Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti, Oliy bosh qo’mondon Haydar Aliyevning Xojalini dushmandan mudofaa etishda ishtirok etgan va shahid bo’lgan Milliy qahramonlarning ota-onalariga, oila a’zolariga, alohida jasorat ko’rsatgan jangchilarga "Oltin Yulduz" medali, "Ozarbayjon Bayrog’i" ordenlarini taqdim etish marosimidagi kirish so’zi va yakunlovchi nutqi - 1999 yil 26 fevral


Aziz opa-singillar, aka-ukalar! 

XX asrda armanlar tomonidan Ozarbayjon xalqiga qarshi bir necha marta tajovuz qilindi, ommaviy qirg’in uyushtirildi. Ularning eng dahshatlisi - Xojali fojiasi, qirg’ini bo’ldi. 

Bundan yetti yil avval o’sha mash’um fevral tunida Armaniston qurolli kuchlari Sovet Ittifoqi armiyasi 366 - polkining ko’magi va ishtirokida Ozarbayjonning eng ko’rkam burchaklaridan biri - Xojali aholisiga qarshi dahshatli qirg’in uyushtirdilar. Misli ko’rilmagan vahshiylik bilan amalga oshirilgan bu qirg’in XX asrning eng dahshatli fojialaridan biri bo’lib qoldi. Bir kecha davomida tinch, qurollanmagan xo’jaliliklarga katta zarba berildi. Qirg`in natijasida yuzlab xojalilik ayollar, erkaklar, yoshlar, chaqaloqlar, bolalar halok bo’ldi. Yuzlab xo’jaliliklar yarador bo’ldilar, jarohatlar oldilar, nogiron bo’ib qoldilar. Yuzlab odamlar asirlikka tushdilar.

Bu fojia Ozarbayjon xalqiga arman-ozarbayjon urushi davrida berilgan eng og’ir zarbadir. Xojaliliklar bu fojiani mardlik, qahramonlik bilan qarshi oldilar. O`z uyini, shahrini, oilasini qahramonlarcha himoya qilganlar halok bo’ldilar, shahidlarga aylandilar. Arman tomonidan ochilgan o’t natijasida  Xojali tuprog’i qonga belandi. 

Bu fojia butun Ozarbayjon xalqini larzaga soldi, xojalilarga og’ir ma’naviy zarba berdi. Biroq xojaliliklarning irodasi sinmadi, odamlar jasorat ko’rsatib, o’zlarini qurbon qildilar. Ular bu fojiani mardlarcha yengib o’tdilar. Mag’rur xojaliliklar bugun ham, fojianing yetti yilligi kuni ham yana qahramonlarcha hayot kechirmoqdalar. 

Hech shubha yo`qki, Armaniston-Ozarbayjon ziddiyatiga nuqta qo`yiladi, Ozarbayjonning bosib olingan yerlari ozod qilinadi, ulardan majburan quvib chiqarilgan vatandoshlarimiz esa, o’z yurtlariga, uylariga, qadrdon tuproqlariga qaytadilar. Hech shubha yo’qki, Xojali ozod qilinadi va xojaliliklar o’zlarining qadrdon yerlariga qaytib keladilar hamda bu joylarda yashashni yana davom ettiradilar. 

Biroq Xojalining jarohati qalblarimizda mangu yashaydi. Xojali qirginini uyushtirganlar odil sud oldida javob beradilar. Xojali fojiasining aybdorlari - Ozarbayjonning sobiq rahbariyati va boshqa mas’ul shaxslar xalq oldida o’z jazolarini oladilar. Odil sud ularga jazo tayinlaydi. 

Xalqimiz tarix davomida katta urushlarni boshidan o’tkazdi hamda sarhadini, nomusini himoya qila turib, qurbonlar berdi. Ammo har safar bunday urushlardan, janglardan, qiyinchiliklardan yanada kuchliroq, yanada qat’iyatliroq bo’lib chiqaverdi. Bugun ham xalqimiz, shu jumladan xojaliliklar mustaqil Ozarbayjon davlatida yanada katta sabot bilan davlatimizning mustaqilligini muhofaza etish hamda saqlash, barcha bosib olingan yerlarmizni ozod qilish uchun kurashni oxirigacha olib borish niyatidadirlar. 

Bugun, Xojali fojiasining yetti yilligi kuni Xojalida qahramonlarcha shahid bo`lgan o`g`lonlarimizning ruhi qarshisida bosh egaman. Ularning xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yod etishni so`rayman. 

Alloh barcha shahidlarni rahmat qilsin! 

Endi esa, Xojali tuprog`ini mudofaa etishda shahid bo`lgan vatandoshlarimizning ota-onalariga, oila a`zolariga va qahramonlik ko’rsatgan jangchilarga Ozarbayjon davlatining mukofotlarini topshirmoqchiman.

Yakuniy nutq

Aziz opa-singillar, aka-ukalar, do`stlar! 

Bugun Vatanimizda, mamlakatimizda - motam kuni. Xalqimiz, Ozarbayjon fuqarolari Xojali  qirg`inining yetti yiligini nishonlar ekanlar, Xojali fojiasini, u yerda amalga oshirilgan qirg’inni chuqur qayg’u bilan yodga olmoqdalar. Bugun biz Xojalida qirg`in natijasida halok bo`lganlar, jarohat olganlar, nogiron bo`lganlar, asir tushib, daraksiz ketganlarning barchasiga chuqur ehtirom bildiramiz va barcha xojaliliklarga, biz sizlar bilan birgamiz, deymiz. 

