Ozarbayjon Respublikasining milliy bayramlari hamda muhim sanalar


    
Qizil 
rang bilan umum davlat dam olish kunlari belgilangan. Yashil rang bilan mamlakat uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan, lekin bevosita bayram hisoblanmaydigan festivallar, muhim voqealar va h.kz.lar belgilangan. 

1 va 2 yanvar

















 

Yangi Yil bayrami

Yanvar (lotinchada "Yanuarius") Rim ilohi Yanus sharafiga qo'yilgan. Grigorian taqvimi bo'yicha birinchi oy hisoblanadi. Grigorian taqvimi 1582 yilda qabul qilingan. Rossiyada Petr I ning Farmoniga ko'ra Yulian taqvimiga o'tilgan. Mazkur Farmonga ko'ra Isoning tug'ilgan kuni - 1 yanvar yilning boshlanishi sifatida qabul qilingan hamda XVIII asr 1701 yilning 1-yanvarida boshlangan.

1918 yilda Sovet Rossiyasining rahbari V.I.Lenin dekretiga ko'ra grigorian taqvimi qabul qilingan. Shunday qilib, o'sha davrgacha yangi yil 13-yanvarda boshlangan bo'lsa, endi bu kamchilikka barham berilgan hamda 1-yanvardan hisoblana boshlagan yangi yil bayram sifatida qabul qilingan.

Ozarbayjon Respublikasida ana shu taqvim amal qiladi hamda 1-yanvar dam olish kuni hisoblanadi. 

2006 yildan boshlab 1-2 yanvar bayram hamda dam olish kunlari hisoblanadi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi

20 yanvar

 

Umumxalq motami kuni

20 yanvar ozarbayjon xalqi tarixiga eng qonli fojealardan biri sifatida yozib qo'yilgan. Sobiq sovet davlatining harbiy mashinasi tomonidan ozarbayjon xalqiga qarshi vahshiyona uyushtirilgan terrorchilik xuruji insoniyat tarixiga odamiylikka qarshi eng og'ir jinoyatlardan biri sifatida qora sahifa bo'lib yoziladi. O'z mamlakatining hududiy yaxlitligi, milliy ozodlik uchun kurashishga otlangan tinch aholining qirg'in qilinishi, totalitar sovet tuzumining qulashi arafasida amalga oshirilgan ommaviy terror oqibatida yuzlab begunoh kishilarning o'ldirilishi hamda yarador qilinishi, mazkur tuzumning jinoyatkarona mohiyatini butun dunyoga yana bir marta namoyish qildi.

Bokuga Sovet armiyasi maxsus bo'linmalari hamda ichki ishlar vazirligi qismlaridan iborat yirik qo'shinning kiritilishi favqulodda rahmsizlik va ko'z ko'rmagan vahshiyliklar bilan amalga oshirildi. O'sha paytda Ozarbayjon qo'shni Armaniston tomonidan ham xurujga uchradi. Ana shunday bir sharoitda sovet rahbariyati ziddiyatning oldini olish uchun keskin choralar ko'rish o'rniga, aksincha, Ozarbayjonga kiritilayotgan harbiy qismlar tarkibiga Stavropol, Krasnodar hamda Rostovda sovet harbiy qismlarida xizmat qilayotgan armani soldatlar va zobitlarni, hatto armani kursantlarni kiritilishiga yo'l qo'yib berdi. 

Bokuga kiritilgan harbiy qo'shin, - ayrim ma'lumotlarga qaraganda uning tarkibida 60 mingga yaqin odam bo'lgan, - maxsus ruhiy tayorgarlikdan o'tgan ("Shit" tashkilotining mustaqil harbiy ekspertlari hisobotlariga ko'ra): mahalliy aholi tomonidan vahshiylarcha yo'q qilinayotgan ruslarni himoya qilish uchun sizlarni Bokuga kiritishdi; ekstremistlar Salyan kazarmalari (Bokuning asosiy harbiy garnizoni joylashtirilgan hudud) atrofidagi uylarning tomlariga snayperlarni joylashtirganlar. Yolg'iz shu yerning o'zida 110 ta o't ochish nuqtasi bor; binolar, xonadonlar Ozarbayjon Xalq frontining qurollangan odamlari bilan to'la, ular sizlarni avtomatlar va pulemetlardan ayovsiz o'qqa tutadilar.

