Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti Haydar Aliyevning Armanistondagi AQSh elchisi Djon Ordvey bilan bo`lgan suhbatidan - Prezident saroyi, 2002 yil 30 oktyabr


Haydar Aliyev:  Hurmatli janob elchi, Ozarbayjonga hush kelibsiz! Amerikaning Ozarbayjondagi elchisiga ham, hush kelibsiz deyman, ko`rishmaganimizga ko`p bo`lgan edi. 

O’ylaymanki, sizning Ozarbayjonga  safaringizdan maqsad, Armaniston-Ozarbayjon ziddiyati bilan bog’liq aniq  ma`lumotlarni to`plash va bizga yordam berishdan iboratdir. Agar shunday bo`lsa, men bu tashabbusni qo`llayman va bundan g`oyat mamnunman. 

Djon Ordvey: Janob Prezident, avvalo, bizga vaqt ajratib, uchrashganingiz uchun sizga o`z minnatdorchiligimni izhor qilaman. Sizga buning uchun tashakkur bildiraman. Aytganingizdek, haqiqatan ham biz shunday maqsadni ko’zlaganmiz, va bu tashabbus bizning har ikkimizga, hususan, AQShning Ozarbayjondagi va Armanistondagi elchilarining o’zaro tashriflarini amalga oshirishni taklif qilgan elchi Uilsonga tegishli. Bundan olti oy avval  janob Uilson Armanistonda bo`lgandi,  hozir esa, men Ozarbayjondaman. 

Bu yerga tashrifim davomida men talabalar, diniy tashkilotlarning, muholif partiyalarining vakillari, deputatlar va rasmiy kishilar bilan uchrashdim. Ozarbayjon haqida yetarli darajada keng ma`lumotga ega bo`ldim. Men masalaning mohiyatiga yetishga, Ozarbayjonning mavqeini tushunishga harakat qildim.  Shundan keyin, hammamiz kuchlarimizni ziddiyatni tinch yo`li bilan hal bo’lishiga safarbar qilishimiz kerakligiga yanada ko’proq ishonch hosil qildim. 

Albatta, Minsk guruhi va hamraislar ushbu masalaning yechimi bilan yaqindan shug’ullanmoqdalar. Bizlar esa - janob Uilson va men - mazkur jarayonni qo`llab-quvvatlashga, mavqeimizni bayon qilishga harakat qilmoqdamiz. 

Minsk guruhining hamraislari ham, uning tarkibiga kirgan mamlakatlar ham masala tinch yo`l bilan hal etilishi kerak, deb hisoblamoqdalar. O`zingiz ham bir necha marta shunday yechim tarafdori ekaningiz to’g’risida bayonot bergansiz. Prezident Kocharyandan ham bu haqda ko`p eshitganman. Shunday qilib, hammamiz, masalaning yechimida harbiy yo’lga o’rin yo`q, deb hisoblaymiz. Binobarin, siyosiy kelishuvlar izlab topilishi zarur. Masalaning yechimiga erishish uchun siyosiy iroda talab qilinadi. Uning hal bo’lishi natijasida ham sizning mamlakatingizning, ham Armanistonning, ham umuman mintaqaning rivojlanishi ta’minlanadi. Biz ham, o`z tarafimizdan, qo`limizdan kelganicha sizlarga yordam qo`lini cho`zamiz. Yana shuni aytishni istardimki, yana Bokuda bo`lishdan juda mamnunman. Bu yerga kelish menga 1986 yilda nasib qilgandi. Bugun Bokuda juda katta, ijobiy o`zgarishlarning guvohi bo`lib turibman. O`sha vaqtda “Amerikaning yosh siyosiy liderlari” deb ataladigan jamiyat faoliyat ko’rsatardi. Bu yerga uning vakillari tarkibida kelgandim. 

Haydar Aliyev: Juda yaxshi, taqqoslashingiz mumkin. 