Xojali fojiasi nafaqat xojaliliklarning, balki butun Ozarbayjon xalqining dardi, qayg’usidir. Shu sababli bugun butun mamlakat bo’ylab - qayg`u kuni, motam kuni. Men Yaratgandan yana bir marta barcha halok bo’lganlarga rahmat tilayman va xojalilarga, butun Ozarbayjon xalqiga hamdardlik bildiraman. Chunki, halok bo`lgan har bir vatandoshimiz o`z oilasininggina emas, balki Ozarbayjonning ham farzandidir va bu motam Ozarbayjon xalqining motamidir. 

Ayni paytda, bugun sizlar bilan uchrashuvdan chuqur ta’sirlandim. Bu yerda, men 1993 yilda  Ozarbayjon Prezidenti etib saylanganimdan keyin, Ozarbayjon xalqining boshiga tushgan kulfatlarni teran tahlil eta boshlaganim va zarur choralar ko’rganimni qayd qildingiz. Jumladan, 1994 yilning fevralida Xojali qirg’iniga baho berildi va bu kun motam kuni, deb e’lon qilindi. 

Biroq har safar xojaliliklar bilan uchrashar ekanman, meni g’urur ham qamrab oladi. Shuncha qayg’u, shunchalar og’ir, fojiali kunlarni boshidan kechirganlar, ko’zlari oldida yaqinlarini yo’qotganlar – naqadar mag’rur va mardlar. Ularning har biri Vatan manfaati, ona yer ishqi bilan yashamoqda. Bu xalqimiz ma’naviyatining naqadar yuqori ekanidan darak beradi. Xojaliliklarning yuksak ma`naviyati esa, butun Ozarbayjon xalqining oliy axloqiy fazilatlarini aks ettiradi. Lekin xojaliliklar hammamiz uchun o`rnakdirlar - qahramonlik, mardlik, matonat hamda vatanparvarlik namunasidirlar. 

Bugun bu yerda ko’p yaxshi so`zlar aytildi, buning uchun sizlarga rahmat. Har biringizning so’zlaringizda chuqur ma’no bor. Gap shundaki, farzandlaringizni, oila boshlig’ini, aka-ukangizni, yaqinlaringizni yo’qotgan bo’lsangiz ham bugun ishonch bilan yashamoqdasiz, kelajakka umid bilan qaramoqdasiz. Kayfiyatingizga to’la sherikman. Ha, Armanistonning Ozarbayjonga qarshi tajovuzi boshlangan 1988 yildan boshlab biz og`ir kunlarni, yillarni boshimizdan kechirdik, katta yo’qotishlar berdik. Bir necha yildirki sarhadlarimiz Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan. Bu bizning dardimiz, xalqimizning qayg’usidir. 

Ayni paytda biz 1994 yilda o’t ochishni va qon to’kilishini to’xtatdik hamda yerlarimizni tinch yo’l bilan ozod qilishni istaymiz, muzokaralar vositasida mamlakatimizning hududiy yaxlitligini tiklamoqchimiz. 

To’g`ri, bu mushkul ish, chunki dushman yerlarni bosib olgandan keyin, uni haydab chiqarish qiyin. Lekin biz shu yo’ldan yurganmiz va undan chekinmaymiz. Biz olib borayotgan tinchlik siyosati, ko’rayotgan choralarimiz o’z natijalarini beradilar, deb ishonaman. 

Ayni paytda men sizning bu yerdagi chiqishlaringizni ham adolatdan, deb bilaman, biz uchun bu katta ma’naviy yordam. Ha, agar bizning barcha tinchliksevar qadamlarimiz, tashabbuslarimiz, ko’rayotgan choralarimiz, pirovardida, bosib olingan yerlarning ozod qilinishini ta’minlay olmasalar, biz, har qanday qiymat evaziga, har qancha qurbonlar berib bo’lsa ham, ularni ozod qilamiz. Siz o’z yerlaringizga qaytasiz, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklanadi. Bu bizning muqaddas burchimiz -  ajdodlarimiz oldidagi, hozirgi avlod, kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir. 

Ozarbayjon Prezidenti sifatida men  mas’uliyatimni doimo his qilaman. Bayonot beramanki, Ozarbayjon Prezidenti sifatidagi faoliyatimning asosiy qismi Ozarbayjonning hududiy butunligini ta’minlashga, bosib olingan yerlarni ozod qilishga bag’ishlangan.   

O`tgan yillar mobaynida men mazkur masala bilan kechayu-kunduz shug’ullandim. Bugun ham shug’ullanmoqdaman, bundan keyin ham shug’ullanaman. Ishonchingiz komil bo`lsinki, men hamisha siz bilan birgaman, shahidlarning oilalari bilan birgaman, quvg’inlarga aylangan vatandoshlarimiz bilan birgaman. Siz men uchun Ozarbayjonning eng aziz, eng sevimli fuqarolarisiz va men hardoim sizlar bilan birga bo’laman. Ishonamanki, bosib olingan yerlarni birgalikda ozod qilamiz. Xojali ozod qilinadi, Xojali yerlari yana uning aholisiga qaytariladi, va siz uning egalari bo’lib qolasiz.

Men sizlarga salomatlik tilayman. Bugun shahidlarga yana bir bor Allohdan rahmat so’rayman. Har biringizga sabr, matonat, barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Rahmat. 

O’zbek tiliga matn rus tilidan “Bakinskiy rabochiy” gazetasining 1999 yil 2 mart soniga asosan tarjima qilindi

Умумий тарихий маълумотлар

Xojali fojiasi – insoniyatga qarshi jinoyat

Харита ва графиклар

Armaniston - Ozarbayjon Tog`li Qorabog` ziddiyati‎