Mixail Gorbachev boshchiligidagi sovet imperiyasi rahbariyati Bokuda "rus va arman qartasidan" mohirona foydalandi. Qo'shinlar, go'yoki ularni, harbiylarning oilalarini himoya qilish, "millatchi-ekstremistlar tomonidan kuch bilan hokimiyatni egallashning oldini olish maqsadida Bokuga kiritilgan edilar. Aslida esa, bu o'ta ketgan munofiqlik, qip-qizil yolg'on edi. Negaki, sovet rahbariyati keltirgan "bahonalar" rostga o'xshash bo'lgan taqdirda ham, Bokuga tish-tirnog'igacha qurollangan qo'shin yuborishga ehtiyoj yo'q edi. Chunki o'sha paytda Bokuda Mudofaa vazirligi qaramog'idagi havo hujumidan himoya kuchlari, Boku garnizonining ko'p sonli harbiy bo'linmalari, ichki qo'shinlarning 11,5 ming soldati bor edi. 4-armiyaning shtabi ham Bokuda joylashgan edi.

Bularning hammasiga qaramay, 1990 yilning 19 yanvarida Mixail Gorbachev, SSSR Konstitutsyasining 119-moddasini, Ozarbayjon SSR Konstitutsyasining 71-moddasini qo'pol ravishda buzib, Bokuda favqulodda holat e'lon qilish to'g'risida Ko'rsatmaga imzo chekdi. Biroq 19 yanvar kuni soat 19.27 da SSSR DXX ning "Alfa" guruxi ozarbayjon televideniesi quvvat manba'lari blokini portlatgan, respublikada telekursatuvlar to'xtagan edi. Tunda esa, favqulodda holat kiritilganidan bexabar shaharga qo'shinlar kirib kelib, aholini jazolashga kirishib ketgandi. Gorbachev ko'rsatmasi kuchga kirgunga qadar, ya'ni 20 yanvar soat 00 gacha 9 nafar odam o'ldirib bo'lingandi.  Bokuda favqulodda holat e'lon qilinganligi to'g'risidagi xabar esa aholiga respublika radio tarmog'i orqali 20 yanvar kuni ertalab soat ettidagina yetkazilgan edi. O'sha vaqtgacha halok bo'lganlarning soni allaqachon 100 ga yetib borgandi. Ozarbayjonga safarbar qilingan Gorbachevning yuqori lavozimlardagi emissarlari esa, Bokuda favqulodda holat e'lon qilinmaydi, deb safsata sotmoqda edilar. Mana sizga qo'llari yuzlab odamlarning qoniga bo'yalgan, o'zi esa keyinroq borib Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor (?!) bo'lgan Mixail Gorbachev boshchiligidagi sovet imperiyasi rahbariyatining ayanchli qiyofasi.

Tanklar hamda bronetransporterlar yo'lida uchragan hamma narsani yerga qorishtirmoqda, harbiylar atrofni shafqatsizlarcha o'qqa tutmoqda edilar. Ko'chada yurib ketayotgangina emas, avtobusda ketayotgan, xonadonlarida o'tirgan odamlargacha o'q tegmoqda edi. Yaradorlarni olib ketish uchun kelgan "tez yordam" mashinalari hamda shifokorlar ham o'qqa tutildi. Bir necha kun ichida 137 ta odam o'ldirildi, 700 kishi yarador qilindi, 800 dan ortiq odam qonunsiz qamoqqa olindi.

 26 fevral

 

Xo'jali qirg'ini va milliy motam kuni

1992 yilning 25 fevralidan 26-ga o'tar kechasi arman qurolli tuzilmalari, Xankendi shaharida joylashtiriligan sobiq SSSRning 366-o'qchi polki shaxsiy tarkibi hamda og'r texnikasi ko'magida Xo'jali shahrini bosib oldilar.

Shaharga hujum qilishdan oldin, 25 fevral oqshomidan boshlab, og'ir harbiy texnika va zambaraklardan unga qarata yoppasiga o't ochildi. Natijada shaharda yong'in chiqdi, 26 fevral tonggi soat 5 ga yaqin deyarli butun shahar alanga ichida qoldi. Shaharda qolgan, taxmininan 2500 nafar aholi, asosan ozarbayjonlar yashaydigan eng yaqin joy - tuman markazi Agdam shahriga yetib olish umidida  tug'ulib o'sgan uylarini tashlab chiqishga majbur bo'ldilar.