Djon Ordvey: Albatta, mumkin. Biroq buni taqqoslab bo’lmaydi. Chunki bu safar farovonroq, go`zalroq, jozibaliroq Bokuni ko`rib turibman. 

Haydar Aliyev: Katta rahmat. Sizni katta e’tibor bilan eshitdim hamda Ozarbayjonga tashrifingizni, bu yerda amalga oshirgan ishlaringizni ma`qullayman. Bizga, hususan Ozarbayjonga bu juda kerak. Chunki, Armaniston, Vashington, Minsk guruhi ham, hamraislar ham Ozarbayjondagi bugungi vaziyat haqida – buni men arman-ozarbayjon ziddiyatiga bog’lab aytyapman – aniq va to’liq ma’lumotga ega bo’lishlari kerak. AQShning Ozarbayjondagi elchixonasi, elchi va uning xodimlari, tabiiyki, bu vazifani amalga oshirayotganliklariga shubha qilmayman. Ayni vaqtda, ziddiyatning u tarafida bo`lgan davlatdagi Amerika elchisining Ozarbayjonda bo`lishi, bu yerda muayyan ma`lumotlar to`plashi va ularni umumlashtirishi muhim ahamiyatga ega. 

Davlatimizning, shaxsan Ozarbayjon Prezidentining arman-ozarbayjon ziddiyatini hal  qilish bo’yicha mavqelarini yaxshi bilasiz. Mavqe aniq – men bir necha marta bayon qilganimdek, biz masalani tinch yo`l bilan hal qilishga intilmoqdamiz va bundan buyon ham intilaverishimiz kerak. Biroq masalaning uzoq muddat yechilmay, uning tinch yo`l bilan hal etilishi to’g’risidagi va`dalarning bajarilmay qolayotgani, tabiiyki, jamiyatimizda turli fikrlar, turli kayfiyatlarni uyg`otmoqdalar. Shu kunlarda siz bularni ko’rgansiz va eshitgansiz, deb o’ylayman. 

Bugun ham takror aytamanki, masalani tinch yo`l bilan hal etish kerak. Biroq masala hamon yechimini topmayapti va bu, Armanistonga qaraganda, Ozarbayjondagi vaziyatni og`irlashtirmoqda. Armanistonning ichki iqtisodiy-siyosiy vaziyatiga to’xtalmasdan shuni aytishni istardimki, arman hududining bir kvadrat metri ham bosib olinmagan. Armanistonda o’z yeridan badarg’a qilinganlar yo’q. Chodirlarda yashayotganlar yo`q. Eng asosiysi, Armaniston hududini to’liq nazorat qilmoqda. Hududiy yaxlitlik har bir suveren davlatning asosini tashkil etadi. Armanistonda hududiy yaxlitlik, u mustaqillikni qo`lga kiritganidan boshlab, bugunga qadar saqlanib kelmoqda. Ozarbayjonda esa hammasi boshqacha. Mamlakatimizning hududiy butunligi buzilgan va biz bugunga qadar uni tiklay olmayapmiz. Mana, farq nimada. 

Tabiiyki, masalaning cho`zilishi Armaniston manfaatlariga ham javob bermaydi. Lekin buning natijasida Armaniston bizdek og`ir vaziyatga tushib qolgani yo`q. Shuning uchun Prezident Kocharyan uchrashuvlarda ba`zan menga, biz bugunga qadar shunday yashab keldik, bundan keyin ham yashay olamiz, qabilida gapiradi. Tog`li Qorabog` Armanistonga bevosita qo’shilib ketgan, boshqa tomondan u o’zini “mustaqil davlat”, deb e’lon qildi. To`g`ri, hech bir davlat uning mustaqilligini tan olmayapti. Biroq, ayrim siyosiy arboblar Tog`li Qorabog`ga tashrif buyurmoqdalar, uni tan olmoqdalar, shunday dalillar bor. 

