqdan hamda yuqumli kasalliklardan azob chekmoqdalar, eng zarur narsalarga ehtiyoj sezmoqdalar. Bosib olingan ozarbayjon hududlarida 700 shahar va qishloq vayron qilingan, ulardagi deyarli barcha uylar, maktablar, shifoxonalar yoqib yuborilgan va talangan, qadimiy madaniyat yodgorliklari yo`q qilingan.

Mazkur holatda gap "o`z taqdirini o`zi hal qilish huquqidan foydalanish" to`g`risida emas, xalqaro huquqning qo`pol ravishda buzulishi, BMTga a`zo mamlakatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga qarshi xuruj to`g`risida borayotganini isbotlab o`tirishimizga hojat yo`q, deb o`ylayman.

Urush mening xalqim uchun chidab bo`lmas muhit yaratmoqda, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirmoqda, ozarbayjon jamiyatini demokratlashtirishga qaratilgan iqtisodiy va siyosiy islohatlarni amalga oshirishga to`sqinlik qilmoqda.

Urush oqibatida ozarbayjon xalqiga milliardlab amerika dollari qiymatida moddiy zarar yetkazildi. Insonlarning hayoti va taqdirlariga yetkazilgan ruhiy zararni, xalqning dardi va qayg`usini hech narsa bilan qiyoslab bo`lmaydi.

Bugun faqat Ozarbayjonda emas, dunyoning boshqa qaynoq nuqtalarida ham qon to`kilmoqda. Binobarin xalqlar urush borayotgan hududlarda ro`y berayotgan fojeali voqealarga befarq qarab turmasliklari kerak. Qurolli ziddiyatlar eskalatsiyasiga yo`l qo`ymaslik, ularning adolatli va uzil-kesil hal bo`lishlariga erishish uchun hamjihatlikda barcha zarur choralarni ko`rishimiz kerak.

Xonimlar va janoblar!

Armaniston Respublikasi qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjon hududlarining bosib olinishi munosabati bilan so`nggi ikki yil mobaynida Xavfsizlik Kengashi 4 ta qaror va 6 ta bayonot qabul qildi.

Barcha qarorlarda Xavfsizlik Kengashi Ozarbayjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini tasdiqlaydi, hududlarni bosib olish uchun kuch ishlatishga yo`l qo`yib bo`lmasligini ta`kidlaydi, Ozarbayjonning bosib olingan tumanlaridan barcha bosqinchi kuchlarni tez, to`liq va hech bir shartlarsiz olib chiqib ketishni hamda qochqinlarni doimiy turar joylariga qaytarishni talab qiladi.

Ammo Armaniston Respublikasi ushbu barcha qarorlarni to`laligicha nazarga olmay kelmoqda. Boz ustiga, u Ozarbayjonning bosib olingan hududlarida o`z harbiy salohiyatini oshirishda davom etmoqda.

Boshqa tomondan, Xavfsizlik Kengashi ham qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish mexanizmini ishga tushurmadi. Savol tug`uladi, har bir konkret holatda Xavfsizlik Kengashi qanchalar uzviy va qaty`iyatli bo`la oladi hamda uning vakolatlarining qo`llanilish darajasi nima bilan aniqlanadi?

Xavfsizlik Kengashi qarorlarinig bajarilmasligi BMTga qarshi ishlaydi va uning xalqaro tinchlikni hamda xavfsizlikni saqlashdek asosiy vazifasini o`tay olish qobiliyatiga bo`lgan ishonchga rahna solishi mumkin.

Mintaqaviy ziddiyatlarni hal qilishning to`plangan tajribasi, qarorlarni bajarishga intilishlar, BMT Nizomida ko`zda tutilgan qat`iy choralar bilan kuchaytirilgan taqdirdagina, muvaffaqiyatga olib kelishlari mumkinligini ko`rsatadi.

Xalqaro huquq me`yorlarini qo`pol ravishda buzayotgan davlatga nisbatan ta`sirchan choralar ko`rish eng obro`li xalqaro tashkilotning jahon hamjamiyati oldidagi burchidir.

Arman-ozarbayjon ziddiyatini bartaraf etishga bo`lgan intilishlarda biz EXHTdek yana bir obro`li tashkilotga ham suyanamiz. EXHT tomonidan tuzilgan arman-ozarbayjon ziddiyatini hal qilish bo`yicha Minsk guruhi ham bosib olingan hududlarni ozod qilish va bosqinchi kuchlarni Ozarbayjon chegaralaridan tashqariga to`liq olib chiqish, uning suverenitetini, hududiy yaxlitligini hamda xalqaro darajada tan olingan chegaralarini hurmat qilish zaruriyatiga tayanadi.