Lekin ularning umidlari amalga oshmadi. Xo'jali shahrini vayronaga aylantirgan arman qurolli tuzulmalari, moto-o'qchi polkning harbiy kuchi ko'magida tinch aholiga nisbatan o'ta shafqatsizlarcha qirg'in uyushtirdilar. Natijada 613 kishi, shu jumladan 63 nafar bola, 106 nafar ayollar, 70 nafar qariya o'ldirildi.

8 oila to'laligicha yo'q qilindi.

25 bola ota va onadan judo bo'ldilar.

130 bola yo ota, yo onadan mahrum bo'ldilar.

487 kishi, shu jumladan 76 bola jarohat oldi.

1275 nafar odam garovda ushlab turildi.

150 kishi daraksiz yo'qoldi.

Davlatga hamda fuqarolarning shaxsiy mulkiga 5 millard rublga teng miqdorda zarar yetkazildi (1992 yilning aprel oyi narxlarida).

Bu raqamlar 1988 yilning fevralida boshlangan Tog'li Qorabog' ziddiyatiga tegishli eng qonli fojeadan guvohlik beradi.

8 mart








 

 

Xalqaro xotin-qizlar kuni

8 mart - iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tenglik uchun kurashda xalqaro ayollar hamkorligi kuni. Xalqaro xotin-qizlar kunini bayram qilish to'g'risidagi qaror sotsialist ayollarning 1910 yilda Kopengagenda o'tkazilgan 2-xalqaro konferentsiyasida Klara Tsetkinning taklifiga ko'ra qabul qilingan. Birinchi marta 1911 yilda Germaniya, Avstriya, Shveytsariya va Daniyada bayram qilingan. Bu Sana Rossiyada 1913 yildan, Ozarbayjonda 1917 yildan boshlab bayram qilinadi. 1914 yilgacha bayramni turli kunlarda nishonlaganlar. Xalqaro xotin-qizlar kunini 8 martda o'tkazish Avstriya, Vengriya, Rossiya, AQSH va boshqa davlatlarning ayollari mazkur kunni  bayram deb belgilashga kelishib olganlaridan so'ng ananaga aylangan.

O'shandan boshlab 8 mart barcha mamlakatlarda tinchlik uchun kurashda hamkorlik kuni sifatida bayram qilinib kelinmoqda. 1965 yilda 8 mart Ozarbayjon SSRda bayram va dam olish kuni, deb e'lon qilindi. Ozarbayjon mustaqillikka erishgach 8 mart bayram maqomini saqlab qoldi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

21 mart 

 

Navro'z bayrami

Navro'z bahor kelishi munosabati bilan bayram qilinadi va yangi yil qarshilanayotganini anglatadi. Bahorning birinchi kuni taqvimda Quyoshning yillik harakatiga hisob ochadi.

Navro'z bayramining ildizlari qadim zamonlarga, Zardo'sht payg'ambar zamonlariga taqaladi, u 3700 - 5000 yil ilgari paydo bo'lgan.

Qadimgi Bobilda bu bayram Nison (mart, aprel) oyining 21-sanasida nishonlangan va 12 kun davom etgan. Har bir kunning o'z ananalari va o'yin-kulgulari mavjud bo'lgan. Ilk yozma yodgorliklarda Navro'z bayrami eramizdan oldingi 505-yilda paydo bo'lgan, deb qayd qilinadi.

Ayrim davrlarda Navro'zni Islom dini bilan bog'laganlar. Biroq buyuk ma'rifatchilar Firdavsiy, Ro'dakiy, Ibn Sino, Sa'di, Hofiz Sheroziylar Navro'zning Islom dinidan ancha ilgari paydo bo'lganini isbotlab, tasdiqlaganlar. Navro'zga bag'ishlangan asarlar orasida Nizomiyning "Siysatnoma", Umar Hayomning "Navro'znoma" sini qayd qilish mumkin.

