Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning Xo’jali qirg’inining uch yilligiga bag’ishlab o’tkazilgan marosimdagi nutqi – Boku, "Tozapir" masjidi, 26 fevral 1995 yil


Muhtaram vatandoshlar!

Hurmatli musulmonlar!

Bugun bizlar Allohning uyi, “Tozapir” masjidida motam kuni munosabati bilan to’plandik. Biz Xo’jali qirg’inining, Xo’jali foje’asining uch yilligini yodga olmoqdamiz.

O’zining ko’p asrlik tarixi mobaynida Ozarbayjon xalqi hayot yo’lida ulkan g’alabalarga erishib kelgan, jahon madaniyatini boyitib, yuqori cho’qqilarga ko’tarilgan. Musulmon olami jahon madaniyatiga Qur’ondek muqaddas kitobni taqdim qildi. Ozarbayjon xalqi o’zining ko’p asrlik tarixi davomida katta kulfatlar bilan ham to’qnash kelgan, turli bosqichlarda foje’alar ham bo’lib turgan. Ulardan biri olti yildan ko’proq davom etayotgan arman bosqinchilarining, bizning xalqimizga qarshi tajovuzkorlarning  hujumi, yerlarimizning mazkur tajovuz natijasida bo’linib ketishi, hududimiz bir qismining yo’qotilishi, fuqarolarimizning o’limi, qon to’kilishi bo’ldi. Ammo ushbu kulfatlarning eng og’iri, biz uchun eng og’ir jarohat Xo’jali foje’asi bo’ldi.

Tarix jarayonida insonning insonga vahshiyona munosabati holatlari ko’p marta qayd qilingan. Jahonning ko’p burchaklarida qirg’inlar ham sodir qilingan. Arman bosqinchilari, Ozarbayjonga qarshi istilochilar tomonidan amalga oshirilgan qirg’in ularning eng mash’umlaridan biridir. Uzoq vaqt mobaynida, aytish mumkinki, butun XX asr mobaynida arman bosqinchilari tomonidan ozarbayjon xalqiga, millatiga qarshi amalga oshirilgan qirg’inlar xalqimizga katta kulfatlar keltirdi. Ularning orasidagi eng katta jarohat Xo’jali qirg’ini, olti yildan beri davom etib kelayotgan urushdir. Urushni arman bosqinchilari boshlab berdilar. Ozarbayjon xalqi o’z yerlarini himoya qilmoqda. Turgan gapki, urushda qon to’kilmoqda, biz qurbonlar bermoqdamiz, katta qiyinchiliklarni boshimizdan o’tkazmoqdamiz. Ammo uch yil oldin bosqinchilar tomonidan xo’jaliliklarga, tinch aholiga, ayollar, bolalar, qariyalar, bemorlarga qarshi amalga oshirilgan vahchiyona harbiy amaliyot olti yillik urushning eng dahshatli bosqichi va eng og’ir, qora sahifasidir.

Xo’jali voqealari yana shuni ko’rsatdilarki, armanlar bizning yerlarimizga ko’z tikib, hududlarimizni bosib olibgina qolmadilar, balki ular bizning xalqimizga qarshi qirg’inni amalga oshirishdek vahshiyona yo’lni ham tanladilar. Bu holat xo’jali voqealarida yaqqol gavdalandi. O’sha dahshatli tunda ozarbayjon xalqiga mudhish zarba berildi. Bu jarohat bizni hozirgacha bezovta qilib kelmoqda. U hanuz bitgani yo’q, chandiqqa aylangani yo’q, bu jarohat qalblarimizda abadiy qoladi. Yuqorida qayd qilganimdek, tun qorong’usida tinch aholiga hujum qilish, bolalar, ayollar, qariyalar, betoblarni yotgan joylarida yo’q qilish, o’ldirish, ularga misli ko’rilmagan zolimlik bilan azoblar berish dushmanlarimizning vahshiy ekanliklaridan yana bir marta guvohlik berib turibdi.

Xo’jali qirg’ini, bosqini, armanlarning xalqimizga qarshi vahshiyona xatti-harakatlari, ular tomonidan insonlarga qarshi qo’llangan eng razil usullar insoniyat tarixi sahifalaridan joy oldi va muhrlandi. O’sha tunda, o’sha kunlarda halok bo’lgan fuqarolar Ozarbayjon uchun azizdirlar, ular jonlarini respublikamizning hududiy yaxlitligi uchun fido qildilar, xalqimizning milliy ozodlik uchun kurashi yo’lida qurbon, shahid bo’ldilar. Ularning foje’aviy o’limi, ularning shahid bo’lganliklari, ozarbayjon xalqining qahramonligi, qat’iyati, jasorati ifodasidir.