Biroq, afsuski, muay`an dastaklarning yo`qligi sababli, EXHT ning ko`plab xatti-harakatlari biron-bir sezilarli, aniq natijalar bilan yakun topmadi. Ayni kunda biz dastlabki, ijobiy natijaga erishib turubmiz: Rossiya Federatsyasi va EXHT Minsk guruhining faol vositachiligida, ulkan intilishlar bahosi o`laroq, ziddiyat hududida o`t ochish to`xtatildi.

To`rt oydan oshiqroq vaqtdan beri o`q ovozlari yangramayapti, qon to`kilmayapti. Bularning hammasini biz yuqori baholaymiz, ammo vaziyat hamon o`ta murakkabligicha, yarashuv xiyla nozikligicha qolmoqda.

Armaniston Respublikasi bosib olingan ozarbayjon yerlarining bir qismini Ozarbayjon Respublikasining Tog`li-Qorabog` tumani mustaqilligi mavqe`iga almashtirishdek noqonuniy shartlarni ilgari surmoqda. U, amalda yerlarimizning anneksiyasini anglatadigan, ushbu ozarbayjon mintaqasida harbiy bo`linmalarni va Shusha shahri hamda Lochi tumani nazoratini saqlab qolish talabini qo`ymoqda.

Armaniston Tog`li Qorabog`ning ziddiyatgacha bo`lgan demographik xaritasini tiklash, u yerga va, jumladan, ozarbayjon madaniyatining qadimiy markazlaridan biri - Shusha shahriga ozarbayjon aholisini qaytarishni to`liq istisno qilmoqda.

Mavjud shart-sharoitda, BMT Xavfsizlik Kengashining qarorlarini bajarmagan holda, Armaniston, o`zi bosib olgan Ozarbayjonning Tog`li Qorabog` mintaqasining perimetri bo`ylab xalqaro ayiruv kuchlarini joylashtirishni taklif qilmoqda, ularni hozirgi holatni konservatsiya qilish dastagiga, bosqinchilik siyosatining kafillariga aylantirishga harakat qilmoqda.

Ozarbayjon Respublikasining mavqe`i har doim konstruktiv va tinchlikparvar bo`lgan. Yetkazilgan zararga qaramay, biz arman tomoniga xalqaro adolat va insonparvarlik huquqi asosida sulh taklif qilamiz. Biz Tog`li Qorabog`ning arman aholisiga xavfsizlik kafolatini berishga tayormiz. Ikki tomonlama asosda mintaqadagi kommunikatsyalarning normal faoliyatini tiklash, jumladan Tog`li Qorabog` va Armaniston Respublikasi orasidagi insonparvarlik yo`lagini tiklash tarafdorimiz. Zaruriyat bo`lsa, ziddiyat hududida xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishga rozimiz. Ozarbayjon davlati tarkibida Tog`li Qorabog` mavqe`ini muhokama qilishga ham tayormiz.

Biroq, Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligi, bosib olingan barcha yerlarning ozod qilinishi, qochqinlarni uylariga, jumladan 50 ming qochqin-ozarbayjonni Vatanlari - Tog`li Qorabog`ga qaytarilishi biz uchun o`zgarmas me`yorlar va tamoyillardir.

Ozarbayjon Respublikasi, ziddiyatni tinch, siyosiy yo`l bilan hal qilish tarafdori bo`lib qolar ekan, bosqinchilikning barcha oqibatlarini Xavfsizlik Kengashi qarorlari vositasida bartaraf qilibgina, mintaqadagi ja`mi aholi uchun uzoq muddatli, barqaror tinchlik o`rnatish va xavfsizlikni ta`minlash maqsadida davomiy hamda konstruktiv muloqat olib borish mumkin, deb hisoblaydi.

Bunda, tinchlikka oid kelishilgan qarorlarning bajarilishini ta`minlashda, tinchlikparvar kuchlarning oldiga, xalqaro me`yorlarga muvofiq ravishda, aniq vazifalar qo`yilishi sharti bilan, biz xalqaro hamjamiyatning yordamiga tayanamiz.

O`t ochishni to`xtatish to`g`risida erishilgan kelishuvga yuqori baho berar ekanmiz, biz buning hali tinchlik emasligini, lekin tinchlikka tez erishish uchun zarur sharoitlar yaratoyotganini tushunamiz. Biz tinchlik shartnomasi tuzulgunga hamda qurolli to`qnashuvga butunlay barham berilgunga qadar o`t ochishni to`xtatish rejimiga rioya qilishimiz xususidagi azmi-qarorimiz to`g`risida bir necha marta bayonot berganmiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbarida turib, bu haqda bugun yana bir marta bayonot beraman.