Ozarbayjon - Olovlar mamlakati, - o'tga topinish bilan bog'liq boy ananalarga ega, va Navro'z, ushbu madaniy muhitda ma'lum darajada poklanishning ramzi ma'nosini anglatadi.

Navro'zning avji - eski yil yangi yilga joy bo'shatadigan kunga to'g'ri keladi. Qadimgi ananalarga ko'ra shu kuni Navro'z sharafiga to'plardan va miltiqlardan o'qlar otganlar. XIX asrdayoq N.Dubrovin bu haqda shunday yozgan edi: "Ozarbayjonda bahor kelganini qishloq va shaharlarda qurollardan o'q otishlar bilan ma'lum qildilar". Ozarbayjonda Navro'z tantanalarida ishtirok etgan Adam Oleariyning yozishicha: "Munajjim usturlab hamda quyosh soati yordamida kun va tun teng kelishidan darak beruvchi Quyosh tikligini aniqladi hamda "Yangi yil kirdi", deb e'lon qildi. O'sha ondayoq to'plar ovozi yangradi, shahar minoralari va qala devorlari ortida musiqa ovozlari eshitildi. Bahor bayrami ana shunday boshlandi" (1637).

Navro'z quvnoq va el sevadigan bayram. Navro'z ozarbayjon xalqining ananaviy qadriyatlarini o'z ichiga olgan bayram.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

31 mart
 

 

Ozarbayjonlar 1918 yilda qirg'in qilingan kun

Ozarbayjonlar qirg'in qilingan kun - har yili 31 martda nishonlanadi. 1918 yilning mart-aprel oylarida armanilar tomonidan Boku, Shamaxi, Guba, Mugan va Lankaranda 30 mingdan ortiq ozarbayjon o'ldirildi, o'n minglab odamlar o'z yerlaridan quvg'in qilindi. Bokuning o'zida 10 mingdan ortiq ozarbayjonliklar shafqatsizlarcha o'ldirildi, Shamaxida 58 qishloq vayron qilindi, 7000 ming kishi (1653 ayol, 965 bola) o'ldirildi. Guba hududida 122 qishloq, Qorabog'ning tog'li qismida 150, Zangezurda 115, Irevan muzofotida 211, Kar viloyatida 92 qishloq yo'q qilib tashlandi; aholi, yoshidan va jinsidan qat'iy nazar, qirg'in qilindi. Ozarbayjonliklarning ko'plab murojaatlarida ko'rsatilishicha ("Ashxadavor" (Mehnatkash) gazetasi, 1919 yil 2 noyabr), ozarbayjonliklarning ushbu tarixiy shahri va uning atroflarida, qisqa muddat ichida 88 qishloq vayron qilindi, 1920 uy yoqib yuborildi, 131970 kishi o'ldirildi. 1998 yilning 26 martida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti H.Aliyev tomonidan maxsus Farmon chiqarilib, unga muvofiq 31 mart xotira sanasi - Ozarbayjonliklar qirg'in qilingan kun, deb e'lon qilindi.

9 may

 

Fashizm ustidan qozonilgan G'alaba kuni

Ikkinchi jahon urushi (1939-1945) insoniyat uchun dahshatli, fojeali kulfatlar davri sifatida xotirlanadi.

Urush (1941-1945) yillarida ozarbayjon xalqi frontda ham, front orqasida ham buyuk qahramonlik va shijoatkorlik namunalarini ko'rsatdi. Qisqa muddatlar ichida respublikada 87 ta qiruvchi batalon, 1124 ta mudofaa bo'linmalari tuzuldi. 1941-1945 yillarda 600 mingdan ortiqroq Ozarbayjonning jasur o'g'illari va qizlari frontga yo'l oldilar. Ozarbayjon diviziyalari Kavkazdan Berlingacha bo'lgan shonli jangovor yo'lni bosib o'tdilar. 130 ga yaqin vatandoshlarimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga taqdim etildilar, 30 odam "Shuhrat" ordeni bilan mukofatlandi, Ozarbayjonning 170 ming jangchi va zobitlari SSSR ning turli orden va medallari bilan taqdirlandilar. Ikki marta Sovet Ittifoqi Qahramoni Azi Aslanov, Sovet Ittifoqi Qahramonlari Israfil Mamedov, Ruslan Vezirov, Adil Guliyev, Ziya Bunyadov, Geray Asadov, Melik Magerramov, Mehti Gusseiynzade, generallar Mahmud Abilov, Akim Abbasov, Tarlan Aliyarbekov, Gadjibala Zeiynalov va ko'plab boshqalar o'z qahramonliklari bilan xalqimiz tarixiga yangi sahifalar yozdilar.