Bugun menga aytishdiki, Armaniston matbuotining yozishicha, AQSh Kongressining 46 a’zosi Tog`li Qorabog`ni tan olganlari haqida bayonot beribdilar. Ular Arkaday Gukasyanni va Tog`li Qorabog`ni, u yerda bo`lib o`tgan saylovlar bilan tabriklab, uni to’laqonli “demokratik mamlakat”, deb e’tirof qilmoqdalar, va hatto, davlatlarni, Tog`li Qorabog`ning mustaqilligini tan olishga chaqirmoqdalar. 

Bir necha kun avval menga xabar qilishdiki, Angliyada, bilmayman, Lordlar Palatasidami yoki yana boshqa bir joydami, ayrim lordlarning tashabbusi bilan, Tog`li Qorabog`ning mustaqillligi masalasini muhokama qilish rejalashtirilmoqda. 

Sizlarga bularni aytish bilan meni Amerika Qo’shma Shtatlarini tanqid qilyapti, deb o’ylashingizni xohlamayman. Bularni, masalan, nima uchun Kongress a’zolari o’zlarini bunday tutayotganlarini tushuntirib berishingiz uchun aytayotganim yoq. Men buni tushunaman, siz nima ham deya olardingiz? Buni shuning uchun aytmoqdamanki, Tog`li Qorabog`, Armaniston shu tarzda yashay oladilar. Ozarbayjon esa, yashay olmaydi. Farq shunda. Shuning uchun biz bu masalaning yechimida bizga yordam bera oladigan eng arzimas kuchga ham hurmat bilan qaraymiz. Biz bu vaziyatdan chiqishimiz kerak. Masala yo tinch yo`l bilan hal etilishi, yoki xalq qaytadan urush boshlashi va o`z yerlarini ozod qilishi kerak. Uchinchi yo`l yo`q. Biz urushga qarshimiz, uni g`ayrimaqbul hisoblaymiz. Demak, birgina yo`l qoladi: tinchlik yo`li. Lekin tinchlik yo`li bilan yana nima qilsa bo’ladi, qanday choralar ko’rish kerak? Siz bilan suhbatimiz aynan shu haqda. 

Djon Ordvey: Janob Prezident, dastavval, Amerika Qo`shma Shtatlarida tashqi siyosatni Kongress emas, Prezident hal qilishini sizga aytishga ijozat bering. Prezident Bushning  esa, Tog`li Qorabog` nomi ostidagi tuzulmani tan olish niyati yo`q. O`zingizga va barchaga ma`lumki, hech bir davlat Tog`li Qorabog`ni mustaqil mamlakat sifatida tan olmayapti. 

Haydar Aliyev: Janob elchi, bu narsa meni tashvishlantirmasligini aytib o’tdim. Janob Bush, barcha boshqa davlatlar hech qachon uni tan olmasliklari menga ma’lum. Bu masala meni bezovta qilmayapti. Tog’li Qorabog’, Armaniston hozirgi ahvolda yashay olishlarini, masalan, bilib qo’yishingiz uchun, sizga bularni dalil sifatida keltirdim. Siyosatga kelsak, men AQSh da kimning qanday siyosat olib borishini bilaman. Biroq, 907-moddani bekor qilinishini tasdiqlashga Prezident Kongressni rozi qila olmadi. Horijiy harajatlarni Kongress ajratadi. Kongress bu yil yana Tog`li Qorabog`ga moliyaviy yordam ajratdi, Prezident esa, buni tasdiqladi. Qolaversa, sizlarni, Amerika Qo’shma Shtatlarining xorijiy mamlakatlardagi elchilarini ham Kongress tasdiqlaydi. Shunday qilib, Kongress tashqi siyosatdan chetda emas. Men shunchaki sizga javob beryapman.  Biroq kelinglar, bunga to’xtalib o’tirmay, asosiy masalaga ko’chamiz. 

"Baku ishchisi" gazetasi, 31 oktyabr 2002 yil