EXHT Minsk guruhi hamda Rossiya Federatsiyasining tinchlikparvar faoliyatini quvvatlay turib, biz ularni ziddiyatni hal etishda ilg`or bo`lish niyatidagi har qanday musobaqadan voz kechishga, intilishlarda hamjihat bo`lishga chaqiramiz. Bunday raqobat Ozarbayjon va Armaniston xalqlari teng darajada muhtoj tinchlikka erishuvni faqatgina murakkablashtirishi mumkin.

Bosib olingan barcha ozarbayjon hududlarini to`liq ozod qilish to`g`risidagi talablarimiz haqqoniydirlar, ular BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlariga to`liq mos keladilar. U yoki bu hududni o`zlashtirishga bo`lgan intilishlar xalqaro huquq me`yorlariga ziddirlar va biz ularni rad etamiz.

Biz kirishga majbur bo`lgan urush natijasida respublikada favqulodda og`ir gumanitar holat yuzaga keldi. Yetti millionlik mamlakatda har yettinchi shaxs - uy-joysiz, ishsiz, yashash vositalarisiz qochqin. Qochqinlar va ko`chirilganlar o`rni to`lmaydigan judoliklarni boshdan o`tkazib, chodir shaharchalarda kun o`tkazmoqdalar. Og`ir qishlov sharoitlari, oziq-ovqat hamda dori vositalarining yetishmasligi aholining mazkur eng zaif guruhi orasida yuqumli kasalliklar hamda ochlik tarqalishi xavfini yuzaga keltirmoqda. Qochqinlar bilan bog`liq favqulodda holatni bartaraf qilish Ozarbayjon davlatining asosiy vazifalaridan biriga aylangan.

Respublikamizning tezkor murojaatiga xalqaro tashkilotlar, qator davlatlar munosabat bildirdilar. Biz Ozarbayjonga insonparvarlik yordami ko`rsatish bo`yicha BMT dasturining eng yirik homiylari Shvetsya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Daniya hukumatlariga eng samimiy minnatdorchiligimizni izhor etamiz.

Biz, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar yo`nalishida Ozarbayjonga sezilarli insonparvarlik yordami ko`rsatgan Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlardan minnatdormiz.

Biz BMT qochqinlar ishlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi, Xalqaro Qizil Xoch Qo`mitasi, BMT bolalar jamg`armasi, "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotiga ham ko`rsatilgan bebaho yordam uchun tashakkur aytamiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Mamlakatimning xalqaro munosabatlar tizimidagi o`rni va roliga, sharq va g`arb tsivilizatsiyalari uyg`unlashib ketgan respublikamizning jug`rofiy joylashuvi, ijtimoiy-siyosiy yo`nalishi va tarixiy-madaniy ananalaridan kelib chiquvchi xususiyatlari o`ziga xos ta`sir o`tkazadi.

Aynan o`z xususiyatlarimizni anglagan hamda o`zgarishlar da`vatini hisobga olgan holda, biz tashqi dunyo bilan hamkorlik qurilmasini qadam-ba-qadam barpo etmoqdamiz.

Ozarbayjon Respublikasi xalqaro tan olingan sanadan boshlab biz mamlakatlarning mutloq ko`pchiligi bilan tehg huquqli, muvozanatlashtirilgan aloqalar o`rnatdik hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ko`piga a`zo bo`ldik, xalqaro aloqalarimizni kengaytirish, ma`lum sabablarga ko`ra yo`qotib qo`yilgan munosabatlarni tiklash uchun jiddiy xatti-harakatlarni amalga oshirdik.

Sobiq SSSR hududida tashkil topgan mustaqil davlatlar bilan tarixiy, jug`rofiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarga alohida e`tibor berib, biz ular bilan, ayniqsa Rossiya bilan ikki tomonlama munosabatlar asosida, va, ayni paytda, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi doirasida teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish tarafdorimiz.

Ozarbayjonning Amerika Qo`shma Shtatlari, Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi, Frantsiya, Xitoy bilan do`stona aloqalari muvaffaqiyat bilan rivojlanmoqda. Mintaqamizdagi, shunigdek qo`shni mintaqalardagi Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Pokiston kabi mamlakatlar bilan bizni mustahkam qo`shnichilik aloqalari bog`lab turibdi; mazkur davlatlar bilan biz Islom Konferentsiyasi Tashkiloti doirasida ham yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz.