Iqtisodiyotni front ehtiyojlariga moslash maqsadida respublikada katta ishlar amalga oshirildi. Qisqa muddatlar ichida Boku jang qilayotgan armiyaga aslaha yetkazib beruvchi manba'ga aylandi. Katta qiyinchiliklarga qaramay neftchilarimiz, jasorat va qahramonlik ko'rsatib, frontni va sanoatni yonilg'i bilan ta'minlab turdilar.

Akademik Yusuf Mamedaliyev rahbarligi ostida aviatsiya benzini olishning yangi texnologiyasi yaratildi. Neftchilarimizning fidokorona mehnatlari natijasida neft qazib chiqarishda Ozarbayjon tarixida rekord natijaga - 23,5 mln. tonna "qora oltin" olishga erishildi, bu esa SSSRda qazib chiqarilayotgan neftning 71,4% ini tashkil qildi. Umuman urush yillarida Ozarbayjon neftchilari mamlakatga 75 mln. tonna neft, 22 mln. tonna benzin va boshqa neft mahsulotlarini yetkazib berdilar. Ishonch bilan aytish mumkinki, Boku nefti fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning asosiy omillaridan bo'ldi. Har besh samoletdan, besh tankdan, besh avtomobildan to'rttasi Boku benzinida ishladilar. Ulug' Vatan urushi ozarbayjon xalqining ommaviy qahramonligi hamda fidokorligini ko'rsatdi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

28 may

 

Respublika Kuni

XX asr fan va texnika asri sifatidagina emas, milliy uyg'onish, kolonial imperiyalarning yemirilishi, milliy davlatlarning tashkil topishi asri bo'lib ham tarixga kirdi.

1917 yilda Rossiyada amalga oshgan Fevral xalq revolutsiyasi oqibatida chorizm hukmronligi ag'darildi. Mamlakatda podshox zulmidan ezilgan xalqlarning harakatlari avj oldi. 1918 yilning 28 mayida Islom Sharqidagi birinchi dunyoviy demokratik davlat -  Ozarbayjon Demokratik Respublikasi (1918 - 1920) tashkil topdi. U millatning tarixiy xotirasida  ozarbayjon davlatchiligining tajribasi sifatida saqlanib qoldi.

Davlat mustaqilligi tiklangan kun - Respublika Kuni 1990 yildan boshlab milliy bayram sifatida nishonlanadi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

15 iyun

 

Ozarbayjon xalqining milliy qutqaruv kuni

1991 yilning oktyabrida Ozarbayjon mustaqil bo'ldi. Ammo mustaqillikning dastlabki yillarida siyosiy hokimiyat bo'shlig'i yuzaga keldi, davlat poydevorlarining, barcha tuzulmalarining, jumladan armiya va davlat xavfsizligi organlarining total inqirozi kuzatildi. Vaziyat Armanistonning irredent xuruji sababli chigallashdi. 1993 yilning yozida Ozarbayjonda fuqarolar urushining real xavfi tug'uldi. Vatan uchun mashaqqatli bo'lgan o'sha davrda Haydar Aliyev hokimiyat tepasiga qaytdi. 1993 yilning 15 iyunida Haydar Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Oliy Sovetining raisi etib saylandi. Shunday qilib 15 iyun tariximizga Milliy qutqaruv kuni bo'lib kirdi. 1997 yilning iyunida Milliy Majlis, jamoatchilik fikrini e'tiborga olib, bu kunni bayram kuni, deb e'lon qildi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

26 iyun

 

Ozarbayjon Respublikasi Qurolli kuchlari kuni

1991 yilning 9 oktyabrida Ozarbayjon Respublikasi Oliy Soveti Armiya tuzush to'g'risida qonun qabul qildi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 1998 yil 22 maydagi Farmoniga ko'ra 26 iyun Qurolli Kuchlar Kuni, deb e'lon qilindi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

18 oktyabr

 

Davlat Mustaqilligi kuni

1991 yilning 30 avgustida, Ozarbayjon Respublikasi Oliy Sovetining navbatdan tashqari sessiyasida Ozarbayjon Respublikasining Davlat mustaqilligi to'g'risida Deklaratsiya qabul qilindi

1991 yilning 18 oktyabrida bo'lib o'tgan Ozarbayjon Respublikasi Oliy Sovetining tarixiy sessiyasida "Ozarbayjon Respublikasining davlat mustaqilligi to'g'risida"gi Konstitutsiyaviy Hujjat bir ovozdan qabul qilindi. 

