TARJIMAI HOL


Haydar Alirizo o`g`li Aliyev - Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi 

Haydar Alirizo o`g`li Aliyev 1923 yilning 10 mayida Ozarbayjonning Naxchivon shahrida dunyoga keldi. 1939 yilda Naxchivon pedagogika texnikumini bitirgach, Ozarbayjon sanoat institutining arxitektura fakultetida (hozir Ozarbayjon Davlat Neft Akademiyasi) o`qishni davom ettirdi. Urush unga o`qishni tugatishiga imkon bermadi. 

1941 yildan boshlab Haydar Aliyev Naxchivon ASSR Xalq Komissariyati Ichki Ishlar bo`limi boshlig’i lavozimida, shuningdek Naxchivon ASSR Xalq Komissariati kengashida faoliyat olib bordi. 1944 yilda esa, u Davlat xavfsizligi idoralarida ishlashga yo`llanma oldi. Shu yildan e`tiboran xavfsizlik idoralari tizimida faoliyatini boshlagan Haydar Aliyev 1964 yildan rais o`rinbosari, 1967 yildan esa, Ozarbayjon SSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat xavfsizlik qo`mitasi raisi lavozimlarida ishladi, unga general-mayor unvoni berildi. Shu yillar mobaynida u Leningradda (hozir Sankt-Peterburg) oliy maxsus ta`lim oldi, 1957 yilda esa, Ozarbayjon Davlat Universitetining tarix fakultetini tamomladi. 

1969 yilning iyul oyida Markaziy Qo`mita plenumida Ozarbayjon Kommunistik partiyasining birinchi kotibi etib saylangan Haydar Aliyev Respublika rahbari bo`ldi. 1982 yilning dekabrida Haydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo`mitasining Siyosiy byurosiga a`zolikka saylandi, SSSR Vazirlar Kengashi raisining birinchi o`rinbosari lavozimiga tayinlandi va SSSR rahbarlarining biriga aylandi. Haydar Aliyev 20 yil davomida SSSR Oliy Kengashining deputati bo’ldi va 5 yil mobaynida SSSR Oliy Kengashi raisining o`rinbosari lavozimida faoliyat ko`rsatdi. 

1987 yil oktyabr oyida Haydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo`mitasining siyosiy byurosi va shaxsan Bosh kotib Mixail Sergeevich Gorbachev olib borayotgan siyosatdan noroziligini bildirib, egallab turgan lavozimidan ixtiyoriy ravishda iste`foga chiqdi. 

1990 yil 20 yanvar oyida Sovet qo`shinlari tomonidan Boku shahrida amalga oshirilgan qonli fojia munosabati bilan Moskvadagi Ozarbayjon vakolatxonasida voqealar ro’y bergan kunning ertasiga qilgan bayonotida Haydar Aliev Ozarbayjon xalqiga qarshi qaratilgan jinoyatning tashkilotchilari va ijrochilarini jazolashni talab qildi. U Tog`li Qorabog`da yuzaga kelgan keskin, ziddiyatli vaziyatga nisbatan SSSR rahbariyatining ikki yuzlamachilik siyosatiga norozilik bildirib, 1991 yilning iyul oyida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi saflarini tark etdi. 1990 yil iyul oyida Ozarbayjonga qaytib kelgan Haydar `Aliyev dastlab Bokuda, keyinchalik esa Naxchivonda yashadi. Shu yili u Ozarbayjon Oliy Kengashiga deputat etib saylandi. 1991 - 1993 yillar davomida u Naxchivon Avtonom Respublikasi Oliy Majlisining raisi, Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi raisining o`rinbosari lavozimlarida ishladi. 1992 yil Naxchivon shahrida bo`lib o`tgan "Yangi Ozarbayjon" partiyasining ta`sis qurultoyida Haydar Aliyev partiya raisi etib saylandi. 1993 yilning may-iyun oylarida hukumatda yuzaga kelgan inqiroz natijasida amalga oshishi muqarrar bo`lgan fuqarolar urushi va mustaqillikning boy berilish xavfi tug`ilgan og`ir bir vaziyatda Ozarbayjon xalqi Haydar Aliyevning hokimiyat tepasiga olib kelinishini qat`iy talab qildi. 

Ozarbayjonning o’sha vaqtdagi rahbarlari Haydar Aliyevni Bokuga rasmiy ravishda taklif qilishga majbur bo’ldilar. 1993 yilning 15 iyunida Haydar Aliyev Ozarbayjon Oliy Kengashining raisi etib saylandi, 24 iyuldan boshlab esa, Milliy Majlisning qaroriga asosan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti vakolatlarini bajarishga kirishdi. 1993 yilning 3 oktyabrida, umumiy ovoz berish natijalariga ko’ra, Haydar Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 1998 yilning 11 oktyabrida xalqning faol ishtirokida o`tkazilgan Prezident saylovlarida u 76,1 % ovozga ega bo`lib, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylandi. 2003 yilning 15 oktyabridagi Prezident saylovida nomzodi qo’yilishiga rozilik bergan Haydar Aliyev sog`ligi tufayli unda ishtirok etishdan voz kechdi. Haydar Aliyev qator xalqaro mukofotlar, turli mamlakatlar universitetlarining faxriy doktori unvonlari va boshqa yuqori darajalardagi faxriy unvonlar bilan taqdirlangan edi. U to`rt marta Lenin ordeni, Qizil Yulduz ordeni va ko’plab medallar, ikki marotaba Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni, shuningdek chet davlatlarning ko`plab orden va medallari sohibi bo’lgan. 

Ozarbayjon xalqining so`nggi 30 yildan ko’proq davrni qamrab oladigan tarixiy taqdiri Haydar Aliyev nomi bilan chambarchas bog`liq. Mazkur yillarda Ozarbayjon xalqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida qayta tiklanishi aynan uning nomi bilan bog`liq. 

Rahbarlik yillarining ushbu davri davomida Haydar Aliev, o’zi mudom taraqqiyoti sari intilgan, boy madaniyati, yuksak tarixiy o`tmishi bilan doimo faxrlangan, avlodlarining kelajagi uchun qayg’urgan ona diyori – Ozarbayjonga, vaqtning shafqatsiz hamda og’ir sinovlarini davlat sifatida yengib o’tishida, yordam berdi. 

Buyuk siyosat va davlat arbobi, xalqning tom ma’nodagi yetakchisi Haydar Aliyev hayotlik chog`idayoq tirik afsonaga aylandi. Shu sababli, Haydar Aliyev shaxsiyati, jahon ozarbayjonlarning umummilliy yetakchisining jo`shqin siyosiy faoliyati, respublika hamda jahon matbuoti tomonidan keng yoritib kelindi. 

1993 yil iyun oyining eng mashaqqatli kunlarida milliy davlatchilik inqiroz xavfi ostida ekanligiga ishonch hosil qilgan ozarbaydjon xalqi amaldagi hokimiyatni o`zgartirishni qatiyat bilan talab qildi va o’sha vaqtdan boshlab o`z taqdirini Haydar Aliyevga yana ishonib topshirdi. Xalqining iztiroblarini ko`rgan Haydar Aliev uning taklifini qabul qildi va Ozarbayjonning katta siyosatiga qaytdi. Haydar Aliyevning qaytishini xalq umid va quvonch bilan qarshi oldi. Ushbu kun mustaqil Ozarbayjon tarixi sahifalaridan Milliy qutqaruv kuni sifatida joy oldi.