Joriy yilning may oyida NATOning "Tinchlik yo`lida hamkorlik" dasturiga qo`shilish Ozarbayjonnong siyosiy hayotida muhim voqea bo`ldi. Dasturda bizni yalpi xavfsizlik manfaatlari yo`lida hamkorlik va hamjihatlikda harakat qilish o`ziga jalb qiladi. Varshava Shartnomasi sobiq a`zolarining ushbu dasturga qo`shilganliklarini men qutlayman. Bu omil ja`mi Evro-Osiyo qit`asiga kelajakda uni, barcha xalqlarning xavfsizligini, taraqqiyoti hamda farovonligini ta`minlaydigan, o`zaro qarshi turuvchi yangi bloklarning paydo bo`lishi ehtimolini butunlay yo`qqa chiqaradigan tinch hamkorlik kutayotganiga umid bog`lash imkonini beradi. NATO dasturida ishtirok etish mamlakatimizning Evropa xavfsizligining yangi qurulmasini yaratishdagi ishtiroki ahamiyatini oshiradi, deb umid qilamiz.

Joriy yilda Ozarbayjonga Qoshilmaslik Harakatida kuzatuvchi maqomi berildi; bu bizning oldimizda harakatga a`zo mamlakatlar bilan turli sohalarda ikki tomonlama muloqatlarni yo`lga qo`yish va mavqe`larni yaqinlashtirish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Yosh ozarbayjon davlatinig oyoqqa turishi jarayonida uning 1992 yil yanvar oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to`laqonli a`zo bo`lib kirishi muhim bosqich bo`ldi. O`sha sanadan boshlab bizning BMT tarkibiga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorligimiz ko`lami kengayib bormoqda. Xalqaro Valuta Jamg`armasi, Jahon Banki, Xalqaro Rekonstruktsiya va Taraqqiyot Banki bilan hamkorligimizni biz alohida qadrlaymiz. Ushbu yirik moliya institutlari mutaxassislarinig Ozarbayjondagi amaliy ishlari natijasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhum ahamiyat kasb etuvchi aniq loyihalar tanlab olindi.

Xalqaro moliya institutlari bilan samarali hamkorligimiz uchun katta imkoniyatlar bor, degan fikrdamiz. Ozarbayjon Respublikasi jalb etilgan tom ma`nodagi urush munosabati bilan Xalqaro Valuta Fondi hamda Jahon Banki rahbarlari tomonidan namoyon etilayotgan ehtiyotkorlik va ikkilanishni to`g`ri tushunamiz. Biroq, ayni vaqtda, Xalqaro Valuta Fondi Armanistonga barqarorlik krediti ajratdi. O`ylamizki, adolat mazkur masalaga hech bo`lmaganda simmetrik yondoshuvni talab qiladi.

Biz bozor iqtisodiyoti infrastrukturasini qurish, mamlakatni boshqaruvning zamonaviy darajasiga olib chiqish, ilg`or texnologiyalarni qo`llash bo`yicha milliy dasturlar tuzishda BMT Taraqqiyot hamda BMT atrof-muhit dasturlaridan texnik yordam masalasi bo`yicha ko`p narsalar kutmoqdamiz.

Biz xalqaro hamkorlikka alohida ahamiyat beramiz va men, alohida mamnuniyat bilan sizga ma`lum qilamanki, uzoq va sabot bilan davom ettirilgan muzokaralardan so`ng, 20 sentyabrda Ozarbayjon Respublikasi Kaspiy dengizining ozarbayjon sektoridagi neft zahiralarini 30 yil mobaynida hamkorlikda tasarruf etish bo`yicha jahonning yirik kompaniyalari konsortsiumi bilan shartnoma imzoladi.

Ushbu yiruk, iqtisodiy qadam bizning ochiq siysatimiz, iqtisodiyotimizni erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish siyosatimizning dalilidir.

Mazkur tengi yo`q shartnomaning imzolanishi uni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xalqlar va mamlakatlar - Ozarbayjon, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi, Turkiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo`shadi. Bu to`g`rida so`z yuritar ekanman, Ozarbayjon Respublikasining jahon hamjamiyatiga teng huquqli a`zo bo`lishni oldiga maqsad qilib qo`ygani va buning uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini yana bir marta ta`kidlamoqchiman. Shu sababli, uning siyosati zaminida tinchlikka intilish yotadi va biz tinchlikka erishishda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga katta umidlar bilan qaramoqdamiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Ozarbayjon xalqi o`zining yosh, mustaqil davlatiga Prezident etib saylab, menga katta ishonch bildirdi va bugun men uning eng muqaddas orzu-umidlarini sizga yetkazish sharafiga muyassar bo`ldim.

BMT Bosh Assambleyasining ushbu oliy minbarini, xalqimning ovozini sizlar eshitasizlar, u qalblaringizga yo`l topadi, degan umidda tark etmoqdaman.

E`tiborlaringiz uchun minnatdorman.