Olti yildan ko’proq davom etayotgan urush davomida biz ko’plab qurbonlar berdik.Yana bir marta ta’kidlaymanki, Xo’jali shahidlari Ozarbayjon mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi yo’lida vafot etgan bizning fuqarolarimiz hamdirlar. Bugun biz ularning xotiralarini yodga olish, hurmat keltirish, ular uchun ibodat qilishga to’plandik. Butun ozarbayjon xalqi, ozarbayjon davlati nomidan ushbu motam kunida ushbu foje’a munosabati bilan yana bir marta hamdardlik bildiraman. Alloh xo’jali shahidlarining joylarini jannatda qilsin. Alloh barcha shahidlarimizning joylarini jannatda qilsin. Alloh Xo’jali shahidlarining oila a’zolariga sabr bersin. Alloh xalqimizga sabr bersin. Ushbu barcha kulfatlardan xalos bo’lish, mustaqil Ozarbayjonning to’liq mustaqilligini, hududiy yaxlitligini  ta’minlash, Ozarbayjon mustaqilligi abadiylashtirish yo’lida  Alloh bizlarga sabr bersin.

Xo’jali fojeasi – bizning qayg’umiz, bizning  g’amimiz, bizning alamimiz. Ammo ayni paytda bu, ozarbayjon xalqi asrlar davomida bosib o’tgan kurash yo’li, milliy ozodlik yo’li sharafli hamda muvaffaqiyatga eltuvchi yo’ldir. Bizning yo’limizda ilgari ham qiyinchiliklar bo’lgan. Qiyinchiliklar hozir ham bor. Ammo Ozarbayjon xalqining irodasini hech kim buka olmagan va buka olmaydi. Bu voqealardan biz chiqaradigan  xulosa shuki, biz yanada jasurroq, yanada qat’iyatliroq, yanada birdam bo’lishimiz kerak. Biz taqdirimiz o’z qo’limizda ekanini, o’zimizni, o’z mustaqilligimizni o’zimiz himoya qilishimiz zarurligini anglab yetishimiz, Alloh tomonidan belgilangan yo’ldan bo’rib o’z yo’limizni kashf etishimiz va o’sha yo’ldan ilgari yurmog’imiz kerak.

Shuning uchun hammamiz, bugun shahidlarimiz haqiga duo qilar ekanmiz, ayni paytda boshimizni baland tutishimiz kerak. Biz qanchalar qayg’irmaylik, kelajakka ichonch bilan qarashimiz, umid bilan yashashimiz kerak. Men ozarbayjon xalqi ushbu og’ir bosqichlarni ham yengadi, deb to’la ishonaman. Qiyinchiliklar faqatgina urush borayotgani, yerlarimizning bosib olinishi, qochqinlarning og’ir ahvoli bilan bog’liq emas. Hozir bizning xalqimiz o’tish davrini boshidan o’tkazmoqda. Biz ijtimoiy­iqtisodiy bo’hron sharaoitida yashamoqdamiz.  Insonlar hayotlari davomida ko’p qiyinchiliklarga duchor bo’ladilar. Ammo asrlar mobaynida xalqimiz o’z yo’lida og’ir davrlarga duchor bo’lgan, ularni yengib o’tgan, shuning uchun ming yillar davomida yashab kelgan va yana ming yillar yashaydi. Biz ishonchimizni yo’qotmasligimiz zarur, o’z maslaklarimizdan qaytmasligimiz, tanlagan yo’limizda davom etishimiz zarur. Biz tanlagan yo’l - Ozarbayjon mustaqilligi, milliy ozodlik, Ozarbayjonning mustaqil mamlakat sifatida abadiy istiqloli yo'lidir. Biz borayotgan yo'l - ahloqiy qadriyatlarimiz, ananalarimiz, dinimiz, tilimiz, tariximizga sodiqlik yo'lidir. Mana shularning hammasiga qanchalar sodiq bo'lsak bugungi og'ir ahvolning sabablarini shunchalar anglay olamiz, bir-birimizga yordam beramiz, bir-birimizni qo'llab-quvvatlaymiz, va arman bosqinchilariga zarba bera olamiz. Hamda biz yerlarimizni ozod qilamiz, xalqimizni, respublikamizni ushbu bo'hron holatidan olib chiqamiz.

Ishonamanki, yo'limiz - shon-sharaf yo'li, xalqimiz manfaatlarini ta'minlaydigan yo'l, to'g'ri yo'l. Biz shu yo'ldan borishda davom etamiz. Mustaqil Ozarbayjon davlati xalqimizning ahilligiga, uning sabotiga ishonadi, bizning jipsligimiz, sabotimiz, vazminligimiz, sabrimiz bizlarni ushbu mushkul ahvoldan olib chiqadilar.

Yana bir marta Allohdan Xojali shahidlarini O'z rahmatiga olishini so'rayman. Men yana Allohdan barcha shahidlarimizni o'z rahmatiga sazovor qilishini so'rayman. Sizlarni takror ishontirib aytmoqchimanki, Ozarbayjon davlati o'z xalqi huquqlarini himoya qilishni, yerlarimiz va hududlarimizni himoya qilishni qat'iyat bilan davom ettiradi hamda ozarbayjon xalqini ushbu barcha kulfatlardan xalos qiladi.

"Гейдар Алиев. Наша независимость вечна" (выступления, речи, заявления, интервью, письма, обращения, указы)  kitobidan tarjima qilindi. Boku-1998 y., 3-jild, 215-217 betlar

Умумий тарихий маълумотлар

Xojali fojiasi – insoniyatga qarshi jinoyat

Харита ва графиклар

Armaniston - Ozarbayjon Tog`li Qorabog` ziddiyati‎