1991 yilning 29 dekabrida Ozarbayjon Respublikasida umumxalq referendumi bo'lib o'tdi. Referendum byulettenlariga birgina savol kiritilgan edi: "Siz "Ozarbayjon Respublikasining davlat mustaqilligi to'g'risida"gi Konstitutsiyaviy Hujjatni yoqlaysizmi?"

Ozarbayjon xalqi davlat mustaqilligi uchun ovoz berdi.

1992 yilning may oyida Milliy Majlis (parlament) Ozarbayjon Respublikasining Davlat madhiyasini (Uzeir Gajibekov musiqasi, Axmad Javad so'zi), bir oz vaqt o'tib - davlat bayrog'ini, alangalanayotgan sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan davlat gerbini tasdiqladi.

9 noyabr

 

Ozarbayjon Respublikasi davlat bayrog'i Kuni

Ozarbayjonning Davlat bayrog'i milliy bayroq sifatida birinchi marotaba 1918 yilning 9 noyabrida Ozarbayjon Demokratik Respublikasining qarori bilan qabul qilingan va 1920 yilning apreliga qadar davlat ramzi hisoblangan. Tariximizning sovet davrida u Ozarbayjon Sovet Sotsialistik Respublikasining bayrog'i bilan almashtirilgan.

Bu bayroq rasmiy ravishda Naxichivan Avtonom Respublikasi Oliy Majlisining 1990 yil 19 yanvardagi qaroriga muvofiq Ozarbayjon hududida, Naxichivan Oliy Soveti binosi ustiga o'rnatilgan.  Shunday bo'lsada, sakkiz kundan keyin Ozarbayjon SSR Oliy Soveti qarori bilan bekor qilingan. 1990 yilning 17 noyabrida umum millat yetakchisi Haydar Aliyev raisligida o'tkazilgan Naxichivan Avtonom Respublikasi Oliy Majlisining sessiyasida Ozarbayjon Demokratik Respublikasining bayrog'i Naxichivan Avtonom Respublikasining davlat bayrog'i sifatida qabul qilingan. Ozarbayjon jamoatchiligining talabiga ko'ra, Ozarbayjon Respublikasining Oliy Soveti 1991 yilning 5 fevralida  Davlat bayrog'i to'g'risida Qonun qabul qilib, uch rangli bayroqqa Ozarbayjon Respublikasining davlat bayrog'i maqomini berdi.  

1991 yilning 18 oktyabrida tegishli Konstitutsiyaviy hujjat bilan o'z davlat mustaqilligini tiklagan Ozarbayjon Respublikasi, o'zini O'zarbayjon Demokratik Respublikasining huquqiy vorisi deb e'lon qilib, uning davlat belgilarini, jumladan davlat bayrog'ini qabul qildi. 

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.

12 noyabr

 

Konstitutsiya Kuni

1995 yilda qabul qilingan Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasi ozarbayjon davlatining tarixiy o'zgaruvini aks ettirgan to'rtinchi Konstitutsiya bo'ldi. Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy qurulishi tarixi asosan u SSSR tarkibiga kirgan davrga to'g'ri keladi.

Ozarbayjonning Birinchi Konstitutsiyasi 1921 yilning 19 mayida Sovetlarning Birinchi Umumozarbayjon qurultoyida qabul qilingandi.  Ozarbayjon Respublikasining SSSR Konstitutsiyasiga moslashtirilgan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi Sovetlarning IV umumozarbayjon qurultoyida qabul qilingan. 1978 yilning 21 aprelida mamlakat tarixining yangi bosqichidagi voqelikni aks ettirivchi, Ozarbayjon SSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mustaqillikning qo'lga kiritilishi munosabati bilan yangi Konstitutsiyani tayorlashga ehtiyoj tug'uldi. Shu maqsadda Prezident Haydar Aliyev boshchiligida maxsus hay'at tuzuldi. Konstitutsiya, 1995 yilning 12 noyabrida xalq irodasini ifoda etgan referendumga muvofiq ravishda, qabul qilindi.

1995 yil Konstitutsiyasi Ozarbayjon Respublikasida davlat qurulishi asoslarini yaratdi. Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasining matni 5 bo'lim, 12 bob va 158 moddadan iborat.

12 noyabrda mamlakatda Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasi Kuni nishonlanadi

17 noyabr

 

Milliy uyg'onish Kuni

1988 yilning ilk kunlarida Armanistonning Ozarbayjonga qarshi xuruji boshlandi. Sovet Ittifoqi rahbariyatining befarqligidan foydalanib, Armaniston rasmiylari, tom ma'noda, 200 mingdan ortiq ozarbayjonliklarni doimiy yashash joylaridan quvg'in qilishga ruxsat berdilar.

1988 yilning 17 noyabrida Bokuning asosiy - Ozodlik maydonida Armaniston va Kreml rahbarlarining xatti-harakatlariga qarshi muddatsiz norozilik mitingi boshlandi.

1992 yildan boshlab 17 noyabr Milliy uyg'onish Kuni sifatida nishonlanadi. 

31 dekabr

 

Dunyo ozarbayjonlarining birdamlik Kuni 

Har yili 31 dekabrda ozarbayjonlarning birdamlik Kuni nishonlanadi. Dunyoda o'n millionlab ozarbayjonlar yashaydi: Eronda (Janubiy Ozarbayjon), Turkiyada, Germaniyada, Frantsiyada, Buyuk Britaniyada, AQShda, Yaqin Sharq mamlakatlarida. Ozarbayjonlarning eng ko'p sonli diasporasi - 1,5-2 mln. odam Rossiyada istiqomat qiladi.

Ozarbayjon Respublikasining tashkil topishi bilan diasporaning ijtimoiy mavqe'ida o'zgarishlar yuz berdi, u ozarbayjon xalqining farovonligi yo'lidagi ko'p qirrali faoliyatini yanada faollashtirdi. 1993 yilda Prezident Farmoni bilan 31 dekabr ozarbayjonlarning birdamlik Kuni, deb e'lon qilindi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.


 

Qurbon Haiti

Diniy qurbonlik qilish bayrami - Qurbon Haiti musulmon olamida har yili nishonlanadi. Diniy udum - qurbonlik qilish Islomdan ancha oldin mavjud bo'lgan.

Muxammad Payg'ambar Makkadan Madinaga ko'chib o'tganidan hisoblanadigan hijriy taqvimning ikkinchi yilidan keyin, islom olamida qurbonlik qilish udumining yangi ma'nolari, jumladan  kambag'allar va yetimlarga yordam berish, niyatlarning amalga oshishi uchun sadaqa berish paydo bo'lgan. Qurbonlik qilish diniy udumi Ibrohim Payg'ambar hodisasi bilan bog'liq. U Yaratganga e'tiqodining sinalishi uchun o'g'li Ismoilni qurbon qilishi zarurligi to'g'risida tushida Allohdan buyruq oladi. Tom ma'noda taqvodor bo'lgan Ibrohim Yaratganning buyrug'ini bajarishga, shuningdek Ismoil ham qurbon bo'lishga tayor edi.

Qurbon Haiti kunlari har bir o'ziga to'q musulmon biror jonivorni qurbonlik qilishi hamda go'shtini kambag'allar va yetimlarga ulashishi kerak. Qurbonlik qilish insonni ruhan chin e'tiqodning baland nuqtasiga olib chiqishga xizmat qiladi. Qur'oni Karimda shunday deb yozib qo'yilgan: "Allohga jonivorning go'shti ham, qoni ham kerak emas, yolg'iz sizning e'tiqodingiz kerak".

Qurbon Haiti 2 kun bayram qilinadi.

Eslatma: 2006 yildan boshlab, bayram kuni dam olish kuniga to'g'ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni hisoblanishi to'g'risida qoida amal qiladi.


 

Ramazon haiti